Behbudiya kutubxonasi
Behbudiya kutubxonasi (Kutubxonai Behbudiy[1]) – Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan Samarqandda tashkil etilgan kutubxona[2][3]. Kutubxona 1908—1914-yillarda faoliyat yuritgan.
Behbudiya kutubxonasi | |
---|---|
Tip | Jamoat kutubxonasi |
Mamlakat | O'zbekiston |
Manzil | Yangi rasta, Samarqand |
Tarixi | |
Asoschisi | Mahmudxo'ja Behbudiy |
Asos solingan sanasi | 1908-yil 11-sentyabr |
Tugatilgan sanasi | 1914-yil |
Fond | |
Kitoblar soni | 1500 |
Xizmat koʻrsatishi | |
Obunachilar soni | 125 |
Behbudiyning ijobiy ishlaridan biri „Behbudiya“ kutubxonasining tashkil etilishi boʻldi. Behbudiy birinchilardan boʻlib Samarqandda kutubxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan. 1908-yil 11-sentabrda Samarqand hokimining rasmiy ruxsati bilan ushbu kutubxona „Yangi rasta“da ochilgan[4]. Biroq kutubxonaning ochilishi haqidagi xabar biroz avval chop etilgan. Bu haqda „Turkiston viloyatining gazeti“da xabar berilgan. 27 bobdan iborat boʻlgan dastur kutubxonaning barcha rasmiy masalalarini belgilab bergan. Kutubxonaga yillik aʼzolik badali 3 soʻmni tashkil etgan[5][6]. Kutubxonaning asosiy maqsadi mahalliy musulmon yoshlari va madrasa talabalarini zamonaviy ilmlar bilan shugʻullanishga undash boʻlgan.
Kutubxona faoliyatida Mahmudxoʻja Behbudiyga jadid maʼrifatparvarlari Hoji Muin, Vasliy Samarqandiy va pedagog Abduqodir Shakuriylar yordam berib borgan. Ayni paytda kutubxona tuzilish jihatdan xilma-xil va boy fondga ega boʻlgan. Chet el davlatlarda nashrdan chiqqan dunyoviy va diniy kitoblar, suratli jurnallar hamda gazetalar, ensiklopediya, lugʻatlar, xarita va atlaslardan oʻqib foydalanish mumkin boʻlgan. Kutubxonadagi kitoblar fondi dastlab 200, keyinroq 225 jildga yetgan. Kutubxona kunlik 14 soat davomida faoliyat olib borgan. Ochilishidan 7 oy oʻtib, aʼzolari soni 125 kishiga yetgan. 1910-yillarga kelganda faoliyati susaya boshlagan. Bunga avvalo oʻlkadagi jadidlar va qadimchilar qaram-qarshiligi sabab boʻlgan. Mullalar ota-onalar bilan suhbatlashib, kofirxona sifatida u yerga borishni taqiqlab qoʻyishgan. 1912-yilda sanoqli kishi kutubxonadan foydalangan. 1914-yilga kelib moliyaviy qiyinchiliklar boshlanadi. 15 aʼzodan iborat yillik yigʻilish paytida kutubxonani saqlab qolish va iqtisodiy muammoni hal etish maqsadida spektakl qoʻyishga kelishib olinadi[7]. Teatr tomoshalari ham qadimchilar tomonidan rad etilgach, Kutubxona faoliyati tugaydi. Behbudiy kutubxonani oʻzining uyiga koʻchiradi va uni Behbudiya kutubxonasi deb nomlaydi. Keyinchalik u yerda chet elda nashr qilingan kitoblarni sotishni ham yoʻlga qoʻyadi va ularning roʻyxati Oyna jurnalida eʼlon qilib boriladi[8][9].
Mahmudxoʻja Behbudiy qatl etilganidan soʻng kutubxona taqdiri bilan qiziquvchi hech kim topilmagan. „Turkiston“ gazetasida keltirilgan „Samarqanda Behbudiy kutubxonasi“ maqolasida keltirilishicha, kutubxonadan mas’ul ishchilar ham xabar olmay qoʻygan va 1500 dan ortiq (659 dona musulmoncha, 923 dona ruscha) kitoblar ahvoli nomaʼlumligicha qolgan[10].
Manbalar
tahrir- ↑ „Behbudiy kutubxonasida kitobxonga qand choy berilgan ⋆ WWW.MALUMOT.RU - Malumotlar bazasi“ (ru-RU). WWW.MALUMOT.RU - Malumotlar bazasi (2021-yil 20-fevral). Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
- ↑ „Sud tizimida raqamlashtirish keng joriy qilinadi“ (uz-Latn-UZ). https://yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
- ↑ „Mahmudxoʻja Behbudiy: turkiston jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi, milliy maʼrifat rahnamosi“ (uz-Latn-UZ). https://yuz.uz. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
- ↑ „Turkiston jadidchilik namoyondasi Mahmudxo’ja Behbudiy“. cyberleninka.ru. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.[sayt ishlamaydi]
- ↑ Egamqulova, Nodira „Behbudiya kutubxonasi: 114 yil avval Samarqandda ochilgan, kuniga 14 soatlab ishlagan va… qarovsiz qolib yopilgan“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
- ↑ „BEHBUDIY KUTUBXONASI TAQDIRI“. 2023-yil 3-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 3-oktyabr.
- ↑ Абдурашидов, З. Исмаил Гаспринский и Туркестан в начале XX века: связи-отношения-влияние. Toshkent: Akademnashr, 2011 — 267-bet.
- ↑ „Mahmudxoʻja Behbudiy“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.
- ↑ Mahmudxoʻja Behbudiy (Jadidlar toʻplami) (Oʻzbekcha). Yoshlar nashriyot uyi., 2022 — 68-bet.
- ↑ Avazova M, Xolmamatov P „Birinchi o'zbek dramasi yaralilishiga sabab bo'lgan kutubxona tarixiga nazar“. Qaraldi: 23-sentabr 2023-yil.