Hoji muin Shukrullo oʻgʻli (1883.15.3, Samarqand - 1942.27.7, Rossiya, Perm viloyati Solikamsk shahri) — maʼrifatparvar, shoir. 1901-yilda haj safaridan qaytgach, maktab ochib, bolalarni oʻqitgan. Avval eski usulda, 1903—16 yillar yangi usulda muallimlik qilgan. Ilg’or jadid muallimi sifatida tanilgan. "Rahnamoi savod" alifbe darsligini yozgan (1908). "Samarqand" gazeti va "Oyna" jurnalida ishlagan (1913—15). Rossiyada mardikorlikda boʻlgan (1916—17). Samarqandga qaytgach, "Hurriyat" (1917— 18), "Mehnatkashlar oʻqi", "Mehnatkashlar tovushi" (1918—22), "Zarafshon" (1922 — 26), "Ovozi tojik" (1926-29) gazetalari, "Tayoq" (1919), "Mashrab" (1922—26), "Mushfiqiy" (1926—29) jurnallarida ishlagan. 1929-yilning 29-sentabrdan 3 yil Sibirda surgunda boʻlgan. Surgundan qaytgach, Oʻzbekiston davlat nashriyotining tojik boʻlimida adabiy xodim (1932— 34), "Qizil Yulduz" gazetasining muxbiri (1934-37). 1938-yil 24-yanvarda nohaq hibsga olinib, NKVD qoshidagi uchlik hukmi bilan 10 yilga qamalgan. Hukmni oʻtash chogʻida halok boʻlgan.

H. Muinning ijodi 1900-yillardan sheʼrlar yozish bilan boshlangan. "Nahif" (Ojiz), "Mehriy" taxalluslari bilan anʼanaviy mavzularda sheʼrlar yozgan. 1908-yilda ijodiy qarashlarida keskin burilish boʻlib, M. Behbudiy taʼsirida maʼrifatparvarlik ruhida sheʼrlar va publitsistik maqolalar yoza boshlagan. "Guldastai adabiyot" (1914), "Yangi adabiyot" (1915) sheʼriy toʻplamlarini chop ettirgan. Fitratning "Munozara" asarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan (1913). turkiston matbuotida publitsistik maqolalari bilan faol qatnashgan. 1914-yilda Nusratullo Qudratullo oʻgʻli bilan "Toʻy" pyesasini yozgan va chop ettirgan. "Toʻy" M. Behbudiyning "Padarkush"idan keyin sahnalashtirilgan 2-oʻzbek pyesasidir. "Eski maktab — yangi maktab", "Koʻknori", "Mazluma xotin" pyesalarini yozib, ularni alohida kitob holida chop ettirgan (1915).

As.; Tanlangan asarlar, T., 2005.

Adabiyot

tahrir
  • Ziyo Said, Oʻzbek vaqtli matbuot tarixiga materiallar [Tanlangan asarlar|, T, 1974.

Rustam Tojiboyev.