Qoʻshtepa kanali

Afgʻonistonda qurilayotgan kanal

Qoʻshtepa kanali (pushtucha: کانال قوش تیپه) — Afgʻoniston shimolida Tolibon tomonidan Amudaryo suvini burish uchun qurilayotgan bahsli kanal[1]. Kanal uzunligi 285 km boʻlishi kutilmoqda. Kanal qurilishi 2022-yil mart oyida boshlangani taxmin qilinadi[1]. Oʻzbekiston kanalning qishloq xoʻjaligiga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotir bildirdi[2]. Shuningdek, kanalga Amudaryodan suvni burish natijasida Orol dengizi falokati yanada ogʻirlashishi aytilmoqda.

Qoʻshtepa kanali
Texnik xususiyatlari
Uzunligi 285 km (177 milya)
Status Qurilish davom etmoqda
Tarixi
Qurilish boshlanishi 2022
Geografiyasi
Boshlangan nuqtasi Balx viloyati
Tarmogʻi Amudaryo

Tolibonga koʻra, tashabbus 550 ming gektar choʻlni qishloq xoʻjaligi uchun yaroqli yerlarga aylantirishi koʻzlangan[3]. Tolibon Qoʻshtepa kanali qurilishini ustuvor loyihaga aylantirdi. Planet Labs taqdim etgan suratlardan 2022-yil aprelidan 2023-yil fevraligacha 100 km dan ortiq kanal qazilganligini koʻrish mumkin[3]. Mustaqil ekspertlar va muhandislar loyihaga shubha bilan qarab, Tolibon kanalni samarali yakunlash boʻyicha nou-xauga ega emasligi va loyihani moliyalashtirish qiyin boʻlishi, chunki hech bir xorijiy donor uni qoʻllab-quvvatlashga tayyor emasligini taʼkidlamoqda.

Kanal loyihasi va qurilishi tahrir

2022-yil mart oyida Tolibon tomonidan Afgʻonistonning shimolida Amudaryo suvini burish uchun kanal qurila boshlandi. Rejaga asosan kanalning uzunligi 285 km, eni 100 m boʻlishi kerak[4]. Tolibonga koʻra, kanal qurilishi orqali 550 ming gektar cho‘l yerlari ekin yerlariga aylantiriladi. Kanalning qurilishi uch bosqichdan:

  • Birinchi bosqich — kanalning 108 km uzunlikdagi Davlatobod tumanigacha boradigan qismini qurish;
  • Ikkinchi bosqich — Juzjon va Faryob viloyatlaridan oʻtuvchi 117 km uzunlikdagi qismini qurish;
  • Uchinchi bosqich — ekin yerlari boʻylab subkanallarni taqsimlashdan iborat[5].

Tolibon kanalning birinchi bosqichini yakunlash uchun 8 mlrd AQSh dollari sarflagan boʻlib, keyingi qurilish ishlari uchun Xitoydan qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlarni jalb qilmoqda. 2023-yil sentyabr holatiga, kanalning 100 kmdan ziyod qismida qazish ishlari toʻliq tugallangan[6]. 2023-yil 11-oktyabrda Balx viloyatida kanalning birinchi qismi foydalanishga topshirish yuzasidan marosim boʻlib oʻtgan[7]. Tolibon matubotiga asosan kanalning birinchi qismi uzunligi 108 km boʻlib, bu qism Amudaryodan boshlanib, Davlatobod tumanigacha boradi. Birinchi qismning qurilishi 1,5 yil davom etgan[5].

Kanalning toʻliq qurib bitkazish 2028-yilga rejalashtirilgan boʻlib, qurilish qiymati 7 mlrd afgʻoniy, yaʼni 92 mln AQSh dollarga baholanmoqda.

Amudaryo suvidan foydalanish siyosati tahrir

Amudaryo suvlaridan sobiq SSSRning toʻrtta respublikasi Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻrtasida foydalanish siyosati sovet davrida yaratilgan. Bu taqsimot SSSRga tegishli boʻlganligi tufayli Afgʻonistonning manfaatlari unda aks etmagan[8]. 1992-yilda Olmaota shahrida Amudaryo suvlaridan foydalanish boʻyicha mintaqaviy shartnoma tuzilgan boʻlib, ushbu shartnomada Afgʻonistonning daryo suvlaridan foydalanish huquqi keltirilmagan. Kanal qurilishi 2022-yilda boshlanganida ham Afgʻoniston haligacha transchegaraviy daryo suvlaridan foydalanish boʻyicha hech qanday hududiy yoki xalqaro shartnomalarga qoʻshilmagandi. Shuningdek, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston BMTning 1992-yildagi suv konvensiyasiga ham qo‘shilgan, ammo Afg‘oniston bu kelishuvga ham qo‘shilmagandi[6].

Xalqaro munosabat tahrir

Daryoning quyi qismida joylashgan Oʻzbekiston kanal qurilishi mamlakatdagi qishloq xoʻjaligiga jiddiy salbiy taʼsir qilishi tufayli oʻz munosabatini bildirgan[2]. 2023-yilda O‘zbekistonning rasmiylari ushbu vaziyat yuzasidan Tolibon bilan muzokaralar olib borishgan, ammo rasmiy kelishuvga erishilmagan. 2023-yil 15-sentyabrda Tojikistonda boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida Qoʻshtepa kanali qurilishi yuzasidan Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz munosabatini bildirib oʻtgan[9][10]. Oʻz munosabatida Shavkat Mirziyoyev Qoʻshtepa kanalining ishga tushirilishi Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan oʻzgartirib yuborishi xususida toʻxtalib oʻtgan[9][11].

Ekologik muammolar tahrir

Ekologiya boʻyicha ekspertlar Qoʻshtepa kanaliga Amudaryo suvlarining koʻproq burilishi tufayli Orol dengizidagi vaziyatni yanada ogʻir ahvolga solishi yuzasidan oʻz xavotirlarini bildirishgan[12].

2023-yildagi oʻpirilish tahrir

2023-yil dekabrida Qo‘shtepa kanalida katta oʻpirilish bo‘lgani haqida xabar berilgan boʻlib, Sentinel-2 sun’iy yo‘ldoshi tomonidan olingan suratlarda kanal yoqasida toʻqqiz kilometr uzunlikdagi suv maydoni (suv ombori) paydo boʻlgani aks etgan[13][14]. Hozirda suv miqdori ortib borayotgani toʻgʻrisida xabarlar chiqmoqda[15].

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 „Uzbekistan pursues dialogue with Afghanistan on fraught canal project“. Eurasianet (2023-yil 24-mart). Qaraldi: 2023-yil 26-mart.
  2. 2,0 2,1 Safarov, Ilyos „“Толибон”ни Ўзбекистон учун фожиали канални қуришдан тўхтатиб бўладими? — экспертлар билан суҳбат“ (Uzbek). Kun (2023-yil 10-fevral). Qaraldi: 2023-yil 26-mart.
  3. 3,0 3,1 „The Taliban are digging an enormous canal“. The Economist (2023-yil 16-fevral). Qaraldi: 2023-yil 26-mart.
  4. „Work on Second Phase of Qosh Tepa Canal Starts“ (ingliz tilida). tolonews.com (2023-yil 11-oktyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  5. 5,0 5,1 „Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining birinchi uchastkasi qurilishi yakunlandi“. kun.uz (2023-yil 12-oktyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  6. 6,0 6,1 Isaqulov, Abduaziz „Qo‘shtepa kanali mojarosi. Buning xalqaro huquqiy yechimi bormi?“. kun.uz (2023-yil 27-sentyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  7. „«Толибон» Қўштепа канали қурилишининг 2-босқичига старт берди“. gazeta.uz (2023-yil 12-oktyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  8. Kamil, Ikramuddin (2021). „Afghanistan, the Amu Darya Basin and Regional Treaties“. Chinese Journal of Environmental Law (ingliz tilida). 5-jild. 37–62-bet. doi:10.1163/24686042-12340063. S2CID 239716547.{{cite magazine}}: CS1 maint: unrecognized language ()
  9. 9,0 9,1 „O‘zbekiston Prezidenti Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi hamkorlik istiqbollarini ko‘rsatib o‘tdi“. prezident.uz (2023-yil 15-sentyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  10. „Shavkat Mirziyoyev Qo‘shtepa kanali bo‘yicha ilk marta munosabat bildirdi“. kun.uz (2023-yil 15-sentyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  11. „Мирзиёев Афғонистонни минтақадаги сув ресурслари бўйича мулоқотга қўшишни таклиф қилди“. gazeta.uz (2023-yil 15-sentyabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-dekabr.
  12. Duffy, Seamus „What Afghanistan’s Qosh Tepa Canal Means for Central Asia“ (ingliz tilida). The Diplomat (19.04.2023). 2023-yil 20-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-dekabr.
  13. „«Tolibon» qurayotgan Qo‘shtepa kanalida jiddiy avariya yuz bergan – ekspertlar“. xabar.uz (2023-yil 14-dekabr). 2023-yil 15-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-dekabr.
  14. „Ekologlar Qo‘shtepa kanali o‘pirilganini aytishmoqda. Bu haqda nimalar ma’lum?“. kun.uz (2023-yil 13-dekabr). 2023-yil 15-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-dekabr.
  15. „На возводимом талибами канале Кош-Тепа произошла авария - «Реки без границ»“ (rus tilida). daryo.uz (2023-yil 12-dekabr). 2023-yil 16-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-dekabr.

Havolalar tahrir