Bosh menuni och

Vikipediya β

Abdurauf Fitrat (1886, Buxoro shahri, Buxoro Amirligi — 4-oktyabr, 1938, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, Oʻrta Osiyo jadidchiligining taniqli vakillaridan biri, birinchi oʻzbek professori (1926).

Abdurauf Abdurahmon o‘g‘li Fitrat
Abdurauf Fitrat.png
Tavalludi 1886-yil
Buxoro shahri, Buxoro Amirligi
Vafoti 1938-yil 4-oktyabr
Toshkent, O‘zbekiston SSR
Fuqaroligi Flag of the Emirate of Bukhara.svg Buxoro Amirligi,
Bandera de Kokand.svg Turkiston Muxtoriyati,
Flag of the Bukharan People's Soviet Republic.svg Buxoro Xalq Sovet Respublikasi,
Flag of the Soviet Union.svg SSSR
Millati o‘zbek
Sohasi nasr, nazm, siyosat, maorif, tarix
Institutlar Moskva Sharqshunoslik instituti, Leningrad Davlat universiteti, Samarqand Oliy pedagogika instituti, Toshkent Til va adabiyot instituti
Mashhur ishlari „Sayha“, „Munozara“, „Sayyohi hindi“, „Oila“, „Shashmaqom“, „O‘zbek klassik musiqasi ham uning tarixi“, „Sharq musiqasi“, „Sarf“, „Nahv“
Mashhur sovrinlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (vafotidan keyin) (1991-yil 25-sentyabr),
“Mustaqillik” ordeni
Dini Islom

Jadidchilik miiliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. Turkiyada oʻqigan. Inqilobga qadar Oʻrta Osiyoni Rossiyadan ozod qilinishi harakatlarida faol qatnashgan, politsiya nazorati ostida boʻlgan.

Turkiyadagi „Yosh turklar“ harakatidan ilhomlanib, Buxoroda „Yosh buxoroliklar“ partiyasini tuzgan, uning maʼnaviy rahnamosiga aylangan. Doʻsti va maslakdoshi Munzim bilan hamkorlikda buxorolik 70 nafar yosh turkistonliklarni Germaniyaning bir qator oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborgan (1922)[1].

Mundarija

HayotiTahrirlash

1886-yilda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan, adibning otasi savdogarchilik bilan shug‘ullangan bo‘lib, 1918-yilgacha Qashqarda turib qoladi. Yosh Abdurauf asosan onasi Mustafo Bibi (Bibijon) tarbiyasida qoladi, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi yirik shoirlarning g‘azallarini tinglaydi.[2]

Dastlab eski maktabda, keyinchalik, Buxorodagi Mir-Arab madrasasida tahsil olgan. 1902-1903-yillarda haj safariga chiqqan, uni ado etgach Arabiston, Anatoliya (zamonaviy Turkiya), Kavkazorti, Eron, Afg‘oniston, Hindiston bo‘ylab sayohat qilgan. 1906-1908-yillarda Rossiyaning Qozon, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Moskva, Petrograd shaharlarida bo‘lgan. XX asr boshlarida bujudga kelgan „Tarbiyai atfol“ jamiyati ko‘magida 1908-1913-yillarda Istanbuldagi Voizon madrasasida tahsil olgan va qizg‘in ijod qilgan.

 
Fitrat (o‘rtada) maslakdoshlari bilan. Buxoro. tm. 1908-yil

1908-1913-yillarda Turkiya dorilfununida o‘qiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-o‘qituvchilarni hayratga soladi. Unga Fitrat — Donishmand taxallusini beradilar.

Fitrat o‘qishni Istanbulda davom ettirib yurgan kezlarida, hamyurtlari bilan birgalikda „Buxoro ta’limi maorif jamiyati“ni tuzgan. Bu jamiyat buxoroliklarning o‘zaro moddiy-maʼnaviy uyushmasi vazifasini bajargan hamda Buxoro va Turkiston maorifining olg‘a siljishiga doir bir qator ishlarni amalga oshirgan.

Bu davrda Turkiya „Yosh turklar“ inqilobidan mast davrni o‘z boshidan kechirardi. Turkiyadagi bunday inqilobiy muhit albatta yosh Fitratga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatdi. U siyosat maydoniga sho‘ng‘ib ketdi. Bu yerda Fitrat Sharq adabiyoti, sanʼati, tarixini chuqur va atroflicha o‘rganadi. Ilg‘or taraqqiyparvar turk adabiyoti vakillari, turk adabiyoti orqali esa G‘arb adabiyoti bilan yaqindan tanishadi. G‘arb va Sharq xalqlari madaniyati, adabiyotlari o‘rtasidagi farqlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, uning sabablarini teranroq anglaydi.

Faoliyati, jadidchilik va hurriyat orzusiTahrirlash

 
Abdurauf Fitratning imzosi.
Mirrix yulduziga

Goʻzal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqgʻani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlargʻa tushibsan;
Tuvgʻaningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
Soʻyla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda boʻlib turgʻan tubanliklar, xoʻrliklar,
Soʻyla, yulduz, sening dagʻi quchogʻingda boʻlurmi?

* * *

Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
Oʻrtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin toʻymay yegan qoplonlar?
Bormi senda, oʻksuz yoʻqsulning qonin —
Gurunglashib, chogʻir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
Oʻz qopchigʻin toʻldirgʻali buzgʻanlar.
Bormi senda bir oʻlkani yondirib,
Oʻz qozonin qaynatgʻuchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yoʻlida
Elin, yurtin, borin-yoʻgʻin sotqonlar?

Qayta nashrida 1920-yil sanasi koʻrsatilgan[3].

Fitrat vataniga qaytgach, Buxoro jadidlarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni maʼrifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kurashdi, xususan u Buxoroning turli tumanlarida o‘qituvchilik qilib, jadidchilik g‘oyalarini keng targ‘ib etdi. 1915-yildan „Yosh buxoroliklar“ harakatining so‘l qanotiga boshchilik qildi. 1916-yilga qadar buxorolik jadidlar yakdil va yagona jabha bo‘lib ish olib borgan boʻlsalar, keyinchalik ular ikkiga bo‘linib ketadilar. Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi jadidlarning bir qismi eski tarzda faqat maʼrifat-madaniyat tarqatish yo‘lini tutgan bo‘lsa, ularning boshqa bo‘lagi Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev kabi chet mamlakatlarda o‘qib kelgan yoshlar omma o‘rtasida maʼrifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar. Bunday bo‘linishning asosiy sabablari:

  • Turkiston o‘lkasi, shu jumladan Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatning og‘irligi, rus podshosi va amirlikning ikki yoqlama zulmkorlik siyosati;
  • bolsheviklarning mahalliy xalq o‘rtasida yurgizgan tashviqot va targ‘ibotlari taʼsiriga ishonuvchanlik;
  • mahalliy xalq vakillarining siyosiy vakuumda saqlanganligi, ularning siyosat borasidagi g‘oyaviy-nazariy saviyasining yetarli darajada rivojlanmaganligi.

Fitrat 1917-yilgi fevral voqealaridan so‘ng jadidlarning Buxorodagi ahvoli murakkablashgach, Samarqandga ko‘chib borib 1917-yil aprelidan 1918-yil martigacha chiqib turgan „Hurriyat“ gazetasiga muharrirlik qiladi (1917-yilgi 27-sonidan 1918-yilgi 87-sonigacha), gazeta ishlarini rivojlantirish maqsadida Fitrat nashriyotga O‘rta Osiyo jadidchiligining darg‘asi, muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiyni taklif etadi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda Fitrat shu-yillarda „Ittihodi taraqqiy“ tashkiloti Eski Buxoro bo‘limining raisi ham bo‘lgan.

1917-yilning oktyabr oyini „Yurt qayg‘usi“ deb baholadi. Ammo nurli kelajakdan umid uzmadi. 1917-yil 27-noyabrda eʼlon qilingan Turkiston Muxtoriyatini so‘ngsiz mehr bilan qarshi oldi. Hatto 27-noyabrni „Milliy laylatulqadrimiz“ deb atadi. Ammo uning bu quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, 1918-yilning 19-20 fevralida Turkiston muxtoriyati bolsheviklar va armanlarning „Dashnaksutyun“ partiyasi tomonidan qonga botirildi. Bu voqea tarixda „Qo‘qon voqeasi“ nomini olgan.

1918-yil martdagi Kolesov voqeasidan keyin u Toshkentga keldi. Dastlab Xadradagi maktabda, may-iyun oylaridan boshlab Turkiston musulmon dorilfununi qoshida tashkil topgan dorulmualliminda til va adabiyotdan dars berdi. 1919-1920-yillarda Afg‘oniston Amirligining Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qildi.

Toshkentda u asosan ilmiy, ijodiy maʼrifiy ishlar bilan ko‘proq band bo‘ldi. Bir qator darsliklar tuzdi, „Chig‘atoy gurungi“ nomli ijtimoiy-adabiy tashkilot tuzib, unda faol ishtirok etdi. 1920-yil 9-aprelda „Tong“ jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhiyatida tarbiyalashga kirishdi. „Tong“ jurnalining shiori bo‘lgan: „Miya o‘zgarmaguncha boshqa o‘zgarishlar negiz tutmas!“ so‘zlari Fitratning shu-yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini to‘la ifodalaydi. Jurnalda „Chig‘atoy gurungi“ aʼzolarining deyarli barchasi ishtirok etdi. Afsuski, jurnal ishi 3-sondan keyin to‘xtab qoldi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topishi bilan Fitrat 1921-yilda Buxoroga taklif qilinadi va shu-yildanoq maorif noziri vazifasida ish boshlaydi. 1922-yilda xorijiya (tashqi ishlar) noziri, Xalq xo‘jaligi Kengashi raisi, Markaziy Ijroya Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Xalq nozirlari sho‘rosi raisi o‘rinbosari, Hukumat plan va smeta tashkiliy hay’atining raisi, BXSR mehnat kengashining Prezidium aʼzosi va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. U shu davrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mablag‘lari hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib o‘qishi, Buxoroda Sharq musiqasi maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyatga doir xalq qo‘lida sochilib yotgan noyob qo‘lyozmalarni to‘plashda tashabbuskor bo‘ldi. Fitratning saʼy-harakatlari bilan Buxoro Xalq Sovet Respublikasida turk (o‘zbek) tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Davlat teatri tashkil qilinib, bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan Mannon Uyg‘ur va Cho‘lpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa Munavvar Qori Abdurashidxonov taklif etildi (1921).

Ammo 1923-yilda Yan Rudzutak boshchiligida Moskvadan kelgan komissiya Fitratni ishdan olib, Rossiyaga „chaqirib olingan“ deb eʼlon qildi va Fitrat 1923-1927-yillarda Moskvadagi Sharqshunoslik instituti (1921-yilgacha Sharq tillari instituti deb nomlangan)da ishladi, ilm bilan shug‘ullandi. Leningrad Davlat universitetining Sharq fakultetida Turk, arab, fors tili va adabiyoti, madaniyatidan talabalarga dars berdi. Leningrad Davlat universiteti professorligiga saylandi. „Abulfayzxon“, „Bedil“, „Qiyomat“, „Shaytonnig Tangriga isyoni“ kabi asarlar yozib, chop ettirdi. 1927-yilning boshida Rossiyadan qaytgach, 1937-yilga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti (hozirgi Samarqand Davlat universiteti) hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida faoliyat ko‘rsatdi. Fitrat o‘z hayoti davomida yuzlab ijtimoiy-publitsistik maqolalar, o‘nlab ijtimoiy-siyosiy va ilmiy risolalar yaratdi. U birgina Turkistonda emas, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Kavkaz, Volgabo‘yi matbuotida ham faol ishtirok etdi.[4]

Badiiy va ilmiy adabiyotTahrirlash

 
Fitat Istanbulda taʼlim olish vaqtida. 1908-yil
Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)

Bag‘rim yoniq, yuzim qora, ko‘nglim siniq, bo‘yim bukik.
Sening ziyoratingga keldim, sultonim!
Ezilgan boshim, kesilgan vijdonim, kuygan qonim, o‘rtangan jonim uchun bu sag‘anangdan davo izlab keldim, xoqonim!
Yuz-yillardan beri jafo ko‘rib, g‘am chekib kelgan turkning qonli ko‘z yoshlarin etaklaringga to‘karga keldim.
Qorong‘ular ichra yog‘dusiz qolgan o‘zbek ko‘zlari uchun tuprog‘ingdan surma olgali keldim.
Nomusini bot kishilarning oyog‘lari ostinda ko‘rub, turklik qoni qaynag‘ay, musulmonlik hamiyati toshgay, tamug‘ olovlari kabi sochragay.
Lekin o‘z kuchsizligini anglab, qaytib o‘tirgan va qon yig‘lagan turkning holini arz etarga keldim, xoqonim!
Ulug‘ xoqonim! Turklik sharafi talandi.
Turk uchun qurdig‘ik davlat bitdi, turk otig‘a qurdig‘ik xoqonlik yogʻiygami ketdi.
Turkning nomusi, eʼtibori, iymoni, vijdoni zolimlarning oyog‘lari ostida qoldi.
Turkning yurti, ulog‘i, o‘chog‘i, Turoni yot qo‘llarga tushdi.
Turkning bilgisi, ongi, o‘y-uquvi, ziyrakligi jaholat o‘ljasig‘a ketdi.
Sening qiliching bilan dunyo egasi bo‘lg‘an turk tinchgina bir yotoq topolmay qoldi.
Sening omonatingga xiyonat qilg‘anlarni ez, ur, o‘ldur!
Sultonim!
Bilaman, shu tobda sening u yuksak va ulug‘ ruhiyating men kabi tuban ruhli va himmatsiz bir bolasining shu holiga g‘azabli kulib turibdur.
Bilaman, bu chog‘da sening to‘lqunli dengizlarga o‘xshagan yuraging men kabi yuraksiz bir o‘g‘lingni shu ko‘rinishidan nafrat qiladur.
Chunki yuqorida aytdigim ishlarning hammasiga o‘zim sabab bo‘ldim, barchasini o‘zim qildim,
Sening Turoningni o‘zim talatdim,
Sening turkingni o‘zim ezdirdim,
sening omonatlaringga xiyonat o‘zim qildim.
Men uch kunlik umrimni tinchgina yotib o‘tkazmoqchi bo‘lmasa edim, shularning birortasi bo‘lmas edi.
Men qo‘limg‘a topshirdig‘ing qilichni tashlab cholg‘uni olmasa edim, Turonim talanmas edi!..
Men yolg‘iz qonli ko‘z yoshlarimni bu sag‘anangga to‘kmak uchun emas, u yozuqlarimni iqror etarga keldim, xoqonim.
Meni qo‘yma!
Men yolg‘iz yozuqlarimni iqror etarg‘a emas, Turong‘a berdigim zararlarga to‘lamoq uchun keldim, xoqonim.
Mendan nafrat etma!
Ey, arslonlar arsloni!
Meni yozuqlarimdan o‘t,
Menim qo‘limni tut,
Belimni bog‘la, muqaddas fotihangni ber!
Sening dunyoda sig‘magan g‘ayratingga ont ichamanki, Turoning eski sharaf va ulug‘likni qaytarmasdan burun ayogʻlaringda oʻtirmasman[5][6].

Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang. U adib sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, o‘zbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, adabiy realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan muhim ijtimoiy muammolarning o‘zbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qo‘shdi.

Fitrat ijodini shartli ravishda uch davrga bo‘lish mumkin: 1-davr 1909-1916-yillarni o‘z ichiga olib, Turkiya taassurotlaridan ilhomlangan holda jadid maʼrifatparvari sifatida ijod qilgan. 2-davr 1917-1923-yillarni qamrab oladi, bu davrda Fitrat milliy istiqlol g‘oyalari bilan to‘yingan asarlar yozadi. Ijodining 3-davri 1923-1937-yillarga oid bo‘lib, Sho‘ro maxfiy xizmatining doimiy nazoratida bo‘lgan Fitrat asosan ilmiy va pedagogik ishlar bilan shug‘ullanadi.

Fitrat zullisonayn adib bo‘lib, adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib kelgan. Ko‘p o‘tmay u o‘zini dramaturgiya va prozada ham sinab ko‘rdi. U „Munozara“ (dastlabki nomi „Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadid xususida qilgan munozarasi“) asarini Turkiyaga borishdan oldin, 1905-1907-yillarda yaratgan. „Sayha“ („Chorlov“, „Naʼra“) (fors tilida), „Sayyohi hindi“ („Bayonoti sayyohi hindi“), „Rahbari najot“, „Tarixi Islom“ asarlarini esa Turkiyada tahsil paytida yozgan va „Munozara“ 1908-yilda, „Sayha“ 1910-yilda, „Sayyohi hindi“ 1913-yilda Istanbulda bosilib chiqqan. „Rahbari najot“ va „Oila“ 1915-1916-yillarda Bokuda nashr qilingan. Bu asarlar o‘sha davrdayoq xalq orasida keng tarqaldi. Horijiy tillarga ham o‘girildi. Masalan, „Munozara“ 1909-1914-yillar orasida turk, ozarbayjon tillarida, „Sayyohi hindi“ rus tilida chop etilgan. „Rahbari najot“ni esa do‘sti, shoir va noshir Abdulvohid Burhonov Sankt-Peterburgda nashrdan chiqargan. Bulardan tashqari uning „Mavludi Sharif“, „Abo Muslim“, „Begijon“ asarlari va dastlabki sheʼrlari „Oyna“, „Taraqqiy“, „Sadoi Turkiston“, „Turon“, „Hurriyat“, „Buxoroi Sharif“ kabi gazeta va jurnallar sahifalarida eʼlon qilingan.

Uning „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlari XX asr boshlarida Turkistondagi milliy uyg‘onish harakatining norasmiy dasturi bo‘lib xizmat qilgan va yoshlar dunyoqarashining keskin o‘zgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qo‘shilishiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik bu asarlar orqali Fitratni millatchilikda, turkparastlikda va islomparastlikda ayblashgan.

Fitratning bizgacha yetib kelgan o‘zbek tilidagi sheʼrlari 1917- va undan keyingi davrlarga oid. Maʼlumki, fevral inqilobidan keyin Turkiston xalqlarining mustaqillikka erishishlari uchun juda qulay fursat tug‘ilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, milliy istiqlol uchun kurashga daʼvat etuvchi sheʼrlar yozishga kirishgan. Ammo anʼanaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy g‘oyani ifodalash, xalqni oyoqqa turg‘azish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar sheʼriyatlarida shakllangan, o‘zbek xalq og‘zaki sheʼriyatida ayrim unsurlari bo‘lgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. O‘z ona diyorini ozod va hur ko‘rishni orzu qilgan shoir „Yurt qayg‘usi“ deb nomlangan bir sheʼr va to‘rtta sochma yozib, ularda hurriyat uchun kurash g‘oyasini baralla kuylaydi. Ijodkor mazkur sochmalarida Turkistonni xo‘rlangan va xorlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda Onani zulmkorlardan xalos etish uchun sohibqiron Amir Temur singari millat fidoyilarini qo‘msaydi. U „Yurt qayg‘usi“ sochmasining birinchi qismida o‘z qahramoni tilidan Amir Temurga murojaat qiladi.

Bunday murojaat Fitratning „Temur sag‘anasi“ dramasida ham uchraydi. Bu asarlardagi asosiy g‘oya — ona yurtni, Vatanni ulug‘lash, xalq, millatning ozodligi va erkinligidir. Zero, maʼrifatga intilgan inson uchun, ayniqsa shoir uchun, bir tomondan amir istibdodi, ikkinchi tomondan chor mustamlakasi zulmi ostida ezilgan xalqni, toptalgan yurtni ozod ko‘rishdan ham ulug‘ niyat bo‘lishi mumkinmi? Misol uchun „Yurt qayg‘usi“ sochmasining ikkinchi qismini keltirish mumkin.

Yurt qaygʻusi (Bir oʻzbek yigitning tilindan)

Yotsam tushimda, uyg‘onsam yonimda, ko‘z yumsam miyamda, ko‘z ochsam qarshimda mungli bir xayol kelib turadur! Bu bir Xotun xayoli… Bir Xotunki, egnida ipakli, lekin yirtiq va eski bir ko‘ylakdan boshqa bir kiyim yo‘q. Bosh-oyoqlari yalang‘och, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botgan, baqirurg‘a tovushi, qutilurg‘a kuchi qolmag‘an!..

Qarayman: kimsasizlik yukindan orig‘langan tanda zolimona urulg‘on qamchilarning yarasi bor. Ko‘raman: johilona qilingan emlardan nosulg‘a qaytg‘an yaralarindan qonlar oqib turadur!..

Ey, mungli Xotun, sen kimsan?
Ey, g‘amli Ona, nechuk mundan ayrilmaysan?
Yonimda, ko‘zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk ketmaysan?
Qayg‘u tutunlari ichra yog‘dusiz qolg‘an ko‘zlaring yosh yomg‘urlari nechuk to‘kadur? Zulm zanjirlari bilan bog‘langan qo‘llaring nechuk har yonga uzatiladur, nima tilaysan?..
Oh… Bildim… Bildim… Angladim!
Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan.

Ey, muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma.
Yonimda, ko‘zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma.
Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq, mening o‘limim.
Sening uchun o‘lmoq — mening tirikligimdur.

Panohim, sajdagohim, umidim!
Yovlaring seni shu kungami soldilar?
Tilagim, istagim, saodatim!
Bolalaring seni shu holdami qo‘ydilar?
Suyunchim, ovunchog‘im, o‘chog‘im!
Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar?

Yo‘q, sen kimsasiz emassan. Mana men, borlig‘im bilan senga ko‘mak qilurg‘a hozir. Mana men chin ko‘ngil bilan sening yo‘lingda o‘lurg‘a rozi.
Qof tog‘lari yo‘limda tushsa,
Tamug‘ olovlari qarshimda chiqsa, yana sen sari ketarman.

Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shini kelsa,
Oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa,
Yana sen sari choparman.
Dunyoning butun baloari boshimga to‘kulsa,
Zulm cho‘lining temir tikonlari ko‘zlarimg‘a kirsa, yana seni qutqararman.

Men sening uchun tirildim,
Sening uchun yasharman,
Sening uchun o‘lurman.

Ey, turklikning muqaddas o‘chog‘i!
O‘lim sening o‘limingni istaganlarga,
Nafrat seni ko‘mgani kelganlarga![7][8]

U shu-yillarda „Mirrix yulduziga“, „Sharq“, „Shoir“ kabi sheʼrlarni yaratib, Turkistonni endi „qizil mustamlaka“ga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg‘usini ifodaladi. Bundan tashqari Fitrat barmoq vaznida yozilgan mazkur sheʼrlari bilan xalq og‘zaki sheʼriyatining mulki bo‘lgan barmoqni isloh etib, Cho‘lpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bag‘ishladi.

1922-yilda Fitrat tashabbusi bilan „O‘zbek yosh shoirlari“ sheʼriy to‘plami bosilib chiqdi. Bu to‘plamdan Fitrat asarlari bilan birga o‘sha davrda qizg‘in ijod qilgan Cho‘lpon, Botu va Elbekning sheʼrlari ham o‘rin olgan va xalq orasida katta qiziqish bilan o‘qilgan.

NasrTahrirlash

Fitrat nasrda ham samarali ijod qilgan. XX asrning 10-yillarida sahna asari sifatida namoyish etilgan „Munozara“ Fitratning nasrdagi ilk asaridir. „Munozara“ ham „Sayyohi hindi“ ham Fitrat publitsistikasining yorqin namunalaridandir. Fitrat keyinchalik ham ijtimoiy, huquqiy, maʼnaviy hamda estetik qarashlarini ifodalashda publitsistikadan samarali foydalandi. Faqat 20-yillarning o‘rtalariga kelibgina u „sof“ nasriy asarlarni yarata boshladi („Qiyomat“, „Meʼroj“, „Oq mozor“, „Zayd va Zaynab“, „Zahroning imoni“ va boshqalar). „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlarida ko‘tarilgan milliy qoloqlik, diniy fanatizm mavzusi 20-yillar uchun ham dolzarb ahamiyatga ega edi. Fitrat bu hikoyalarida diniy syujetlardan din taʼsiriga qarshi kurashda foydalandi. Bu asarlar, ayniqsa, 1930-yilda qayta ishlangan „Qiyomat“ xayoliy hikoyasi o‘zbek adabiyotida fantastikaning tug‘ilishi va shakllanishida milliy manba bo‘lib xizmat qildi.

DramaturgiyaTahrirlash

Fitrat dramaturgiyasi ham o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. U 1916-yildan boshlab teatr uchun ko‘plab asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916-1918-yillarda yozgan „Begijon“, „Qon“, „Abo Muslim“, „Temur sag‘anasi“, „O‘g‘izxon“ singari pyesalari, hatto 1934-yilda yozgan „To‘lqin“ opera librettosi ham bizgacha yetib kelmagan. Maʼlumki, Fitratning 5 pardali „Begijon“ pyesasida dehqonlarning xon zulmiga qarshi ko‘targan isyonlari tasvir etilgan. „Temur sag‘anasi“ pyesasida esa muallifning „Yurt qayg‘usi (Temur oldinda)“ sochmasidagi istiqlol uchun kurash g‘oyasi o‘zining badiiy tajassumini topgan. Fitrat o‘sha-yillarda yozgan boshqa sahna asarlarida ham tarixiy o‘tmishga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan g‘ayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zo‘ravonlikka asoslangan „yangi tuzum“ni keskin qoralagan. Fitrat ijodining shu davrdagi yetakchi motivi — bolshevizmga qarshi kurash g‘oyasi „Chin sevish“ (1920) va „Hind ixtilolchilari“ (1923) pyesalarida ayniqsa yorqin ifodalangan. Dramaturg Turkistonda Sho‘ro hokimiyati-yillarida sodir bo‘layotgan fojeali voqealarni Britaniyaning mustamlakasi bo‘lgan Hindistonga ko‘chirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind istiqlolchilari siymosida, maʼlum maʼnoda, o‘z vatandoshlari obrazini yaratdi. Javoharlal Neruning eʼtirof etishicha, Fitratning bu asarlari hind xalqining mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashiga kuch va madad bergan.

Fitrat Moskvadalik paytida „Abulfayzxon“, „Shaytonning Tangriga isyoni“ (1924), ona yurtiga qaytgach esa „Arslon“, „Sho‘rishi Vose“ („Vose qo‘zg‘oloni“, 1927), „To‘lqin“ (1934) pyesalarini yozdi. Bu asarlari orasida „Abulfayzxon“ o‘zining shekspirona epik ko‘lami bilan ajralib turadi. Unda Fitrat Shekspir pyesalariga xos qabartma tip va xarakterlarni yaratdi. Zulmga asoslangan saltanat tojining otadan bolaga o‘tib kelishi natijasida paydo bo‘luvchi qonli oqibatlarni haqqoniy tasvirladi. Mazkur pyesa asosida Ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili bo‘lmish Abulfayzxon saltanatining tanazzuli (XVIII asr) natijasida Buxoroda Mang‘it amirlarining saltanat tepasiga kelishlari bilan bog‘liq tarixiy voqealar yotadi. Fitratning olis tarixiy voqeaga nazar solishdan maqsadi: „Podsholik qon bilan sug‘orilgan bir og‘ochdir, qon oqib turmagan yerda bu daraxtning qurib qolishi aniqdir“ degan falsafa bilan yashagan va o‘zi ham shu g‘ayriinsoniy falsafaning qurboni bo‘lgan Abulfayzxon singari qonxo‘r podsholarni tarix qaʼridan olib chiqib, xalqqa ko‘rsatishdir. Fitrat bu asari bilan bolsheviklar tuzumi XX asrning Abulfayzxoni — Stalinni yaratishi va uning bepoyon mamlakatni qonga botirishini bashorat etdi. Shu maʼnoda mazkur tragediya Fitrat zakosi bilan yaratigan xalqni ogohlantiruvchi asardir. Fitrat bu asari bilan o‘zbek adabiyotida tragediya janriga asos solib, mazkur janrning asosiy tamoyillarini belgilab berdi.

Ijtimoiy publitsistikaTahrirlash

 
Abdurauf Fitratning oxirgi surati 1938-yil

Ijtimoiy, huquqiy, diniy va maʼrifiy asarlari orqali ham Fitrat ilm-fan, maʼrifatning turli sohalarida teran iz qoldirdi. U 1914-1916-yillardayoq „Rahbari najot“ („Najot yo‘li“), „Oila“, „Mavludi Sharif yoki Mur’oti xayr ul Bashar“, 1917-1920-yillarda „O‘qu“ („O‘quv“), „Sharq siyosati“, „Yig‘la, Islom“, 1925-yilda „Muxtasar Islom tarixi“ singari asarlarni eʼlon qildi. Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu-yillarda ro‘y bergan siyosiy, ijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy maʼrifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega bo‘lmaganini eʼtiborga olib, har bir musulmon bilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarga yorqinlik bag‘ishladi. Fors tilida yozilgan „Rahbari najot“ risolasida tafsir, hadis, fiqh, kalom ilmlari, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar to‘g‘risida aniq tasavvur berdi, avlod, badan, fikr, axloq tarbitasiga oid falsafiy, etik qarashlarini olg‘a surdi. Fitratning „Oila“ risolasida esa oilaning jamiyat va inson hayotidagi rolini oshirishga, oila aʼzolarining huquqiy meʼyorlarini belgilashga qaratilgan fikr va mulohazalari yanada rivojlantirildi.

Fitrat huquqiy davlat qurish va uning rivojini taʼminlash maqsadida 1918-yilda Yosh buxoroliklar partiyasining 13 bobdan iborat dasturini yozib berdi. Bu dasturda olimning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari o‘zining chuqur ifodasini topdi.

PedagogikaTahrirlash

Fitratning maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan „O‘qu“ („O‘quv“, , Boku, 1917) qo‘llanmasi Vatan, dunyo, tabiiyot, tibbiyot va gigiyena singari masalalar, shuningdek, o‘tmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi (nomaʼlum sabablarga ko‘ra, ushbu qo‘llanmaning 2-qismi yozilmagan).

O‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishTahrirlash

Bulardan tashqari Fitrat o‘zbek tilining garmmatikasini o‘rganish ishlarini boshlab bergan va shu soha rivojiga katta hissa qo‘shgan. U 1918-yilda Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda „Ona tili“ darsligini yaratdi. 1921-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Til va imlo qurultoyida Fitrat o‘zbek tilining sofligini taʼminlash va rivojlantirishga qaratilgan bir qancha takliflarni o‘rtaga tashladi. U 20-yillarda o‘zbek tili tabiatini o‘rganishda davom etib, „O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Sarf“ (1925), „O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba: Nahv“ (1926) darsliklarini yaratdi va bu darsliklar 1930-yilga qadar bir necha marta nashr etildi. Olim o‘zbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bag‘ishlangan bu asarlari bilan o‘zbek tili grammatikasini ilmiy asosda o‘rganish ishiga tamal toshini qo‘ydi. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning 20-yillarda qadimiy turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-adabiy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun o‘zbek tilining lug‘at fondiga yangi so‘zlar hamda atamalarni olib kirganligidadir.

 
Fitratning tojik tilida chop etilgan „Давраи ҳукмрони Амир Олимхон“ („Amir Olimxonning hukmronlik davri“) asarining muqovasi. Toshkent-Stalinobod. 1930-yil

Olim „Eng eski turk adabiyoti namunalari“ (matn, tadqiqot, izohlar, 1927), „O‘zbek adabiyoti namunalari“ (matn, tadqiqot, izohlar, 1-jild, 1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan so‘nggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini to‘plab, muayyan tizimga soldi („O‘zbek adabiyoti namunalari“ning ikkinchi jildi nomaʼlum sabablarga ko‘ra eʼlon qilinmagan). „Qutadg‘u bilig“ singari o‘zbek yozma adabiyotining xalq orasida sochilib yotgan noyob yodgorliklarini qo‘lga kiritish, o‘rganish va chop etishga intildi. O‘zbek adabiyotining yirik namoyandalarini ilk bor o‘rganib, „Bedil“ (1923), „Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni to‘g‘risida“, „Qutadg‘u bilig“ (1925), „Ahmad Yasaviy“ (1927), „Yassaviy maktabi shoirlari to‘g‘risida tekshirishlar“, „Hibbat ul-Haqoyiq“, „O‘zbek shoiri Turdi“ (1928), „XVI asrdan so‘ngra o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash“, „Muhammad Solih“, „Fors shoiri Umar Xayyom“ (1929), „Mashrab“, „Farxodu Shirin“ dostoni to‘g‘risida" (1930) kabi katta ilmiy qimmatga ega risola va maqolalar yaratdi. Fitrat bu tadqiqotlari bilan o‘zbek adabiyotshunoslik maktabiga poydevor qo‘ydi.

„Sheʼr va shoirliq“ (1919), „Adabyot qoidalari“ (1926), „Sanʼatning manshai“ (1927), „Aruz haqida“ (1936) singari maqola va risolalari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos soldi.

TarixshunoslikTahrirlash

Bundan tashqari Fitrat tarixshunoslik va sharqshunoslik sohalariga oid fors tilida maqola va risolalar ham yozdi, „Amir Olimxonning hukmronlik davri“ (1930) shular jumlasidandir. 1921-yilda B.Soliyev va B.S. Sergeyev bilan birgalikda Buxoro amiriga qarashli nodir qo‘lyozmalar, vaqf hujjatlarini yig‘ish, ularga tartib va tavsif berish ishlarida ishtirok etdi. B.S. Sergeyev bilan birgalikda V.L. Vyatkin arxivida saqlangan qozilarga oid hujjatlarni o‘rganib, rus tilida “Казыйские документы XVI века” (1937) nomli kitobni nashr ettirdi.

Musiqa sanʼatiTahrirlash

Fitratning sanʼatshunoslikka oid xizmatlari ham tahsinga sazovordir. U 1921-yil Buxoroda Sharq musiqasi maktabini tashkil etib, bu maktabning birinchi direktori lavozimida ishlaydi. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari (sozanda, xonandalar) bilan birga Viktor Uspenskiy singari musiqashunoslarni ham taklif etdi. U shu vaqtdan boshlab „Shashmaqom“ kuylarini to‘plash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qildi. Fitratning tashabbusi bilan ota Jalol va ota G‘iyosdan Buxoro Shashmaqomi V. Uspenskiy tomonidan ilk bora notaga olinib, nashr etildi. Fitrat „Shashmaqom“, „O‘zbek musiqasi to‘g‘risida“ maqolalari va „O‘zbek klassik musiqasi ham uning tarixi“ (1927) risolasi bilan XX asr o‘zbek musiqashunoslik fanini boshlab berdi.

 
SSSR Oliy Sudi tomonidan Fitratga o‘lim jazosini berish to‘g‘risida chiqarilgan qaror, 1938-yil 5-oktyabrda imzolangan

VafotiTahrirlash

Fitrat ilg‘or demokratik g‘oya va fikrlari uchun ko‘pchilik jadidlar qatorida shakkoklik va isyonkorlikda ayblandi. Chor maʼmurlari esa uni mustamlakachilikka qarshi turganlikda aybladilar, kommunistik mafkura humron bo‘lgan sho‘rolar davrida esa, millatchilikda, panturkizm g‘oyasi tarafdori, „xalq dushmani“ degan tuhmatlar bilan aybladilar. Professor H.Yoqubovning hikoya qilishicha, Fitratni 1937-yilgacha uning do‘sti Fayzulla Xo‘jayev o‘z himoyasiga olib kelgan. 1937-yilda ko‘pchilik qatori Fitrat ham NKVD tomonidan qamoqqa olingan. Iosif Stalinning 1938-yil 28-martdagi „Otuvga eʼlon qilinganlar ro‘yxati“ga tushgan.

Abdurauf Abdurahim o‘g‘li Fitrat 1938-yil 4-oktyabr kuni Toshkent shahrining hozirgi Yunusobod tumani Bo‘zsuv qirg‘og‘idagi qatlgohda otib o‘ldirildi.[9] Uni o‘limga mahkum qilish haqidagi sud qarori bir kundan keyin yaʼni 1938-yilning 5-oktyabrida imzolandi.

 
Fitrat 110-yillik yubileyi sharafiga chiqarilgan pochta markasi.

1963-yil Iosif Stalin vafotidan so‘ng Fitrat nomi oqlandi.

XotiraTahrirlash

1991-yil 25-sentyabrda Abdurauf Fitratga o‘zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. Mustaqillik ordeni berildi. Toshkent va Buxoroda Fitrat nomidagi ko‘chalar, maktablar ochildi. Buxoro shahrida Fitrat bog‘i va uy-muzeyi tashkil qilindi (1996). Buxoro shahrida Fitrat haykali o‘rnatildi. 1996-yilda Abdurauf Fitrat tavalludining 110-yilligi mamlakat miqyosida nishonlandi, „O‘zbekiston pochtasi“ tomonidan Fitratga bag‘ishlangan pochta markalari chiqarildi.

Nashr qilingan asarlariTahrirlash

  • Fitrat. Sheʼrlar. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1987-yil 11 dekabr.
  • Fitrat. Sheʼrlar. „Sharq yulduzi“, 1991, 6-son.
  • Fitrat. Hind ixtilolchilari. „Sharq yulduzi“, 1990, 4-son.
  • Fitrat. Turkistonda ruslar. „Sharq yulduzi“, 1992.
  • Fitrat. Oʻzbek klassik musiqasi tarixi. T.: „Fan“, 1993.
  • Fitrat. Tanlangan asarlar, Ikki jildlik. T.: „Maʼnaviyat“, 2001.
  • Fitrat. Chin sevish. T.: „Adabiyot va sanʼat“, 1996.
  • Fitrat. Najot yoʻli. T.: „Sharq“, 2002.

ManbalarTahrirlash

  1. Unutilmas siymolar (Jadidchilik harakatining namoyandalari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi DJQA, „Akademiya“, Toshkent, 1999
  2. http://kutubxona.com/Turkum:Abdurauf_Fitrat
  3. «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati», 1987, 11-dekabr (tabdilchi N. Karimov)
  4. Vatan tarixi. R. Shamsutdinov, Sh. Karimov, O‘. Ubaydullayev, „Sharq“ NMAK BT, Toshkent, 2003
  5. «Hurriyat» gazetasining 1917-yil 31-oktyabr 47-sonida ilk bor e’lon qilingan. Qayta nashri: «Fan va turmush» j., 1990, 9-son, 7-bet
  6. Adabiyot., "O‘qituvchi", Toshkent, 2001
  7. «Hurriyat» gazetasining 1917-yil 18-avgust 31-sonida e’lon qilingan. Qayta nashri: «Fan va turmush», 1990, 9-son, 7-bet
  8. Adabiyot., "O‘qituvchi", Toshkent, 2001
  9. Unutilmas siymolar (Jadidchilik harakatining namoyandalari) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi DJQA, „Akademiya“, Toshkent, 1999

AdabiyotlarTahrirlash

Oʻzbek Adabiyoti

Milodiy VII asrgacha
VIII-XIII asrlar (Qadimgi)

XIV-XV asrlar (Temuriylar davri)
XVI-XIX asrlar (Mumtoz)

XIX-XX asrlar (Milliy uygʻonish)
1905-30 yillar (Jadid davri)
1930-80 yillar (Sovet davri)
1990 yillaridan keyin (Mustaqillik)

Oʻzbekiston Yozuvchilar Uyushmasi
  • Aliyev A., Abdurauf Abdurahim oʻgʻli Fitrat, T., 1984;
  • Fidoyilar, T., 1990;
  • Qosimov B., Maslakdoshlar. Behbudiy. Ajziy. Fitrat, T., 1994;
  • Qosimov B., Milliy uygʻonish, T., 2002.
  • Qosimov B., Fitrat (chizgilar). Sharq yulduzi, 1992, 10-son, 170-bet.
  • Qosimov B., Inson fojealari. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1990-yil 6 aprel.
  • Qosimov B., Fitrat. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1991, 10-son.
  • Gʻaniyev I., Fitrat, eʼtiqod, ijod, T., 1994;
  • Gʻaniyev I., Fitratshunoslik, Buxoro, 1994;
  • Gʻaniyev I., Fitratning tragediya yaratish mahorati. T., 1994.
  • Boltaboyev H., Abdurauf Fitrat, T., 1996;
  • Boltaboyev H., Fitratning ilmiy merosi, T., 1996;
  • Boltaboyev H., Qatagʻon qilingan ilm. T.: „Xazina“, 1996.
  • Boltaboyev H., Nomaʼlum Fitrat. Yoshlik, 1990, 34-38-betlar.
  • Boltaboyev H., Fitratning ilmiy merosi. T.: „Fan“, 1996.
  • Boltaboyev H., Fitrat — adabiyotshunos. T.: „Yozuvchi“, 1996.
  • Boltaboyev H., Boburshoh Fitrat talqinida. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1993, 2-son, 15-bet.
  • Qurbonova M., Fitrat — tilshunos, T., 1996;
  • Ergasheva M., Abdurauf Fitrat — buyuk huquqshunos, T., 2001;
  • Milliy uygʻonish va oʻzbek filologiyasi masalalari. T.: Universitet, 1993.
  • Erkinov S. Fitrat — navoiyshunos. Oʻzbek tili va adabiyoti, 1990, 3-son, 3-bet.


Internetdagi elektron kutubxonalardaTahrirlash