Amudaryo
Amudaryo — . Yunonlar Oks deb ataganlar. Mahalliy xalq orasida daryo Jayhun nomi bilan mashhur. Daryo uzunligi 2400 km, daryo deltasi 534 739 km². Amudaryo hozirgi Tojikistonning Pomir togʻi etaklaridagi Panj va Vaxsh daryolarining birlashuvidan boshlanib Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Turkmaniston hududlaridan oʻtadi va tobora qurib borayotgan Orol dengiziga quyiladi.
Amudaryo | |
---|---|
forscha: آمودریا | |
![]() Amudaryo deltasining samodan koʻrinishi | |
Tavsif | |
Uzunligi | 2 400 km |
Havzasi | Orol dengizi |
Suv sarfi | 2 525 m³/s |
Suv oqimi | |
Quyilishi | [[yoʻq, avvallari Orol dengiziga quyilar edi]] |
Joylashuvi | |
![]() irmoqlar | |
Davlat | Afgʻoniston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston |
Amudaryo |
TarixiTahrirlash
Amudaryo — Turkiston oʻlkasidagi eng sersuv, yirik daryo. Amudaryoni|yunonlar] Oks, rimliklar Okosos, arablar Jayxun, yerli xalqlar dastlab Oʻkuz, Balx, Vaxsh, soʻngra Amul deb ataganlar. Amudaryo quyi va oʻrta toʻrtlamchi davrda Qoraqum choʻli orqali oʻtib, Kaspiy dengiziga quyilgan, togʻlardan suv oqimi bilan keltirilgan oqiziqlarning yotqizilishi natijasida qumlar tarkib topgan. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy „Amudaryo tarixi“ asarida yozib qoldirgan. Yuqori toʻrtlamchi davrda Amudaryo hozirgi oʻzani boʻyicha oqqan. Miloddan avvalgi 10-mingyillikdan 2-mingyillikkacha Xorazm botigʻini va qisman Sariqamish botigʻini toʻldirgan. Oqimining bir qismi janubga oqib, hozirgi Oʻzboʻy oʻzanini vujudga keltirgan va Kaspiy dengiziga quyilgan. Shu davrda Sariqamish boʻyi deltasi tarkib topgan. Miloddan avvalgi 3-va 2-mingyilliklar orasida Amudaryo hozirgi Tuyamoʻyin qisigʻidan shimolga, Oqchadaryo oʻzanidan oqib Orol dengiziga uning janubi-sharqidan quyilgan va Oqchadaryo deltasi tarkib topgan. Miloddan avvalgi 2- va 1-mingyilliklarda Amudaryo hozirgi yoʻnalishda, yaʼni Orol dengiziga janubdan quyila boshlagan. Miloddan avvalgi 1-mingyillikning oʻrtasida hozirgi Orolboʻyi Amudaryo deltasi (Orolboʻyi deltasi) vujudga kela boshlagan. Oʻsha vaqtdan Amudaryo Orol dengiziga quyilmoqda. Baʼzan oqimining bir qismi Sariqamish koʻliga ham borib turgan. 13-asrda moʻgʻul bosqinchilarining Xorazm davlatiga hujumi vaqti (1220)da Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi damba va toʻgʻonlar buzib tashlangan, natijada Amudaryo suvi yana Dovdan va Daryoliq quruq oʻzanlari orqali Sariqamish botigʻiga oqqan. Keyinroq toʻgʻon va dambalar tiklangach, Amudaryo yana avvalgi oʻzani orqali Orol dengiziga quyila boshlagan. 14-asrda oʻzaro urushlar sababli qirgʻogʻidagi inshootlar buzilgan, suv yana Sariqamishga oqqan, Oʻzboʻy oʻzanida suv hatto Kaspiy dengiziga yoʻnalgan. 17-asr boshida Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi toʻsiqlar yana qayta tiklanishi bilan suv eski oʻzani orqali oqa boshlab, 18-19-asrlarda baʼzan oqimning bir qismi Sariqamishga oqqanligi tarixiy manbalarda qayd etilgan.
GeografiyasiTahrirlash
Amudaryo yuqori qismi Tojikiston va Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegarasidan oqadi, uzunligi 2540 km (Vahjir — Vohondaryo bilan birga), havzasining maydoni qariyb 465 ming km², shundan 227,3 ming km² suv toʻplaydigan togʻli qismiga toʻgʻri keladi. Amudaryo Afgʻonistonda Hindukush togʻlarining shimoliy yonbagʻridan 4950 m balandlikdagi muzlikdan boshlanadi; Vohondaryo Pomirdagi Zoʻrkoʻ chiqib keladigan Pomir daryosi bilan qoʻshilgandan keyin Panj deb ataladi. Panjga oʻngdan Gʻunt, Bartang, Yazgʻulom, Vanj, Qizilsuv irmoqlari kelib qoʻshiladi, nihoyat, eng yirik va sersuv irmogʻi — Vaxsh daryosi qoʻshilgandan soʻng Amudaryo nomini oladi; bu qismida unga yana chapdan Qunduzdaryo, oʻngdan Kofarnixon, Surxondaryo qoʻshiladi. Sheroboddaryo suvi esa Amudaryoga ahyon-ahyonda yetib boradi, undan gʻarbdagi Koʻhitangdaryo suvi ham yoʻl-yoʻlakay sugʻorishga sarf boʻladi. Surxondaryo quyilgandan keyin Amudaryoga to Orol dengiziga yetguncha 1200 kmdan ziyod masofada boshqa irmoq qoʻshilmaydi. Zarafshon bilan Qashqadaryo esa Amudaryoning qadimgi irmoqlari boʻlib, ularning suvi butunlay sugʻorishga sarflanadi. Amudaryoning asosiy suv rejimi uning yuqori, togʻli qismida shakllanadi. Bu joyda Amudaryo tor, baʼzan chuqur va nishabi katta oʻzandan oqadi. Oʻzan oʻrta hisobda har bir kmga 4 mdan (ayrim joylarda esa 10 mdan ham koʻp) pasayib boradi. Shu tufayli daryo juda tez oqadi, oqimning tezligi 4-6 m³/sek. Daryo vodiysi ham tor, u Pomir togʻ sistemasiga kiruvchi tik koʻtarilgan qoyali togʻlarni aylanib oʻtadi. Togʻ oralaridan joʻshqin irmoqlar kelib qoʻshiladi. Vodiy eni 3-4 kmdan oshmaydi, baʼzi joylardagina uchraydigan qayirlar koʻpincha toʻqayzor. Qizilsuv, Vaxsh, Kofarnihon, Surxondaryo quyiladigan joylarda daryo vodiysi kengaygan va bu yerlarda oqindi jinslardan tarkib topgan terrasalarda dehqonchilik qilinadi, baʼzan terrasalar qalin toʻqayzorlardan iborat. Amudaryo Surxondaryo qoʻshilgandan soʻng tekislikdan oqa boshlaydi va taxminan Karkidan Pitnakkacha boʻlgan oraliqni daryoning oʻrta oqimi deb hisoblash mumkin. Daryo tekislikka chiqqach, Qoraqum va Qizilqum choʻllaridan oʻtib, Orol dengiziga quyiladi. Oʻrta qismida oʻzanning oʻrtacha kengligi 1500 m. Daryoning tekislikdan oquvchi qismida nishabi kam (har bir kmga 0,2-0,3 m). Daryo oqimining tezligi kattaligidan (2-3 m/sek) oʻzan va qirgʻoqlarini muttasil yemiradi, shu sababli oʻzan doimo oʻzgarib turadi. Amudaryoning oʻrta va quyi oqimida, ayniqsa, Xorazm vohasi va Qoraqalpogʻistonda (Urganch, Ellikqal’a) qirgʻoqlarning oʻpirilish hodisasi — deygish kuzatiladi. Keyingi davrda daryo oʻzanining yuvilishi ham kuzatilmoqda. 1990-yillardan Amudaryo quyi oqimi Tuyamoʻyin suv ombori orqali boshqarilgach, bu yerlarda deygish hodisasining taʼsiri biroz pasaydi. Qishda daryoning yuqori oqimida asosan qirgʻoqqa yaqin joylari muzlab, shovush hosil boʻladi va qisqa muddat muz oqadi, Karki shahri yaqinida qish qattiq kelgan yillari esa 10-15 kun davomida daryo yoppasiga muzlaydi. Chorjoʻy shahri va undan quyida daryoning yoppasiga muzlashi undan ham uzoqroq davom etadi. Nukus shahridan quyida esa daryo deyarli toʻrt oy davomida butunlay muzlaydi. Erta bahorda ayniqsa, oʻzan keskin burilgan va tor joylarda muz tiqilib suv sathi keskin koʻtariladi va baʼzan toshqinga sabab boʻladi. Tekislikda Amudaryo vodiysining eni 10- 15 km boʻlib, ayrim joylarda 20-25 kmga yetadi. Vodiy kengaygan joyda uchta terrasa vujudga kelgan. Daryoning past togʻlar orasidan oʻtgan joylarida vodiyning eni 350-380 mdan oshmaydi. Pitnak yaqinida Tuyamoʻyin, oʻrta oqimida Duldulhatlagan va Eljik qisiqlari bor. Tekislik qismida daryoning har ikkala sohilida qumgildan tarkib topgan, eni 2-3 km keladigan qayirlar uchraydi. Amudaryoning quyi oqimi Pitnak yaqinidagi Tuyamoʻyin qisigʻidan to Orol dengiziga qadar boradi, quyi oqimining uzunligi 500 km, shundan 325 km Nukus bilan Orol dengizi oraligʻiga — daryoning hozirgi deltasiga toʻgʻri keladi. Amudaryo sersuv daryo, muzlik va qorlardan suv oladi, havzasida 1000 ga yaqin muzlik (shu jumladan, Yer kurrasidagi eng katta togʻ-vodiy muzligi — Fedchenko muzligi) bor. Suv yigʻish havzasida katta maydonlarni qor dalalari egallagan.
Amudaryo havzasida joylashgan mamlakatlarning suvga boʻlgan talabini eʼtiborga olgan holda mavjud suv boyliklarini oʻzaro taqsimlaydi (chunki har yili havzalarda turli miqdorda suv resurslari vujudga keladi). Oʻrta Osiyo davlatlari va Qozogʻiston suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish davlatlararo komissiyasi ham Amudaryodan foydalanish bilan shugʻullanadi. Amudaryo havzasi ulkan gidroenergetika resurslariga ega. Jami gidroenergetika resurslari 63,2 mln. kVt ni tashkil qiladi. Havza boʻyicha mazkur gidroenergetika resurslarining 29,8% Panj, 38% Vaxsh, 5,6% Kofarnihon, 3,0% Surxondaryo, 1,0% Qashqadaryo, 5,4% Zarafshon, 17,1% Amudaryo havzalariga toʻgʻri keladi. Hozirgacha Amudaryo havzasidagi gidroenergetika resurslarining faqat 2%dan ziyodroq qismi amadda foydalanilmoqda. Ishga tushirilgan gidroinshootlarning eng kattasi Vaxsh daryosining Pulisangin darasida qurilgan Norak suv ombori va GESdir. 60-yillargacha Amudaryoda suv transporti keng yoʻlga qoʻyilgan edi. Lekin, keyingi yillarda Chorjoʻy — Qoʻngʻirot temir yoʻlini qurish hamda avtomobil yoʻllari tarmoqlarining rivojlanishi, ayni vaqtda daryoning sayozlanishi natijasida umumiy yuk tashishda Amudaryo suv transportining hissasi keskin kamayib ketdi.[1]
AdabiyotTahrirlash
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |