Muhammad Shohmurod (Shohmurod, Shohmurodbiy, Amir Shohmurod, Amir Muhammad Shohmurod, Amiri Maʼsum) (1741-yil, Buxoro, Buxoro xonligi — 1800-yil 30-noyabr, Buxoro, Buxoro amirligi) — Buxoro amirligi hukmdori (1785—1800). Mangʻitlar oʻzbek sulolasining birinchi hukmdorlaridan biri va ushbu sulolaning birinchi amiri. Davlat arbobi va sarkarda. Buxoro xonligida qoʻshbegi lavozimida boʻlgan va turli viloyatlarda hokimlik qilgan.

Muhammad Shohmurod
(Shohmurod, Shohmurodbiy, Amir Shohmurod, Amir Muhammad Shohmurod, Amiri Maʼsum)
Muhammad Shohmurod
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
 Buxoro amirligi hukmdori
Mansab davri
1785-yil 10-iyun — 1800-yil 30-noyabr
Oʻtmishdoshi unvon taʻsis etilgan
Vorisi Amir Haydar
War flag of Khanate of Bukhara.svg
 Buxoro qoʻshbegisi
Mansab davri
? — 1785-yil 10-iyun
Bosh vazir Muhammad Doniyol
Monarx Abulgʻozixon
Oʻtmishdoshi Davlat qoʻshbegi
Vorisi Sultonmurod qoʻshbegi (ukasi)
War flag of Khanate of Bukhara.svg
 Samarqand viloyati hokimi
Mansab davri
1771-yil — ?
Bosh vazir Muhammad Doniyol
Monarx Abulgʻozixon
War flag of Khanate of Bukhara.svg
 Qarshi viloyati hokimi
Bosh vazir Muhammad Doniyol
Monarx Abulgʻozixon
War flag of Khanate of Bukhara.svg
 Karmana viloyati hokimi
Bosh vazir Muhammad Doniyol
Monarx Abulgʻozixon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1741-yil
Buxoro, Buxoro xonligi
Vafoti 30-noyabr 1800-yil(1800-11-30)
(59 yoshda)
Buxoro, Buxoro amirligi
Fuqaroligi War flag of Khanate of Bukhara.svg Buxoro xonligi
Flag of the Emirate of Bukhara.svg Buxoro amirligi
Turmush oʻrtogʻi
Bolalari
Otasi Muhammad Doniyol
Taʼlim Mir Arab yoki Koʻkaldosh madrasasi
Dini Islom
Dafn etilgan joyi Buxoro
Joʻybor mavzesi
Eshoni Imlo qabristoni

Mangʻit namoyondalari orasida Shohmurod ham shaxs, ham arbob sifatida alohida oʻrin tutgan. Mangʻitlar oʻzbek sulolasi vakillari orasida eng nufuzli oʻrinni egallagan.

Amir Shohmurod taxtga chiqib 2 masalani hal etadi: Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining umri tugab, hokimiyat yangi oʻzbek sulolasi — Mangʻitlar qoʻliga oʻtganligini rasmiylashtiradi; Buxoro davlatini birlashtirish va markazlashtirish uchun kurashni davom ettiradi va otasi Doniyolbiy otaliq davrida joriy etilgan soliqlarni bekor qildiradi.

U hukmdor boʻlishiga qaramay oddiy turmush tarzini maʼqul bilar, oʻzi uchun kundalik xarajati bir tangadan oshmagan, yeb-ichishi oddiy boʻlgan, oʻz sharafiga turli dabdabali tadbirlar uyushtirishga yoʻl qoʻymagan. Shuning uchun ham zamondoshlari va kelgusi avlodlar tomonidan Amiri Kabir, Amiri Maʼsum[1] — Begunoh amir, Umari soniy — Ikkinchi Umar, Amiri Gʻoziy, Amiri Valiy, Jannatmakon[2][3] yoki Amiri Jannatmakon[4] kabi faxrli nomlar bilan atalgan[5][6].

Amir Shohmurod Buxoro amirligida 4 ta: moliya, sud, maʼmuriy va harbiy sohalarda islohotlarni amalga oshirgan. Davlat boshqaruvida adolatni bosh tamoyil qilib olib, shariat qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan barcha soliqlarni bekor qildirgan. Koʻplab XVI—XVII asrlarga tegishli vaqf hujjatlarini qayta koʻchirtirgan; amaldagi yoki butunlay faoliyat koʻrsatmayotgan va yoʻqolgan vaqf hujjatlarini qayta ishga solgan.

Uning davriga kelib aholisi kamayib, qishloq darajasiga tushib qolgan Samarqand qayta qurilgan. Amir Shohmurod Samarqandni qayta qurish tarxini oʻzi chizgan. U shaharda 24 ta mavze qurdirib, davlatning sharqiy viloyatlaridan bu yerga koʻplab oilani koʻchirib keltirgan. Shu ishlarning natijasi oʻlaroq, shahar gavjumlashib, iqtisodiy va madaniy ahvol ancha tiklangan. Hozirda Samarqand koʻchalaridan biri uning nomi bilan ataladi.

Amir Shohmurod oʻzidan oldingi hukmdorlar Arkda qurdirgan binolardan keraklilarini qoldirib, qolganini esa buzdirib, ulardan chiqqan qurilish materiallarini Buxoro shahri ichkarisi va tashqarisidagi masjidlarga ishlatgan. Marv yaqinida Islomobod shahrini qurdirgan.

Amir Shohmurod shaxsi ziddiyatli boʻlib, u haqida koʻpgina mualliflar turlicha fikr bildirishgan.

Tugʻilgan yili va kelib chiqishiTahrirlash

Mangʻitlar oʻzbek sulolasining mashhur vakillaridan biri boʻlmish Muhammad Shohmurod Muhammad Doniyol xonadonida 1741-yili Buxoroda tugʻilgan. Oilada toʻngʻich farzand edi. Yoshligida otasi uni Begijon deb eʼzozlagan[7].

Muhammad Shohmurodning tugʻilgan yili Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasida 1749-yil deb koʻrsatilgan. A. Jumanazarga koʻra, u aslida 1741-yili tavallud topgan[7]. Tarixiy qoʻlyozmalarda bir nechta mualliflar uning 60 yoshdan oʻtib olamdan oʻtganini yozib qoldirishgani va u 1800-yilda vafot etgani ushbu toʻxtamga kelinishiga asos qilib koʻrsatiladi.

Muhammad Shohmurodning shajarasi bir qancha manbalarda quyidagi tarzda keltiriladi: Amir Muhammad Shohmurod — Muhammad Doniyolbiy otaliq — Xudoyorbiy otaliq — Xudoyqulibiy — Keldiyorbiy — Chovushboy. Uning bobokaloni Chovushboy oʻz davrida oʻzbek qavmlari orasida mangʻit urugʻining juda boy-badavlat kishisi boʻlgan[7]. Manbalarda keltirilishicha, naslining kelib chiqishi Tumanoyxonga borib taqalar ekan[5].

Yoshlik yillariTahrirlash

Muhammad Doniyolbiy otaliq Buxoro xonligini boshqarishni boshlagan vaqtda Shohmurod 17 yoshga toʻlgandi. Shohmurod oʻzining 11 ta ukasidan alohida ajralib turgan[8]. Shohmurodning ilm-fanga ishtiyoqi baland boʻlib, uning tarbiyasi bilan otasi ham jiddiy shugʻullangan. Yoshligida bir necha yil Mir Arab madrasasida (bir manbaga koʻra, Koʻkaldosh madrasasida[9]) tahsil olgan[7][3][5].

Shohmurod farosatli, aqlli va taqvodor boʻlib voyaga yetisha boshlaydi[5]. U shariat va tariqatni puxta oʻrganadi. Tariqatda mujaddidiya-naqshbandiya sulukida edi. Boshqa ilmlar qatori tasavvuf taʼlimoti bilan jiddiy shugʻullanib, oʻzi ham madrasada dars beradi. Shohmurod ona tili turkiy-oʻzbek tilidan tashqari arabcha va forschani ham yaxshi bilgan. Soʻfiyona turmush tarzi uning hayotiga aylangan edi[7][5].

Shohmurod yoshligida Qarshida koʻp yashagan. Bu uning kelajakdagi siyosiy qarashlarining maʼnaviy ijrosini oʻziga xos tarzda shakllanishiga xizmat qilgan. Bunga sabab qilib, oʻsha paytlarda Qarshida yashagan mujaddidiya-naqshbandiya tariqatining mashhur vakillaridan biri, Soʻfi Olloyorning shogirdi va jiyani — Xalifa Jonmuhammad Koʻlobiyning (shayx Koʻlobiyning) nasihatlari, oʻgitlarini tinglab, uning duosini olishga musharraf boʻlgani koʻrsatiladi. Shayx boʻlajak amirni tariqatga ilhomlantirgan birinchi murshidi boʻladi[10]. A. Jumanazarga koʻra, amir Shohmurodda dunyoga oddiyroq qarash, xalq ichida ular kabi yashash tarzi Jonmuhammad Koʻlobiyning suhbatlaridan keyin boshlanib ketgan. Kelajakda Muhammad Shohmurod Jonmuhammad Koʻlobiyning Bibi Otun ismli nevarasiga uylanadi.

Muhammad Shohmurodning ilk murshidi oxund/shayx Muhammad Safar Xorazmiy edi. U shayx Safarning huzuriga borganida unga dastlab unchalik roʻyxushlik bermaydi. Boʻlajak shogirdini: Sen zolim va zolimzodadirsan. Shayx xizmati va bu yoʻldagi riyozatga qanday toqat qilursan? — deb qarshilaydi. Biroq uning qarori qatʼiy edi. U tanlagan yoʻlidan qaytmasligiga shayxni ishontiradi va shu kundan xalqning nazarida eng past kasb boʻlgan hammollik bilan kun kechira boshlaydi[1][11]. Oʻz kunini topgan puli bilangina oʻtkaza boshlaydi. Ayni paytda piri Shayx Safar yonida muridlik qilib, toat-ibodatni kanda qilmaydi. Hammollik qilib yurgan shahzoda koʻrganlar uni devona deyishgacha borgach, otasi Doniyolbiy qozikalon va qushbegiga maslahat soladi. Amaldorlar „devona“ shahzodani nafaqat valiahdlikdan, balki farzandlikdan ham mosuvo qilish kerakligini aytishadi. Ammo Doniyolbiy ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan ogʻir ahvolga tushib qolgan mamlakatni xalq orasida yurgan, el tanigan va hurmat qilgan oʻgʻli Shohmurodga ishonadi. U bir necha bor Shohmurodni bu yoʻldan qaytarishga urinadi. Unga hatto davlat xazinasidan maosh tayinlaydi. Ammo shahzoda barcha imtiyozlarni rad etadi. Taniganlar uni devona boʻlgan deb gumon qiladi[7][5].

Hammollikning ogʻir mehnati Shohmurodni katta siyosatdan chetlashtirib qoʻymagan. Aksincha, u oddiy xalq hayotini yaqindan his etadi. Hokimiyat rahbarlari va amaldorlar zulmini, ularning jabru sitamlarini teranroq anglaydi. Bu paytlarda Doniyolbiy keksayib, davlatni boshqarishga qiynalib qolgandi. Bundan foydalangan baʼzi yirik amaldorlar xizmat mansabini suisteʼmol qilib, aholiga nisbatan zulmni behad kuchaytirib yuboradi. Ayniqsa, Davlat qoʻshbegi va qozikalon Sayyid Nizomiddinxoja sitamlari haddidan oshib ketadi. Ayni paytda, xalqning noroziligi ham kuchayib boradi. Bu holdan, albatta, Doniyolbiy ham xabardor edi[7][5].

Tarix sahnasiga chiqishidan oldingi davrTahrirlash

1785-yil 24-martda Buxoro xonligi hukmdori Muhammad Rahimxon vafot etadi. Uning oʻgʻil farzandi boʻlmagani uchun xonlik taxtiga voyaga yetmagan nabirasi Fozil toʻra oʻtqaziladi. Oʻsha paytda Karmana va Miyonqol hokimi boʻlgan Muhammad Doniyol unga otaliq qilib tayinlanadi. Bu tayinlov hammaga ham xush kelmaydi. Bundan norozi boʻlishgan viloyat hokimlari, kenagas, yuz, baxrin va saroy oʻzbek urugʻlarining nufuzli amirlari markazlashgan hokimiyatga qarshi isyon koʻtarishadi. Ular 10 ming yigitni qurollantirib, Buxoro tomon harbiy yurish uyushtirishadi. Ularga qarshi chiqqan Muhammad Doniyol isyonkor viloyat hokimlari bilan bir bitimga keladi. Bitimga koʻra, Fozil toʻrani taxtdan tushirib, oʻrniga ashtarxoniy shaxzodalardan biri boʻlgan Abulgʻozi xonlik taxtiga oʻtqaziladi. Muhammad Doniyol ham otaliq rutbasini hamda amaldagi hukmdorlikni oʻz qoʻlida saqlab qoladi.

Muhammad Shohmurodning otasi Muhammad Doniyol keksayib, davlatni boshqarishga qiynalib qolgan edi. Vaqt oʻtib uning davrida davlatni qozikalon va qoʻshbegi lavozimlaridagi Sayyid Nizomiddin qozi va Davlat qoʻshbegilar ikkovlashib davlatni boshqara boshlaydi. Ular Muhammad Rahimbiy davrida davlat yuritishda layoqati boʻlgan Erondan u bilan birga kelgan amaldorlardan edilar. Bu davrga kelib poraxoʻrlik avjiga chiqadi. Iqtisodiy tanglik, vayronagarchilik kengayib ketadi. Xalqning noroziligi ham kuchayib boradi[5]. Bu paytda Turkiston bir necha boʻlaklarga boʻlinib ketgan edi.

Muhammad Doniyol davrida ham oʻzaro urushlar davom etadi. Karmana, Oʻratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa joylarda mahalliy kuchlar bosh koʻtarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qiladilar. 1781-yil Rossiya imperiyasi hukumati Buxoro xonligi bilan savdo bitimi tuzishni taklif etganida, Muhammad Doniyol bu bitimni 92 oʻzbek urugʻi boshliqlari roziligisiz imzolay olmasligini bildiradi. Bu payti Buxoro xonligida vaziyat juda qaltis, norozilik kuchayib borayotgan bir davr edi.

Muhammad Doniyol tayanchi boʻlgan qoʻshinining taʼminoti uchun koʻplab qoʻshimcha soliqlar joriy etishga majbur boʻladi. Natijada, bu bilan poytaxtdagi hunarmandlar va savdo ahlini oʻziga qarshi qaratib qoʻyadi. 1784-yilda Buxoroda qoʻzgʻolon koʻtariladi. Tarixchilarning maʼlumotiga koʻra, unda 1000 ga yaqin kishi oʻldirilgan. Bu vaziyatda chorasiz qolgan Muhammad Doniyol 11 nafar oʻgʻlining kattasi, shaharliklar orasida obroʻ-eʼtibori baland boʻlgani Muhammad Shohmurodni oʻziga valiahd deb eʼlon qiladi.

Siyosiy faoliyatining boshlanishiTahrirlash

1770-yillarning oxirida Shohmurodning otasi — Buxoro xonligini otaliq unvonida amaliy boshqarib turgan va „amir ul-umaro“ unvonida boʻlgan Muhammad Doniyol (1758—1785) hokimiyat jilovini qoʻldan chiqarib yuborishi natijasida mamlakatda tartibsizliklar boshlangan edi. Muhammad Doniyol baʼzi saroy aʼyonlari va ulamolarining (raʼiyyatning) talabi bilan toʻngʻich oʻgʻli Shohmurodni oʻziga oʻrinbosar (manbalarda Buxoro hukumati boshligʻi deb yozilgan) qilib tayinlamoqchi boʻlganida masjid hujrasida taqvodor hayot kechirayotgan Shohmurod dastlab bu taklifni qatʼiy rad etgan. Keyinchalik, 1775-yilda u ustozlari Shayx Muhammad Safar va Eshon Tursun Boqi qozining koʻplab iltimoslaridan keyin otasining bu taklifiga zoʻrgʻa rozi boʻlgan[7][11].

Shohmurod davlat ishlarini boshqarishda otasiga 6—7 yilcha yordam berib turgan. Bundan tashqari Shohmurod Karmana va Qarshi viloyatlarida hokimlik ham qilgan. 1771-yilda esa Samarqand hokimi boʻlgan. U Samarqand hokimligi mansabida uzoq vaqt turmagan deya taxmin qilinadi. Bunga sabab qilib baʼzi tarixiy manbalarda u hammollik bilan kun kechirgani yozib qoldirilgani koʻrsatiladi[7].

Bir kuni Shohmurod otasining oldiga xufiyona kiradi va butun mamlakat Davlat qoʻshbegi tasarrufiga oʻtib qolgani hamda xalq xonavayron boʻlayotgani toʻgʻrisida soʻzlab: Endi bunga na iloj va na tadbir qilurmiz? — deya arz qiladi. Otasi: Bu ahvolni men ham fahmlab turibman, lekin biron chora koʻrishdan ojizman, — deb javob beradi. Shunda Shohmurod bu muammoni hal qilishni oʻz zimmasiga oladi. Manbalarda taʼkidlanishicha, u Qoʻqon xonligidan elchi kelganini bahona qilib qoʻshbegini saroyiga mashvarat uchun chaqirtiradi. Saroydagi maxsus xonalardan birida uni jallod kutib turadi. Shu tariqa Davlat qoʻshbegi qornidan chavaqlanib oʻldiriladi. Oradan koʻp oʻtmay qozi Sayyid Nizomiddinxoʻja boshiga ham shu kun tushadi[7][5].

Rivoyat qilinishicha, qozi Sayyid Nizomiddinxoʻja mamlakatda sharʼiy qonunlarning buzilishi va poraxoʻrlikning avj olishiga sababchi boʻlgan ekan[7]. Boz ustiga u Doniyolbiy otaliqqa Shohmurodni hokimiyatdan mahrum etishni maslahat bergan kishi ham edi[11].

Xullas, Shohmurod tomonidan Buxoro qozikaloni Qoziy ul-quzzot Sayyid Nizomiddinxoʻja va Davlat qoʻshbegi kabi amaldorlar shariat qoidalarini buzganligi va eroniylar (shialar) taʼsirida boʻlganligi hamda oddiy xalqqa qilayotgan jabr-zulmi uchun 1785-yili qatl etilganlar[1]. Ushbu amaldorlarning qatl etilish voqeasi xalq orasida Shohmurodning obroʻyini oshirib yuboradi[7][5].

Garchi amaldorlar Mangʻitlar oʻzbek sulolasining birinchi hukmdorlaridan boʻlgan Doniyolbiy otaliqning 11 nafar oʻgʻlidan eng kattasi boʻlgan Shohmurodni hokimiyatdan mahrum etishni maslahat bergan boʻlsalar-da, u Buxoro davlati taxtiga voris qilib tayinlanadi va otasi vafotidan keyin 1785-yil 10-iyunda Buxoro amiri sifatida taxtga oʻtiradi.

Buxoro amirligi hukmdoriTahrirlash

 
Buxoro arki — Buxoro amirligi hukmdorlarining bosh qarorgohi.

Muhammad Doniyolbiy otaliq 27 yil hukmronlik qiladi. U 1785-yil iyun oyida 75 yoshida vafot etadi. Undan Shohmurod, Mahmudbiy, Umarbiy, Fozilbiy, Sultonmurod qushbegi, Rustam miroxoʻr, Ganji-ali, Muhammad Yusufbek, Muhammad Yaʼqub Buxoriy, Toʻxtamish qushbegi, Darveshbiy, Rajab Alibek, Oʻljabek ismli 12 nafar farzand qoladi[7] (Tarixi Turkiston asarida 11 nafar deb keltirilgan)[5].

Muhammad Doniyolbiy otaliq vasiyati hamda saroy ayonlarining xohish-istagi bilan Shohmurod 1785-yil 10-iyunda hokimiyat tepasiga keladi[12]. Oʻzidan oldingi „soxta xonlarni“ va xon unvonini bekor qilib oʻzini amir deb eʼlon qiladi. Amirlik unvoni ilgari asosan qoʻshin boshliqlari va joylardagi turli harbiy vakillarga berilgan boʻlsa, Muhammad Rahimxon davriga kelib amir unvoniga ega boʻlgan bironta mansabdor shaxs qolmagan, ushbu unvon ilgari amalda boʻlgan amir-beklik unvonidan farqli oʻlaroq, xalifalik maqomi "Amir ul-moʻminin" sifatida talqin etilgan edi[1]. Muhammad Shohmurod davlat boshligʻi — amir unvonini taʼsis etar ekan, ushbu unvonning oʻzbek va moʻgʻul urugʻlari anʼanalari bilan emas, balki shariat qoidalari asosida yuzaga kelganini asoslab beradi[13] va shu davrdan boshlab mamlakat rasmiy Buxoro amirligi deb atala boshlaydi[5]. Mangʻitlar sulolasining ushbu vakili Buxoroda 1785-yilda xalq qoʻzgʻoloni boʻlganidan soʻng davlat hukmronligi tepasiga chiqqan edi[12][14].

Amir Shohmurod hukmronligi davri Buxoro davlati tarixi taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. Davlat tizimi va ijtimoiy hayotda sharʼiy qonunlar mustahkamlanib, mamlakatda tartib-intizom qaror topadi[7][5]. Amir Shohmurodning davlat arbobi boʻlib shakllanishida tasavvuf oqimining taʼsiri juda kuchli boʻlib, bu borada ayniqsa uning Shayx Safarning muridi ekanligi hal qiluvchi rol oʻynagan. Koʻpgina tarixiy manbalarda uning soʻfiy va darveshsifat boʻlgani qayd etiladi[11]. Lekin, tasavvuf uning qahri qattiq hukmdor, Mangʻitlar oʻzbek sulolasining davlat hokimiyatini mustahkamlash borasida bir qancha islohotlarni amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmaydi.

U davlat tepasiga kelsa-da, oʻzining shaxsiy turmush tarzini deyarli oʻzgartirmagan. Tariqat yoʻlida sobit turib, faqirona umr kechirishda davom etgan. U bir yilda bitta oddiy koʻylak, bitta olacha chopon va bitta ishton kiygan. Boshiga boʻz salla oʻragan. Oyogʻiga echki terisidan tikilgan saxtiyon maxsi va kovush kiygan. Egnidagi qoʻy terisidan tikilgan poʻstinning narxi 10 tanga atrofida edi. Ushbu narxni qiyoslaganda, oʻsha davrda Abdullaxon madrasasi talabalari oyiga 15 tanga stipendiya olgan[7][5]. U shu poʻstinni hukmronlik yillarining avvalidan to umrining oxirigacha kiygan[9][4].

Uning odatiy ovqati arpa non, atala, moshova (moshdan pishirilgan oʻmoch) va yovvoyi shoʻrva edi. Har haftada chorayak goʻsht isteʼmol etardi. Hargiz toʻylarga bormas, hech kimning hadya va sovgʻalarini qabul qilmas edi. Pichoq qini yasab oʻz kasbi bilan tirikchilik qilardi[6]. Har kuni xazinadan emas, Buxoro yahudiylaridan olingan jizya (juzya) soligʻidan bir tanga olib oilasi zaruratiga ishlatgan[9][4][7]. Davlat tarafidan ajratilgan maoshini qurilishlarga, ilm ahli va talabalarga sarflab, hukmdor boʻla turib darveshlardan farq qilmaydigan hayot kechirgan[6]. Jumladan, Ahmad Donish oʻzining asarida quyidagicha tariflaydi: "Amir Shohmurodning kundalik yeydigan taomlari quruq non va bir stakan suv boʻlgan". Boshqa bir tarixchi Muhammad Hakimxon toʻra "Shohmurodbiyning yeydigan taomlari kishi yeydigan darajada boʻlmay, oʻt-oʻlan, sut-qatiq va dukkakli oʻsimliklar bilan taomlangan" ekanligini qayd etadi. Har 15 kunda bir marta juz’i jon soligʻidan (gʻayridinlardan olinadigan toʻlovdan) yigʻilgan mablagʻ hisobidan chorak goʻsht olib, oʻz ayoliga nafaqa qilar edi. Davlat amaldorlari va avomning toʻylariga bormas, hadyalar qabul qilmas edi. 1794-yili Rossiya imperiyasidan Buxoroga kelgan T. Burnashev oʻz esdaliklarida "Uning saroyida zarracha dabdaba yoʻq edi. Faqat ikkita xotini boʻlib, kun kechirishlari uchun nihoyatda kam pul harj qilinardi. Shu sababli ular tinimsiz turli qoʻl mehnati bilan mahgʻul boʻlardi va tirikchiligi shundan edi. U hech kimnikidan farq qilmaydigan oddiy kiyim kiyardi. Uning odatiy ovqati non va suv edi. Xalq unga alohida ehtirom bilan munosabatda boʻlardi. Uni Muhammad shariatiga haqiqiy amal qiluvchi va hatto avliyo darajasida bilishardi." deb qayd etadi[5].

Amir Shohmurod oʻnta ukasining har biriga bittadan viloyat hokimligini berib, siyosiy tarqoqlikka barham bergan. U faol ichki va tashqi siyosat olib borgan[15].

Ichki siyosatiTahrirlash

Doniyolbiy otaliq hukmronligining soʻnggi davrlarida xalq har xil oliq-soliqlardan qashshoqlashib, holdan toygandi. Shohmurod taxtga chiqiboq amalga oshirgan eʼtiborga loyiq eng xayrli tadbirlaridan biri xatti tarxoniyni eʼlon qilib, Muhammad Rahimxon[16] va otasi davrida joriy qilingan oliq-soliqlarni (yorgʻu, boj, tarx, tushmol, yasoqlarni[13]) bekor qildirgani boʻldi[1][9]. Bu farmonga koʻra, aholi tinkani quritadigan turli soliqlardan ozod etildi. Buxoro shahridagi beva bechoralarga „Noni Rotifa“ — oila aʼzolarining har biriga davlat xazinasi hisobidan berilgan bir kunlikka yetadigan non va boshqa oziq ovqatlarni joriy qildi[17]. U hattoki mansabdor shaxslardan ham xalqni koʻnglini olish yoʻlida faoliyat yuritishlarini talab qiladi. Bu ishlarning natijasi oʻlaroq, asta-sekin ishlab chiqarish iziga tushib, savdo-sotiq rivojlandi[7][5].

Amir Shohmurodning tashabbusi bilan 4 ta islohot: moliya, sud, maʼmuriy va harbiy sohalarda katta islohotlar amalga oshirilgan[12]. U 1785-yilda davlatda pul islohotini oʻtkazib[14], sof kumushdan va oltindan tanga zarb qildirgan. U davlat zarbxonalarida aholining oʻz shaxsiy jamgʻarmalaridan olib kelgan kumush va oltindan bir xil oʻlchamdagi kumush va tilla tangalarni zarb qilishga keng ruxsat bergan[18]. Soliq tizimi, qozixonalar va qoʻshin faoliyati ham shariat asosida qayta tashkil qilingan. Muhtasib (rais) mansabi va qoʻshinda qoziaskar lavozimini joriy etgan[15]. Ushbu islohotlar koʻp oʻtmay oʻz ijobiy natijasini berib, mamlakat iqtisodiyotining oʻnglanishiga xizmat qilgan[11]. Amir Shohmurodning amalga oshirgan islohotlari va qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlari aka-ukalar oʻrtasida dushmanlik munosabatlarini vujudga kelishiga sabab boʻlgan[19].

Amir Shohmurod tomonidan oʻtkazilgan sud islohotlari oʻz navbatida, mamlakatda sud ishlarini yuritishda nohaqliklarga chek qoʻyilishiga, qozilar tomonidan muayyan darajada odillik, adolat va insonparvarlik ruhida sud jarayonlarini amalga oshirishga imkon yaratib bergan. Ushbu sud islohotlarining yana bir muhim jihati qozining hukmidan norozi boʻlgan tarafning qozi-ul-quzzotga yoki amirga shikoyat qilish huquqini qoʻlga kiritganligida koʻrinadi. Oʻz navbatida, qozikalonga yoki amir nomiga yozilgan shikoyatnoma oʻrganib chiqilib, qozining hukmini asosli ravishda qozi-ul-quzzot bekor qilishi hamda uning qarorini faqat amir bekor qilishi mumkin boʻlgan. Amir Shohmurod sudlovni tashkil etish, xususan, quyi sud qozilarining tayinlanishi borasida ham muayyan oʻzgarishlarni amalga oshirgan. Binobarin, Amir Shohmurodning bevosita tashabbusi bilan qirq aʼlamdan (qonunshunoslardan) iborat tarkibda oliy sud (qozixona) palatasi tuzilgan. Ushbu palatada qozilarning hukmidan norozi boʻlib yozilgan arz va shikoyatnomalar shariat normalari bilan birga, amir Shohmurod tomonidan tuzilgan qoidalar toʻplami asosida koʻrib chiqilgan. Sud palatasida arz yoki shikoyatnoma koʻrilayotganda daʼvogarning shaxsan oʻzi ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlgan. Amir Shohmurod davlat va huquq islohotchisi, islom huquqi normalarining gʻoyaviy va amaliy kurashchisi hamda davlat boshligʻi sifatida qirq aʼlam sudi ishlarida ishtirok etganda taraflarning oʻzaro kelishuvi, jabrlanuvchi va ayblanuvchi tomonlarning oʻzaro yarashuvining tarafdori boʻlgan. U amirlik xazinasidan jabrlanuvchining foydasiga yetkazilgan zararning yarmini qoplash uchun ayblanuvchining kelajakda ijtimoiy tarbiyalanishi, oilasi, farzandlari qarovsiz qolib ketishining oldini olish maqsadida foizsiz mablagʻ ajratish amaliyotini qoʻllagan[20].

Amir Shohmurod ichki siyosatda avvalo sharʼiy qonunlar asosida davlatni adolat bilan boshqarishga intilgan[15]. U shariat normalariga mutlaqo zid boʻlgan va uning talablariga javob bermaydigan barcha normalarning amal qilishini bekor qilgan. Harbiy sohadagi boshqaruv faoliyatini ulamolarning fatvosi asosida olib borgan hamda aynan uning davrida huquq manbasi boʻlmish sunnaga sezilarli darajada amal qilingan[20].

Amir Shohmurod davlatdagi turli elatlarni, qabila va urugʻlarni markaziy hokimiyat atrofida jipslashtirishga intilgan. Uning davri Mangʻitlar oʻzbek sulolasining Buxoro davlatida birlashtirish va markazlashtirish ishlarining ikkinchi bosqichi davom etadi[12]. Markaziy hokimiyatga qarshi chiqqan Urgut, Shahrisabz, Hisor, Oʻratepa, Xoʻjand hokimlarining oʻzboshimchaligi, yaʼni separatistik siyosatiga qarshi izchil kurashgan. U Xoʻjand va Oʻratepa masalasida Qoʻqon xonligi bilan baʼzi nizolarga borib turishga majbur boʻlgan[15].

Amir Shohmurodning Marv, Balx va boshqa hududlarni Buxoroga qaytarish uchun Xurosonga qilgan harbiy yurishlari alohida ajralib turadi[15].

Marvning qaytarilishiTahrirlash

Amir Shohmurod faoliyatining ilk yillarida Eron shohi Nodirshohning harbiy yurishlari natijasida bosib olingan Amudaryoning chap sohilidagi mulklarni qayta qoʻlga kiritib, amirlikka boʻysundiriladi. Buxoro amirligiga markazi Marv boʻlgan hozirgi Turkmanistonning yirik hududlari ham kiritiladi[5].

Marv atrofida 1785—1786-yillarda boʻlgan janglarda shahar hokimi, ilgari Doniyol otaliq oʻz oʻgʻlidek koʻrgan[1] — Bayramalixon oʻldirilgan va uning qoʻshini tor-mor qilingan. Amir Shohmurod Marvga 1789—1790-yillarda qilgan keyingi yurishida (bir manbada eronlik Bayramaliga qarshi kurashgan deyiladi[5] Murgʻob daryosida qurilgan Bandi Sulton toʻgʻonini buzdirgan va toʻgʻon atrofidagi qalʼani egallab, vohani muhim hayot manbai — suvdan mahrum qilgan[21]. Marvning yangi hokimi va Bayramalixonning katta oʻgʻli Hoji Muhammad Husaynxon taslim boʻlgan va Marv yana avvalgidek Buxoro davlati tasarrufiga kiritilgan. Marvdan katta miqdordagi shia mazhabidagi aholi, 20—30 ming (ayrim manbalarda 30 ming[19]; 100 ming[19][5] kishi, Hoji Muhammad Husaynxon boshchiligida Buxoro va Samarqand shaharlari va ularning atrofiga koʻchirilgan[15][19].

Amir Shohmurod oʻz ukasi — Umarbiyni Marvga hokim qilib qoldirgan. Marv atrofida yangi shahar qurib, uni Islomobod deb atagan. Keyinchalik, 1796-yilda Amir Shohmurod Bandi Sulton toʻgʻonini tiklab, Marv viloyatini suv bilan taʼminlaydi. Ammo shahar avvalgi gullab-yashnagan holatiga qaytmay qolib ketadi[21]. Bu paytda Amir Shohmurod oʻgʻli Dinnosirbekni hokim qilib tayinlagan[15].

Balx uchun kurashTahrirlash

Ilgarilari Buxoro xonligiga boʻysungan Balx xonligi hududi (Balx, Maymana, Andhud mulklari) Ahmadshoh Durroniy (1747—1773) davrida u tomonidan bosib olingan edi[19]. Bu hudud aholisi Durroniylar afgʻon sulolasiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarib, 1788-yili Amir Shohmuroddan harbiy yordam soʻrashgan. 1789—1792-yillarda oʻzbek va afgʻon qoʻshinlari oʻrtasida Kalif va Aqcha viloyatlarida janglar boʻlib oʻtgan. Bu urushlardan soʻng Amir Shohmurod va Temurshoh Durroniy oʻrtasida tuzilgan sulhning shartlariga koʻra, Amudaryo har ikkala davlat oʻrtasidagi chegara deb belgilangan[18]. Boshqa versiyaga koʻra, har ikki oʻrtada sulh tuzilib, Balx, Maymana va Andxuy Buxoroga qaytarilgan; Amir Shohmurod 1788-yil Buxoro amirligi tarkibiga Chor viloyat (Chahor viloyat) yerlarini qaytargan[15].

Tashqi siyosatiTahrirlash

Amir Shohmurod Markaziy Osiyo davlatlariga tahdid qiluvchi va oʻsha vaqtda siyosiy jihatdan birmuncha zaiflashgan qizilboshlarga (Eron shialariga) qarshi 20 dan ortiq harbiy yurishlar uyushtirgan[19], Mashhad va Tehrongacha bir necha marta borgan[15].

Uning davrida Buxoro amirligining qoʻshni davlatlar bilan diplomatik munosabatlari kuchaygan. U Usmonlilar va Rossiya imperiyalariga bir necha marta elchilar joʻnatgan. Bu davrda Buxoro amirligi bilan Rossiya oʻrtasida savdo-sotiq rivojlangan[15].

Usmonlilar imperiyasi bilan diplomatik aloqalariTahrirlash

 
Usmonlilar sultoni — Abdulhamid I (1773—1789)

Muhammad Doniyolbiy otaliqning hukmronligi davrida Rossiya imperiyasida oʻz vazifasini toʻliq uddalagan Ernazar elchi, 1780-yilda Usmonlilar imperiyasiga, Abdulhamid I (1773—1789) huzuriga ham elchilik maqsadida borgan[22].

1783-yilda Qrim rasman Rossiya imperiyasiga qoʻshilgan. Bu voqea 1787—1792-yillardagi Rossiya-Turkiya urushining muqaddimasi boʻlib xizmat qiladi. Bu davrda Ernazar elchidan rus—buxoro munosabatlarining hozirgi ahvoli toʻgʻrisida olingan maʼlumotlarni hisobga olib, Usmonlilar imperiyasi Buxoro xonligi hukmdorini ham Rossiyaga qarshi chiqishga koʻndirishga qaror qiladi. Usmonlilar elchisi Alemdar Mehmed Said ogʻa 1785-yilda Buxoroga boradi. Ammo u yerga kelishi bilan Amir Shohmurod (1785—1800) Abulgʻozixonni hokimiyatdan chetlatib, hokimiyatni oʻz qoʻliga olgan edi. Usmonlilar elchisi unga sultondan xabarni yetkazib, turklar rus qoʻshinlari tomonidan hujumga uchraganini va jangovar harakatlar boshlanganini aytadi. Usmonlilar sultoni Buxoro hukmdoridan Rossiyaga qarshi turishni talab qiladi. Usmonlilar rejasiga koʻra, buxoroliklar Dashti qipchoqda yashovchi „qozoq va qirgʻizlar“ oʻrtasida gʻazot gʻoyalarini targʻib qilishni tashkil etishlari kerak edi. Qolaversa, sulton buxoriylar orqali Rossiyada boʻlayotgan barcha voqealardan xabardor boʻlishni xohlardi. Buxoro ulamolari ham Usmonli hukumatining rejasiga koʻra, koʻchmanchi aholi orasida kofirlarga qarshi diniy kurash va Usmonlilar imperiyasi bilan ittifoq tuzish gʻoyasini targʻib qilishi kerak edi. Usmonlilar Markaziy Osiyodagi vaziyatdan bexabar edilar va Ernazar elchining Sankt-Peterburg va Konstantinopolga qilgan missiyasi asosan tijorat xarakterini hisobga olgan holda, aynan Usmonlilar Buxoro amirligi hukmdorini harbiy ittifoqqa tortishga harakat qilishgan edi[22].

Amir Shohmurod elchiga, yetarlicha qoʻshini boʻlishiga qaramay, Rossiya bilan urush olib bora olmasligini, buning uchun qurol-yarogʻi yetarli emasligini aytadi va sultondan qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar hamda oʻgʻlini xon unvonida tan olishni soʻraydi. Bu holatda u jangovar harakatlar boshlashga va Rossiya bilan chegarada bir nechta istehkomlar qurishga vaʼda beradi. Ammo Amir Shohmurod Rossiya uning asosiy dushmani emasligini, Rossiya shaharlari bilan savdo aloqalari borligini aytadi. U Buxoro amirligi uchun asosiy xavf Eron ekanligi takidlaydi. U elchiga Eronga birgalikda hujum uyushtirishni taklif qiladi, lekin uning taklifi Usmonlilar imperiyasi va Eron oʻrtasidagi tinchlik shartnomalari oʻrnatilganligi sababli rad etiladi[22].

 
Durroniylar davlati shohi — Temurshoh Durroniy (1772—1793)

Muzokaralar yakunida Amir Shohmurod Usmonlilar elchisiga Rossiya bilan chegaradosh qozoq va qirgʻiz qabilalariga rus-turk urushi haqida xabar berishga vaʼda beradi. Shuningdek, u elchiga ayni damda Rossiya yoki Eron orqali Konstantinopolga qaytish xavfsiz emasligini aytadi. U elchiga Hindiston orqali janubiy yoʻldan borishni maslahat beradi. Yoʻlda u elchidan oʻsha paytda Buxoro amirligi bilan dushmanlik munosabatlarida boʻlgan Afgʻoniston amirini ziyorat qilishni soʻraydi. Amir Shohmurod elchini sulton nomidan uning afgʻonlar bilan boʻlgan mojarosini hal qilishda vositachi boʻlishni taklif qiladi[22].

Alemzar Mehmed Said ogʻa Afgʻonistonga boradi va Kobulda Afgʻon amiri Temurshoh Durroniy bilan uchrashadi. U amirga Rossiya bilan urush haqida ham xabar berib, undan yordam olishga harakat qiladi. Keyinchalik, Alemdar Mehmed Said ogʻa Hindistondan oʻtib, Afgʻoniston amirining sultonga maktubi bilan Turkiyaga qaytib keladi[22].

 
Usmonlilar sultoni — Salim III (1789—1807)

Amir Shohmurod 1789-yilda Konstantinopolga Muhammad Vedi boshchiligida oʻz elchilari orqali Eron ustidan shikoyat xatini yuboradi. Maktubda Eron Markaziy Osiyo musulmonlarining Haj ziyoratiga toʻsqinlik qilayotgani aytilgan edi. Amir sultonga Rossiya bilan urushdan kelib chiqqan eng muhim muammolarni hal qilib, Eronga qarshi yurish uyushtirishni taklif qiladi. Amir, sulton talab qilganidek, chegara zonasidagi koʻchmanchi qabilalarga Rossiya bilan urush haqida xabardor qilganini, u ham doʻstona targʻibot olib borganini va barcha musulmonlarning birligini targʻib qilganini, biroq oʻzbek qabilalarining qoʻzgʻolonini bostirishga majbur boʻlganligi sababli jihodda shaxsan qatnasha olmaganligini xabar beradi. Amir Shohmurod oʻzini oqlagandek boʻlib, sultonga qozoqlar va qirgʻizlar Rossiya bilan foydali savdo-sotiq olib borayotganini, agar ular urush boshlasa, ruslardan birinchi boʻlib jabr koʻrishini maʼlum qiladi. Amir Shohmurod oʻz maktubida Usmonlilar imperiyasining urushda gʻalaba qozonishiga umid bildirgan. U sultondan sulh tuzayotganda shartnomaga Rossiyani Buxoro amirligiga hujum qilmaslik majburiyatini oladigan bandni kiritishni iltimos qilgan[22].

Buxoro elchisi Muhammad Vedi yozma hisobotida turklar va ruslar oʻrtasida tinchlik oʻrnatilguniga qadar Konstantinopolda qolish koʻrsatmasi borligini maʼlum qiladi. U Buxoro hukmdorining tinchlik muzokaralarida shaxsan ishtirok etish niyati haqida ham yozgan va buning uchun sultondan ruxsat soʻragan[22].

Ayni vaqtda Amir Shohmurod buyuk vazir Jazoirli Gʻozi Hasan pashaga Buxoroda hukmron sulola oʻzgargani haqida maktub yoʻllaydi. Amir Shohmurod agar sulton Usmonlilar xonadoni aʼzosi yoki qobiliyatli vazir joʻnatmoqchi boʻlsa, uni taxtga oʻtkazishga va u bilan hokimiyatni boʻlishiga tayyorligini aytadi. Yangi sulton Salim III (1789—1807) Amir Shohmurodga yoʻllagan maktubida, agar tinchlik oʻrnatilsa, Rossiya bilan tuzilgan shartnomaga qozoq va qirgʻizlarga zarar yetkazmaslik bandini kiritishga roziligi haqida gapirgan. Ammo urush davom etsa, mintaqa xalqlaridan Rossiya bilan kurashni davom ettirishni talab qilgan. Maktub Muhammad Vedi Konstantinopolda vafot etgani bois Bagʻdod gubernatorining ishonchli odami orqali yuborilgan. Biroq, urush Usmonlilarning magʻlubiyati bilan yakunlandi va turk tarixchilarining fikriga koʻra, Usmonlilar magʻlub tomon sifatida mustaqil ravishda tinchlik shartlarini qoʻya olmadilar. Shuning uchun ham shartnomada Buxoro manfaatlarini himoya qilish masalasi kun tartibida boʻlmay qoladi[22].

Xorazm bilan diplomatik aloqalariTahrirlash

Avazbiy inoq (1790—1804) qoʻshni xonliklar bilan doʻstona aloqalarni olib borish siyosatini davom ettirgan boʻlsa-da, afgʻon shahzodasi borasida Amir Shohmurod bilan ziddiyat yuzaga kelgan. 1797/98-yilda Ahmadshoh Durroniyning nabirasi shahzoda Mahmud hokimiyat uchun boʻlgan ichki kurashlar jarayonida yordam soʻrab Buxoro amirligi hukmdori huzuriga kelgan. Amir SHohmurod shahzodaga nafaqat qadr-u martabasiga koʻra izzat va ehtirom qilmay, balki tutsoq sifatida ushlab turgan. Shahzoda Mahmud bunday muomalani koʻrib, haj ziyorati bahonasida 1799-yilda Buxorodan chiqib, Xorazmga qarab yoʻl olgan. Avaz inoq yuqori martabali amirlari bilan shahzodaga peshvoz chiqib, uni katta hurmatu ehtirom bilan kutib olgan. Shahzoda munosib manzilga joylashtirilib, har kunlik xarajati va ehtiyoji uchun yetarli mablagʻ ajratilgan hamda shohona ziyofatlardan bahramand boʻlgan. Shu orada afgʻon sultonlaridan Shohzamon Buxoroga elchi yuborib, oʻzining raqibi boʻlmish shahzoda Mahmudni qatl etish yoki tutib uning huzuriga joʻnatishni soʻragan. Ammo Xorazmning amaldagi hukmdori unga rad javobini berib, Buxoro elchisini achchiq gaplar bilan qaytargan. Bu holatdan ogoh boʻlgan shahzoda Avazbiy inoqdan ruxsat olib Eron shohining huzuriga ketgan. Avazbiy inoq shahzodaga safar uchun lozim boʻlgan barcha asbob-u anjomlarni berib, maʼlum bir masofagacha kuzattirib qoʻygan. Tehronga borib, izzat-u mehribonlik koʻrgan shahzoda Mahmud 1800-yilda Eron shohining koʻmagida saltanat taxtini qoʻlga olishga erishgan[23].

Ilm-fan va madaniyat sohasidagi siyosatiTahrirlash

Amir Shohmurod va Amir Haydar davrida zardoʻzlik sanʼati rivojlanmay, tushkunlikka uchragan[24].

ShaharsozlikTahrirlash

 
Shohizinda ziyoratgohidagi chortoq. (2012-yil).

Shohmurod 1771-yilda Samarqand viloyatiga hokim boʻlganidan soʻng Samarqandni tiklash va obod qilishga oʻzining katta hissasini qoʻshgan[1]. U Samarqandga kelganida shahar xarob ahvolda edi. Ijtimoiy sharoitning ogʻirligidan aholi kamayib, shahar qishloq darajasiga tushib qolgan edi. Muhammad Shohmurod Samarqand hokimligi mansabida uzoq vaqt turmagan boʻlsa kerak deya taxmin qilinadi. Sababi, baʼzi tarixiy manbalarda hammollik bilan kun kechirgani yozib qoldirilgan[7][5]. 1781-yilga kelib Samarqandda 200—300 oila istiqomat qilgan[25]. Shahardagi bu ayanchli ahvolni koʻrgan Sayido Nasafiy quyidagi satrlarni bitgan edi[17]:

Mazmuni:

Xususan, u taxtga chiqqanidan soʻng Samarqandni obodonlashtirish ishlariga alohida eʼtibor bilan yondashadi. Uning davrida Buxoro va Samarqandda koʻplab madrasalar, masjidlar, xonaqolar qurilgan va borlari taʼmirlangan. Samarqand shahri markazida olti qirrali Chorsuni bunyod ettirgan. Chorsu oʻsha davrda Toqi Musaddas deb atalgan. Samarqand qalʼa va shahar devorlari va darvozalarining baʼzilarini qurdirgan, qayta tiklatgan[26]. Shahar yaqinidagi joylashgan Mahdumi Aʼzam ziyoratgohini qayta barpo ettirgan. Amir Shohmurod Samarqandni qayta qurish tarxini oʻzi chizgan. U shaharda 24 ta mavze qurdirib, davlatning sharqiy viloyatlaridan (Oʻratepa, Xovos, Zomin va boshqa yoqlardan[27]) bu yerga 63 oilani koʻchirib keltirgan. Koʻchib kelgan aholi orasida meʼmorlar ham boʻlgan, ular oʻzlarining qurish anʼanalarini saqlab qolgan holda ish koʻrishgan[17]. Shu ishlarning natijasi oʻlaroq, shahar gavjumlashib, iqtisodiy va madaniy ahvol ancha tiklangan[8][7][5].

 
Eski Buxoroning eng qadimiy eskizi. Orqa planda — Ernazar elchi madrasasi. (1880-yil).

U hukmronlikni qoʻlga kiritganidan soʻng vaqf mulklarini tartibga keltirgan[28]. Amaldagi yoki butunlay faoliyat koʻrsatmayotgan va yoʻqolgan vaqflarni[12] qayta ishga solgan[29]. XVI—XVII asrlarda rasmiylashtirilgan koʻpchilik vaqf hujjatlarining asl nusxalari saqlanmagan. Bu davrlarga tegishli koʻplab vaqf hujjatlari Amir Shohmurod tashabbusi bilan qayta koʻchirilgan va uning muhri bilan tasdiqlangan[30]. Vaqflardan va soliqlardan olingan daromadlarni yangi masjid, madrasa xonaqoh, maktab, ziyoratgoh, karvonsaroy, hammom va turli maishiy-maʼmuriy binolar barpo etish, borlarini taʼmirlash uchun sarflashga buyruq bergan[29][20]. Shundan soʻng qarovsiz qolgan koʻpdan-koʻp binolar taʼmirlangan[7] va yangilari bunyod etilgan. Xususan, Amir Shohmurodning oʻzi tomonidan Gʻuzorda madrasa va masjid qurdirilgan; Qarshidagi Mir Bekoybiy madrasasi foydasiga yirik vaqf mulki ajratilgan[31]; Samarqandda xaroba holiga tushib qolgan Shayboniyxon, Ulugʻbek va Xoja Ahror Valiy[5] madrasalari taʼmirlatilgan va qayta tiklangan; Xoja Ahror Valiy madrasasi (Madrasai safed) qayta qurdirilgan. Ana shu davrda Shohizinda ziyoratgohi zinapoyasining tepa qismidagi oʻziga xos ark-gumbaz tarmogʻi — Chortoq binosi qurilgan[8]. Doniyolbiy davrida Buxoroda boshlangan Xalifa Xudoydod majmuasi qurilishi uning davrida davom ettirilgan. Ernazar elchi, Xalifa Xudoydod, Muhammad Amin toʻpchiboshi, Nazarak va Rahmonquli kabi Buxoro madrasalari bunyod etilgan. Ulardan saqlanib qolganlari bugungi kunda Oʻzbekistonning madaniy meʼros obyektlari sifatida davlat himoyasiga olingan[7][32].

Amir Shohmurod Buxoro amirligi hududida qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va yer unumdorligini oshirish maqsadida ariqlar, zovurlar qazdirgan, daryo (Zarafshon, Amudaryo, Qashqadaryo[1]) va irmoqlarni qaytadan taʼmirlatgan[20]. Xususan, Zarafshon vodiysidagi dehqonchilikka katta eʼtibor qaratib, Zarafshon daryosidan turli ariqlar (Qozonariq, Toyman arigʻi, Toʻgʻuzariq), Oqdaryo va Qoradaryodan yangi ariqlar chiqarilgan hamda boshqa sugʻorish inshootlari qurilgan[15]. Amir Shohmurod va uning oʻgʻli Amir Haydar davrida katta sugʻorish ishlarining olib borilganligi sababli, bu hol hunarmandlarni zarur xom ashyo bilan taʼminlash imkoniyatini kengaytirgan[33].

Ilm-fan sohasidagi siyosatiTahrirlash

Shohmurod taxtga chiqqunga qadar koʻplab ilm maskanlari qarovsiz qolgan yoki omborxona vazifasini oʻtagan edi[29]. Madrasalarda Ashtarxoniylarning soʻnggi xonlari davrida dunyoviy fanlar madrasa programmasidan deyarli chiqarib tashlangan edi[9]. Shohmurod hukmronligi davrida ayniqsa ilm-fanga eʼtibor kuchayadi[3]. U ilm ahllarini hurmatlab, ularga homiylik qiladi[34]. Amir Shohmurod vaqf mulklarini tartibga keltirganligi va badavlat kishilar homiyligi sababli madrasalar taʼmirlanadi. Xaroba holiga tushib qolgan madrasalar qayta tiklanadi va badavlat kishilar tomonidan yangi madrasalar bunyod etiladi. Madrasada taʼlim ishlari jonlanadi. Madrasalarning ilgarigi anʼanalari tiklanib, diniy ilm bilan bir qatorda, baʼzi dunyoviy ilmlarni ham oʻqitish joriy qilinadi[9]. Odamlar, jumladan koʻplab ilm toliblari Buxoro va Samarqandga kela boshlaydi — shahar ular bilan gavjumlashadi[8][7][5]. Manbalarda Amir Shohmurod va uning oʻgʻli — Amir Haydar davri Buxoro amirligida madrasalar gullab-yashnagan davri sifatida tilga olinadi[28]. Bu davrda Buxoro madrasalarida 30 000 talaba tahsil olgan[35].

Manbalarda Amir Shohmurod islom fiqhshunosligi murabbiysi sifatida ham eʼtirof etiladi. Shohmurod madrasalarda xanafiy mazhabi, xususan, Burhoniddin Margʻinoniyning „Al-Hidoya“, Bayzoviyning „Kitob usul ad-din“ asarlari, Imom al-Moturidiyning gʻoyalari, Qur’oni Karimni talqin qilish va uni sharhlash boʻyicha Andalusiyalik mashhur Ash-Shotibiy asarlari va unga yozilgan sharhlardan foydalangan holda dars mashgʻulotlarini oʻtkazgan[20]. Muhammad Shohmurod „Shotibiya“ va uning sharhlarini yoddan bilgan. Shuningdek, u qiroat, hadis va fiqh ilmlari bilimdoni boʻlgan va umrini talabalarga dars berishga sarflab, koʻplab shogirdlar yetishtirgan[5].

Amir Shohmurod davridan boshlab Buxoro inqilobigacha boʻlgan davrda badavlat kishilar madrasa hamda hujralarni taʼmirlab, ularni talabalarga ijaraga bergan[36]. Dastlab, xarob holga kelgan madrasa hujralarining talabalarga xususiy qilib berilishi va taʼmirlash xarajatlarini ular zimmasiga yuklatilishi bilan madrasalar ikki yilda nochor ahvoldan chiqib olgan[11]. Sadriddin Ayniy oʻzining esdaliklarida Amir Shohmurodning madrasa hujralarini taʼmirlash toʻgʻrisidagi farmoni haqida toʻxtalib oʻtib quyidagilarni yozadi:

Amir Shohmurod taʼlim sohasida madrasa mudarris va talabalariga katta imtiyozlar joriy qilagan[9]. Xususan, ilmni chuqur oʻzlashtirgan madrasa talabalariga soliqlardan tushgan daromad hisobidan qoʻshimcha talabalik haqlari (stipendiyalar) toʻlash tizimini joriy qilgan[28][20]. U oliy madrasalarning faoliyatini yaxshilash maqsadida bir qancha islohotlar oʻtkazgan. Bu islohotlar asosan quyidagi yoʻl bilan amalga oshirilgan[29]:

  1. Ahvoli yomonlashgan madrasa binolarini taʼmirlash;
  2. Vaqf mulklarini qayta tiklash orqali madrasalarni moliyalashtirish;
  3. Masʼul shaxslarni mudarris etib tayinlash[29].

Amir Shohmurod davrida tez-tez olimlar va ijodkorlarning yigʻinlari oʻtkazilib turilgan. Bahs-munozaralar oxirida ishtirokchilar, ayniqsa, gʻoliblar munosib taqdirlangan[38].

Bu davrda Buxoroning mashhur shoirlari orasida Mujrim Obid oʻtgan. Amir Shohmurodning talabiga koʻra shoir oʻz sheʼrlarini Mujrim taxallusi bilan yozgan. Amir Haydar davrida, amir shoirdan oʻz sheʼrlarida Obid taxallusini qoʻllashni buyurgan. Oʻz moddiy ahvolidan doim shikoyat qilib yashagan shoir shundan soʻng ikki taxallusini ham qoʻllab sheʼrlar yozishda davom etgan[39]. Oʻsha davrning yana bir mashhur tarixchisi va shoiri Mirzo Sodiq Munshiy boʻlib, u Amir Shohmurod saroyida kotib boʻlib ishlagan[40].

1781/82-yilda Muhammad Amon Sadri Qoshgʻariy oʻzida jahon tarixini aks ettirgan Durr aj-javohir asarini Samarqandda yozgan[41].

Diniy sohadagi siyosatiTahrirlash

Amir Shohmurod oʻzidan oldingi hukmdorlar Arkda qurdirgan binolardan keraklilarini qoldirib, qolganini esa buzdirib Buxoro shahri ichkarisi va tashqarisidagi masjidlarga ishlatgan[42]. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Amir Shohmurod, ayniqsa uning vorisi Amir Haydar diniy amallarga hatto XVI asrdagi Ubaydullaxondan ham kuchliroq rioya qilganlar[43].

Amir Shohmurod masjidlarga yangi imom va muazzinlar, ziyoratgohlarda shayxlar tayinlagan hamda ular ustidan nazorat oʻrnatgan. Olis tuman, qasabalarga fozil, olim kishilaridan qozi va raislar tayinlagan[5]. Madrasa mudarrisi, muftiy, imom, qozi va boshqa diniy mansablarga nomzodlarni tayinlashda ularning shariat normalariga amal qilish darajasi, ilmiy bilimlari va ilmiy savodxonligiga eʼtibor qaratgan. Amir Shohmurod nafaqat Buxoro shahrida balki amirlikning turli viloyatlariga borib ulardagi masjid va madrasalarda shariat huquqi normalari va ularni tadbiq etishga oid masalalar yuzasidan mashgʻulotlar oʻtkazib kelgan. Masjidlarda imomlik qilib, namoz tugaganidan soʻng „oliy yigʻin“ni (majlisi oliyni) chaqirgan hamda unga ilm ahlini, qozilarni, hadisshunos olimlarni toʻplagan. Ushbu majlislarda islom huquqi normalariga, huquqiy odatlarga asoslangan holda aholiga ularning fiqhiy muammolarga oid savollariga javob qaytargan[20]. Bu davrda Buxoroga oʻtmishdagi shukuhi qaytganday boʻladi[7][5].

Amir Shohmurodning olim shayxlarga nisbatan hurmati yuqori boʻlgan. Xususan, Xalifa Xudoydodga Amir Shohmurodning ixlosi baland boʻlgan va u amirning taklifini qabul qilib, Pirmastdan Buxoroga koʻchgan[44]. Oʻz davrida Amir Shohmurodga ilm bergan Xalifa Niyozquli Masjidi Kalonga imom-xatib vazifasiga tayinlangan. U bu vazifani Amir Haydar davrida ham, deyarli 30 yil, oʻlimiga qadar bajargan[40].

Tarixchi Mulla Olim mahdum hoji oʻzining Tarixi Turkiston asarida Amir Shohmurod haqida soʻz yuritib, xususan, uning din yoʻlidagi siyosatini quyidagicha xarakterlaydi:

Amir Shohmurodning oʻzi ham alloma va ilohiyotchilardan biri boʻlgan. U islom ilmining koʻplab asarlarini oʻrganib, oʻsha davrning uch nafar koʻzga koʻringan Qur’on qorilari — Hofiz Ashuro, Qori Nadr Boqiy va Xalifa Niyozqulilardan Qur’on tilovati mahoratini egallagan. Amir Shohmurod fiqhga doir kitoblar yozgan[40]. U tasavvuf gʻoyalari bilan sugʻorilgan „Ayn fihikmat“ („Donishmandlik asoslari“) asarini yozgan, hanafiya mazhabiga doir „Fatavayi ahli Buxoro“ („Buxoro ahliga fatvolar“) fatvolar toʻplamini tuzgan[6]. Amir Shohmurod bu toʻplamni toʻliq kitob holiga keltirishga ulgurmagan. Uni oʻgʻli Amir Haydar oxiriga yetkazgan[7][5].

OilasiTahrirlash

Amir Shohmurodning 3 nafar xotini boʻlgan: Yulduz begim (Shamsiyabonu deb ham nomlashgan), Bibi Otun va nomi aniqlanmagan (kichik amakisi Barotbiyning qizi)[7][5].

Ulardan Haydar (Shamsiyabonudan[4][7]), Mir Husayn (Shamsiyabonudan[45] yoki Bibi Otundan[7]), Bibi Robia (Bibi Otundan), Dinnosirbek (nomi aniqlanmagan xotinidan) va yana bir nomi aniqlanmagan qizi dunyoga kelishgan[7][5].

Avval Muhammad Rahimxonga, soʻngra Shohmurodga turmushga chiqqan va undan Haydar ismli oʻgʻil koʻrgan Abulfayzxonning qizi, John Malcolmning fors manbalarida — Yulduz begim, Izzatullohda — Shamsbonu oyim (Shamsiyabonu) deb nomlangan[45]. Ushbu nikohga asosan, Amir Haydar oʻzining kelib chiqishini bir tomondan Chingizxonga va ikkinchi tomondan Muhammad paygʻambar avlodlaridan boʻlgan sayyidlarga taqalishiga alohida ahamiyat bergan. Amir Haydarning muhrlaridan biridagi bitikda Abulfayzxonning oʻldirilishi Mangʻitlar sulolasiga tegishli boʻlganiga qaramay, amir Xaydar „xoni shahid“ Abulfayzxonning vorisi deb ataladi[46].

Amir Shohmurod quda-andachilikda ham davlat arboblari bilan emas, din peshvolari bilan munosabatda boʻlgan. Peshovarlik boʻlgan Miyon Fazl Ahmad Buxoroga kelgach, tariqatda Amir Shohmurodga murshidlik qiladi hamda Shayxning Fazlulloh ismli oʻgʻli Amir Shohmurodning qiziga uylantiriladi[5].

Amir Shohmurodga nisbatan uyushtirilgan suiqasdTahrirlash

Amir Shohmurodning xalqparvar siyosati uning atrofidagi amaldorlarning ishini mushkullashtirgan. Uning amalga oshirgan islohotlari va qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatlari aka-ukalar oʻrtasida dushmanlik munosabatlarini vujudga kelishiga sabab boʻlgan. Shohmurodning ukalaridan birortasi ham uni yoqtirmagan. Muhammad Hakimxon oʻzining „Muntaxab ut-tavorix“ asarida Amir Shohmurodga nisbatan muvaffaqiyatsiz amalga oshirilgan suiqasd haqida yozib qoldirgan. Unga koʻra, amirning ukalari uni oʻldirish maqsadida ikkita odam yollab, ularni ayollar qiyofasida Arkka yuborishadi. Haramga kirib olgan yollanma qotillar uxlab yotgan Amir Shohmurodning duch kelgan yeriga pichoq urib yarador qilishadi. Ammo, amir tirik qolib, oʻziga kelgandan soʻng, oʻzini biror yoʻl bilan tashqariga chiqarishlarini, odamlar uning tirikligini koʻrishlarini buyuradi. Saroy ahli buyruqni u aytgandek qilib bajarishadi va tong otgach, bu xabar butun shahar boʻylab yoyiladi. Yollanma qotillarni uning ukalari yuborganini bilib qolgan Amir Shohmurod, ularga qarshi biror chora koʻrmaslikni afzal koʻrib, ukalariga shafqat va marhamat qilganini bildiradi. Ukalari amirning ushbu yoʻlni tutganini eshitgach, Buxoroda qolishni or-nomusdan ep koʻrmay, har biri har tarafga bosh olib ketadi. Xususan, Sultonmurod qushbegi haj safariga joʻnab ketib, yoʻlda olamdan oʻtadi. Mahmudbiy esa Qoʻqonga koʻchib ketadi[19][5].

OʻlimiTahrirlash

Amir Shohmurod 1800-yili 30-noyabrda, juma kuni bomdod mahali[6] Buxoroda vafot etgan va oʻzining vasiyatiga koʻra Joʻybor mavzesidagi Eshoni Imlo qabristonida Hoji Habibulloh va piri (ustozi) Muhammad Safar Xorazmiy qabrlari poyiga dafn etilgan[5][6] va keyinchalik aholi orasida shaxsi avliyo darajasiga koʻtarilib, uning qabri muqaddaslashtirilgan, Jannatmakon qabri nomi bilan atalgan[47][48][9]. Sovet davrida qabriston yoʻq qilinib, qabrlar yoʻqotilgan[7]. Uning oʻrnida maktab va bolalar bogʻchasi qurilgan[4].

Muhammad Hakimxon oʻzining „Muntaxab ut-tavorix“ asarida Amir Shohmurodning vafoti sababini uning Xoʻjandga qilgan navbatdagi harbiy yurishi bilan bogʻlab quyidagi satrlarni yozib qoldirgan[19][5]:

Amir Shohmurodning vafotidan soʻng uning toʻngʻich oʻgʻli va merosxoʻri Haydar Qarshidan chaqirib olinib, anʼanaviy tarzda taxtga koʻtariladi[49]. Amir Haydar Buxoro davlati hukmdorlari ichidan oʻz nomidan tanga chiqargan oxirgi kishi edi. Uning oʻlimidan soʻng 1920-yilga qadar tangalar „marhum amir“ nomidan zarb etilgan[46][43].

Shaxsga nisbatan munosabatTahrirlash

Amir Shohmurod shaxsiyati, uning tarjimai holi va ijtimoiy faoliyati, tarixdagi oʻrni fanda hozirga qadar yetarli oʻrganilmagan. Bir qancha tarixchilar tomonidan mavzuga oid baʼzi tadqiqotlar olib borilganiga qaramay, Amir Shohmurod shaxsi tarixi bilan bogʻliq maxsus tadqiqot hali amalga oshirilgani yoʻq[5]. Amir Shohmurod shaxsi ziddiyatli boʻlib, u haqida koʻpgina mualliflar turlicha fikr bildirishgan[11].

Buxoroning soʻnggi oʻrta asrlar tarixnavisligida Amir Shohmurod shaxsi ijobiy boʻyoqlarda tasvirlanadi. Ayniqsa, maʼrifatparvar olim Ahmad Donish Amir Shohmurodni Umaviylarning sakkizinchi xalifasi Umar ibn Abdulazizga qiyoslab, uning faoliyatini va darvishona turmush tarzini quyidagi maqtovlar bilan yuksak baholaydi[34]:

Mutafakkir Ahmad Donish oʻz asarlarida "Amiri Maʼsum hayot tarzini oʻzi haqida butun bir kitob yozilishi kerak" deya taʼkidlagan edi[5]. Ahmad Donish Markaziy Osiyo tarixini eng koʻzga koʻringan hukmdorlar, yaʼni har bir asrning yangilovchilari deb atalgan hukmdorlar hukmronligi asosida davrlashtirishni taklif qilgan, ular qatoriga Amir Shohmurod ham kiritilgan. Ayni paytda Movarounnahr davlatlarida ilgʻor boʻlgan eng bilimdon olimlar ham ana shunday kishilar bilan bir paytda yashagan[50].

Muhammad Hakimxon oʻzining „Muntaxab ut-tavorix“ asarida Amir Shohmurodning shaxsiyati, insoniy fazilatlari, amalga oshirgan islohotlari haqida boshqa tarixiy manbalarda uchramaydigan nodir maʼlumotlarni keltiradi[19]. Shohmurod davri tarixchilaridan biri u toʻgʻrida shunday deb yozadi[5]:

Shunga qaramay, ilk oʻzbek professori Abdurauf Fitrat ushbu anʼanadan chekingan holda bu inson haqida „Amir Olimxonning hukmronlik davri“ deb nomlangan kitobida oʻz tanqidiy fikrlarini bildirib oʻtgan[51]:

Poʻlat Soliyev ham Amir Shohmurod shaxsiga oʻta tanqidiy munosabatda boʻlgan. XXI asr mahalliy olimlarning fikricha, u Amir Shohmurodning islohotchilik faoliyatiga panja ortidan qaragan. Amir Shohmurod davrida dinning maydalashib ketganini qoralagan. Mazkur masalada Poʻlat Soliyev va Abdurauf Fitrat mushtarak boʻlishgan[34].

SSSR davrida amir Shohmurodga va unga oʻxshagan hukmdorlar faoliyati bir tomonlama yaʼni faqat salbiy nuqtai nazardan oʻrganilgan[20]. Rus manbalarida Amir Shohmurod shaxsi „juda ayyor va shavfqatsiz shaxs edi“, „xalqni, jamiyatni aldashga juda usta edi“ deb taʼriflangan va shu taʼriflarning tarjimasi oʻzbek tilidagi darsliklarga kiritilib, bundan ortiq maʼlumot deyarli berilmagan.

Amir Shohmurod shaxsi, u yuritgan davlat siyosati hamda tariqatdagi faoliyati xorij, jumladan gʻarb olimlarini ham qiziqtirib kelgan. Bu borada nemis sharqshunosi Anke von Kügelgen XVIII asr oxiri va XIX asr boshlariga qadar Oʻrta Transoksaniyada naqshbandiya-mujaddidizmni gullab-yashnashi maqolasi diqqatga sazovordir. Muallif ushbu maqolada asosan Amir Shohmurod siyosati va uning tariqat ahliga munosabatini yoritishga keng oʻrin beradi. Hatto uning bir boʻlimi Shohmurodning jahriy zikr shayxlariga qarshi kurashi deb nomlangan[7].

Anke von Kügelgenning gʻarb tarixshunosligi zamonaviy metodologiyasining prinsipial jihatlarini oʻzida aks ettirgan fundamental tadqiqot sifatida jahon sharqshunoslari tomonidan iliq kutib olingan Mangʻit tarixchilari asarlarida Oʻrta Osiyo Mangʻitlar sulolasi legimitatsiyasi (XVIII—XIX asrlar) nomli kitobida Mangʻitlar sulolasi hukmdorlari, xususan Amir Shohmurodning ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning toj-taxtga nisbatan qonuniylik va vorisiylik huquqi tahlil qilinadi[52].

Sharqshunos olim Abdusattor Jumanazar Amir Shohmurodga shunday taʼrif beradi[5][6]:

Amir Shohmurod haqida hikoya va rivoyatlarTahrirlash

Amir Shohmurod bilan bogʻliq koʻplab hikoyalar bizgacha yetib kelgan. Xususan, Ahmad Donish ham 2—3 rivoyat keltiradi. Ushbu rivoyatlarda bayon qilingan voqealarning koʻpchilik qismi voqeʼi hodisalar deya taʼkidlanadi[9]. Quyida ulardan misol keltiriladi:

Hikoya qilinishicha, bir gal Amir Shohmurod Samarqandga kelganida bir necha kun oʻsha viloyatda qolib ketibdi, sarflaydigan xarajat puli tugabdi va bisotida bitta poʻstinidan boʻlak hech vaqo qolmabdi. Noiloj, oʻsha poʻstinini sotish uchun bozorga berib yuboribdi. Poʻstinning xaridori topilmabdi. Nihoyat, deyarli tekin bahoga, yarim dirhamga sotib qaytishga majbur boʻlishibdi. Sotib olgan xaridor kambagʻal bir mullo kishi boʻlib, ertasi kuni poʻstinni qaytarib olib kelib, "poʻstinning aybi bor ekan, savdoni bekor qilaman, olmayman", debdi. Amir Shohmurod "nima aybi bor ekan?" deb soʻrabdi. Haligi odam "butun dunyoning biti shu poʻstin ichiga yigʻilgan ekan. Kechasi tanimda bir misqol ham et qolmasligiga sal qoldi" debdi. Mullo bu poʻstinning Amir Shohmurodga tegishli ekanidan xabari yoʻq ekan. Amir rosa qotib kulibdi va nihoyat, ikkalasi ham qozi hukmini soʻrashibdi. Qozi yarim tanga arzon tushirib, poʻstinni mulloga sotish boʻyicha qaror chiqarmoqchi boʻlibdi. Ammo, mullo bunga koʻnmabdi va "bu poʻstindan bezor boʻlganman, bir fulusga ham olmayman, pulimni qaytaring" deya oyoq tirab olibdi. Amir esa olishini soʻrayveribdi. Chunki poʻstindan qoʻlga kiritga ikki tangani ishlatib boʻlgan, yonida mulloga qaytarib berish uchun puli yoʻq ekan. Xullas, ancha tortishuvlardan soʻng mullo rozi boʻlibdi va amir mojarodan qutulibdi[19].

Boshqa bir hikoyaga koʻra, Amir Shohmurod Eronga qilgan harbiy yurishidan qaytayotgan mahal bisotida biron tanga pul qolmagan boʻlib, Buxoroga yaqin yerda qorni ochibdi va doimgidek, soʻfiylar ravishi boʻyicha, haloldan luqma yeyishga odatlangan amir oyogʻidagi juft kovushini yechib, baqqolga beribdi va evaziga biror yegulik olib, tanovul qilibdi. Buxoroga esa oyogʻida kovushsiz kirib boribdi[19].

Hikoya qilinishicha, Amir Shohmurod kuchli ulamolardan 2 kishiga Buxoroda qayerda bidʼat va xurofot koʻrsalar, uni yoʻqotishni buyuradi. Ularga ushbu farmonni bajarishga vakolat beradi. Haligilar sidqidildan harakat qilib, amirning farmonini hayotga joriy qila boshlaydi. Ancha vaqt oʻtgandan soʻng amir ulardan farmoni natijasini surishtirganda, ular "Hamma bidʼatu xurofotni yoʻqotdik illo ikkitasi qoldi, uni yoʻqotmoqqa ojizmiz. … Biri mozorlar boshidagi tugʻlardur, ikkinchisi shayxlarning qoʻlidagi tasbehlardur. … Ularga barham berolmaganimizning sababi, biz qarib qoldik. Umrimiz ham oxirlab qoldi. Agar biz ulugʻlar qabri ustidagi tugʻni va ayrim riyokor shayxlar qoʻlida olib yuradigan tasbehlarni ham yoʻqotsak, shundan soʻng biroz vaqt oʻtib, mutaassiblar „Falonchilarni ulugʻlarning tugʻi urdi, yoki shayxlarning duoi badi urdi-yu, ular oʻldilar“, — deydilar. Mana shu malomot soʻzidan istihola qilib, 2 narsaga tegmadik", — deb javob berishadi. Amir Shohmurod ularning gapiga eʼtiroz bildirmagan ekan[9][4].

Boshqa bir rivoyatga koʻra, Koʻkaldosh madrasasi mudarrisining oʻgʻli Qalandarxon madrasa sahnida oʻz talabadoshlari bilan suhbat qurib oʻtirganda, talabalardan biri Qalandarxonga non olish uchun nonvoyning oʻgʻli oldiga boradi va undan Bu non sizdek talabalar uchun qimmatlik qiladi degan haqoratomuz kamsitish eshitadi. Soʻng Qalandarxon boshliq koʻpgina talabalar borib nonvoyning oʻgʻlini urib oʻldirishadi. Nonvoy Amir Shohmurod oldiga arzga boradi. Amir Qalandarxonni darhol olib kelishni buyuradi. Mulozim Qalandarxonga roʻpara boʻlishdan qoʻrqib, uning otasiga kirib, voqeani bayon qiladi. Mudarris uning gaplarini loqaydlik bilan eshitib, men juda bandman, oʻzing borib aytsang, boradi degan javobni oladi va mulozim Qalandarxon oldiga kelib, uni amir huzuriga chaqirayotganini xabar beradi. 3 000 dan oshiq talabalar darhol Qalandarxon ot ustiga oʻtkazib, otning orqasidan boradilar. Amir Shohmurod bu ahvolni koʻrib, Qalandarxonga oʻzi peshvoz chiqadi. Amir oʻgʻli nohaq oʻldirilgan nonvoyga: Oʻgʻling shunday din ahillarini haqorat qilibgina qolmay, balki bizning dinimizni, muqaddas urf-odatlarimizni haqorat qilibdi, senga yaxshisi men xazinadan 300 tanga pul beray, boshqa daʼvo qilib yurma, ular agar bolangni meni huzurimga olib kelganlarida, men u kofirni qatl ettirgan boʻlardim. Sen ham 300 tangadan quruq qolgan boʻlar eding, deb Qalandarxon oxunzodani izzat va hurmat bilan uzr soʻrab, joʻnatib yuboradi[9].

Yana bir rivoyatga koʻra, Shohmurod oʻzining oʻgʻli Haydarni xatna toʻyini oʻtkazganda, ulamolardan 2—3 kishini chaqirib, bitta chuqur yogʻoch laganda shoʻrva keltirib qoʻyadi. Ustaning xizmat haqqiga Shohmurod oʻrdaga kirib, bir musht chigitsiz paxtadan boʻlak narsa topmay, ustaga qarab, Bundan boshqa sen uchun hech narsa topolmadim. Ayollar mening boʻlajak choponim uchun shu paxtani chigitidan tozalab qoʻyishgan ekan, shuni sening xizmat haqqingga olib chiqdim, — deb ustaga beradi[9].

 
Registonning XIX asr oxirlaridagi koʻrinishi.

Rivoyat qilinishicha, Registonga bir dehqon birinchi boʻlib pishgan qovunni olib keladi. Amir Shohmurod dehqon sotish uchun keltirilgan qovundan totib koʻrishni istaydi. Ammo oldida puli boʻlmaydi. Oʻz mahramiga, oʻzining kulohini berib, uni qovun bilan almashtirishni buyuradi. Kuloh yirtiq, terdan chirib, paxtalari chiqib qolgan holatda edi. Dehqon bu kuloh Amir Shohmurodniki ekanligini anglab, bir dona qovun berib yuboradi. Amir Shohmurod bu qovunni tilim-tilim qilib, suhbat ahliga beradi, oʻziga esa hech vaqo qolmaydi[9].

Yana bir kuni Ramazon oyida kechasi iftor qilish uchun palov pishirishni buyuradi va oʻz mahramiga oʻz hisobidan xazinachidan bir tovoq osh uchun pul olishni buyuradi. Mahram xarajat qilib, palovni tayyorlaydi. Shu asnoda Amir Shohmurod madrasalardan 4 ta eng qashshoq talabalarni olib kelishlarini buyuradi. Talabalar kelgach, ularning oldiga oʻsha tovoqdagi palovni qoʻyib, Bu palovni hammasini yeb boʻlsalaringiz, har biringiz bir dinordan (oltin tanga) pul olasizlar, agar yeyolmasalaringiz, pulni ololmaysizlar, — deb aytadi. Talabalar esa shavq bilan bir tovoq palovni pokiza tushiradilar. Amir Shohmurod bir kosa suv va qotgan nonlar bilan oʻz iftorini ochadi[9].

Nomini abadiylashtirishTahrirlash

Samarqand shahrining koʻchalaridan biriga Amir Shohmurod nomi berilgan[53].

ManbalarTahrirlash

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 Бартольд 1963, p. 279—282.
  2. Jumanazar 2017, p. 252.
  3. 3,0 3,1 3,2 Asrorova 2017, p. 11.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 Buxoriy 2012, p. 274—276.
  5. 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 5,11 5,12 5,13 5,14 5,15 5,16 5,17 5,18 5,19 5,20 5,21 5,22 5,23 5,24 5,25 5,26 5,27 5,28 5,29 5,30 5,31 5,32 5,33 5,34 5,35 5,36 5,37 5,38 5,39 Buxoroning darvesh hukmdori haqida baʼzi mulohazalar 2020, p. 11—19.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 6,6 6,7 „Hukmdorligida ham pichoq qini yasab tirikchilik qilgan amirni bilasizmi?“. Uza.uz (30-noyabr 2020-yil). Qaraldi: 24-aprel 2022-yil.
  7. 7,00 7,01 7,02 7,03 7,04 7,05 7,06 7,07 7,08 7,09 7,10 7,11 7,12 7,13 7,14 7,15 7,16 7,17 7,18 7,19 7,20 7,21 7,22 7,23 7,24 7,25 7,26 7,27 7,28 7,29 Jumanazar 2017, p. 256—264.
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 Rajabov 2007, p. 365—368.
  9. 9,00 9,01 9,02 9,03 9,04 9,05 9,06 9,07 9,08 9,09 9,10 9,11 9,12 9,13 Yoʻldoshev 1993, p. 110—114.
  10. Jumanazar 2017, p. 254.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 11,7 11,8 Toʻrayev 2020, p. 184—185.
  12. 12,0 12,1 12,2 12,3 12,4 Buxoro tarixi 1991, p. 87.
  13. 13,0 13,1 Shodiyev 2010, p. 16.
  14. 14,0 14,1 Buxoro — Sharq durdonasi 1997, p. 192.
  15. 15,00 15,01 15,02 15,03 15,04 15,05 15,06 15,07 15,08 15,09 15,10 Rajabov.
  16. Koʻhna tarix guvohi 2000, p. 28—29.
  17. 17,0 17,1 17,2 17,3 17,4 „Amir Shohmurod — Maʼsumxon (1785—1800)“. Arxiv.uz. Qaraldi: 27-noyabr 2021-yil.
  18. 18,0 18,1 „Buxoro amirligi (avvali va oxiri)“. Shosh.uz. Qaraldi: 27-noyabr 2021-yil.
  19. 19,00 19,01 19,02 19,03 19,04 19,05 19,06 19,07 19,08 19,09 19,10 19,11 Abdukarimov 2020.
  20. 20,0 20,1 20,2 20,3 20,4 20,5 20,6 20,7 20,8 Shodiyev 2010, p. 16—21.
  21. 21,0 21,1 Бартольд 1965, p. 154—155.
  22. 22,0 22,1 22,2 22,3 22,4 22,5 22,6 22,7 Васильев 2014, p. 107—111.
  23. Allayeva 2019, p. 168—169.
  24. Badriddinov 2013, p. 162.
  25. Toʻrayev 2019, p. 54.
  26. Babayev, Ahmedov 2007, p. 230—233.
  27. Pardayev 2007, p. 372—374.
  28. 28,0 28,1 28,2 Asrorova 2017, p. 129.
  29. 29,0 29,1 29,2 29,3 29,4 Asrorova 2017, p. 12.
  30. Jumanazar 2017, p. 56.
  31. Jumanazar 2007, p. 139.
  32. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 28-oktabr 2021-yil.
  33. Buxoro — Sharq durdonasi 1997, p. 59.
  34. 34,0 34,1 34,2 Toʻrayev 2020, p. 20.
  35. Bobojonova 2014, p. 40.
  36. Asrorova 2017, p. 18.
  37. Umarova 2022, p. 31—38.
  38. Jumanazar 2017, p. 88.
  39. Buxoro — Sharq durdonasi 1997, p. 160.
  40. 40,0 40,1 40,2 Джурабаев 2013, p. 96—102.
  41. История Самарканда 1969, p. 289.
  42. Toʻrayev 2019, p. 15.
  43. 43,0 43,1 Бартольд 1965, p. 391.
  44. Buxoriy 2012, p. 267—268.
  45. 45,0 45,1 „Комментарии к тексту Мирзы Шемса Бухари“. Vostlit.info. Qaraldi: 28-noyabr 2021-yil.
  46. 46,0 46,1 Бартольд 1963, p. 281.
  47. Yoʻldoshev 1993, p. 97.
  48. Yoʻldoshev 1993, p. 100.
  49. Toʻrayev 2020, p. 186.
  50. Дониш 1967, p. 24—27.
  51. 51,0 51,1 „Amir Shohmurod qanday hukmdor boʻlgan?“. Mahalladosh.uz (25-dekabr 2019-yil). Qaraldi: 27-noyabr 2021-yil.
  52. Toʻrayev 2020, p. 28.
  53. „Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-iyuldagi „Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, Sahovat va Muruvvat internat uylari tizimini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida“gi Farmoni“. Lex.uz (26-mart 2021-yil). Qaraldi: 7-yanvar 2022-yil.

AdabiyotlarTahrirlash

Ilmiy adabiyotlarTahrirlash

  • Allayeva N.. Xiva xonligining diplomatiyasi va savdo aloqalari (XVI—XIX asrlar). Toshkent: Akademnashr, 2019. — 496 bet. ISBN 978-9943-5650-1-2. 
  • Asrorova L. Q.. Buxoro madrasalari tarixidan. Toshkent: Hilol-Nashr, 2017. — 224 bet. ISBN 978-9943-4818-6-2. 
  • Badriddinov S.. Buxoro moddiy va maʼnaviy madaniyati sahifalari (Eng qadimgi zamonlardan XX asrga qadar). Buxoro: Buxoro, 2013. — 210 bet. 
  • Barakayev J., Haydarov Y.. Buxoro tarixi (Eng qadimgi davrlardan Ulugʻ oktabr inqilobigacha). Toshkent: Oʻqituvchi, 1991. — 144 bet. 
  • Bobojonova F.. Buxoro amirligida taʼlim tizimi (XIX asr oxiri — XX asrning boshlarida). Toshkent: Adib, 2014. — 128 bet. 
  • Buxoriy S. S.. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona, 2012. — 300 bet. 
  • Buxoro — Sharq durdonasi. Toshkent: Sharq, 1997. — 232 bet. 
  • Inoyatov S., Yoʻldoshev N., Hayitova O.. Koʻhna tarix guvohi (Karmana tarixidan lavhalar). Toshkent: Sharq, 2000. — 44 bet. 
  • Jumanazar A. K.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017. — 592 bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Jumanazar A. K.. Nasaf. Toshkent: Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007. — 204 bet. ISBN 978-9943-06-029-6. 
  • Toʻrayev H.. Buxoro tarixi: oʻquv qoʻllanma. Buxoro: Durdona, 2020. — 592 bet. ISBN 978-9943-6571-0-6. 
  • Toʻrayev H.. Mahalliy oʻlkashunoslarning ilmiy merosida tarixiy topografiya va meʼmoriy obidalar tarixi: Buxoro oʻlkashunosligi fanidan oʻquv-uslubiy qoʻllanma. Buxoro: Buxoro, 2019. — 72 bet. 
  • Yoʻldoshev N.. Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi. Buxoro: Buxoro, 1993. — 144 bet. 
  • Shodiyev J. M.. Buxoro amirligi davlatchiligining rivojlanishi. Toshkent: TDYI nashriyoti, 2010. — 114 bet. 
  • Бартольд В. В.. Сочинения. В 9 т. Том II 1-часть. Москва: Наука, 1963. — 1024 bet. 
  • Бартольд В. В.. Сочинения. В 9 т. Том III. Москва: Наука, 1965. — 711 bet. 
  • Васильев А. Д.. «Знамя и меч от падишаха». Политические и культурные контакты ханств Центральной Азии и Османской империи (середина XVI — начало XX вв. Москва: ПРОБЕЛ-2000, 2014. — 356 bet. 
  • История Самарканда. В 2-х т. Том I. Ташкент: Фан, 1969. — 505 bet. 
  • Трактат Ахмада Дониша „История Мангитской династии“. Душанбе: Дониш, 1967. — 142 bet. 

Ilmiy maqolalarTahrirlash

  • Abdukarimov J. (2020). „Muntaxab ut-tavorix“ asari muallifi Muhammad Hakimxon Amir Shohmurod haqida („Oriental art and culture“ scientific-methodical journal nashri). 
  • Babayev S. M., Ahmedov M. A.. Amir Temur va Temuriylar davri obidalari meʼmorchilik xususiyatlari (Samarqand shahrining 2750-yillik yubileyiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy simpozium materiallaridan). Toshkent—Samarqand: Fan, 2007.. 
  • Pardayev A. H.. XVIII asrning ikkinchi yarmiga oid Samarqand shahri mahallalari tarixi va aholi demografiyasi haqida ayrim mulohazalar (Samarqand shahrining 2750-yillik yubileyiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy simpozium materiallaridan). Toshkent—Samarqand: Fan, 2007.. 
  • Raxmonqulova Z. (2021). Buxoro amirligi va Usmoniylar davlati oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar tarixidan (XVIII—XIX asr boshlarida) (Oʻtmishga nazar nashri). 
  • Rajabov Q. K.. Amir Shohmurod yoxud «amiri maʼsum» (Buxoro mavjlari nashri). 
  • Rajabov Q. K.. Mangʻitlar sulolasi davrida Samarqand (Samarqand shahrining 2750-yillik yubileyiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy simpozium materiallaridan). Toshkent—Samarqand: Fan, 2007.. 
  • Umarova M. (2022). Buxoro amiri Shohmurod davrida barpo etilgan imoratlar va ularning asosiy xususiyatlari (Образование и иновационные исследования nashri). 
  • Zamonov A., Abdukarimov J. (2020). Buxoroning darvesh hukmdori haqida baʼzi mulohazalar (Oʻtmishga nazar nashri). 
  • Джурабаев Д. Х. (2013). Научные труды светских и религиозных деятелей Бухарского эмирата в конце XVIII — начале XIX века (Вестник Челябинского государственного университета nashri). 

HavolalarTahrirlash