Nodira
Nodira (taxallusi; ismi Mohlaroyim; 1792-yil, Andijon – 1842-yil, Qoʻqon) – oʻzbek shoirasi, maʼrifatparvari va davlat arbobi.
Nodira | |
---|---|
Tavalludi |
Mohlaroyim 1792-yil |
Vafoti |
1842-yil Qoʻqon |
Fuqaroligi | Qoʻqon xonligi |
„Komila“ va „Maknuna“ taxalluslari bilan ham sheʼrlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy – oʻzbeklarning ming qabilasidan, Fargʻona hukmdori Olimxonning togʻasi. Olimxon ukasi Umarxonga Margʻilon hokimligini beradi va uni 1807-yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda sheʼr yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush yoʻldoshi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan. 1810-yilda akasi Olimxon oʻrniga taxtga chiqqan Umarxon bilan Qoʻqonga keladi. 1822-yil Umarxonning fojeali vafotidan soʻng oʻgʻli Maʼdalixon bilan birga Qoʻqon xonligini boshqaradi. Madrasa, masjid, karvonsaroylar qurdiradi. Ilm ahliga rahnamolik, faqirlarga homiylik qiladi. 1842-yil Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh tomonidan qatl etiladi.
Ijodi
tahrirNodiraning sheʼriy merosi bir nechta devonlarining qoʻlyozmalari orqali yetib kelgan. Oʻzbekcha sheʼrlarida Komila va forsiyda Maknuna taxalluslari bilan ham asarlar yaratgan. Uning 10000 misraga yaqin asari yetib kelgan. Gʻazal, muxammas, ruboiy, fard kabi koʻplab janrlardan faol foydalangan. Sheʼrlarida Navoiy, Fuzuliy, Bedil anʼanalarini davom ettirgan. Nodira gʻazallarida firoq, dard iztiroblari samimiy bayon qilingan.
Nodira hayoti va ijodini oʻrganish oʻz davridanoq boshlangan. Hakimxon Toʻraning „Muntaxabut-tavorix“, Avazmuhammad Attorning „Tuhvatut-tavorix“, Ishoqxon Toʻraning „Tarixi Fargʻona“, Mushrifning „Ansobus-salotin va tavorixi xavoqin“ kabi tarixiy asarlarda, Uvaysiyning „Voqeoti Muhammadalixon“, Nodir-Uzlatning „Haft gulshan“ nomli dostonlarida Nodiraning iqtidori, faoliyati borasida qimmatli maʼlumotlar bayon etilgan.
Davlatni idora qilishi
tahrir1822-yilda Umarxon vafot etib, uning oʻgʻli, 14 yoshli Muhammad Alixon (Maʼdalixon) taxtga koʻtarildi. Lekin davlatni, asosan, Nodiraning oʻzi idora qildi. U madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga intildi. Nodiraning zamondoshi qozi Abdunabi Xotifning tamomlanmay qolgan voqeaband dostonida Nodiraning hayoti va ijtimoiy faoliyati ishonarli dalillar bilan koʻrsatib berilgan: „Asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va soʻzning qadriga yetadigan donishmand ayol ekan-ligini koʻrsatishdir… Umarxon vafotidan soʻng bu iffat sadafining in-jusi kunlarni xasratu firoq bilan shu tariqa oʻtishini noshukurlik deb bildi. U gulistondek Chahorchaman bogʻiga borib, Fargʻona, Toshkent, Xoʻjand, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, hattotlar, naqqoshlarni oʻz xizmatiga chaqirtirib keldi“. Nodira bir necha kitoblarni koʻchirtirdi va shoirlarni yangi-yangi asarlar yozishga tashviq qildi. Shoira devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini oʻzi shaxsan koʻzdan kechirib turgan. U yaxshi ishlagan kotiblarga tilla qalam, kumush qalamdon berib, ularni „Zarrin qalam“lik mansabiga koʻtargan.
Nodira bozor va rastalar, masjid va madrasalar, karvonsaroylar qurilishiga eʼtibor bergan. Goʻristoni kalondagi Madrasai Chalpak, Taqagarlik rastasidagi Moxlaroyim madrasasini bino ettirgan. Buxoro amirligi hukmdori Amir Nasrulloh 1842-yilda Qoʻqonni egallab, Maʼdalixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, 14 yashar oʻgʻli Muhammad Aminxonni va Nodirani oʻlimga hukm etadi.
Adabiy merosi
tahrirNodiraning adabiy merosi oʻz gʻoyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan mumtoz sheʼriyatning goʻzal namunalaridandir. Uning toʻla boʻlmagan oʻzbekcha devoni Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi. Devonga Nodiraning 109 (yoki 1704 misra) gʻazali kiritilgan. Nodiraning uzi yozgan debochada tarjimai holiga oid baʼzi muhim maʼlumotlar berilgan. 19-asrda koʻchirilgan, hozirgi Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Tarix muzeyi arxivida saqlanayotgan devonda Nodiraning „Komila“ taxallusi bilan yozgan 19 (328 misra) gʻazali borligi aniqlangan. 1962-yilda Namanganda shoiraning mukammal devoni topildi. Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan bu devon shoiraning merosini toʻliq qamrab olgan, deyish mumkin. Bunda shoira yozgan debocha mukammal berilgan. Devonda shoiraning „Nodira“ taxallusi bilan yozgan 180 sheʼri jamlangan (shulardan 136 tasi oʻzbek tilida, 44 tasi tojik tilida). Jumladan, 11 muhammas, 2 musaddas, 1 musamman, 1 tarjiʼband, 1 tarkibband va 1 firoqnoma ham bor. Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida Nodiraning „Maknuna“ taxallusi bilan yozilgan, 333 gʻazaldan iborat bir devoni mavjud. Bugungi kunda biz Nodiraning oʻzbek va fors-tojik tillarida yaratgan 10 ming misraga yaqin lirik merosiga egamiz.
Sheʼriyati
tahrirNodira sheʼriyatining asosini lirika tashkil etadi. Nodira muhabbat, sadoqat va vafo kuychisidir. U goʻzallik va sadoqatni, Sharq xotin-qizlarining dard-alamlari, ohu figʻonlarini kuyladi. Shoira oʻzini ishq oynasi deb atar ekan, bu oynada insonning hayotga umid bilan qarashi, ezgu istaklari va orzusi aks etgan. U muhabbat Alloh tomonidan insonlar qalbiga solingan mangu yogʻdu ekanligini kuyladi: Muhabbatsiz kishi odam emasdur, Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et! Nodiraning muhabbat tushunchasi chuqur ijtimoiy mazmun kasb etadi. Muhabbat shaxsiy tuygʻular doirasidan yuqori koʻtarilib, odamiylikni chuqur idrok qilish vositasiga aylantiriladi. Nodira insonning eng yuksak fazilati vafodorlikda deb biladi. Shoiraning fors-tojik tilidagi „Mebosh“ radifli gʻazalida vafo mavzui keng doirada qalamga olinadi.
Shoira himmat, sabr, qanoat, nomus, hayo kabi hislatlarni maʼrifat, yaʼni Xudo vasliga erishishni yaqinlashtiruvchi manzillar sifatida qayd etadi, odam ana shu sharafli hislatlarni oʻz ruhiga mukammal singdirib olishi va uni sobitqadamlik bilan koʻngil ganjinasida asramogʻini obrazli qilib tasvirlaydi. Odamzod shu sifatlardan maxrum boʻlar ekan, u riyo yoʻliga kirib ketadi.
Nodira oʻz ijodida dunyoviylik bilan bir qatorda tasavvufning naqshbandiya yoʻnalishiga asoslangan bir butunlik orqali insonning jamiyat va tabiatga munosabatini ham, ilohiy muhabbat yoʻlidagi ruhiy dunyosini ham juda goʻzal va jonli misralarda ifodalab beradi. Nodira sheʼrlarida islom ruhi, tasavvuf taʼlimi va hayot falsafasini chuqur idrok etgan holda hayotga hamma vaqt umidbaxsh nigoh bilan qaraydi va undan yaxshilik urugʻini qidiradi. Nodira saroyda yashasa ham, oʻzini maʼnaviy jihatdan baxtiyor hisoblay olmas edi.
Shuning uchun ham u gʻazallaridan birida: „Meni saltanat masnadida koʻrib, gumon etmang ayshu farogat bilan“, deydi.
Nodira olimlar, shoirlar, ayniqsa, shoiralarni oʻz himoyasiga olgan. Shoira oʻz devonlarining „hamnishin olima afifalar, fozila hamsuhbat sharifalarning maslahatlari va tashabbuslariga koʻra jamlangani“ni oʻzbekcha devoniga yozgan soʻzboshisida qayd etib oʻtadi.
Nodira mumtoz sheʼriyatning mavjud hamma janrlarida qalam tebratdi. Uning oʻzbekcha, forsiycha va tojikcha gazallari aruzning turli vaznlarida 5, 7, 9, 13, hatto 18 baytli hajmda yaratilgan. Shoira gʻazallarining asosiy qismi 7—9 baytlidir. Nodira mumtoz adabiyot anʼanalarini qunt va ixlos bilan davom ettirgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil gʻazallariga muhammaslar bogʻlagan. Nodira oʻz gʻazallarida koʻproq „mukar-rar“ (soʻzning takrorlanib kelishi) va „qoʻsh mukarrar“ usullaridan foydalangan. Asarlarida talmeh, majoz, tash-beh, istiora, tazod, tadrij, tashhis, intoq kabi badiiy vositalar mahorat bilan qoʻllangan.
Nodira fors-tojik tilida ham goʻzal, taʼsirchan sheʼrlar yozgan. Ular ham mazmun va badiiy mahorat jihatdan oʻzbek tilidagi gʻazallaridek yuksak darajada yozilgan boʻlib, shoira ijodini yana ham keng va toʻlaroq oʻrganishda muhim rol oʻynaydi.
Shoira ijodiga nazar
tahrirNodira ijodiga boʻlgan qiziqish shoira xayotlik davridayoq boshlangan. Mashhur shoira Dilshod (1800–1905) Nodiraga maxsus gʻazallar bagʻishlab, uni „ilm-adabi va nazm osmonining yulduzi, ushshoqlari gʻazalxoni, shakar sochuvchi bulbul“ deb taʼriflaydi. Nodira gʻazallariga juda ʻ koʻp shoirlar naziralar yozganlar, muhammas bogʻlaganlar. Oʻzbek adabiyotida va sahnada Nodiraning badiiy obrazi yaratildi. H. Razzoqovning „Nodira“, Turob Toʻlaning „Nodirabegim“ musiqali dramalari sahnalashtirildi. Komil Yormatov va M. Melkumovlarning ssenariysi asosida „Nodirabegim“ filmi yaratildi. Shoira asarlari rus va boshqa chet tillarga tarjima qilingan. Gʻazallari oʻzbek maqomlari va xalq kuylariga solingan. Oʻzbekistonning shahar va qishloqlarida koʻplab koʻchalar, kinoteatr, maktab va kutubxonalar Nodira nomi bilan yuritiladi.
Ijodi A.Qayumov, T.Jalolov, X.Razzoqov, M.Qodirova kabi olimlar tomonidan oʻrganilgan.
Andijonda shoira nomiga shahar markazidagi shohkoʻchalardan biri, kinoteatr va boshqa madaniy muassasalar qoʻyilgan.
Adabiyotlar
tahrir- Jalolov T., Oʻzbek shoiralari, 1-kitob, 2nashr, T., 1970;
- Abdullayev V., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 2-kitob, 1967;
- Qa-yumov A., Qoʻqon adabiy muhiti, T., 1961;
- Qodirova M., Davr Nodirasi (Nodiraning hayot va ijod yoʻli), T., 1991;
- Maʼna-viyat yulduzlari, T., 2001.
- A.Qayumov. Qoʻqon adabiy muhiti. -T.: 1961;
- M.Qodirova. Nodira. -T.: 1965.
Nashr qilingan asarlari
tahrir- Nodira. Devon. -T.: 1963;
- Nodira. Ey, sarvi ravon. -T.: 1992;
- Komila -Nodira. -T.: 2002.
Manbalar
tahrir- http://kitobam.com/cr/nodira-mohlaroyim/
- Sheʼrlar, T., 1958; Devon, T., 1963; Asarlar (2 j.li), 1-j., T., 1968; 2-j., 1-2-kitob, T., 1971; Devon (forstojik tilidagi gʻazallar), Dushanba, 1967; Uvaysiy va Nodira, T., 1994.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Nodiraga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |