Amir Nasrulloh
Nasrulloh (Nasrulla, Nasrullaxon, Amir Nasrulloh, Amir Sayyid Nasrulloh, Amir Sayyid Nasrulloh Bahodirxon) (1806-yil 1-iyun, Buxoro, Buxoro amirligi — 1860-yil 21-sentyabr, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1827—1860). Davlat arbobi va sarkarda. Mangʻitlar oʻzbek sulolasining 7-hukmdori va ushbu sulolaning 5-amiri. Qarshi viloyatining hokimi boʻlgan (1821—1827). Buxoro amirligining eng kuchli amirlaridan biri boʻlgan. Aynan ushbu hukmdor farmoni bilan Maknuna taxallusi bilan ijod qilgan Nodirabegim (Nodira) va amir oilasiga taalluqli boshqa shaxslar (1842-yil) qatl etilgan.
Amir Nasrulloh | |
---|---|
Nasrulloh | |
Amir Nasrullohning portreti. Buxoro amirligi hukmdorlarining musavvir tomonidan chizilgan dastlabki surati. | |
Buxoro amirligi hukmdori | |
Mansab davri 1827-yil 22-mart – 1860-yil 21-sentyabr | |
Oʻtmishdoshi | Amir Umar |
Vorisi | Amir Muzaffar |
Qarshi viloyati hokimi | |
Mansab davri 1821-yil – 1827-yil 22-mart | |
Monarx |
Amir Haydar Amir Husayn Amir Umar |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1806-yil 1-iyun Buxoro, Buxoro amirligi |
Vafoti |
21-sentyabr 1860-yil (54 yoshda) Buxoro, Buxoro amirligi |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi |
Turmush oʻrtogʻi |
Kenagas oyim Podshohxon oyim |
Bolalari | Amir Muzaffar |
Otasi | Amir Haydar |
Kelib chiqishi
tahrirNasrulloh Amir Haydar xonadonida 1806-yil 1-iyunda Buxoro shahrida tugʻilgan. U oilada 2-oʻgʻil farzand edi. Bu davrda uning otasi Buxoro amirligi hukmdori boʻlgan[1].
Nasrullohning ota tomonidan shajarasi quyidagicha edi: Amir Nasrulloh — Amir Haydar — Amir Muhammad Shohmurod — Muhammad Doniyolbiy otaliq — Xudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy — Bekberdibiy — Xo'jamberdibiy — Davlat Mirza — Jonibiy — Musobiy — Abduqutluqbiy — No'monbiy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan[2], shajara boshidagi bobosi No'monbiy esa Dashti Qipchoq O'zbeklari mang'itlar urug'ining sardori bo'lgan.
Uning ota buvisi Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining vakili va Buxoro xonligi hukmdori Abulfayzxonning (1711—1747) qizi Yulduz begim (Shamsiyabonu) edi. Uning ota buvisi tomonidan nasabi 2 tarmoq boʻylab Chingizxonga va boshqa 2 tarmoq boʻylab Muhammad paygʻambarning avlodlari sayyidlarga yetadi[2].
Yoshlik yillari. Siyosiy va harbiy faoliyatining boshlanishi
tahrirAmir Haydar hukmronligi davrida
tahrirAmir Haydar (1800—1826) oʻgʻli Nasrullohni 15 yoshligidan davlat boshqaruvida jalb qilgan[3]. U 1821-yildan otasi hamda birodarlari Amir Husayn (1826) va Amir Umarlar (1826—1827) hukmronligi davrida Qarshi viloyatida hokimlik qilgan[4].
Amir Nasrulloh nihoyatda qatʼiyatli shaxs boʻlganligi bois, otasi uni barcha urushlarga oʻzi bilan olib borgan. Baʼzi hollarda uning oʻzini yuborgan. U yoshligidanoq otasining sirlari mahrami boʻlgan. Amir Haydar boshqa oʻgʻillariga nisbatan hamisha uni oʻziga yaqin tutgan ekan[5].
Nasrullohning maʼnaviy kamolotga erishuvida Buxoroda alohida nufuzga ega boʻlgan mashhur shayx Muhammad Husayn al-Aʼlaviy al–Buxoriy katta rol oʻynagan. Amir Nasrulloh oʻzining piri hisoblagan bu shayxni keyinchalik Romitan tumanidagi Qori Kamol qishlogʻidan Buxoro shahriga koʻchishi uchun roziligini olib, unga Shayx Habibulloh xonaqosidan maxsus hujra ajratib bergan va nafaqa tayinlagan[1][4].
Buxoro amirligi hukmdori Amir Haydar 1826-yil 6-oktyabrda 48 yoshida Buxoro shahrida toʻsatdan vafot etgach, sulola vakillari oʻrtasida hokimiyat uchun keskin kurash boshlanadi. Amir Haydar Qarshi viloyati hokimi boʻlgan oʻgʻli Nasrulloh huzurida boʻlib, Buxoroga qaytayotganda bedavo bir dardga chalingan va poytaxtga yetib kelgach, olamdan oʻtgan edi. Marhum amirdan 7 oʻgʻil va 8 qizning qolganligi vaziyatni yanada murakkablashtirgandi. Buxorodagi saroy aʼyonlari va akobirlar, urugʻ boshliqlari va harbiy sarkardalarning mangʻit shahzodalarning muayyan bittasiga tarafkashlik qilishi, shahzodalarni bir-biriga qarshi gij-gijlashi va qayrab solishi bu kurashni yana ham avj oldirgan va keskinlashtirgan edi[6].
Amir Haydar betob boʻlib toʻshakda yotganida saroy ahlini huzuriga chaqirib, bir maʼlumotga koʻra eng katta oʻgʻli Husayn toʻrani[6], boshqasiga koʻra — 2-oʻgʻli Nasrullohni[5] oʻzining valiahdi deb eʼlon qilgan.
Miyonqol qoʻzgʻoloni
tahrirAmir Husayn hukmronligi davrida
tahrirAmir Haydar vafot etgandan soʻng dastlab Buxoro amirligi taxtiga toʻngʻich farzand va valiahd sifatida, vasiyatga binoan yoki oʻzining tarafdorlari koʻmagida[5], Husayn toʻra koʻtarilgan va u Amir Husayn nomi bilan 78 kun amirlik qilgan. Uning amirlik davri 1826-yil 9-oktyabrdan (10-oktyabrdan[7]) oʻsha yilning 22-dekabrigacha (20-dekabrigacha[7]) davom etgan[8].
Amir Husaynning qoʻli ochiq, sahovatpesha boʻlgani saroydagi ayrim nufuzli amaldorlarga yoqmagan. Avvallari uning shu fazilatini deb otasi oʻrtasida kelishmovchiliklar yuz berib turgan[5]. Amaldorlar boshidan Amir Husaynni taxtga koʻtarilishini xohlashmagan. Xususan, Amir Haydar davridan buyon Buxoro qoʻshbegisi lavozimini egallab turgan Hakimbiy qoʻshbegi oʻsha paytda Qarshi viloyatida hokimlik qilayotgan Nasrullohga maxfiy tarzda odam yuborib, amirlik taxtiga eng loyiq odam u ekanligini shahzodaga bildirgan va taxtni egallashga daʼvat qilgan. Nasrulloh Qarshidan Buxoroga qarab katta qoʻshin bilan yoʻlga chiqqan. Biroq, keyin Nasrulloh akasi Amir Husaynga muqovamat qilmay, siyosiy vaziyat oʻzgarishini poylab turishni oʻziga maʼʼqul deb topgan[9].
Amir Husayn toʻsatdan xastalanib qolgach, 1826-yilning kech kuzida Karmana viloyatida hokimlik qilayotgan ukasi Umarni oʻz oʻrniga amir etib koʻtarilishini vasiyat qilib jon bergan. Bu orada amirlikda hokimiyat uchun kurash yana avjiga jiqqan[10].
Amir Umar hukmronligi davrida
tahrirAmir Husayn vafotidan soʻng, vasiyatga koʻra va baʼzi saroy aʼyonlari, qoʻshin sarkardalarining yordami bilan 17 yoshli Umar 1826-yil 23-dekabrda Buxoro amirligi taxtiga koʻtarilgan[10].
Nasrulloh akasining vafotini eshitib Qarshidan Buxoro tomobga yoʻlga chiqqan va Qorovul qishlogʻiga yetganida ukasi Umarning taxtni egallagani haqida xabar kelgan. U poytaxt Buxoroga borish-bormasligini bilolmay taraddudlanib qolgan va iziga qaytib ketgan. Nasrulloh anʼanaga muvofiq amirlik taxti oʻziga tegishli deb bilgan[5]
Amir Umar atigi 4 oyga yaqin hukmronlik qilgan. U xalq oʻrtasida unchalik obroʻga ega boʻlmay, hukmronligi davrida aysh-ishrat va maishatga berilgan edi. Bu paytda Buxoro amirligida davlat boshqaruvini oʻz manfaatlarini oʻylaydigan Togʻay qozoq va Ismatullohbiy qalmoq kabi saroy akobirlari oʻz tizginiga olishgan[5]. Bu holdan tashvishga tushgan saroy aʼyonlari va amaldorlarining koʻpchiligi Amir Umarxonning akasi va Qarshi viloyati hokimi Nasrullohga maktub yuborib, uning Buxoro amirligi taxtini egallashiga takroran daʼvat etishgan[10].
Nasrulloh barcha imkoniyatlarini ishga solib hokimiyat uchun kurashni boshlab yuborgan[5]. U Qarshidan Buxoroga kelgan. Lekin ukasi Amir Umar Buxoro darvozalarini akasi uchun berkitib qoʻygan. Nasrulloh Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga qaytib, Samarqand tomonga yuzlangan. Samarqand ahli Nasrullohni yaxshi kutib olgan. Temuriylar davridan qolgan anʼanaga asosan, Nasrulloh mashhur Koʻktosh taxtiga amir etib koʻtarilgan. Soʻngra, Zarafshon vohasi (Samarqand, Miyonqol, Kattaqoʻrgʻon va Karmana viloyatlari) aholisining madadiga tayanib poytaxt Buxoro ustiga harbiy yurish qilishga kirishgan[11].
Nasrulloh Samarqanddan Buxoroga qoʻshin tortib kelib, Amir Umarxon ham oʻz lashkari bilan unga qarshi chiqqanida, Karmana viloyatida har ikki qoʻshin oʻzaro yuzma-yuz boʻlgan. Biroq jang arafasida Amir Umarxonning qoʻshini parokandalikka uchrab, tarqalib ketgan. Ikki shahzodaning kichik ukalari Zobir, Hamza va Safarlar akalari Amir Umarxondan yuz oʻgirib, katta akalari Nasrulloh tomoniga oʻtishgan. Nasrulloh ularni shafqat va marhamat bilan qaʼbul qilgan[12].
Nasrulloh 50 kunlik (70 kunlik; 1,5 oylik[5]) qamaldan soʻng Hakimbiy qoʻshbegi, Rajabbek parvonachi va Ayozbiy toʻpchiboshilarning[13] shahar ichidan turib qilgan tadbirlari natijasida poytaxt Buxoroni jangsiz qoʻlga kiritgan[14]. Amir Umarxondan taxtni tortib olgan[7][15][16]. Amir Haydar vafotidan ushbu davrgacha (1826—1827) boʻlib oʻtgan voqealar, baʼzi bir mahalliy tarixchi olimlarga, saroy aʼyonlari Nasrullohni taxtga yaqinlashtirmaslikka intilishgandek tuyulgan[5].
Buxoro amirligi hukmdori
tahrirNasrulloh Amir Haydar vafotidan keyin 6 oy oʻtgandan soʻng[17], hokimiyat uchun kechgan keskin kurashlarda akasi amir Amir Husayn (1826) va ukasi Amir Umarlardan (1826—1827) soʻng, 1827-yil aprel oyining boshlarida (18-martda; 24-martda) 21 yoshida Buxoro amirligi taxtiga amir etib koʻtarilgan[18][4]. Uning hukmronligi davri yetarlicha ilmiy tadqiq etilmagan[5].
Amir Nasrulloh oʻz hukmronligi davrida islom shariati koʻrsatmalariga qatʼiy amal qilgan[3][19][4]. Jasur va dovyurak kishi boʻlganligi bois unga „bahodir“, „botir“ unvonlari berilgan[3][19][4].
Vaqt oʻtishi bilan, Amir Nasrullohning siyosat yuritishda maslahatchilari tobora kamayib borgan va hukmronligining soʻnggi davrlarida yolgʻizlanib qolgan[7].
Ichki siyosati
tahrir1839—1840-yillardan boshlab Amir Nasrulloh oʻz ichki siyosatida qattiqqoʻllik bilan davlatda tartib oʻrnatishga intilgan. Uning keskin siyosatiga qarshi chiqqan mansabdorlarni esa ayovsiz jazolagan[20]. Hukmdor sifatida davlatning ichki va tashqi dushmanlariga zarba bergan[17][3].
Amir Nasrulloh markazlashtirish siyosatini olib borgan: markaziy hokimiyatga boʻysunishni istamagan Shahrisabz va Kitob beklarining qarshiligini sindirib, separatistik (ajralish va taslimchilik) kayfiyatlariga barham bergan. Amir butun Movarounnahr va Xorazmni yagona davlat ostiga birlashtirishga intilgan. U bu rejasini toʻliq amalga oshira olmagan boʻlsa ham, qisqa muddat davomida butun Movarounnahrni yagona davlat sifatida boshqargan[21]. Qoʻqon xonligi hududining Buxoro amirligi tarkibiga qoʻshib olinishi mintaqadagi ikki oʻzbek davlatchiligini oʻzaro birlashtirish edi[4].
Amir Nasrulloh oʻzining faol siyosatida qator yutuqlarga erishib, Buxoro davlatining yaxlit qismi hisoblangan Balx, Marv (1843[21]) va boshqa viloyatlar hududlarini amirlik ixtiyoriga yana qaytargan. Biroq bu hududlar keyinchalik turli sabablar natijasida Buxoro amirligi tarkibidan chiqib ketgan[4].
Shu bilan birga Amir Nasrulloh oʻz faoliyatida bir qator jiddiy siyosiy xatolarga ham yoʻl qoʻygan. Buning ustiga Amir Nasrulloh amri bilan Nodirabegimning oʻldirilishi uning obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatgan[4].
Amir Nasrulloh tomonidan Buxoro amirligida oʻtkazilgan turli islohotlar natijasida davlatning iqtisodiy va harbiy qudrati mustahkamlana borgan[17][4].
Maʼmuriy va siyosiy sohalardagi islohotlari
tahrirAmir Nasrullohning maʼmuriy va siyosiy sohadagi islohotlari oqibatida davlat boshqaruviga xalqning turli tabaqalari orasidan chiqqan kishilar kelib qoʻshilgan. Amir Nasrulloh oʻzining 33,5 (34[5], 35[21]) yillik Buxoro amirligidagi hukmronligi davrida davlat hokimiyatini mustahkamlash maqsadida urugʻ va qavm boshliqlari boʻlgan koʻplab amaldorlarni quyi tabaqalardan chiqqan yosh va gʻayratli kishilar bilan almashtirgan[3]. U koʻproq tojiklar va ajnabiylarni eng muhim lavozimlar va mansablarga tayinlagan. Oʻz manfaatini davlat va xalq manfaatidan ustun qoʻygan saroy amaldorlari va akobirlarni egallab turgan lavozimlaridan chetlashtirgan, ularga nisbatan qatʼiy jazo choralarini koʻrgan[22][4]. Nasrulloh davrida uning taxtga oʻtirishiga koʻmaklashgan Muhammad Hakimbiy qoʻshbegining taʼsir doirasi oʻsib boradi. 1831—1833-yillarda Buxoroga sayohat qilgan A.Byorns qoʻshbegining ikki birodari ikki katta viloyatga, 13 oʻgʻli turli viloyat va tumanlarga hokim boʻlgani, oʻgʻillaridan biri kelajakda oʻz oʻrniga ega chiqishi, qoʻshbegi lavozimini egallashini yozib qoldirgan. Buxoroga kelgan H.Vamberi (Buyuk Britaniya imperiyasi josusi) ham Hakimbiyning katta miqdordagi mol-mulkida minglab qullar xizmat qilganini yozib qoldrgan. Keyinchalik amir Nasrullohxon buyrugʻiga koʻra Hakimbiy qoʻshbegi shariat sudi (qozixona) ga topshiriladi. U davlat gʻaznasini oʻzlashtirganlik va xalqqa jabr-zulm qilganlikda ayblanib, lavozimidan ozod qilinadi. Avval Qarshi, soʻng Nurotaga surgun qilinadi. 1840-yilda qatl ettiriladi. Lekin Nasrullohxon uning oila aʼzolarini jazolamagan.
Uning davlat miqyosidagi eng muhim lavozimlarga turkiy oʻzbek qavmlaridan tashqari ajnabiylarni tayinlashi, davlat boshqaruvida eroniy qullar boʻlgan shialarning taʼsiri oshishi, Mangʻitlar oʻzbek sulolasining forslashish jarayoni, oʻzbek tilining mavqei pasayishi va boshqalar Amir Nasrulloh yoʻl qoʻygan jiddiy xatolardan hisoblanadi[4].
Amir Nasrulloh davlatdagi otaliq lavozimini bekor qilib, qoʻshbegi lavozimini egallagan shaxsga mamlakatning bosh vaziri ixtiyoridagi vakolatlarni topshirgan. Amir Nasrulloh davridan boshlab qoʻshbegi Buxoro amirligida amirdan keyin ikkinchi shaxs hisoblangan[23].
Harbiy sohadagi islohotlari
tahrirAmir Nasrulloh maʼmuriy va siyosiy sohalarda islohotlar oʻtkazishdan tashqari, harbiy islohotlarga ham eʼtibor qaratgan. Harbiy sohada islohotlar oʻtkazilishidan oldin, yaʼni 1830—1832-yillarda poytaxt Buxoroda 20 ming kishilik otliq qoʻshin, 400 kishilik piyoda qoʻshin boʻlib, ularning ixtiyorida 41 ta artilleriya toʻpi boʻlgan. Biroq, bundan tashqari, bu paytda davlatning turli hududlarida 50 ming kishilik otliq qoʻshin (ulardan 10 ming kishi Balxda va Amudaryodan janubdagi hududlarda) ham mavjud edi. Manbalarda keltirilishicha bu qoʻshin eljari (hozirgi militsiya) shaklidagi qoʻshin turi boʻlib, davlat ichidagi ichki xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qilgan edi[4].
1837-yili Amir Nasrulloh oʻtkazgan harbiy islohotlar natijasida Buxoro amirligi qoʻshinining jangovar holati yaxshilangan. Har biri 800 kishidan iborat 50 ta sarbozlar boʻluklari va 250 kishilik toʻpchilar guruhi tashkil qilingan[21]. Xorijdan harbiy mutaxassislar jalb qilinib, ulardan zamonaviy qurol-yarogʻlar tayyorlash va foydalanish sirlari oʻrganilgan. 1834-yilda Erondan kelgan Abdusamad Tabriziy yevropacha usuldagi nizomiy askarlarga tartib bergan va 1837-yilda maxsus toʻpchilar qoʻshinini tuzgan. Buxoroda toʻp va zambaraklar quyish uchun maxsus toʻpxona qurilgan. 200 kishidan iborat ingliz rusumidagi maxsus askariy guruh tuzilib, unga eroniy qullar kiritilgan. Ushbu guruh Amir Nasrullohning oʻziga xos maxsus gvardiya otryadi boʻlib, unga Abdusamad Tabriziy boshchilik qilgan. Shuningdek, xorijdan yana Shohruhxon va Ibrohimxon toʻpchiboshi va boshqa harbiy mutaxassislar olib kelingan. Buxoro amirligining harbiy qoʻshinida qizil kurtka, oq shalvar va qalpoqdan iborat maxsus harbiy kiyim joriy etilgan. Muntazam piyoda qoʻshinining soni 40 ming (yoki 2,5 ming) sarbozdan iborat (yoki ortiq[21]) boʻlgan. Keyinchalik sarbozlarning har biri nayzali miltiq, qilich va toʻpponcha bilan qurollantirilgan. Amir sarbozlariga eron, turk zobitlaridan tashqari ayrim rus ofitserlari ham taʼlim berishgan[4].
Amir Nasrulloh 1837-yil Markaziy Osiyoda oʻqotar qurol bilan qurollangan va kazarmalarda joylashgan ilk muntazam qoʻshinni — Sarbozlar batalonini tuzgan. Nasrulloh davrida qoʻshin tuzilishi quyidagi koʻrinishda boʻlgan: Harbiy asirlardan iborat 80 kishilik guruh, 700 kishilik harbiy boʻlinma, ular 7 dastaga boʻlinib boshida ellik boshi, bu guruh ham oʻnliklarga boʻlinib, dahboshi boshqargan va yuzboshiga yordamchi harbiy mansabdor hisoblangan. Nasrullohdan oldin ham amirlikda toʻplar mavjud boʻlgan. Nasrulloh esa ularni alohida guruh qilib, Buxoroning Oʻgʻlon va Talipoch darvozalari oldida toʻpchi kazarmalarini barpo etadi. Oʻsha paytda bu hududlar „Sarbozxona“ nomi bilan mashhur boʻlgan. Sarbozxonada harbiylarning 800 uydan iborat muntazam yashash manzili joylashgan edi. Amir Nasrulloh tashkil etgan toʻpchilar tarkibida 14 nogʻarachi, 14 naychilardan iborat musiqachilar guruhi mavjud boʻlib. har bir yuzlikda ikkita turk naʼmunasidagi barabanchi, 4 ta surnaychi, 6 ta trubachi faoliyat koʻrsatgan. Bundan tashqari, rus harbiy asirlaridan tatar Ismoil va rus Trofim murabbiyligida piyoda sarbozlardan tashkil etilgan harbiy musiqachilar guruhi bolobomchilar ham boʻlgan[24].
Ayniqsa, Amir Nasrullohning harbiy sohadagi islohotlarining natijasi keyinchalik Rossiya imperiyasining tajovuzi va hujumiga qarshi kurashda Buxoro amirligining uchta oʻzbek davlati oʻrtasida nisbatan eng keskin va qattiq qarshilik koʻrsatishiga olib kelgan. Rossiya imperiyasi bosqiniga qarshi kurashda Buxoro amirligi magʻlubiyatga uchragan boʻlsa ham, mamlakat hududlarining muayyan qismi saqlab qolingan[4].
Sharisabzni amirlik tasarrufiga qaytarilishi
tahrirAmir Nasrulloh Buxorodagi markaziy hokimiyatga boʻysunishni istamagan va unga qarshi separatistik kayfiyatda boʻlgan kenagaslar tasarrufidagi Shahrisabz va Kitob bekliklariga qarshi qatʼiyat bilan koʻp yillar davomida murosasiz kurash olib borgan[25]. Ularga qarshi koʻp bora yurishlar qilgan[7].
Shahrisabz viloyati Buxoro xonligi hukmdori Ubaydullaxon II zamonidan eʼtiboran mustaqillik daʼvosini qilib kelgan, Amir Shohmurod va Amir Haydar davrida esa bunga deyarli erishgan edi[26]. Amir Nasrullohning otasi Amir Haydar hukmronligining dastlabki yillarida Qoʻqon xonligi bilan boʻlgan urushda koʻrsatgan yordami uchun Shahrisabz viloyatining mahalliy hokimi Doniyor valloma Niyozali oʻgʻliga (Doniyol otaliqqa) viloyatni mulk sifatida taqdim etgan. Natijada, Shahrisabz vohasi 1856-yilga qadar yarim mustaqil boshqaruvni oʻz qoʻlida saqlab qolgan edi[27].
Amir Nasrulloh Buxoro amirligi taxtiga chiqqan davrda Shahrisabz Doniyol otaliq boshchiligidagi anchagina kuchli, nafaqat oʻzini himoya qilishga qodir, balki amirlikdagi siyosiy hayotga sezilarli taʼsir koʻrsata oladigan oʻlkaga aylangan edi[25]. Amir Nasrulloh taxtga chiqqanining ikkinchi yilida Shahrisabz va Kitob viloyatlari ustiga katta qoʻshin bilan harbiy yurish qilgan Amir Nasrullohga qarshi Doniyor vallamiy uzoq yillar kurash olib boradi. Janglarda yetgan jarohat uning navqiron yoshida vafot etishiga sabab boʻladi[26].
1836-yilda Doniyol otaliq vafotidan soʻng uning vasiyatiga koʻra Shahrisabzga katta oʻgʻli Xoʻjaqulbiy, Kitobga esa kichik oʻgʻli Bobobek dodxoh hokim qilib taʼyinlanadilar. Koʻp oʻtmasdan aka-ukalar oʻrtasida Shahrisabzda oʻz taʼsirini kuchaytirish uchun kurash boshlanadi. 1846-yilda Shahrisabzga 10 yil hokimlik qilgach, Xoʻjaqulbiy vafot etadi. Uning vafotidan keyin Shahrisabzga oʻgʻli Ashirqulibiy, Kitobga esa Doniyol otaliqning oʻgʻli Iskandarbiy hokim boʻlib qolishadi. Tez orada Iskandarbiy Shahrisabzni Ashirqulibiy qoʻlidan tortib oladi. Istandarbiy oʻz otasi singari Buxoro amirligiga boʻysunmaslik siyosatini olib boradi. Uning bu siyosatini separatistik kayfiyatga moyil ayrim hokimlar va saroy amaldorlari qoʻllab-quvvatlaydi. Sababi Buxoro amirligining kuchsizlanishi ularning ayni muddaosi edi. Buning ustiga, Shahrisabz va Kitobdagi markaziy hokimiyatga boʻysunmaslik mayllari amirlikning Hisor va Balx viloyatlariga ham tarqalib ulgurgan edi[25].
Xullas, Shahrisabz viloyati amirlik hududidagi muxolifat markaziga aylanib, viloyat hokimi Iskandar vallamiyning separatistik kayfiyati Buxoro davlatini birlashtirish va markazlashtirish uchun izchil siyosat yuritayotgan Amir Nasrullohning niyatlariga toʻgʻanoq boʻlgan. Amir Nasrullohning kenagaslarga qarshi olib borgan siyosati natijasida shu uruqqa mansub boʻlgan aholining bir qismi boshqa joylarga koʻchishga majbur boʻlgan[28]. Iskandar vallamiyning separatistik harakatlarini hatto qoʻshni Qoʻqon xonligi faol qoʻllab-quvvatlab turgan. Qoʻqon xonligi hukmdorlari Buxoro amirligi kuchsizlanib, u mustaqil bir nechta mulklarga boʻlinib ketishi tarafdori boʻlishgan[25].
Iskandar vallamiy hokimlik qilgan yillar ham Amir Nasrullohning Shahrisabz ustiga koʻplab yurishlari davom etishi bilan xarakterlanadi. Amir Nasrulloh 20 yil mobaynida Shahrisabz ustiga 32 marta harbiy yurish qilib, nihoyat, 1856-yili Shahrisabzni uzil-kesil egallagan. Baʼzi bir manbalarda, Amir Nasrulloh Shahrisabzni egallashda oʻzining piri Shayx Muhammad Husayn Alaviy Buxoriyning ruhi madadiga tayangan deyiladi[25].
Shahrisabzga qilingan harbiy yurishlar ichida 1827, 1844, 1856-yullardagi yurishlar alohida ajralib turadi. Bu yurishlar natijasida Shahrisabz 1856-yili uzil-kesil Buxoroga qayta boʻysundirilgan[17]. Buxoro amirligini Mangʻitlar oʻzbek sulolasi rasmiy ravishda boshqarishga kirishgandan soʻng roppa-rosa 100 yil oʻtgach, Shahrisabz vohasi amirlik hududining ajralmas qismi boʻlib qolgan[25][4].
Shahrisabz markaziy hokimiyatga boʻysungach, u sulh ramzi sifatida va Shahrisabz kenagaslari oʻrtasida katta nufuzga ega vallamiylar bilan qarindoshlik aloqalarini oʻrnatib, ushbu qarindoshlik rishtalarini Shahrisabzni oʻz davlatining ajralmas qismi sifatida ushlab turish maqsadida mahalliy hokim Iskandar Vallomaning (valineʼmatning) Yoqubbiyga turmushga chiqqan singlisi Kenagas oyimga uylangan[21][4]. Biroq Amir Nasrullohning bu tavakkalchiligi keyinchalik oʻziga qimmatga tushgan. Pirovardida u oʻzining yangi qarindoshlari fitnasi natijasida halok boʻlgan[25].
Amir Nasrulloh endi qaynogʻasi boʻlmish Iskandar vallamiynni butun oilasi aʼzolari va yaqinlari bilan birga Buxoroga joʻnatgan. Iskandar vallamiynga Buxoro shahrida kattakon hovli va ikki bogʻ tortiq qilgan hamda uni Qorakoʻl tumaniga hokim qilib tayinlagan. Yoqubbiyni esa Chorjoʻy viloyatiga badargʻa qildirgan[25].
Amir Nasulloh Shahrisabz vohasini qoʻlga kiritgandan soʻng Shahrisabzga Abduholiqbek (keyinchalik Olloyorbek), Kitobga Olloyorbek (keyinchalik Hamidxoʻja va Fayzibiy), Yakkabogʻga Homidxoʻja kabi beklar hokim qilib tayinlanishadi[25].
Tashqi siyosati
tahrirAmir Nasrulloh tashqi siyosiy va diplomatik masalalarda muhim geopolitik ahamiyatga ega boʻlgan masalalarni hal qilishga muvaffaq boʻlgan[29].
Amir Nasrulloh hukmronlik qilgan yillar Turkiston mintaqasida Rossiya—Buyuk Britaniya imperiyalarining manfaatlari oʻzaro toʻqnashgan davr hisoblanadi[21][4]. Amir Nasrulloh tashqi siyosat masalasida oldingi davlat boshliqlaridan farqli ravishda, Markaziy Osiyoning iqtisodiyotiga talabgor boʻlgan Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari bilan ochiq siyosat olib borish dasturini amalga oshirgan[17][30]. U hukm surgan yillarda Buxoroga ruslar va inglizlarning tashrifi tez-tez takrorlanadigan boʻlib qolgan[31]. Har ikki imperiyaning turli josuslari sayohatchilar, elchilar, harbiylar, olimlar niqobi ostida Buxoroda tez-tez boʻlib, amirlik hududi, aholisi, harbiy kuchlari, davlat boshqaruvi va mansabdor shaxslar haqida maʼlumotlarni toʻplashgan[30].
Amir Nasrulloh oʻz hukmronligi mobaynida Qoʻqon va Xorazm xonliklari bilan koʻp bora urushlar olib borgan. Qoʻqon va Balx xonliklarini qisqa muddat Buxoro amirligiga boʻysundirishga ham erishgan[7].
Rossiya imperiyasi bilan diplomatik aloqalari
tahrir1858-yil adyutant Nikolay Ignatyev boshchiligidagi Rossiya imperiyasidan Buxoro va Xivaga elchilik guruhi tashrif buyuradi. Ushbu missiyaga bir qator koʻrsatmalar beriladi: Markaziy Osiyodagi vaziyatni toʻliq oʻrganish; Rossiyaning ushbu davlatlardagi mavqeini mustahkamlash; inglizlar aralashuviga chek qoʻyish. Shu bilan birga, elchilikka boj toʻlovlarini kamaytirish, Buxoroga savdo agenti kelishiga ruxsat olish va rus kemalarining Amudaryoda erkin suzishiga ruxsat berilishi kabi masalalarni hal etish topshiriladi. Bunda Rossiya davlati tomonidan Buxoro amirligi va Xorazm xonligini tashqi kuchlardan himoya etishga yordam koʻrsatilishi ham nazarda tutilgan[32].
Nikolay Ignatyev ellchiligi Amir Nasrulloh tomonidan munosib kutib olinib, davlatlar oʻrtasida oʻzaro savdo-sotiq va xavfsizlik masalalarida kelishib olingan. Ushbu davrda Amir Nasrulloh tomonidan ingliz elchilarining qabul qilinmasligi Nikolay Ignatyev boshchiligidagi missiyaning muvaffaqiyatli muayyan darajada taʼsir etadi[32].
Buyuk Britaniya imperiyasi bilan diplomatik aloqalari
tahrir1830-yillarning boshlarida Buxoro amirligiga Vest-Indiya kompaniyasining topshirigʻi bilan kelgan leytenant Alexander Burnes bilan olib borgan muzokaralar asosida Buyuk Britaniya imperiyasi bilan qisqa muddat boʻlsada, oʻzaro hamkorlik munosabatlari oʻrnatilgan[17].
Amir Nasrulloh ingliz siyosatdonlarining asl niyatini payqagach, ularga nisbatan munosabatini va xayrixoh siyosatini oʻzgartirgan. U Rossiya imperiyasiga qarshi kurashda Buyuk Britaniya tomoninig „xolis“ yordamini qatʼiy ravishda rad qilgan. Ingliz „elchilik missiyalari“ niqobi ostida josuslardan leytenant Alexander Burnes(1838), mayor Joseph Wolf(1843), polkovnik Charles Stoddart (1838) va kapitan Arthur Conolly (1842) Buxoroda boʻlib, Rossiyaga qarshi Buyuk Britaniya homiyligidagi Buxoro-Xiva-Qoʻqon ittifoqini tuzishga behuda urinishgan. Oʻzining surbet qiliqlari va dimogʻdorligi, mutakabbir va kalondimogʻligi, sharqona diplomatiya qoidalarini nazar-pisand qilmaganligi oqibatida amirning farmoni bilan polkovnik Charles Stoddart zindonga tashlanadi va 1842-yil 17-iyunda boshqa ingliz zobiti kapitan Arthur Conolly bilan birgalikda Buxoro shahrida qatl qilinadi. Buxoro ulamolari har ikki ingliz zobitiga ular islom dinini qabul qilishsa, gustohliklari kechirilishini va oʻzlari tirik qolishlari mumkinligini aytishganda, ingliz zobitlari rad javobini berishgan. Ingliz emissarlarining oʻldirilishi Amir Nasrullohning Yevropa davlatlari, xususan, Buyuk Britaniya bilan munosabatlari darz ketishiga sabab boʻlgan[30]. Keyinchalik, Amir Nasrulloh davlatdan inglizlarning katta boyliklarni olib ketishiga toʻsqinlik qilish maqsadida Buxoro amirligi savdogarlariga naqd pulga inglizlar bilan savdo qilishni qaʼtiy taqiqlab qoʻygan[33].
Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik aloqalari
tahrirXorazm bilan diplomatik aloqalari
tahrirOgahiyning „Gulshani davlat“ asarida Amir Nasrullohning aʼyonlaridan biri Mirza Ubayd miroxoʻrboshi Xorazmga elchi boʻlib borgani haqida maʼlumotlar keltirilgan[34]
Amir Nasrullohning tashqi siyosatda qattiqqoʻl va shafqatsizligini inobatga olib, Xorazm xoni 1845-yilda Buxoroga Rahmatulloh Qorakoʻzni elchi qilib yuborgan. Ushbu elchilikning asosiy maqsadi Amir Nasrullohning Xorazm bilan diplomatik munosabatdagi asl niyatini aniqlash boʻlgan[35].
1845-yilda Xorazmdan kelgan elchilar Amir Nasrulloh tomonidan samimiy niyatlarda kutib olinsada, lekin uning Xorazm bilan asl maqsadi, yaʼni tinchlik yoki urush olib borish niyatidaligini aniqlashning imkoni boʻlmagan[35].
1856-yilda Xorazm xoni tomonidan Amir Nasrulloh huzuriga 2-marta elchilik joʻnatiladi. Biroq bu safar madad va koʻmak bilan kelgan elchilik hech qanday natijasiz qolib, Amudaryo yaqinida elchilikning barcha vakillari qirib tashlanadi. Biroq, bu davrda Buxoro amirligi va Xorazm xonligi oʻrtasida muayyan darajada tashqi iqtisodiy aloqalar faol kechgan edi[35].
Qoʻqon xonligiga qarshi urushi
tahrirFargʻona vodiysi ulamolarining talabi bilan Qoʻqonga yurish qilib, xonlik hududini egallagan (1842). Biroq u Qoʻqon xoni Muhammad Alixon qatl qilish bilan cheklanmasdan, uning onasi — mashhur shoira Nodirabegimni ham oʻldirtiradi. Nasrullaxon tomonidan Qoʻqonga Ibrohim parvonachi mangʻitning noib qilib qoldirilishi salbiy oqibatlarga olib kelgan. Noib mahalliy aholiga zulm oʻtkazib, soliklarni koʻpaytirgan. Natijada tez orada Qoʻqon qoʻldan ketagan. Nasrullaxon Marvni ham Buxoroga boʻysindirgan (1843)[21][4].
Eron bilan diplomatik aloqalari
tahrirBuxoro amirligi tashqi siyosati tarixida Eron davlati oʻrtasidagi diplomatik aloqalar ham muhim oʻrin tutgan. Manbalarda Eron davlati bilan diplomatik aloqalarni mustahkamlashda Amir Nasrullohning faoliyati alohida koʻrsatib oʻtilgan[36].
Erondan Buxoroga 1844-yilda Muhammadshoh boshchiligida yuborilgan elchilik oldiga quyidagi masalalarni hal qilish yuklatilgan edi: Buxoroda saqlanayotgan eronlik asirlarni ozod qilish masalasini muhokama etish; Marv viloyati va turkmanlar bilan bogʻliq masalalarda muayyan kelishuvga erishish; Buxoroda tutqunlikda boʻlgan ingliz fuqarosi Joseph Wolffni ozod qilish masalasini hal etish va boshqalar[36].
Eron elchisi Buxoroda saqlanayotgan asirlarni qadimiy anʼanaga va odatlarga koʻra ulamolarning fatvolari asosida davom etib kelayotgani, asirlar naqd pulga sotib olinganligi sababli Eronga qaytarilmasligini inobatga olib, bunday huquqiy muammolarni bartaraf etish uchun ikki davlat oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan amirning takliflarini qabul qiladi[36].
Eron elchisi ikkinchi masala, yaʼni Marv viloyatidagi siyosiy ahvol masalasida Buxoro amirligi hukmdori unga ushbu hududdagi siyosiy ahvolning naqadar murakkabligini tushuntirib, Marv hokimi aholi talabi asosida tayinlanganligini, turkman urugʻlari Buxoro amirligiga qarshi harakatlar uyushtirganligini taʼkidlab, Marv vohasini qayta obod qilish zarurligini, aks holda Marvni hech kim boshqara olmasligini bildiradi[36].
Uchinchi masala boʻyicha munozara ancha keskin kechadi, sababi bu masala inglizlarning Buxoro amirligida, umuman, Markaziy Osiyodagi, josuslik faoliyati bilan bogʻliq edi. Markaziy Osiyoda josuslik faoliyatini amalga oshirish uchun Eron orqali polkovnik Charles Stoddart va Arthur Conollylar yuborilganlar. Ushbu ikki elchi Amir Nasrulloh tomonidan qatl etilgan boʻlib, amir ularning yovuz niyatda kelganligidan boxabar edi[36].
Ikki elchini ozod etish maqsadida Eron vositachiligidan foydalangan inglizlar Eron orqali Joseph Wolffni yuboradi. Joseph Wolff ham ikki josusning sherigi sifatida qamoqqa olinadi. Eron elchisi Buxoro amiriga ingliz fuqarosi Joseph Wolffni izzat-ikrom bilan topshirishni soʻraydi[36].
Amir Nasrulloh bunday tashqi siyosiy va diplomatik munosabatlarda Buxoro amirligining xalqaro aloqalardagi obroʻsini, davlatning ichki va tashqi xavfsizligi masalalarini, Eron davlati bilan boʻladigan keyingi aloqalarni mustahkamlash, oʻz navbatida Eron—Buyuk Britaniya siyosiy munosabatlarini ijobiylashtirish maqsadida Joseph Wolffni hamda Eron asirlarini ozod qilishga qaror qiladi[36].
Amir Nasrulloh Eron elchisi bilan Subhonqulibekni sovgʻa-salomlar bilan Eron davlatiga elchi qilib yuboradi. Eron elchisi Subhonqulibekni, Joseph Wolffni va eronlik asirlarni olib, Buxoroni tark etadi[36].
Buxoro amirligi bilan Eron davlati oʻrtasidagi munosabatlarda eng oʻtkir masalalardan biri — asirlar masalasi boʻlganligi sababli, bunday omil ikki davlatning oʻzaro tashqi siyosiy va diplomatik aloqalarning rivojiga toʻsiq boʻlib turardi. Ikki davlatning hech biriga itoat etmaydigan koʻchmanchi qabilalar va urugʻlar karvon yoʻllarida va chegara hududlarida turli talon-tarojlarni amalga oshirib, asirlarni Buxoro yoki boshqa shaharlar bozorlarida sotardilar[36].
Bunday koʻrinishdagi insonlar savdosidan taraflar, yaʼni sotuvchi va oluvchilar manfaatdor boʻlganligi sababli qul savdosini butunlay barham toptirish mushkul edi. Ushbu muammoning ijtimoiy-siyosiy mohiyatidan tashqari, gʻoyaviy asosi ham mavjud boʻlib, u sunniy va shia mazhablari oʻrtasidagi tafovutlar bilan belgilanar edi[36].
Bunday fikrning bahsli munozaraga mansubligini inobatga olib, ikki davlat oʻrtasida yinch-totuvlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida Amir Nasrulloh vaqti-vaqti bilan Usmonlilar imperiyasi sultoniga elchilar yuborib, masalaning sharʼiyligini aniqlashga harakat qilar va uning huquqiy yechimini topish maqsadida buyuk ulamo-yu mujtahidlarning asarlarini yuborishni iltimos qilar edi. Mazkur huquqiy muammoni bartaraf etishga imkon beruvchi huquq manbalarini olib kelish amir tomonidan ikki elchilikka topshirilgan edi[36].
Madaniy sohadagi siyosati
tahrirAmir Nasrullohning suyukli odatiy ishlaridan biri obodonlashtirishga eʼtibor qaratishi boʻlgan. Uning zamonida turli qurilishlar amalga oshirilgan. Uning davrida Buxoroda Xalifa Xudoydod meʼmoriy majmuasining qurilishi yakunlangan. Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi Poyi ostona masjidi taʼmirlangan. Umuman, u ushbu ziyoratgohga tunlari koʻp qatnab, u yerdagi masjid va xonaqohlarni taʼmirlash ishlariga alohida eʼtibor qaratgan. Shuningdek, Chashmai Ayyubda joylashgan Ayyub paygʻambarning ramziy qabriga yogʻochdan ajoyib daxma yasatgan[5]. Qoʻqondan naqshin darvozani oʻlja qilib olib kelib, Qarshi qalʼasining Qoʻqon darvozasiga oʻrnattirgan[37].
Bu paytda tarixchi Muhammad Mirolim Buxoriy „Fathnomai sultoniy“ („Sulton fathnomasi“) asarini yozgan. Keyinchalik mashhur alloma boʻlib yetishgan yosh Ahmad Donish Amir Nasrulloh nazariga tushib, saroyga xizmatga olingan.
Fiqhga oid „Favoidi muhammat muntaxib ut-tabaqot ul-hanafiya“ asarining muallifi Abdulloh ibn Avaz Muhammad al-Balxiy al-Kotib Buxoroda yashab ijod etgan[38].
Muhammad Saidxoja ibn Shoh Saidxoja an-Nasafiy[39] va Mulla Sayid Nasafiy[40] kabi mohir hattotlar yashab ijod qilishgan. Muhammad Saidxoja ibn Shoh Saidxoja an-Nasafiyning hattotlik mahorati Amir Nasrullohni oʻziga rom etgan. U hukmdorga yoqqan asarlarni koʻchirib bergan. Jumladan Amir Nasrulloh amri bilan u Abu Homid Muhammad Gʻazzoliyning „Kimyoyi saodat“ asarini koʻchirgan[39].
Shoir Shukuriy Fargʻoniy Amir Nasrulloh taklifi bilan Buxoroda naqqoshlik qilgan. Oʻsha davrda Samarqandda qurilgan koʻpgina binolarda Shukuriy Fargʻoniy naqshlari mavjud.
Ilm-fan sohasidagi siyosati
tahrirAmir Nasrulloh ota-bobosi davrida amal qilingan anʼanaga muvofiq, ilm-fan sohasiga homiylik qilgan; atrofiga ilm va sanʼat ahlini toʻplashga harakat qilgan. Ulugʻ allomalar va aziz-avliyolardan saboq olish uning suyukli odatiy ishlaridan biri boʻlgan[5]. Buxoroda Ahmadjon poʻstindoʻz [41], Badriddin[42], Yoshi Uzoqbek[43], Ibrohim oxund[44], Mahdixoja[45], Modarixon xoʻrd[46], Mulla Solih[47], Olimjonboy[48], Mulla Solih[47], Oʻtkur qoʻshbegi[49] madrasalari hamda, boshqa manbalarga koʻra, Qozi Hasanxoʻja, Eshoni Pir, Mirzo Ubayd, Ismoilxoʻja, Mirzo Abdulgʻaffor, Tojiddin madrasalari ham uning davrida qurilgan. Xususan, Amir Nasrulloh donatorligida poytaxt Buxoroning Poyi ostona guzarida, otasi Amir Haydarning qabri yaqinida Amir Nasrulloh madrasasi[50], Mirjon Ali guzarida Mirjon Ali madrasasi[51], Hoji Habibulloh guzarida Oliy choʻbin madrasasi[7] bunyod etilgan.
Buxoro madrasalarida haftada 4 kun (shanba, yakshanba, dushanba va seshanba kunlari) dars oʻtilgan. Amir Nasrulloh davrida esa haftada dars kunlarini koʻpaytirishga urinishlar boʻlgan. Keyinchalik bu toʻgʻrida Abu Abdurahmon shunday deb yozib qoldirgan[52]:
Qozikaloni „At-takmillat aʼla at-tatimma“ sohibi Xojajon nomi bilan mashhur Muhammad Sharif ibn Atoullaxoja Buxoriydir. U janobdan ilgari katta madrasalarda vaqf [masalalari] tafovutli boʻlib, „Shahri mulla Adaniy“ aqoididan mulla Jalolga qadar Avsatga koʻproq eʼtibor qilinardi. Uning asrida hammasi barobar boʻldi. Chorshanba tahsil kuni qilinib, payshanba va juma taʼtil etildi. Biroq hozir ham chorshanba ilgarigidek taʼtil hisoblanadi[53].
Diniy sohadagi siyosati
tahrirAmir Nasrulloh salovatxonlikni juda yaxshi koʻrgan. Xoja Muhammad Boqibilloh Dehlaviyning „Shifo al-amroz“ („Kasalliklar shifolari“) asarini qoʻldan qoʻymagan ekan. Asar chiroyli nasx xatida koʻchirilgan boʻlib, haftaning har bir kunida oʻqiladigan 535 ta salovatdan — duolar toʻplamidan iborat boʻlgan[5].
Amir Nasrulloh Qoʻqonni olganda (1842) oʻzi bilan birga Mavlaviy Jalla nomi bilan tanilgan Shayx Abdulatifxojani ham Buxoroga olib kelgan va uni mufti lavozimiga tayinlagan[54].
Oilasi
tahrirAmir Nasrullohning oilaviy ahvoli tarixiy manbalarda juda kam yoritilgan. Birorta asarda bu haqida batafsil maʼlumot berilmagan. Faqat ayrim manbalarda uning farzandlari haqida maʼlumotlar keltirilgan[5].
Amir Nasrullohning Muzaffar, Akram va Malikxon toʻra ismli oʻgʻillari boʻlgan. Muzaffar otasidan keyin amirlik taxtiga oʻtirgan. Akram Muzaffarning ukasi boʻlgan deya taxmin qilinadi. Malikxon toʻra jismonan baquvvat boʻlmagan. U Hindistonga ketib, oʻsha yerlarda hayot kechirgan va koʻp farzandlar koʻrgan[5].
Oʻlimi
tahrirAmir Nasrulloh 1860-yilda xastalanib qolgan. Oʻlimidan oldin Qarshi, Shahrisabz, Kitob, Samarqand va Miyonqol viloyatlarida boʻlib, safar oyining 10-kuni poytaxt Buxoroga qaytgan[5]. Kundan-kun ahvoli ogʻirlashib, 1860-yilning 21-sentyabrida[4] (5-oktyabrda[21], 19-oktyabrda[5]) 60 yosh atrofida vafot etgan. Baʼzi manbalarda Amir Nasrulloh oʻlimiga quloq ogʻrigʻi sabab boʻlgan deb koʻrsatiladi. Buxoro jadidlarining mashhur naoyondalari Sadriddin Ayniy va Fitrat tomonidan XX asrning 20-30-yillarida yozilgan maʼlumotlarga qaraganda, amirning vafotiga Kenagasxonim sababchi boʻlgan. Shahrisabzni toʻliq qoʻlga kiritgan Nasrulloh uning sobiq hokimi Iskandar Vallamiyning singlisi Kenagasxonimni (Fitrat maʼlumotlarida Kengashoyim) nikohiga oladi. U akasining gʻarazli niyatini amalga oshirish uchun uxlab yotgan eri Nasrulloh qulogʻiga simob quyib yuboradi. Quloq ogʻriga uchragan Nasrulloh oʻlimi oldidan Kenagasxonimni Ark ichida joylashgan Childuxtaron qudugʻiga tashlashni buyuradi. Bu orada Buxoroda yashayotgan Iskandar Vallamiy va uning oila aʼzolari[55], shuningdek, kuyovi Yoqubbiy va uning farzandlari ham qatl qilinadi. Suiqasddan bir necha kun oʻtgach, 1860-yil 21-sentyabrda Nasrulloh qiynalib jon beradi[56]. Marhumni Registondagi Boloyi hovuz masjidiga olib kelishgan va aʼlam ul-ulamo Sultonxoja aʼlam uning janoza namoziga imomlik qilgan. Bu tadbirga xalq behad koʻp yigʻilgan, natijada katta izdihom paydo boʻlgan va uni qabrgacha kuzatib borgan. U Buxoro shahridagi Joʻybor mavzesida, bobosi va otasining yoniga, hazrati Imlo (Eshoni imlo) qabristoniga dafn etilgan[5]. Amirdan yolgʻiz oʻgʻil Muzaffar qolgan. Nasrulloh oʻlimidan avval amirlik toj-u taxtini yolgʻiz oʻgʻli Muzaffariddinga emas, balki nevaralaridan biriga vasiyat qilib qoldiradi. Biroq Buxoro amirligi taxtiga 1860-yil 23-sentyabrda Muzaffar oʻtirgan[21][7].
Shaxsga nisbatan munosabat
tahrirAmir Nasrulloh hukmronligi davri yetarlicha ilmiy tadqiq etilmagan. Hozirga qadar uning shaxsi haqida ilm ahli bir-biriga qarama-qarshi va zid fikrlar bildiradi. Bunga sabablardan biri sifatida, ilgʻor va erkin fikrli kishilarnining Amir Nasrulloh tomonidan quvgʻin qilinib, hatto ularni turli yoʻllar bilan oʻldirtirgani tarixiy manbalar va ilmiy tadqiqotlarda koʻp bor taʼkidlangani koʻrsatiladi[5].
Masalan, Muhammad Mir Olim Buxoriy va Abdumutallib Fahmiy kabi baʼzi mualliflar asarlarida u haqida yomon soʻz aytilmaydi[5].
Biroq, Qoʻqon xonligining istilo qilinishi va u yerda amalga oshirilgan oʻlim jazolari, Junaydulloh Hoziq, Oxund Darvesh Muhammad Keshiy kabi allomalarning oʻldirilishi uning shaʼniga hozirga qadar taʼna toshlarini otilishiga sabab boʻlmoqda[5].
Buxoro xalq sovet respublikasi davridan boshlab yangi tuzum faollari boʻlgan Yosh buxoroliklar (jadidlar) oʻzlarining yaqinda mavh etilgan gʻanimlari — Mangʻitlar oʻzbek sulolasi amirlarini keskin tanqid qilishga kirishganlar. Bu ishning boshida taniqli mahalliy adiblar Sadriddin Ayniy va Abdurauf Fitratlar turishgan. Yirik davlat arbobi Fayzulla Xoʻjayev esa ularning gʻoyaviy mafkurachisi hisoblangan. Bu holat 1925-yildan keyin, Oʻzbekiston SSR tuzilgach, ayniqsa, avj olib ketgan. Bu davrga kelib nafaqat Amir Nasrullohni, balkim barcha Mangʻitlar oʻzbek sulolasi amirlarini qoralash jarayoni yoppasiga ommaviy kampaniyaga aylantirilgan. Bu holat Qoʻqon tarixnavislik maktabiga mansub jadidchi Isʼhoqxon Ibratning „Fargʻona tarixi“ asarida ham oʻzining yaqqol ifodasini topgan. A. Fitrat va I. Ibrat tomonidan Amir Nasrulloh „Botur qassob“, „Qassobning botiri“ degan nomlar bilan atalgan. Amirga yopishtirilgan ushbu yorliq keyingi davrlarda oʻzining tarixiy xizmatini koʻrsatgan[57].
Quyida A. Fitrat asaridan iqtibos keltirilgan:
Amir Haydardan keyin uning oʻgʻli Amir Husayn taxtga oʻtirdi, biroq ikki oyu necha kundan keyin u vafot etdi. Uning oʻrnini Amir Umar egalladi. Biroq Amir Haydarning oʻgʻli Amir Narullo oʻzining birodariga qarshi lashkar tortib Buxoroni oʻrab oldi va hukumatni oʻz qoʻliga oldi. Nasrullo oldin Amir Umarni omon qoldirib, Buxorodan chiqarib yubordi, ammo ahdiga vafo qilmay orqasidan jallodini yubordi. Jallod Amir Umar boshini kesib keltirdi. Nasrullo oʻzining boshqa aka-ukalarini ham turli hiylalar bilan oʻldirdi va Buxoro hukumatiga hech qanday raqibsiz ega boʻldi[57].
Q. Rajabov A. Fitratning asarida "tarixiy haqiqatdan chekinilgan, mangʻit hukmdorlari faoliyatini baholashda sinfiy yondashuv ustun boʻlgan" deb baho bergan va A. Fitratning Amir Nasrullohga nisbatan aytilgan quyidagi gaplarni amir hayoti toʻgʻrisidagi tarixiy haqiqat deb qabul qilmaslik lozimligini taʼkidlagan.
Xalqning goʻzal chahrali qizlari va oʻspirin farzandlarini uning qoʻlidan qochirish, xalos boʻlish yoʻli yoʻq edi. Har bir qiz yoki biror oʻspirin ming yoʻl bilan beayov amir qoʻlidan qochib qutulishga intilsa, amir kishilari har xil yoʻl bilan ularni qatl etishar edi … . Amir Nasrullo har kimni arzimas bahona bilan oʻldirar va mulkini talon-aroj etar edi. Uning hokimiyati davrida Buxoro xalqi ziyofat, majlis oʻtkaza olmas edi. Hatto oxirgi nafasi chiqayotgan paytida ham uning qontalab hirsi toʻxtamadi va oʻzining Kengashoyim ismli xotinini „mening qulogʻimga simob quyding“ deb jallodga topshirdi. Ushbu begunoh ayolning oxirgi qoni tomchilari yerga oqayotgan paytda amir Nasrulloning ham soʻnggi nafasi toza havoni bulgʻadi[57].
Amir Nasrulloh faoliyati toʻgʻrisida sovetlar davrida ham, SSSR qulab Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham tadqiqotchilar koʻp yozishgan. Biroq bu asarlarning aksariyatida Mangʻitlar oʻzbek sulolasining ushbu hukmdorlari hayoti va faoliyati bir tomonlama koʻrsatilib, Amir Nasrulloh qiyofasi faqat qora boʻyoqlarda tasvirlangan. Qahramon Rajabovning fikricha, Amir Nasrulloh haqida XIX asr boshida „turli daʼvolar va yuzaki mulohazalar“ bildirayotgan mualliflarning aksariyati tarixchi emas, balki jurnalistlar, adiblar, adabiyotshunos olimlar va boshqa kasb egalaridir[58].
Ingliz olimi John Wheeler Amir Nasrullohning davlatni boshqarish faoliyatiga quyidagicha ijobiy baho beradi[59]:
[Amir Nasrulloh] shafqatsiz hamda mustabid hukmronligiga qaramasdan, u davlat qurilishi yoʻlida bir qator ijobiy ishlarni ham amalga oshirdi. Oʻziga sodiq harbiylar bilan birga professional qoʻshin tashkil qildi, bir qancha sugʻorish loyihalarini va maʼmuriy-huquqiy islohotlarni amalga oshirdi[59].
Manbalar
tahrir- ↑ Jump up to: 1,0 1,1 Rajabov 2011, s. 12.
- ↑ Jump up to: 2,0 2,1 Jumanazar 2017, s. 256—264.
- ↑ Jump up to: 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Toʻrayev 2020, s. 187.
- ↑ Jump up to: 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 4,17 4,18 Rajabov.
- ↑ Jump up to: 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 5,11 5,12 5,13 5,14 5,15 5,16 5,17 5,18 5,19 5,20 5,21 Jumanazar 2017, s. 182—185.
- ↑ Jump up to: 6,0 6,1 Rajabov 2011, s. 4.
- ↑ Jump up to: 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 7,5 7,6 7,7 Jumanazar 2017, s. 390—392.
- ↑ Rajabov 2011, s. 5.
- ↑ Rajabov 2011, s. 6.
- ↑ Jump up to: 10,0 10,1 10,2 Rajabov 2011, s. 8.
- ↑ Rajabov 2011, s. 8—9.
- ↑ Rajabov 2011, s. 9.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 178.
- ↑ Rajabov 2011, s. 9—10.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 418.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 544.
- ↑ Jump up to: 17,0 17,1 17,2 17,3 17,4 17,5 Shodiyev 2010, s. 22.
- ↑ Rajabov 2011, s. 10.
- ↑ Jump up to: 19,0 19,1 Rajabov 2011, s. 15.
- ↑ Rajabov 2011, s. 18.
- ↑ Jump up to: 21,00 21,01 21,02 21,03 21,04 21,05 21,06 21,07 21,08 21,09 Toʻrayev 2020, s. 188.
- ↑ Rajabov 2011, s. 16.
- ↑ Rajabov 2011, s. 29.
- ↑ Mamatqobulov To‘lqin. [https://cyberleninka.ru/article/n/amir-nasrulloxon-amalga-oshirgan-harbiy-islohotlar/viewer „AMIR NASRULLOXON AMALGA OSHIRGAN HARBIY ISLOHOTLAR“] (o'zbekcha) (oktyabr 2021-yil). Qaraldi: 2023-yil 16-iyul.
- ↑ Jump up to: 25,0 25,1 25,2 25,3 25,4 25,5 25,6 25,7 25,8 Rajabov 2017, s. 26—29.
- ↑ Jump up to: 26,0 26,1 Ravshanov 2011, s. 410.
- ↑ Rajabov. Amir Haydar yoxud «amiri sayyid».
- ↑ Ravshanov 2011, s. 3.
- ↑ Shodiyev 2010, s. 49.
- ↑ Jump up to: 30,0 30,1 30,2 Rajabov 2011, s. 31—33.
- ↑ Ravshanov 2006, s. 521.
- ↑ Jump up to: 32,0 32,1 Shodiyev 2010, s. 51—52.
- ↑ Alimova 2017, s. 58.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 352.
- ↑ Jump up to: 35,0 35,1 35,2 Shodiyev 2010, s. 51.
- ↑ Jump up to: 36,00 36,01 36,02 36,03 36,04 36,05 36,06 36,07 36,08 36,09 36,10 Shodiyev 2010, s. 49—51.
- ↑ Ravshanov 2006, s. 586.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 165.
- ↑ Jump up to: 39,0 39,1 Jumanazar 2007, s. 187—188.
- ↑ Jumanazar 2007, s. 190.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 202—205.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 207—208.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 251.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 277—279.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 330—332.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 367—368.
- ↑ Jump up to: 47,0 47,1 Jumanazar 2017, s. 372—373.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 392.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 480.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 181—182.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 347—348.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 63—64.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 65.
- ↑ Jumanazar 2017, s. 482.
- ↑ R.SHamsiddinov. Vatan tarixi 2-kitob. Toshkent Sharq 2016 — 81-bet. ISBN 978-9943-26-493-9.
- ↑ Qahramon Rajabov. Nasrullohxon. Toshkent 2011 — 34-bet. ISBN 978-9943-336-63-6.
- ↑ Jump up to: 57,0 57,1 57,2 Rajabov 2011, s. 35—42.
- ↑ Rajabov 2011, s. 3.
- ↑ Jump up to: 59,0 59,1 Shodiyev 2010, s. 22—23.
Adabiyotlar
tahrir- Alimova R. R.. Oʻrta Osiyo xonliklarining qoʻshni davlatlar bilan diplomatik va savdo-iqtisodiy munosabatlari (XVI—XX asr boshlari rus tarixshunosligi va manbalari asosida. Toshkent: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, 2017 — 147-bet.
- Jumanazar A. K.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.
- Jumanazar A. K.. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007 — 204-bet. ISBN 978-9943-06-029-6.
- Rajabov Q. K.. Amir Haydar yoxud «amiri sayyid». Buxoro: Buxoro mavjlari.
- Rajabov Q. K.. Amir Nasrulloh Bahodurxon yoxud «xoni shahid». Buxoro: Buxoro mavjlari.
- Rajabov Q. K.. Nasrullohxon (risola). Toshkent: Abu matbuot-konsalt, 2011. ISBN 978-9943-336-63-6.
- Ravshanov P.. Qarshi tarixi. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2006 — 648-bet. ISBN 5-633-01899-0.
- Ravshanov P.. Shahrisabz tarixi (Eng qadim davrlardan XX asrning I choragigacha. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2011 — 548-bet. ISBN 978-9943-08-760-6.
- Toʻrayev H.. Buxoro tarixi: oʻquv qoʻllanma. Buxoro: Durdona, 2020 — 592-bet. ISBN 978-9943-6571-0-6.
- Shodiyev J. M.. Buxoro amirligi davlatchiligining rivojlanishi. Toshkent: TDYI nashriyoti, 2010 — 114-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |