Mahmudxoʻja Behbudiy
Mahmudxoʻja Behbudiy (Kirill alifbosida: Маҳмудхўжа Беҳбудий; Arab alifbosida: محمود خواجه بهبودی; Toʻliq ismi – Mahmudxoʻja Behbudiy ibn Behbudxoʻja) (20-yanvar, 1875, Samarqand – 25-mart, 1919, Qarshi) – dramaturg, noshir, pedagog, qozi, muftiy, din va jamoat arbobi. Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. "Behbudiya kutubxonasi" hamda „Nashriyoti Behbudiya“ faoliyatini yoʻlgan. „Samarqand“ gazetasi va "Oyna" jurnali asoschisi.
Mahmudxoʻja Behbudiy | |
---|---|
Tavalludi |
20-yanvar 1875-yil |
Vafoti |
25-mart 1919-yil |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi va Buxoro amirligi |
Taʼlimi | Samarqand va Buxoro madrasalari |
Kasbi | qozi, muftiy, dramaturg, noshir |
Faoliyat yillari | 1893—1919 |
Bolalari | 5 |
Otasi | Behbudxo‘ja Solihxo‘ja o‘gʻli |
Mukofotlari |
Hayoti
tahrirMahmudxoʻja Behbudiy 1875-yil 20-yanvarda Samarqand yaqinidagi Siyob volostining Baxshitepa qishlogʻida imom-xatib Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli xonadonida tugʻilgan. Otasi Ahmad Yassaviy avlodidan. Otasining buvasi Niyozxoʻjaning asli kelib chiqishi urganchlik boʻlib, Samarqandga XVIII asr oxirida, amir Shohmurod hukmronlik davrida koʻchib kelgan[1].
Behbudiy dastlab otasidan Qur’on ilmini oʻrgangan, keyinchalik 6-7 yoshlarida togʻasi Muhammad Siddiq qoʻlida oʻqib, savod chiqargan. 15 yoshida boshqa bir togʻasi Mulla Odil oʻzi mudarrislik qilgan madrasada oʻqitib taʼlim bergan[2].
Behbudiylar oilasi maʼrifatparvar va ziyoli boʻlgan. Ikki singlisi ham oʻqib, tahsil olgan. Qur’onni yaxshi bilgan. Katta singlisi Huriniso „qoribegim“ unvoniga ega boʻlgan[3][4]. 1893-yilda onasi, 1894-yilda otasi vafot etgan.
Behbudiy 18 yoshida Chashmai ob volostida qozi vazifasida ishlagan togʻasi Muhammad Siddiq qoʻl ostida mirzalik qilgan. Togʻasi oldida ikki yil ishlagach, mirzalik faoliyatini Kobud volosti qozisi Mulla Zubayr Yaxshiboy oʻgʻli qoʻlida davom ettiradi. Chunki bu paytda togʻasi qozilikdan boʻshatilgan. Mirza va qozilik bilan shugʻullanib, soʻng Jomboyda muftiylik darajasiga koʻtarilgan. Behbudiy Kabut boʻlisida 10 desyatina yerga egalik qilgan[5]. Oʻziga toʻq va badavlat kishidir.
Behbudiy 1899–1900-yillarda buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan birga Makka va Madinada haj safariga otlangan. Shu sababli Rossiya, Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Safar jarayonida sayohatning har qanday turi – poyezd, kema, otda va piyoda yurib dunyo kezgan. Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. 1914-yili ikkinchi marta haj safari chogʻida Shom, Quddus, Odessa, Istanbul va boshqa shaharlarni kezgan. Oʻz sayohati davridagi xotiralarini Samarqandda nashr etilayotgan Oyna jurnalining tahririyatiga yuborib turgan.
1903–1904-yillarda Moskva, Peterburg, Orenburg, Qozon va Qrimda boʻlgan. Maorif sohasida Rossiya va tatar arboblari tajribasini oʻrgangan. Ismoil Gaspirinskiy bilan uchrashuvi keyingi hayotiga taʼsir katta koʻrsatdi.
Faoliyati
tahrirBehbudiy 1903-yilda Samarqandning Jomboy tumaniga qarashli Rajabamin qishlogʻida „usuli savtiya“ maktabini ochadi. Bu maktab Abduqodir Shakuriy xonadonida tashkil etilgan. Maktab oʻquvchilarining katta qismi shahardan boʻlganligi va Rajabamin qishlogʻiga qatnash qiyinligi sababli keyinchalik bu maktabni Behbudiy oʻzining hovlisiga koʻchiradi. Shu davrda u maktab oʻquvchilari uchun bor qancha darsliklar yaratgan[6]. 1904-yilda „Risolayi asbobi savod“ („Savod chiqarish kitobi“), 1905-yilda „Risolayi jugʻrofiyayi umroniy“ („Aholi geografiyasiga kirish“), 1906-yilda „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ („Qisqacha umumiy geografiya“), 1908-yilda „Kitobatul atfol“ („Bolalar xati“), 1908-yilda „Amaliyoti islom“, 1909-yilda „Tarixi islom“ kitoblarini nashr ettirgan. „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ning toʻliq nomi „Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy va namunai jugʻrofiya“ boʻlib, uni chop etish uchun 1905-yilning 24-avgustida Sankt-Peterburg senzurasidan ruxsat olingan. Shundan soʻng 1906-yili Samarqanddagi G. I. Demurov matbaasida bosilgan. sahifalari soni 106 ta. Muallif ushbu „qadim fan“ga tegishli „turkiy, forsiy, arabiy, rusiy lugʻatlarga tasnif boʻlgan oʻttuz qadar qadim va jadid qutub va rasoili jugʻrofiya, tarixiy, hay’ati riyoziy, tabiiy“lardan va yana juda koʻp turli xildagi manbalardan foydalangan holda yozganini qayd etgan[7].
1907-yil 23-avgustda Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining madaniyat va turmush muammolariga bagʻishlangan qurultoyi chaqirilgan[8]. Qurultoyda Behbudiy turkistonliklar guruhini boshqargan va nutq soʻzlagan[9]. Shu yili Behbudiy Rossiya 3-Davlat Dumasining Musulmon fraksiyasiga „Turkiston madaniy muxtoriyati“ loyihasini koʻrib chiqish uchun joʻnatgan. Behbudiy loyihada Davlat dumasiga Turkiston musulmon aholisining nufuziga mos vakillar saylanishi, diniy idoraviy ishlarda erkinlikni, Turkistondagi mahalliydan tortib har qanday darajadagi boshqaruvda mahalliy xalq vakillarining ishtirok etishini taʼminlash, turkistonlik xalqlar uchun majburiy hamda bepul umumtaʼlimni joriy qilish, mahalliy aholi roziligisiz Turkistonga Rusiyaning turli hududlaridan aholi koʻchirilishini toʻxtatish, rus istilosi natijasida tortib olingan vaqf mulklarini qaytarish singari qatʼiy talablarni ilgari surgan. Loyihada yozilgan ism-sharifi hamda mansabi ostiga oʻz muhrini ham bosgan[10]. Biroq, uning bu loyihasi 3-Davlat Dumasi tomonidan eʼtiborsiz qoldiriladi[6].
Behbudiy 1913-yildan boshlab matbuot ishlari bilan shugʻullangan. Shu yilning aprelida „Samarqand“ gazetasiga asos solgan. Gazeta ikki tilda: oʻzbek va tojik tillarida, haftada 2-marta chop etilgan. Dastlab ikki sahifada boʻlgan gazeta 3-8-sonlarida sahifalari soni toʻrttaga yetkazilgan. 400-600 nusxada chop etilgan. 45-soni chiqqach, chor hukumatining tazyiqi hamda moddiy qiyinchiliklar tufayli nashr toʻxtagan[11]. Shu yilning 20-avgustidan „Oyna“ jurnali chiqara boshlagan. Haftalik nashrdan chiqqan bu jurnal asosan oʻzbekcha boʻlib, maqola (forscha), sheʼr, eʼlonlar (ruscha) ham berib borilgan. Sahifalarida illustratsiyalardan foydalanilgan. Jurnal Tatariston, Eron, Kavkaz, Afgʻoniston, Turkiya, Hindistongacha tarqalgan. „Oyna“ jurnalining sohasi keng qamrovli boʻlib, unda millatning tarixi, haq-huquqi, adabiyot hamda til masalalari, jahondagi ahvol toʻgʻrisida maqola va munozaralar berib borilgan. Jurnal faoliyati 20 oy davom etgan. Shu davr mobaynida 68 soni nashr etilgan. Behbudiy kitob nashrini ham yoʻlga qoʻygan. A. V. Pyakovskiy 1913-yili Behbudiy bosmaxonasida Fitratning „Bayonoti sayyohi hindi“ asarini rus tiliga tarjima qilib, nashr etgan[8]. Turli xildagi darslik hamda qoʻllanmalardan tashqari nashriyotda „Turkiston, Buxoro va Xivaning xaritasi“ni bosib chiqargan[12]. 1917-yili alloma safdoshlari – Fitrat, Ayniy, Ajziy, Muhammadquli Oʻrinboyev, A. Shomansur bilan birgalikda „Hurriyat“ roʻznomasini, „Zarafshon“ shirkatini hamda „Nashri maorif“ni tashkil etgan[13].
Behbudiy 1917-yilning 16-23-aprelida Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 150 nafar vakili qatnashgan qurultoyda ishtirok etib, nutq soʻzlagan. Nutqida musulmonlar orasidagi har qanday ixtiloflarga qarshi chiqqan. Ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishga chorlagan. Shunday kelishmovchiliklar tufayli „mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar“ deb ochiq soʻzlagan[8]. 1917-yilning 17-martida qabul qilingan Buxoro amirligida amir boshchiligida islohotlar oʻtkazish talabi toʻgʻrisidagi manifest mualliflaridan biri boʻlgan[14]. Behbudiy shu qurultoyda oʻlka musulmonlar shoʻrosining raisi etib saylangan.
1917-yil 26-noyabrda Behbudiy Qoʻqonda ish boshlagan oʻlka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyida qatnashgan. 27-noyabrga oʻtar kechasi "Turkiston muxtoriyati" eʼlon qilindi. Uning gʻoyaviy rahbarlari biri Behbudiy boʻlgan. Muxtoriyat shoʻrolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda koʻp tura olmay Toshkentga keladi.
Bu davrda jadidlar va milliy ziyolilar oldida uch tanlov mavjud boʻlgan: birinchisi: xorijiy davlatga chiqib ketish, ikkinchisi: qoʻlida qurol bilan oʻz fikr va gʻoyalarini himoya qilish, uchinchisi: yangi tuzilgan hukumat bilan murosa yoʻliga kirib, xalq taraqqiyoti, maʼrifati yoʻlida xizmat qilish boʻlgan. Turkiston jadidlarining yetakchisi boʻlgan Behbudiy xalq orasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan. Yangi tuzilgan hukumat ham buni yaxshi tushungan. Shu sababdan alloma yangi hukumat tarkibida milliy masalalar boʻyicha komissariat organlarida ishlashga rozilik beradi. Komissariatning turkiy millat masalalari boʻlimini boshqarish vazifasida faoliyat yuritgan. Hujjatni mutafakkir Toshxoʻja Ashurxoʻja imzolagan[15]. Behbudiyning oylik maoshi 700 rubl etib belgilangan. Komissar oʻrinbosari sifatida Behbudiy hududdagi maʼnaviy hamda maʼrifiy ishlarga mas’ul boʻlgan. Shu davrda uning tashabbusi bilan „Ishtirokiyun“ („Kommunist“) gazetasi nashr qilingan. Behbudiy nashr bosh muharriri vazifasiga Orif Klivliyevni tayinlagan[15].
Behbudiy 1918-yillari siyosatda faol boʻlgan. Arxiv hujjatlaridan olingan maʼlumotlarga qaraganda, 1918-yilning yozida Toshkentga borib Turkiston hukumatining Qurultoyida qatnashgan. Shuningdek, ocharchilikka barham berish va oziq-ovqat muammosini bartaraf qilishga oid maqolalarni eʼlon qilgan. Partiya va ijro organlarining mutasaddi rahbarlari bilan uchrashgan[15].
Kuz oylariga kelib Bebudiy sovetlar va kommunistlar olib borayotgan siyosat mafkurasi notoʻgʻri yoʻnalishdaligini anglab yetgan. Bu mafkura mahalliy xalqlar uchun zararli degan qarorga kelgan. Natijada 1918-yilning oktyabr-noyabr oylariga kelib vazifasidan ketishga qaror qilgan. Hujjatlarda koʻrsatilishicha, Turkiston komissarlar soveti raisi Malkovning imzosi bilan Mahmudxoʻja Behbudiy raislik qilgan sektor tarqatib yuborilgan. 1918-yilning 5-noyabridan boshlab sektor aʼzolariga taqdim qilingan tashviqot va targʻibot olib borish huquqini beruvchi hujjatlar bekor qilingan. Behbudiy ham tashkilotni tark etgan[15].
Ilmiy tadqiqotchilar fikricha Behbudiy shundan keyin haj safariga otlangan.
Dramaturgiya
tahrirBehbudiy ijodiy faoliyati davomida ikki pyesa yozgan. Biri nashr etilmagan[14]. 1911-yili birinchi oʻzbek dramasi boʻlgan „Padarkush yoxud Oʻqimagan bolaning holi“ asarini yozgan. Yozuvchi asar sarlavhasidan soʻng qavs ichida janr va mavzusini „Turkiston maishatidan olingan ibratnoma“ deb keltirgan. 3 parda 4 manzarali mazmunan sodda asarda oʻqimagan, nodon va johil bolaning oʻz otasini oʻldirgani haqida bayon etilgan. Asarning ilk qismlari Buxoroda chiqayotgan „Turon“ gazetasining 1913-yil 1- va 3-yanvar sonlarida bosilgan. Biroq gazeta yopilishi natijasida soʻnggi qismlari nashr etilmagan. „Padarkush“ asari Samarqand harbiy gubernatori, general-mayor Ilya Oleshilidzening koʻmagi va „matbuot ishlari Tiflis qoʻmitasi“ning 1913-yil 23-iyul sanali ruxsati bilan Samarqanddagi Gazarov va Siyanov matbaasida bosilib chiqqan[6][16]. Kitob muqovasiga „Borodino jangi va Rusiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubileyiga bagʻishlanadi“ degan yozuv qayd etilgan. Pyesa sahnaga chiqishi uchun yana bir yilcha vaqt ketgan. Asar 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda ozarbayjonlik rejissyor Ali Asqarov tomonidan „Qiroatxonai islomiya“ („Islom qiroatxonasi“) kutubxonalar zalida namoyish qilingan. 1914-yil 27-fevralda Abdulla Avloniy boshchiligida Toshkentda „Turon“ teatr truppasi tomonidan Kolizey maydonida qaytadan sahnalashtirilgan[17].
Toshkentdagi namoyish oldidan Munavvarqori Abdurashidxonov teatrning jamiyat oldidagi oʻrni va roli haqida nutq soʻzlagan. Boy rolini Abdulla Avloniyning oʻzi ijro etgan. „Turon“ teatr truppasi 1914—1916-yillarda „Padarkush“ spektaklini butun Fargʻona vodiysida namoyish etgan[18].
Drama 7-mayda ikkinchi marta sahnaga taqdim etilgan. „Oyna“ jurnalida yozilishicha ikkinchi namoyishda biletlar sotuvidan 384 soʻm 50 tiyin mablagʻ tushgan. Ushbu pulning 184 soʻm 50 tiyini spektaklning xarajatiga sarflangan. Ortgan 200 soʻmdan 110 soʻm qismi maktab islohi uchun, 15 soʻmi Buxoriy qishlogʻida joylashgan mulla Joʻraboy ochgan maktabga, 35 soʻmi Jomboy tumanidagi Bozoramin Hodixoʻja tashkil qilgan va muallim mulla Komil idorasidagi maktabga, 35 soʻmi Abduqodir Shakuriy maktabiga, qolgan 15 soʻmi esa „gorodskoy uchilishche“da oʻqitilayotgan musulmon bolalarga boʻlib berilgan[19].
Behbudiy roziligi bilan „Padarkush“ spektakli 1914-yil 5-martda Buxoroning „Turkiston“ saroyida Husayn Najib rahbarligida tatar sanʼatkorlari tomonidan sahnaga qoʻyilgan[20].
Ijtimoiy publitsistika
tahrirMahmudxoʻja Behbudiy oʻzining publitsistik faoliyatini 1902-yilda Turkistonda mahalliy tilda nashrdan chiqqan rasmiy „Turkiston viloyatining gazeti“dan boshlagan. Gasprinskiy 1904-yilda boʻlib oʻtgan rus-yapon urushi munosabati bilan „Tarjimon“ gazetasida musulmonlarni ushbu urushda qatnashayotgan rus hamda musulmon askarlariga yordam koʻrinishida pul, kiyim-kechak, oziq-ovqat toʻplab joʻnatishga daʼvat qilib bir qancha maqola yozgan. Behbudiy ham aynan shu mavzuda „Turkiston viloyatining gazeti“ roʻznomasida kichik maqola eʼlon qilgan. Maqolada Behbudiy Turkiston aholisiga musulmonlar nima uchun rus askarlariga hamda podsho hokimiyatiga yordam berishlari sababini tushuntiradi. Yozuvchi oʻz soʻzlarining isboti koʻrinishida „gazetlarda yozilib“ turgan „Qrim tarafidagi baʼzi shaharliklar“ mablagʻ va kiyim yigʻib yuborganliklari hodisasini misol tariqasi keltiradi. Behbudiy „gazetalar“ deganida aynan „Tarjimon“ gazetasini nazarda tutgan va „Tarjimon“da berilgan maʼlumotlardan foydalangan[21].
„Oyna“ jurnalining ilk sonidayoq Behbudiy „Ikki emas, toʻrt til lozim“ nomli maqolasini eʼlon qilib, oʻzbek, arab, tojik, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, fransuz) tilini bilish shart deya murojaat qilgan. Hurriyat gazetasida eʼlon qilingan „Haq olinur, berilmas“ maqolasida mustaqillikka faqat qoʻlga qurol olib erishish mumkinligini bayon qilgan. „Qozoq qarindoshlarimizgʻa ochiq xat“ maqolasida turli ixtiloflar ichidagi qozoq xalqini birlikka chaqiradi.
Ayni paytda tilning muhofazasi („Har millat oʻz tili ila faxr etar“ –1914, № 35), oʻzaro munosabatlari („Til masalasi“ – 1915, № 11,12) haqida muhim va zarur maqolalar chop etdi. Adabiy tanqidga jiddiy eʼtibor qilgan. Shiningdek, teng huquqlik masalasini ham koʻtargan („Tanqid saralamoqdir“ – 1914, № 27). Millat shaʼnini oyoqosti qiluvchi fikr va qarashlarni rad etib, Turkiston xalqini oʻz nomi bilan atash kerakligini talab qilib chiqqan („Sart soʻzi majhuldur“ 1915, № 22,23,25,26).
1913-yili yozilgan „Ehtiyoji millat“ maqolasida 30 yil muqaddam Samarqand hududidagi bitta Yomoni mahallasining oʻzida 300 alochabof ishchi boʻlgani taʼkidlangan. Ayni paytda ulardan bor-yoʻgʻi 30 kishi qolgani va yana 10 yildan soʻng qolgani ham tugab ketishi xavfi borligi qayd etilgan. „Bu ketishning oxiri yomondur, oʻqimoq va oʻqitmoq kerakdur. Otalardan bolalarga ilmi diniy va ilmi zamonaviy meros qolsun“ deydi alloma[22].
Behbudiy oʻzbek matbuoti tarixida maqolanavis sifatida oʻz oʻrniga ega[23]. Uning hozirgacha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi[24]. Ular turli xil mavzuda. Ilk maqolalaridan boshlab kommunistik mafkurani rad etgan, „xayoliy“, „bu toifaga qoʻshulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik“ deb yozgan edi („Xayrul umuri avsatuho“ – „Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidir“, „Xurshid“ gazetasi 1906-yil, 6-son). Oʻzlikni anglashni muhim biladi. "Qabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni "qulq „marquq“ derlar", deb yozadi („Sart soʻzi majhuldur“, „Oyna“ jurnali, 1914, № 23). 1917-yilning oxiri 1918-yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal boʻlayotgan bir paytda oʻlka xalqlarini birlikka chaqiradi.
Behbudiya kutubxonasi
tahrirBehbudiyning yurt obodligi yoʻlida boshlagan ijobiy ishlaridan biri „Behbudiya“ kutubxonasining tashkil etilishi boʻldi. Behbudiy birinchilardan boʻlib Samarqandda kutubxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan[25][26]. 1908-yil 11-sentabrda Samarqand hokimining rasmiy ruxsati bilan ushbu kutubxona „Yangi rasta“da ochilgan[27]. Biroq kutubxonaning ochilishi haqidagi xabar biroz avval chop etilgan. Bu haqda „Turkiston viloyatining gazeti“da xabar berilgan edi. 27 bobdan iborat boʻlgan dastur kutubxonaning barcha rasmiy masalalarini belgilab bergan. Kutubxonaga yillik aʼzolik badali 3 soʻmni tashkil etgan[28]. Kutubxonaning asosiy maqsadi mahalliy musulmon yoshlari va madrasa talabalarini zamonaviy ilmlar bilan shugʻullanishga undash boʻlgan.
Kutubxona faoliyatida Mahmudxoʻja Behbudiyga jadid maʼrifatparvarlari Hoji Muin, Vasliy Samarqandiy va pedagog Abduqodir Shakuriy yordam bergan. Tuzilish jihatdan xilma-xil va boy fondga ega boʻlgan. Chet el davlatlarda nashrdan chiqqan dunyoviy va diniy kitoblar, suratli jurnallar hamda gazetalar, ensiklopediya, lugʻatlar, xarita va atlaslardan oʻqib foydalanish mumkin boʻlgan. Kutubxonadagi kitoblar fondi dastlab 200, keyinroq 225 jildga yetgan. Kunda 14 soat davomida ishlagan. Ochilishidan 7 oy oʻtib, aʼzolari soni 125 kishiga yetgan. 1910-yillarga kelganda faoliyati soʻna boshladi. Bunga avvalo oʻlkadagi jadidlar va qadimchilar qarama-qarshiligi sabab boʻlgan. Mullalar ota-onalar bilan suhbatlashib, kofirxona sifatida u yerga borishni taqiqlab qoʻyadi. 1912-yilda sanoqli kishi kutubxonadan foydalangan. 1914-yildan moliyaviy qiyinchiliklar boshlanadi. 15 aʼzodan iborat yillik yigʻilish paytida kutubxonani saqlab qolish va iqtisodiy muammoni hal etish maqsadida spektakl qoʻyishga kelishib olinadi[29]. Teatr tomoshalari ham qadimchilar tomonidan rad etilgach, Kutubxona faoliyati tugaydi. Kutubxona 1908—1914-yillarda faoliyat yuritgan. Behbudiy kutubxonani oʻzining uyiga koʻchiradi va Behbudiya kutubxonasi deb nomlaydi. Keyinchalik u yerda chet elda nashr qilingan kitoblarni sotishni ham yoʻlga qoʻyadi va ularning roʻyxati "Oyna" jurnalida eʼlon qilib boriladi[30].
Vafoti
tahrir1919-yilda Favqulodda komissiya aygʻoqchilari koʻmagi bilan Shahrisabz bekligida Mahmudxoʻja Behbudiy va hamrohlari Muhammadquli Oʻrinboyev, Mardonquli Shomuhammedovlar qoʻlga olingan. Taxminan ikki oycha vaqt oʻtib, Qarshiga olib kelinib zindonga tashlangan. Qarshi begi Togʻaybekning buyrugʻi bilan bir necha kundan keyin Nuriddinxoʻja Ogʻaliq Ahmadxoʻja oʻgʻli tomonidan zindon yaqinida joylashgan „podsholik chorbogʻi“da qatl ettirilgan[31].
Allomaning qatl etilgani haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxt Samarqandga rosa bir yildan keyin yetib keladi[32]. Behbudiyning oʻlimiga bagʻishlab Abdurauf Fitrat „Behbudiyning sagʻanasin izladim“ sheʼrini, Sadriddin Ayniy „Behbudiy Afandini esga tushirib, qatl va qatlgohga xitoban“, „Behbudiy ruhiga ithof“ va Choʻlpon „Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasiga“ nomli marsiyalarini yozgan[33]. Behbudiy oʻlimi arafasida izdoshlariga vasiyatnoma yozib qoldirgani manbalardan maʼlum. (Unda Fitrat, Siddiqiy, Vadud Mahmud, Akobir Mahdum, Abdulqodir Shakuriy bilan birga Ayniyning nomi ham qayd etilgan). Soʻnggi maktubida „Maorif yoʻlida ishlayturgʻon mualimlarning boshini silangizlar! Maorifgʻa yordam etingiz! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangiz! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingiz! Hammaga ozodlik yoʻlini koʻrsatingiz!“ deb xitob qilgan[34].
Oilasi
tahrirMahmudxoʻja Behbudiy 1893-yilda uylanib, toʻrt oʻgʻil hamda bir qiz farzand koʻrgan.
Katta oʻgʻliga Maʼsudxon deb ism qoʻygan, u 1897-yili tugʻilgan. Mas’udxon ham eski maktabda, ham gimnaziyada tahsil olgan. Ulgʻaygach roʻznoma hamda nashriyotlarda tarjimon vazifasida ishlagan. 1933-yilda qatagʻon toʻlqini natijasida otasi Mahmudxoʻja Behbudiy „xalq dushmani“ deb eʼlon qilinadi. Maʼsudxon shundan soʻng taʼqibga uchrab Tojikistonga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi. Oʻsha yerda yashirin ravishda ijod bilan shugʻullangan. 1937-yilda oʻrta maktab oʻquvchilari uchun adabiyot boʻyicha ikki darslik hamda ikkita darslik xrestomatiyasini yozib nashr ettirgan[35].
Ikkinchi farzandi Maqsudxon 1911-yili tugʻilgan. Dastlab „usuli jadid“ maktabida oʻqigan. Keyin Bokuda joylashgan muallimlar tayyorlash kursida ikki yillik tahsilni tamomlagan. 1932-yili 21 yoshida vafot etgan[35].
Qizi Parvinaxon (Surayyoxon ham deyishgan) 1902-yili tugʻilgan. 10 yoshigacha Abduqodir Shakuriy tashkil qilgan „usuli jadid“ maktabida oʻqigan. Keyinchalik Parvina asosan uyda tahsilni davom ettirib, muallimlardan fransuz va rus tillaridan saboq olgan. Ikki qizi yoshlik chogʻida vafot etgan. Oʻzi xalq dushmanining qizi tamgʻasi ostida kun kechirgan. 1987-yili vafot etgan[35].
Toʻrtinchi farzandi Matlubxon 1914-yili tugʻilgan. 1942-yilda Ikkinchi jahon urushiga safarbar qilingan. Urush davrida bedarak yoʻqolgan[35].
Faoliyatini tadqiq qilish
tahrirXX asrning 20-yillarida Hoji Muin Shukrullo oʻgʻli, Sadriddin Ayniy, Laziz Azizzoda singari zamondoshlari tomonidan bir qancha maqolalar yozilgan. Alloma hayoti va faoliyatini yoritishda 1922-1923-yillarda Hoji Muin muharrirlik qilgan „Mehnatkashlar tovushi“ hamda „Zarafshon“ (1923) gazetalarida eʼlon qilingan maqolalari muhim ahamiyatga ega. Behbudiy hayoti va faoliyatini yoritishda keyinchalik Ahmad Aliyev, Solih Qosimov, Naim Karimov, Begali Qosimov, Sherali Turdiyev, Sirojiddin Ahmedov, Ulugʻbek Dolimov, Bahodir Karimov, Shuhrat Rizayev, Nurboy Jabborov, Zaynobiddin Abdirashidov kabi koʻplab jadidshunos olimlar izlanish olib borgan[17]. Germaniyadagi Humbolt universiteti professori, turkshunos olim Ingebord Baldauf Behbudiyning haj safariga oid kundaliklarini nemis tiliga tarjima qilish bilan shugʻullangan[36]. Ingebord Baldauf „Mahmudxoʻja Behbudiy – Falastinda“ nomli maqola yozgan[2]. 2023-yilda Naim Karimov „Mahmudxoʻja Behbudiy“ monografiyasini nashr etgan.
Nashr qilingan asarlari
tahrir- Behbudiy. „Padarkush“. „Sharq yulduzi“ jurnali, 1989, 7-son.
- Behbudiy. „Ehtiyoji millat“. „Sovet Oʻzbekistoni“ gazetasi, 1989.
- Behbudiy. „Bayoni haqiqat“. „Fan va turmush“. 1992, 5-son.
- Behbudiy. „Yoshlarga murojaat“, „Ikki emas, toʻrt til lozim“. „Tafakkur“ jurnali, 1994, 1-son.
- Behbudiy. Tanlangan asarlar. T.: Maʼnaviyat, 1997, 1999.(ikkinchi nashri)
Xotira
tahrir- Qarshi shahri 1926–1937-yillar davomida Behbudiy nomi bilan atalgan[37];
- 1977-yilda „Saylanma“ asarlari chop etilgan;
- Behbudiy asarlari Oʻzbekistondagi darslik va oʻquv qoʻllanmalariga kiritilgan;
- Toshkent va Samarqand shaharlaridagi koʻcha va maktablarga nomi berilgan;
- 2006-yilda Samarqandda yodgorlik oʻrnatilgan;
- Tojikistonning Xoʻjand shahrida Behbudiy sharafiga gimnaziya ochilgan;
- 2020-yilda Oʻzbekistonda allomaning 145 yillik tavalludi nishonlangan;
- Toshkentdagi Adiblar xiyobonida Behbudiyga haykal qoʻyilgan[38];
- 2002-yilda rejissyor Baqo Sodiqov Behbudiy haqida film suratga olishni boshlagan[39], keyinchalik bu ish toʻxtatilgan. 2020-yilda suratga olish ishlari qayta tiklandi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan premyera oʻsha yilning 8-dekabrida boʻlib oʻtgan[40];
- 2021-yilning 18-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-apreldagi 206-sonli qarori asosida Samarqand shahrida Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi tashkil qilingan[41].
- 2021-yilda Turkiyaning TRT Avaz telekanali „Köklerin İzinde“ turkumi ostida turkiy dunyo ziyolilarining hayoti va faoliyati yoritilgan filmlar suratga olgan. Filmning 17-qismi allomaga bagʻishlanib, „Mahmud Hoca Behbudi“ deb nomlangan[42];
- 2024-yilning 22-noyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot taʼsis etish haqida qarori imzolangan[43][44];
Yana qarang
tahrirManbalar
tahrir- ↑ Д.Алимова, А.Рашидова. Маҳмудхўжа Беҳбудий ва унинг тарихий тафаккури. Тошкент: Академия нашриёти, 1999 — 7-bet.
- ↑ 2,0 2,1 Abdirashidov, Z. Mahmudxo‘ja Behbudiy. Toshkent: Yoshlar nashriyot uyi, 2022. ISBN 978-9943-6682-2-5.
- ↑ Авазов Н. Маҳмудхўжа Беҳбудий — маърифатпарвар. Тошкент: 1993 — 1-bet.
- ↑ Ҳожи Муин. Танланган асарлар. Тошкент: Маънавият, 2005 — 19-bet.
- ↑ Qahramon Rajabov. O'zbekiston XX asrda. Toshkent: Fan, 2024 — 120-bet. ISBN 978-9943-15-685-2.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 Наим Каримов. Маҳмудхўжа Беҳбудий. Тошкент – 2010 — 22-bet. Qaraldi: 28-noyabr 2024-yil.
- ↑ Begali Qosimov „Mahmudxo’ja Behbudiy“. kh-davron.uz. Xurshid Davron kutubxonasi (2014-yil 19-yanvar). Qaraldi: 20-dekabr 2024-yil.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 М.Хайруллаев. Маънавият юлдузлари. Абдулла Қодирий номидаги халқ мероси нашриёти, 1999 — 357-bet. ISBN 5-86484-072-6. Qaraldi: 29-noyabr 2024-yil.
- ↑ Маҳмудхўжа БЕҲБУДИЙ. ЁШЛАРҒА МУРОЖААТ. Тошкент: «Маънавият», 2022 — 9-bet. ISBN 978-9943-04-428-9.
- ↑ Temur XO‘JAO‘G‘LI „Muxtoriyat loyihasi“. jadid.uz. Qaraldi: 5-dekabr 2024-yil.
- ↑ Бегали Косимов (1990). „Карвонбоши“. Ёшлик. № 1. 64-bet. Qaraldi: 3-dekabr 2024-yil.
{{cite magazine}}
: CS1 maint: date format () - ↑ Naim Karimov „ЖАДИД АДАБИЁТИНИНГ АСОСЧИСИ“. kh-davron.uz. Qaraldi: 17-dekabr 2024-yil.
- ↑ М.БЕҲБУДИИ МЕРОСИНИНГ МИЛЛИЙ ҒОЯ ТАРҒИБОТИДАГИ АҲАМИЯТИ. Тошкент: 2014 — 10-bet.
- ↑ 14,0 14,1 Ираж Баширий. „МАҲМУДХЎЖА БЕҲБУДИЙ“. Qaraldi: 2024-yil 17-dekabr.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 15,3 „Маҳмудхўжа Беҳбудий ҳаётининг номаълум саҳифалари“. uzanalytics.com (25-fevral 2020). Qaraldi: 12-dekabr 2024-yil.
- ↑ Дўстқораев Б (2002 йил 11 январь). „"Падаркуш"нинг ғаройиб саргузаштлари“. Ўзбекистон адабиёти ва санъати.
{{cite magazine}}
: sana kiritilishi kerak boʻlgan parametrga berilgan qiymatni tekshirish lozim:|date=
(yordam) - ↑ 17,0 17,1 Шуҳрат Ҳайитов „Маҳмудхўжа Беҳбудий – она юрт фидойиси“. uza.uz. Qaraldi: 29-noyabr 2024-yil.
- ↑ Маҳмудхўжа Беҳбудий. Танланган асарлар. Тошкент, Маънавият, 1999 — 12-bet.
- ↑ Шуҳрат Ризaев (1994). „"Падаркуш" ёхуд Самарқанд тарихидан лавҳалар“. “Ватан” газетаси. № 39.
- ↑ „Махмудходжа Бехбуди“. mytashkent.uz. Qaraldi: 12-dekabr 2024-yil.
- ↑ Z. ABDIRASHIDOV. XX. Asrning Turkiy Dunyoning İkki Buyuk Intellektuali Ismail Gasprnskiy va Mahmudho'ja Behbudiy. Qaraldi: 15-dekabr 2024-yil.
- ↑ Нафас Шодмонов „Беҳбудийнинг васияти“. belgium.mfa.uz. O'zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi. Qaraldi: 20-dekabr 2024-yil.
- ↑ „Маҳмудхўжа Беҳбудий“. muxtoriyat.uz. Qaraldi: 5-dekabr 2024-yil.
- ↑ Haydarov A. “Zarafshon”ning Behbudiysi”. Sahhof, 2020 — 12-bet. ISBN 978-9943-6664-7-2. Qaraldi: 4-dekabr 2024-yil.
- ↑ „Sud tizimida raqamlashtirish keng joriy qilinadi“ (uz-Latn-UZ). https://yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
- ↑ „Mahmudxoʻja Behbudiy: turkiston jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi, milliy maʼrifat rahnamosi“ (uz-Latn-UZ). https://yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
- ↑ „Turkiston jadidchilik namoyondasi Mahmudxo’ja Behbudiy“. cyberleninka.ru. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Egamqulova, Nodira „Behbudiya kutubxonasi: 114 yil avval Samarqandda ochilgan, kuniga 14 soatlab ishlagan va… qarovsiz qolib yopilgan“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
- ↑ Абдурашидов, З. Исмаил Гаспринский и Туркестан в начале XX века: связи-отношения-влияние. Toshkent: Akademnashr, 2011 — 267-bet.
- ↑ „Mahmudxoʻja Behbudiy“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
- ↑ „Mahmudxoʻja Behbudiy“. jadid.uz. Qaraldi: 12-dekabr 2024-yil.
- ↑ „Mahmudxo‘ja Behbudiy“. oz.sputniknews.uz. Qaraldi: 23-noyabr 2024-yil.
- ↑ Nilufar Mirsaidova (2024). „Mahmudxo'ja Behbudiy - buyuk ma'rifatparvar, yozuvchi,“. Tamaddun nuri. № 6. 113-118-bet. Qaraldi: 23-noyabr 2024-yil.
{{cite magazine}}
: CS1 maint: date format () - ↑ Hoji Muin (1922). „Mufti Mahmudxo'ja Behbudiy hazratlarining qanday shahid bo'lg'anlig'i va aning tomonidan yozilg'an vasiyatnoma“. Inqilob. № 1.
- ↑ 35,0 35,1 35,2 35,3 Toʻraxoʻjayeva, Raʼno „Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yilligi oldidan: Ulug‘ alloma shajarasi“. zarnews.uz. Qaraldi: 28-noyabr 2024-yil.
- ↑ Z.Ahrorova (27-mart 2024). „Mahmudxoʻja Behbudiyning pedagogik merosi“. Zamonaviy pedagogika va psixologiyaning dolzarb muammolari. Qaraldi: 20-dekabr 2024-yil.
{{cite magazine}}
: CS1 maint: date format () - ↑ Азиз Ҳакимов „Маҳмудхўжа Бeҳбудий: туркистон жадидчилик ҳаракатининг йўлбошчиси, миллий маърифат раҳнамоси“. yuz.uz. Qaraldi: 23-noyabr 2024-yil.
- ↑ „“Zarafshon”ning Behbudiysi” kitobi nashr etildi“. uza.uz. Qaraldi: 4-dekabr 2024-yil.
- ↑ „18 yil «zapret»da boʻlgan «Mahmudxoʻja Behbudiy» filmi premyerasi oʻtkazildi“. https://xs.uz/uz. xalq so'zi. 2023-yil 20-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-fevral.
- ↑ „В Бухаре завершаются съемки фильма о Махмудходже Бехбудий“. 2020-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 27-sentyabr.
- ↑ ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ВАЗИРЛАР МАҲКАМАСИНИНГ ҚАРОРИ. „LexUZ / Ўзбекистон Республикаси Адлия вазирлиги қошидаги “Адолат” миллий ҳуқуқий ахборот маркази давлат муассасаси“ (Ўзбекча(кирил)) (2021-yil 13-aprel). Qaraldi: 2022-yil 13-aprel.
- ↑ Köklerin İzinde 17. Bölüm (Mahmud Hoca Behbudi) YouTubeda
- ↑ „„Театрларнинг жамият маданий ҳаётидаги аҳамиятини ошириш ва улар фаолиятини янада қўллаб-қувватлаш чора-тадбирлари тўғрисида“ Президент қарори (ПҚ-399-сон)“. lex.uz. Qaraldi: 5-dekabr 2024-yil.
- ↑ „Mahmudxo‘ja Behbudiy va Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etiladi“. jadid.uz. Qaraldi: 5-dekabr 2024-yil.
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbek sovet ensiklopediyasi. 2-jild. T., 1979.
- Qosimov B., Behbudiy va jadidchilik. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1990-yil 19,26-yanvar.
- Qosimov B., Behbudiy Karvonboshi. „Yoshlik“ jurnali, 1990-yil, 1-son.
- Qosimov B., Maslakdoshlar. Behbudiy. Ajziy. Fitrat, T., 1994;
- Aliyev A. Mahmudxoʻja Behbudiy. T., 1994.
- Ahmedov S. Oʻlimdan qoʻrqmagan mutafakkir. „Sovet Oʻzbekistoni sanʼati“, 1989-yil, 2-son.
- Rizaev Sh. „Padarkush“ yohud Samarqand tarixidan lavhalar". „Vatan“ gazetasi, 1994-yil, 39-son.
Havolalar
tahrir- "Mahmudxo'ja Behbudiy" hujjatli filmi YouTubeda
- Köklerin İzinde 17. Bölüm (Mahmud Hoca Behbudi) YouTubeda
- Маҳмудхўжа Беҳбудий ўлими ёхуд фитна “санъати” YouTubeda
- Маҳмудхўжа Беҳбудий ҳаёти ва ижоди YouTubeda
- "Истиқлол фидойилари": Ўзбек халқининг асл фарзанди Маҳмудҳўжа Беҳбудий YouTubeda
- Маҳмудхўжа Беҳбудий таваллудига бағишланган халқаро анжуман YouTubeda
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |