Kavkaz - bu geografik mintaqa hisoblanib, Yevroosiyodagi togʻli mintaqa, Sharqiy-Yevropa pasttekisligining janubida yaʼni Yevropa va Osiyo qitʼalarining chegarasida joylashgan. Gʻarbdan Qora dengiz, sharqdan Kaspiy dengizi mintaqani oʻrab olgan.

Caucasus topographic map with border colors-en.svg

Kavkazdagi davlat va regionlarTahrirlash

EtimologiyasiTahrirlash

«Kavkaz» (nomining kelib chiqishi hozircha aniqlanmagan, ehtimol u Qora dengizning janubiy sohilida qadimda yashagan "Kavkaz" xalqining nomidan boʻlsa kerak, deb taxmin qilinadi. Kavkaz atamasi dastlab mil.av. 479-yilda yunon dramaturgi Esxilning "Zanjirband Prometey" tragediyasida qayd etilgan). Shimolda Kuma-Manich botigʻidan, janubda tabiiy geografik va geologik jihatdan shartli ravishda Kavkazorti respublikalarining Turkiya va Eron bilan boʻlgan davlat chegaralarigacha choʻzilgan. Maydoni 500 ming km2. Shimoliy Kavkaz va Kavkazorti boʻlinadi. Ular oʻrtasidagi chegara Katta Kavkazning Bosh (yoki Suvayirgʻich) tizmasidan oʻtadi.

RelyefiTahrirlash

Relyefi asosan, togʻlardan iborat. Taman yarimorolidan Apsheron yarimoroligacha Katta Kavkaz togʻlari choʻzilgan. Bu togʻlarning shimoliy etaklaridan Kuma-Manich botigʻigacha boʻlgan hudud Kavkazoldi deb ataladi. Katta Kavkazdan janub da Kolxida va Kura-Arake pasttekisliklari bor. Kavkazning janubi-sharqida burmali Tolish togʻlari (balandligi 2477 m gacha) va Lenkoran pasttekisligi joylashgan. Kavkaz janubining oʻrta va gʻarbiy qismlarini Kavkazorti togʻligi egallagan.

Kavkaz Oʻrta dengiz geosinklinal mintaqasiga kiradi. Orografiyasida Kavkazoldi yosh platformasi (plitasi), Katta Kavkaz megantiklinoriysi, Rioni-Kura togʻ oraligʻi bukilmalari zonasi va Kichik Kavkaz megantiklinoriysi ajralib turadi. Kavkazoldi plitasi shimoli-gʻarbiy qismining zamini tokembriy Ukraina kristalli massivining yer tagidagi janubi-sharqiy davomidir. Kavkazoldining qolgan qismi oʻrta paleozoy burmali zaminiga mansub. Kavkazoldi choʻkindi jinslar qoplami miotsengacha toʻplana borgan. Miotsen oxirida Stavropol qirlari koʻtarilib, Azov-Kuban botigʻini Terek-Kuma botigʻidan ajratib qoʻygan. Pliotsen oxirida Terek va Sunja tizmalarining antiklinal zonalari paydo boʻlgan. Katta Kavkaz markaziy qismining shimoliy yon bagʻri Kavkazoldi plitasining chekkasi boʻlib, bu yerda yangi tektonik harakatlar boʻlib turadi. Janubroqda Yon tizmaning intensiv gersin burmalanish zonasi Pshekish-Tirniauz yoriklari zonasidan ajralgan. Yanada janubroqda, bosh tizma zonasida gersin metamorfik majmuasi koʻtarilgan. Rioni-Kura togʻ oraligʻi bukilmalari zonasi va Kichik Kavkaz megantiklinoriysining zaminini yuqori tokembriy — quyi kembriy metamorfik majmuasi tashkil qilgan.

Foydali qazilmalariTahrirlash

Kavkaz har xil foydali kazilmalarga boy. Bosh tizma va Katta Kavkazning janubiy yon bagʻrida, Kichik Kavkazda rangli metall konlari, Shimolda Osetiya-Alaniya, Gurjistonda qoʻrgʻoshin va rux, Kabarda-Balkariya va Zangezur (Armaniston)da mis va molibden, Ozarbayjonda temir rudasi, alunit, Tkibuli, Tkvarchelida toshkoʻmir, Chiaturada marganets konlari bor. Ozarbayjon, Checheniston-Ichkeriya, Ingushiya, Dogʻiston respublikalari, Krasnodar va Stavropol oʻlkalarida neft qazib olinadi. Kavkaz turli xil mineral suv, binokorlik materiallari va boshqa minerallarga boy.

IqlimiTahrirlash

Kavkaz moʻtadil va subtropik iqlim mintaqasi chegarasida joylashgan. Yanvarning oʻrtacha darajasi Kavkazoldida —2, —5°, Gʻarbiy Kavkazorti (Kolxida pasttekisligi)da 4,5—6°, Sharqiy Kavkazorti (Kura-Araks va Lenkoran pasttekisligi)da 1—3,3°. Iyulning oʻrtacha darajasi gʻarbida 23—24°, sharqida 25—29°. Yillik yogʻin sharqida 200–400 mm, gʻarbida 1200–1800 mm. Gʻarbiy va Markaziy Kavkaz yon bagʻirlariga 2500 mm dan 4000 mm gacha yogʻin yogʻadi.

Katta Kavkazda muzliklar koʻp. Umumiy soni 2200 dan ziyod, maydoni 1428 km2. Kavkaz daryolari Kaspiy (Kura va irmogʻi Araks, Sulak, Terek, Kuma), Qora dengiz (Rioni, Inguri va b.) va Azov dengizlari (Kuban) havzalariga mansub. Kavkaz daryolarida koʻplab GESlar qurilgan (Kurada Mingechaur va Zemo-Avchala GESlar, Katta Kavkaz daryolarida Xrami, Rioni va boshqa GESlar bor). Eng yirik koʻli — Sevan.

Kavkazoldining tekislik landshaftlari moʻtadil mintaqaga, Kavkazorti esa subtropik mintaqaga kiradi. Gʻarbiy va Oʻrta Kavkazoldining landshaftlari dashtlardan iborat. Stavropol qirlarining balandroq qismlari, Mineralniye Vodi atroflari, Sunja tizmasining gʻarbiy qismlari va Katta Kavkazning qiya tekisliklarini oʻrmonli dasht egallagan. Sharqiy Kavkazoldida och tusli kashtan tuproqlardagi shuvoqli chala choʻl landshafti zonal landshaftdir. Kura-Araks pasttekisligining chala choʻllarida ondasonda shoʻrxok choʻllar ham uchraydi. Kolxida va Lenkoran pasttekisliklarida nam subtropik landshaftlar tarqalgan. Katta Kavkazning janubiy yon bagʻrining quyi qismi, Kichik Kavkazning shimoliy yon bagʻri va Tolish togʻlarida subtropik oʻrmon landshaftlari bor. Kavkaz togʻlarida togʻ-oʻrmon landshaftlari hukmron. Sharqiy Kavkaz (Dogʻiston) va, qisman, Markaziy Kavkaz, Armaniston togʻligining lava platolari va tekisliklarida togʻ-dasht landshaftlari uchraydi. Katta Kavkazning eng baland choʻqqilarida glyasialnival landshaftlari tarqalgan.

Kavkazda Kavkaz, Teberda, Ritsa, Dilijon va bshqa qoʻriqxonalar bor. Kavkazda Rossiya Federatsiyasi hududining bir qismi, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Turkiyaning sharqiy va Eronning shimoli-gʻarbiy qismi joylashgan. Kavkazda yirik kurort rayonlari, Kavkaz Mineral Suvlari, Qora dengiz boʻyi kurortlari, turizm va alpinizm markazlari bor.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil