Abdurauf Fitrat

oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir (1886–1938)
(Fitratdan yoʻnaltirildi)

Abdurauf Fitrat (1886, Buxoro shahri, Buxoro amirligi — 4-oktyabr, 1938, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, Oʻrta Osiyo jadidchiligining taniqli vakili, birinchi oʻzbek professori (1926)[1]. Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. Turkiyada taʼlim olgan. Inqilobga qadar Oʻrta Osiyoni Rossiyadan ozod qilinishi harakatlarida faol qatnashgan, politsiya nazorati ostida boʻlgan. Turkiyadagi „Yosh turklar“ harakatidan ilhomlanib, Buxoroda „Yosh buxoroliklar“ partiyasini tuzgan, uning maʼnaviy rahnamosiga aylangan. Doʻsti va maslakdoshi Munzim bilan hamkorlikda buxorolik 70 nafar yosh turkistonliklarni Germaniyaning bir qator oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborgan (1922)[2].

Abdurauf Abdurahmon oʻgʻli Fitrat
Tavalludi 1885
Buxoro shahri, Buxoro amirligi
Vafoti 5-oktyabr 1938 Toshkent, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi

Buxoro amirligi,
Turkiston Muxtoriyati,

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi,
SSSR
Millati oʻzbek
Mukofotlari Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (vafotidan keyin) (1991-yil 25-sentabr),
“Mustaqillik” ordeni
Abdurauf Fitratning imzosi

Hayoti

tahrir

1886-yilda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan, adibning otasi savdogarchilik bilan shugʻullangan boʻlib, 1918-yilgacha Qashqarda turib qoladi. Yosh Abdurauf asosan onasi Mustafo Bibi (Bibijon) tarbiyasida qoladi, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi yirik shoirlarning gʻazallarini tinglaydi.[3] Dastlab eski maktabda, keyinchalik, Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1902-1903-yillarda haj safariga chiqqan, uni ado etgach Arabiston, Anatoliya (zamonaviy Turkiya), Kavkazorti, Eron, Afgʻoniston, Hindiston boʻylab sayohat qilgan. 1906-1908-yillarda Rossiyaning Qozon, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Moskva, Petrograd shaharlarida boʻlgan. XX asr boshlarida vujudga kelgan „Tarbiyai atfol“ jamiyati koʻmagida 1908-1913-yillarda Istanbuldagi Voizon madrasasida tahsil olgan va qizgʻin ijod qilgan. Madrasada unga mudarris Yusuf Akchura taʼlim bergan[4].

 
Fitrat (oʻrtada) maslakdoshlari bilan. Buxoro. tm. 1908-yil

19081913-yillarda Turkiya dorilfununida oʻqiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-oʻqituvchilarni hayratga soladi. Unga Fitrat — Donishmand taxallusini beradilar. Fitratning dastlabki maqolalari „Hikmat“ jurnalida bosilgan. Oʻzi esa Rossiya imperiyasidan kelgan muhojirlar bilan aloqa bogʻlagan. Fitratning Usmonlilar poytaxtida oʻtkazgan toʻrt yili Bolqon urushi va Yosh turklarning konstitutsiyaviy inqilobiga toʻgʻri keldi.

Fitrat oʻqishni Istanbulda davom ettirib yurgan kezlarida, hamyurtlari bilan birgalikda „Buxoro ta’limi maorif jamiyati“ni tuzgan. Bu jamiyat buxoroliklarning oʻzaro moddiy-maʼnaviy uyushmasi vazifasini bajargan hamda Buxoro va Turkiston maorifining olgʻa siljishiga doir bir qator ishlarni amalga oshirgan. Bu davrda Turkiya „Yosh turklar“ inqilobidan mast davrni oʻz boshidan kechirardi. Turkiyadagi bunday inqilobiy muhit albatta yosh Fitratga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. U siyosat maydoniga shoʻngʻib ketdi. Bu yerda Fitrat Sharq adabiyoti, sanʼati, tarixini chuqur va atroflicha oʻrganadi. Ilgʻor taraqqiyparvar turk adabiyoti vakillari, turk adabiyoti orqali esa Gʻarb adabiyoti bilan yaqindan tanishadi. Gʻarb va Sharq xalqlari madaniyati, adabiyotlari oʻrtasidagi farqlarni oʻz koʻzi bilan koʻradi, uning sabablarini teranroq anglaydi.

Faoliyati, jadidchilik va hurriyat orzusi

tahrir
Mirrix yulduziga

Goʻzal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqgʻani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlargʻa tushibsan;
Tuvgʻaningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
Soʻyla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda boʻlib turgʻan tubanliklar, xoʻrliklar,
Soʻyla, yulduz, sening dagʻi quchogʻingda boʻlurmi?

* * *

Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
Oʻrtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin toʻymay yegan qoplonlar?
Bormi senda, oʻksuz yoʻqsulning qonin —
Gurunglashib, chogʻir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
Oʻz qopchigʻin toʻldirgʻali buzgʻanlar.
Bormi senda bir oʻlkani yondirib,
Oʻz qozonin qaynatgʻuchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yoʻlida
Elin, yurtin, borin-yoʻgʻin sotqonlar?

Qayta nashrida 1920-yil sanasi koʻrsatilgan[5].

Fitrat vataniga qaytgach, Buxoro jadidlarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni maʼrifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kurashdi, xususan u Buxoroning turli tumanlarida oʻqituvchilik qilib, jadidchilik gʻoyalarini keng targʻib etdi. 1915-yildan „Yosh buxoroliklar“ harakatining soʻl qanotiga boshchilik qildi. 1916-yilga qadar buxorolik jadidlar yakdil va yagona jabha boʻlib ish olib borgan boʻlsalar, keyinchalik ular ikkiga boʻlinib ketadilar. Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi jadidlarning bir qismi eski tarzda faqat maʼrifat-madaniyat tarqatish yoʻlini tutgan boʻlsa, ularning boshqa boʻlagi Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev kabi chet mamlakatlarda oʻqib kelgan yoshlar omma oʻrtasida maʼrifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar. Bunday boʻlinishning asosiy sabablari:

  • Turkiston oʻlkasi, shu jumladan Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatning ogʻirligi, rus podshosi va amirlikning ikki yoqlama zulmkorlik siyosati;
  • bolsheviklarning mahalliy xalq oʻrtasida yurgizgan tashviqot va targʻibotlari taʼsiriga ishonuvchanlik;
  • mahalliy xalq vakillarining siyosiy vakuumda saqlanganligi, ularning siyosat borasidagi gʻoyaviy-nazariy saviyasining yetarli darajada rivojlanmaganligi.

Fitrat 1917-yilgi fevral voqealaridan soʻng jadidlarning Buxorodagi ahvoli murakkablashgach, Samarqandga koʻchib borib 1917-yil aprelidan 1918-yil martigacha chiqib turgan „Hurriyat“ gazetasiga muharrirlik qiladi (1917-yilgi 27-sonidan 1918-yilgi 87-sonigacha), gazeta ishlarini rivojlantirish maqsadida Fitrat nashriyotga Oʻrta Osiyo jadidchiligining dargʻasi, muftiy Mahmudxoʻja Behbudiyni taklif etadi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda Fitrat shu-yillarda „Ittihodi taraqqiy“ tashkiloti Eski Buxoro boʻlimining raisi ham boʻlgan.

1917-yilning oktyabr oyini „Yurt qaygʻusi“ deb baholadi. Ammo nurli kelajakdan umid uzmadi. 1917-yil 27-noyabrda eʼlon qilingan Turkiston Muxtoriyatini soʻngsiz mehr bilan qarshi oldi. Hatto 27-noyabrni „Milliy laylatulqadrimiz“ deb atadi. Ammo uning bu quvonchi uzoqqa choʻzilmadi, 1918-yilning 19-20-fevralida Turkiston muxtoriyati bolsheviklar va armanlarning „Dashnaksutyun“ partiyasi tomonidan qonga botirildi. Bu voqea tarixda „Qoʻqon voqeasi“ nomini olgan.

1918-yil martdagi Kolesov voqeasidan keyin u Toshkentga keldi. Dastlab Xadradagi maktabda, may-iyun oylaridan boshlab Turkiston musulmon dorilfununi qoshida tashkil topgan dorulmualliminda til va adabiyotdan dars berdi. 1919-1920-yillarda Afgʻoniston amirligining Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qildi.

Toshkentda u asosan ilmiy, ijodiy maʼrifiy ishlar bilan koʻproq band boʻldi. Bir qator darsliklar tuzdi, „Chigʻatoy gurungi“ nomli ijtimoiy-adabiy tashkilot tuzib, unda faol ishtirok etdi. 1920-yil 9-aprelda „Tong“ jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhiyatida tarbiyalashga kirishdi. „Tong“ jurnalining shiori boʻlgan: „Miya oʻzgarmaguncha boshqa oʻzgarishlar negiz tutmas!“ soʻzlari Fitratning shu-yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini toʻla ifodalaydi. Jurnalda „Chigʻatoy gurungi“ aʼzolarining deyarli barchasi ishtirok etdi. Afsuski, jurnal ishi 3-sondan keyin toʻxtab qoldi.

Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topishi bilan Fitrat 1921-yilda Buxoroga taklif qilinadi va shu-yildanoq maorif noziri vazifasida ish boshlaydi. 1922-yilda xorijiya (tashqi ishlar) noziri, Xalq xoʻjaligi Kengashi raisi, Markaziy Ijroya Qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Xalq nozirlari shoʻrosi raisi oʻrinbosari, Hukumat plan va smeta tashkiliy hay’atining raisi, BXSR mehnat kengashining Prezidium aʼzosi va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. Ikki yil davomida Buxoro Xalq Respublikasida taʼlim vaziri va iqtisodiy rivojlanish kengashining rahbari sifatida faoliyat yuritgan. U shu davrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mablagʻlari hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib oʻqishi, Buxoroda Sharq musiqasi maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyatga doir xalq qoʻlida sochilib yotgan noyob qoʻlyozmalarni toʻplashda tashabbuskor boʻldi. Fitratning saʼy-harakatlari bilan Buxoro Xalq Sovet Respublikasida turk (oʻzbek) tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Davlat teatri tashkil qilinib, bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan Mannon Uygʻur va Choʻlpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa Munavvar Qori Abdurashidxonov taklif etildi (1921).

Ammo 1923-yilda Yan Rudzutak boshchiligida Moskvadan kelgan komissiya Fitratni ishdan olib, Rossiyaga „chaqirib olingan“ deb eʼlon qildi va Fitrat 1923—1927-yillarda Moskvadagi Sharqshunoslik instituti (1921-yilgacha Sharq tillari instituti deb nomlangan)da ishladi, ilm bilan shugʻullandi. Leningrad Davlat universitetining Sharq fakultetida Turk, arab, fors tili va adabiyoti, madaniyatidan talabalarga dars berdi. Leningrad Davlat universiteti professorligiga saylandi. „Abulfayzxon“, „Bedil“, „Qiyomat“, „Shaytonnig Tangriga isyoni“ kabi asarlar yozib, chop ettirdi. 1927-yilning boshida Rossiyadan qaytgach, 1937-yilga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti (hozirgi Samarqand Davlat universiteti) hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida faoliyat koʻrsatdi. Fitrat oʻz hayoti davomida yuzlab ijtimoiy-publitsistik maqolalar, oʻnlab ijtimoiy-siyosiy va ilmiy risolalar yaratdi. U birgina Turkistonda emas, Afgʻoniston, Hindiston, Turkiya, Kavkaz, Volgaboʻyi matbuotida ham faol ishtirok etdi.[6]

Badiiy va ilmiy adabiyot

tahrir

Fitratning adabiy merosi rang-barang. U adib sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, oʻzbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, adabiy realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bogʻliq boʻlgan muhim ijtimoiy muammolarning oʻzbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qoʻshdi.

Fitrat ijodini shartli ravishda uch davrga boʻlish mumkin: 1-davr 1909-1916-yillarni oʻz ichiga olib, Turkiya taassurotlaridan ilhomlangan holda jadid maʼrifatparvari sifatida ijod qilgan. 2-davr 1917-1923-yillarni qamrab oladi, bu davrda Fitrat milliy istiqlol gʻoyalari bilan toʻyingan asarlar yozadi. Ijodining 3-davri 1923-1937-yillarga oid boʻlib, Shoʻro maxfiy xizmatining doimiy nazoratida boʻlgan Fitrat asosan ilmiy va pedagogik ishlar bilan shugʻullanadi.

Fitrat zullisonayn adib boʻlib, adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib kelgan. Istanbuldagi toʻrt yillik taʼlimi davomida faqat forsiy tilda ijod qilgan. Koʻp oʻtmay u oʻzini dramaturgiya va prozada ham sinab koʻrdi. U „Munozara“ (dastlabki nomi „Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadid xususida qilgan munozarasi“) asarini Turkiyaga borishdan oldin, 1905-1907-yillarda yaratgan. „Sayha“ („Chorlov“, „Naʼra“) (fors tilida), „Sayyohi hindi“ („Bayonoti sayyohi hindi“), „Rahbari najot“, „Tarixi Islom“ asarlarini esa Turkiyada tahsil paytida yozgan va „Munozara“ 1908-yilda, „Sayha“ 1910-yilda, „Sayyohi hindi“ 1913-yilda Istanbulda bosilib chiqqan. „Rahbari najot“ va „Oila“ 1915-1916-yillarda Bokuda nashr qilingan. Bu asarlar oʻsha davrdayoq xalq orasida keng tarqaldi. Horijiy tillarga ham oʻgirildi. Masalan, „Munozara“ 1909-1914-yillar orasida turk, ozarbayjon tillarida, „Sayyohi hindi“ rus tilida chop etilgan. „Rahbari najot“ni esa doʻsti, shoir va noshir Abdulvohid Burhonov Sankt-Peterburgda nashrdan chiqargan. Bulardan tashqari uning „Mavludi Sharif“, „Abo Muslim“, „Begijon“ asarlari va dastlabki sheʼrlari „Oyna“, „Taraqqiy“, „Sadoi Turkiston“, „Turon“, „Hurriyat“, „Buxoroi Sharif“ kabi gazeta va jurnallar sahifalarida eʼlon qilingan.

Uning „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlari XX asr boshlarida Turkistondagi milliy uygʻonish harakatining norasmiy dasturi boʻlib xizmat qilgan va yoshlar dunyoqarashining keskin oʻzgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qoʻshilishiga sabab boʻlgan. Keyinchalik bu asarlar orqali Fitratni millatchilikda, turkparastlikda va islomparastlikda ayblashgan.

Fitratning bizgacha yetib kelgan oʻzbek tilidagi sheʼrlari, 1917- va undan keyingi davrlarga oid. Maʼlumki, fevral inqilobidan keyin Turkiston xalqlarining mustaqillikka erishishlari uchun juda qulay fursat tugʻilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, milliy istiqlol uchun kurashga daʼvat etuvchi sheʼrlar yozishga kirishgan. Ammo anʼanaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy gʻoyani ifodalash, xalqni oyoqqa turgʻazish va safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar sheʼriyatlarida shakllangan, oʻzbek xalq ogʻzaki sheʼriyatida ayrim unsurlari boʻlgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. Oʻz ona diyorini ozod va hur koʻrishni orzu qilgan shoir „Yurt qaygʻusi“ deb nomlangan bir sheʼr va toʻrtta sochma yozib, ularda hurriyat uchun kurash gʻoyasini baralla kuylaydi. Ijodkor mazkur sochmalarida Turkistonni xoʻrlangan va xorlangan Ona obrazida tasvirlab, bu jabrdiyda Onani zulmkorlardan xalos etish uchun Amir Temur singari insonlarni qoʻmsaydi.

U 1917-yillarda „Mirrix yulduziga“, „Sharq“, „Shoir“ kabi sheʼrlarni yaratib, Turkistonni endi „qizil mustamlaka“ga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuygʻusini ifodaladi. Bundan tashqari Fitrat barmoq vaznida yozilgan mazkur sheʼrlari bilan xalq ogʻzaki sheʼriyatining mulki boʻlgan barmoqni isloh etib, Choʻlpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bagʻishladi.

1922-yilda Fitrat tashabbusi bilan „Oʻzbek yosh shoirlari“ sheʼriy toʻplami bosilib chiqdi. Bu toʻplamdan Fitrat asarlari bilan birga oʻsha davrda qizgʻin ijod qilgan Choʻlpon, Botu va Elbekning sheʼrlari ham oʻrin olgan va xalq orasida katta qiziqish bilan oʻqilgan.

Fitrat nasrda ham samarali ijod qilgan. XX asrning 10-yillarida sahna asari sifatida namoyish etilgan „Munozara“ Fitratning nasrdagi ilk asaridir. „Munozara“ ham „Sayyohi hindi“ ham Fitrat publitsistikasining yorqin namunalaridandir. Fitrat keyinchalik ham ijtimoiy, huquqiy, maʼnaviy hamda estetik qarashlarini ifodalashda publitsistikadan samarali foydalandi. Faqat 20-yillarning oʻrtalariga kelibgina u „sof“ nasriy asarlarni yarata boshladi („Qiyomat“, „Meʼroj“, „Oq mozor“, „Zayd va Zaynab“, „Zahroning imoni“ va boshqalar). „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlarida koʻtarilgan milliy qoloqlik, diniy fanatizm mavzusi 20-yillar uchun ham dolzarb ahamiyatga ega edi. Fitrat bu hikoyalarida diniy syujetlardan din taʼsiriga qarshi kurashda foydalandi. Bu asarlar, ayniqsa, 1930-yilda qayta ishlangan „Qiyomat“ xayoliy hikoyasi oʻzbek adabiyotida fantastikaning tugʻilishi va shakllanishida milliy manba boʻlib xizmat qildi.

Dramaturgiya

tahrir

Fitrat dramaturgiyasi ham oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. U 1916-yildan boshlab teatr uchun koʻplab asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916—1918-yillarda yozgan „Begijon“, „Qon“, „Abo Muslim“, „Temur sagʻanasi“, „Oʻgʻizxon“ singari pyesalari, hatto 1934-yilda yozgan „Toʻlqin“ opera librettosi ham bizgacha yetib kelmagan. Maʼlumki, Fitratning 5 pardali „Begijon“ pyesasida dehqonlarning xon zulmiga qarshi koʻtargan isyonlari tasvir etilgan. „Temur sagʻanasi“ pyesasida esa muallifning „Yurt qaygʻusi (Temur oldinda)“ sochmasidagi istiqlol uchun kurash gʻoyasi oʻzining badiiy tajassumini topgan. Fitrat oʻsha-yillarda yozgan boshqa sahna asarlarida ham tarixiy oʻtmishga murojaat etganiga qaramay, bolsheviklarning Turkistonda olib borgan gʻayrimilliy siyosatiga faol munosabat bildirib, zulm va zoʻravonlikka asoslangan „yangi tuzum“ni keskin qoralagan. Fitrat ijodining shu davrdagi yetakchi motivi — bolshevizmga qarshi kurash gʻoyasi „Chin sevish“ (1920) va „Hind ixtilolchilari“ (1923) pyesalarida ayniqsa yorqin ifodalangan. Dramaturg Turkistonda Shoʻro hokimiyati-yillarida sodir boʻlayotgan fojeali voqealarni Britaniyaning mustamlakasi boʻlgan Hindistonga koʻchirib, ingliz mustamlakachilariga qarshi kurashayotgan hind istiqlolchilari siymosida, maʼlum maʼnoda, oʻz vatandoshlari obrazini yaratdi. Javoharlal Neruning eʼtirof etishicha, Fitratning bu asarlari hind xalqining mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashiga kuch va madad bergan.

Fitrat Moskvadalik paytida „Abulfayzxon“, „Shaytonning Tangriga isyoni“ (1924), ona yurtiga qaytgach esa „Arslon“, „Shoʻrishi Vose“ („Vose qoʻzgʻoloni“, 1927), „Toʻlqin“ (1934) pyesalarini yozdi. Bu asarlari orasida „Abulfayzxon“ oʻzining shekspirona epik koʻlami bilan ajralib turadi. Unda Fitrat Shekspir pyesalariga xos qabartma tip va xarakterlarni yaratdi. Zulmga asoslangan saltanat tojining otadan bolaga oʻtib kelishi natijasida paydo boʻluvchi qonli oqibatlarni haqqoniy tasvirladi. Mazkur pyesa asosida Ashtarxoniylar sulolasining soʻnggi vakili boʻlmish Abulfayzxon saltanatining tanazzuli (XVIII asr) natijasida Buxoroda Mangʻit amirlarining saltanat tepasiga kelishlari bilan bogʻliq tarixiy voqealar yotadi. Fitratning olis tarixiy voqeaga nazar solishdan maqsadi: „Podsholik qon bilan sugʻorilgan bir ogʻochdir, qon oqib turmagan yerda bu daraxtning qurib qolishi aniqdir“ degan falsafa bilan yashagan va oʻzi ham shu gʻayriinsoniy falsafaning qurboni boʻlgan Abulfayzxon singari qonxoʻr podsholarni tarix qaʼridan olib chiqib, xalqqa koʻrsatishdir. Fitrat bu asari bilan bolsheviklar tuzumi XX asrning Abulfayzxoni — Stalinni yaratishi va uning bepoyon mamlakatni qonga botirishini bashorat etdi. Shu maʼnoda mazkur tragediya Fitrat zakosi bilan yaratigan xalqni ogohlantiruvchi asardir. Fitrat bu asari bilan oʻzbek adabiyotida tragediya janriga asos solib, mazkur janrning asosiy tamoyillarini belgilab berdi.

Ijtimoiy publitsistika

tahrir

Ijtimoiy, huquqiy, diniy va maʼrifiy asarlari orqali ham Fitrat ilm-fan, maʼrifatning turli sohalarida teran iz qoldirdi. U 1914-1916-yillardayoq „Rahbari najot“ („Najot yoʻli“), „Oila“, „Mavludi Sharif yoki Mur’oti xayr ul Bashar“, 1917-1920-yillarda „Oʻqu“ („Oʻquv“), „Sharq siyosati“, „Yigʻla, Islom“, 1925-yilda „Muxtasar Islom tarixi“ singari asarlarni eʼlon qildi. Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu-yillarda roʻy bergan siyosiy, ijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan boʻlsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy maʼrifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega boʻlmaganini eʼtiborga olib, har bir musulmon bilishi lozim boʻlgan bir qator masalalarga yorqinlik bagʻishladi. Fors tilida yozilgan „Rahbari najot“ risolasida tafsir, hadis, fiqh, kalom ilmlari, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar toʻgʻrisida aniq tasavvur berdi, avlod, badan, fikr, axloq tarbitasiga oid falsafiy, etik qarashlarini olgʻa surdi. Fitratning „Oila“ risolasida esa oilaning jamiyat va inson hayotidagi rolini oshirishga, oila aʼzolarining huquqiy meʼyorlarini belgilashga qaratilgan fikr va mulohazalari yanada rivojlantirildi.

Fitrat huquqiy davlat qurish va uning rivojini taʼminlash maqsadida 1918-yilda Yosh buxoroliklar partiyasining 13 bobdan iborat dasturini yozib berdi. Bu dasturda olimning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari oʻzining chuqur ifodasini topdi.

Pedagogika

tahrir

Fitratning maktab oʻquvchilariga moʻljallangan „Oʻqu“ („Oʻquv“, , Boku, 1917) qoʻllanmasi Vatan, dunyo, tabiiyot, tibbiyot va gigiyena singari masalalar, shuningdek, oʻtmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi (nomaʼlum sabablarga koʻra, ushbu qoʻllanmaning 2-qismi yozilmagan).

Oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganish

tahrir

Bulardan tashqari Fitrat oʻzbek tilining grammatikasini oʻrganish ishlarini boshlab bergan va shu soha rivojiga katta hissa qoʻshgan. U 1918-yilda Shokirjon Rahimiy va Qayum Ramazon bilan hamkorlikda „Ona tili“ darsligini yaratdi. 1921-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan Til va imlo qurultoyida Fitrat oʻzbek tilining sofligini taʼminlash va rivojlantirishga qaratilgan bir qancha takliflarni oʻrtaga tashladi. U 20-yillarda oʻzbek tili tabiatini oʻrganishda davom etib, "Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: „Sarf“ (1924), "Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: „Nahv“ (1925) darsliklarini yaratdi va bu darsliklar 1930-yilga qadar bir necha marta nashr etildi[7]. Olim oʻzbek tili morfologiyasi va sintaksisiga bagʻishlangan bu asarlari bilan oʻzbek tili grammatikasini ilmiy asosda oʻrganish ishiga tamal toshini qoʻydi. Fitratning tilshunoslik sohasidagi katta xizmatlaridan yana biri uning 20-yillarda qadimiy turkiy til, jonli xalq tili va shevalarga tayangan holda, ilmiy-adabiy muomalaga kirib kelayotgan yangi tushuncha hamda hodisalarni ifodalash uchun oʻzbek tilining lugʻat fondiga yangi soʻzlar hamda atamalarni olib kirganligidadir.

Olim „Eng eski turk adabiyoti namunalari“ (matn, tadqiqot, izohlar, 1927), „Oʻzbek adabiyoti namunalari“ (matn, tadqiqot, izohlar, 1-jild, 1928) tazkiralarini tuzib, milliy adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan soʻnggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini toʻplab, muayyan tizimga soldi („Oʻzbek adabiyoti namunalari“ning ikkinchi jildi nomaʼlum sabablarga koʻra eʼlon qilinmagan). „Qutadgʻu bilig“ singari oʻzbek yozma adabiyotining xalq orasida sochilib yotgan noyob yodgorliklarini qoʻlga kiritish, oʻrganish va chop etishga intildi. Oʻzbek adabiyotining yirik namoyandalarini ilk bor oʻrganib, „Bedil“ (1923), „Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni toʻgʻrisida“, „Qutadgʻu bilig“ (1925), „Ahmad Yasaviy“ (1927), „Yassaviy maktabi shoirlari toʻgʻrisida tekshirishlar“, „Hibbat ul-Haqoyiq“, „Oʻzbek shoiri Turdi“ (1928), „XVI asrdan soʻngra oʻzbek adabiyotiga umumiy bir qarash“, „Muhammad Solih“, „Fors shoiri Umar Xayyom“ (1929), „Mashrab“, „Farxodu Shirin“ dostoni toʻgʻrisida" (1930) kabi katta ilmiy qimmatga ega risola va maqolalar yaratdi. Fitrat bu tadqiqotlari bilan oʻzbek adabiyotshunoslik maktabiga poydevor qoʻydi.

„Sheʼr va shoirliq“ (1919), „Adabyot qoidalari“ (1926), „Sanʼatning manshai“ (1927), „Aruz haqida“ (1936) singari maqola va risolalari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos soldi.

Tarixshunoslik

tahrir

Bundan tashqari Fitrat tarixshunoslik va sharqshunoslik sohalariga oid fors tilida maqola va risolalar ham yozdi, „Amir Olimxonning hukmronlik davri“ (1930) shular jumlasidandir. 1921-yilda B.Soliyev va B. S. Sergeyev bilan birgalikda Buxoro amiriga qarashli nodir qoʻlyozmalar, vaqf hujjatlarini yigʻish, ularga tartib va tavsif berish ishlarida ishtirok etdi. B. S. Sergeyev bilan birgalikda V. L. Vyatkin arxivida saqlangan qozilarga oid hujjatlarni oʻrganib, rus tilida “Казыйские документы XVI века” (1937) nomli kitobni nashr ettirdi.

Musiqa sanʼati

tahrir

Fitratning sanʼatshunoslikka oid xizmatlari ham tahsinga sazovordir. U 1921-yil Buxoroda Sharq musiqasi maktabini tashkil etib, bu maktabning birinchi direktori lavozimida ishlaydi. Maktabga mumtoz musiqa bilimdonlari (sozanda, xonandalar) bilan birga Viktor Uspenskiy singari musiqashunoslarni ham taklif etdi. U shu vaqtdan boshlab „Shashmaqom“ kuylarini toʻplash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qildi. Fitratning tashabbusi bilan ota Jalol va ota Gʻiyosdan Buxoro Shashmaqomi V. Uspenskiy tomonidan ilk bora notaga olinib, nashr etildi. Fitrat „Shashmaqom“, „Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida“ maqolalari va „Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi“ (1927) risolasi bilan XX asr oʻzbek musiqashunoslik fanini boshlab berdi.

 
SSSR Oliy Sudi tomonidan Fitratga oʻlim jazosini berish toʻgʻrisida chiqarilgan qaror, 1938-yil 5-oktyabrda imzolangan

Oilasi

tahrir

Fitratning otasi Abdurahimboy savdogar va sarrof boʻlgan. Onasining ismi Bibijon (toʻla nomi Nastarbibi, ayrim manbalarda Mustafbibi) boʻlgan. Onasi 1866-yilda tugʻilgan. Oʻgʻli Abdurauf hibsga olingan vaqtda yaʼni 1937-yilda u hayot boʻlgan. Oilada Abduraufdan tashqari yana ikki farzand boʻlgan: ukasi Abdurahmon va singlisi. Singlisi Mahbuba Rahim qizi nomi bilan sheʼrlar yozgan, 1920-yillarning faol ayollaridan boʻlgan. Ukasi Abdurahmon 1910-yillarda Kogon bosmaxonasida harf teruvchi boʻlib ishlagan. Fitrat uch marta uylangan. Birinchi xotinidan ajrashgan. Ikkinchi xotini vafot etgan. Uchinchi marta Buxorodagi Burhonovlar sulolasidan Fotima Burhonova (Mutal Burhonovning opasi)ga uylanadi[8].

Qatagʻon qilinishi

tahrir

20-yillarning 2-yarmidan boshlab vaziyat oʻzgaradi. Sovet davlati mustahkam oʻrnashib borgan sari erkin fikrlashlar kamayib bordi. Ziyolilarni, ayniqsa jadidlarni qoralash boshlandi. Har qanday hodisaga sinfiy-partiyaviy yondashish nuqtayi nazari paydo boʻldi. 1929-yili „Qizil Oʻzbekiston“ roʻznomasining 3-sonida (13-, 14-, 15-may) J.Boyboʻlatov qalamiga mansub „Oʻzbek adabiyotida chigʻatoychilik“ nomli maqola nashr etilgan. Maqola Fitratning „Oʻzbek adabiyoti namunalari“ asariga tanqidiy ruhda yozilgan. Yaʼni Fitrat marksizmni inkor qilishda, oʻtmishni ideallashtirishda, burjua millatchiligi gʻoyalari tashviqotida ayblanadi. Maqola muallifi boʻlgan Fitrat va kitobga soʻzboshi yozgan Otajon Hoshim matbuotda qarshi javob raddiya bilan chiqadilar. 1930-yildan esa unga siyosiy ayblovlar qoʻyila boshlandi. Yozgan bir qancha ishlari uning „aksilshoʻroviy“ faoliyatiga „ashyoviy dalil“ sifatida tilga olindi. „Sharq haqiqati“ roʻznomasining 1930-yilgi 180-, 182-, 183-sonlarida J.Boyboʻlatovning „Oʻzbeklarning adabiy merosi“ bayrogʻi ostidagi panturkizm" sarlavhali maqolasi bosildi. J.Boyboʻlatov yana Fitratning iziga tushdi. 1923-yildagi „ayb“larini qoʻzgʻadi, sudga tortilmay qolganini eslatdi, shoirni „sinfiy dushman“ deb eʼlon qildi. „Oʻzbeklarning adabiy merosi“ asarini „Qur’on“ni nashr qilish proletariat ishiga qanchalik xiyonat boʻlsa, mazkur „Oʻzbek adabiyoti namunalarining chop etilishi ham shunchalik jinoyatdir“, degan xulosa chiqardi. Ushbu maqolaning ruscha tarjimadagi bir nusxasi keyinchalik Fitratni ayblovchi hujjat sifatida uning „Jinoiy ishi“ga ilova qilingan. Matbuotdagi ayblovlarga qaramasdan F.Xoʻjayev 1923-yildagi singari doʻstini yana bir marta saqlab qoldi. 1937-yilning 24-apreliga kelib Abdurauf Fitrat Oʻzbekiston prokurorining koʻrsatmasi bilan Davlat Xavfsizligi Boshqarmasi toʻrtinchi boʻlimining boshligʻi Davlat Xavfsizligi leytenanti Ogʻabekov tomonidan hibsga olindi[9].

Vafoti

tahrir

Fitrat ilgʻor demokratik gʻoya va fikrlari uchun koʻpchilik jadidlar qatorida shakkoklik va isyonkorlikda ayblandi. Chor maʼmurlari esa uni mustamlakachilikka qarshi turganlikda aybladilar, kommunistik mafkura humron boʻlgan shoʻrolar davrida esa, millatchilikda, panturkizm gʻoyasi tarafdori, „xalq dushmani“ degan tuhmatlar bilan aybladilar. Professor H.Yoqubovning hikoya qilishicha, Fitratni 1937-yilgacha uning doʻsti Fayzulla Xoʻjayev oʻz himoyasiga olib kelgan. 1937-yilda koʻpchilik qatori Fitrat ham NKVD tomonidan qamoqqa olingan. Iosif Stalinning 1938-yil 28-martdagi „Otuvga eʼlon qilinganlar roʻyxati“ga tushgan.

Abdurauf Abdurahim oʻgʻli Fitrat 1938-yil 4-oktyabr kuni Toshkent shahrining hozirgi Yunusobod tumani Boʻzsuv qirgʻogʻidagi qatlgohda otib oʻldirildi[10]. Uni oʻlimga mahkum qilish haqidagi sud qarori bir kundan keyin yaʼni 1938-yilning 5-oktyabrida imzolandi.

 
Fitrat 110 yillik yubileyi sharafiga chiqarilgan pochta markasi.

1963-yil Iosif Stalin vafotidan soʻng Fitrat nomi oqlandi.

Xotira

tahrir

1991-yil 25-sentabrda Abdurauf Fitratga oʻzbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti berildi. Mustaqillik ordeni berildi. Toshkent va Buxoroda Fitrat nomidagi koʻchalar, maktablar ochildi. Buxoro shahrida Fitrat bogʻi va uy-muzeyi tashkil qilindi (1996)[11]. Buxoro shahrida Fitrat haykali oʻrnatildi. 1996-yilda Abdurauf Fitrat tavalludining 110-yilligi mamlakat miqyosida nishonlandi, „Oʻzbekiston pochtasi“ tomonidan Fitratga bagʻishlangan pochta markalari chiqarildi.


Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Fitrat. Sheʼrlar. „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“, 1987-yil 11-dekabr.
  • Fitrat. Sheʼrlar. „Sharq yulduzi“, 1991, 6-son.
  • Fitrat. Hind ixtilolchilari. „Sharq yulduzi“, 1990, 4-son.
  • Fitrat. Turkistonda ruslar. „Sharq yulduzi“, 1992.
  • Fitrat. Oʻzbek klassik musiqasi tarixi. T.: „Fan“, 1993.
  • Fitrat. Tanlangan asarlar, Ikki jildlik. T.: „Maʼnaviyat“, 2001.
  • Fitrat. Chin sevish. T.: „Adabiyot va sanʼat“, 1996.
  • Fitrat. Najot yoʻli. T.: „Sharq“, 2002.

Manbalar

tahrir
  1.   Orif Tolib(oʻzb.) Telegram mesenjerida
  2. Unutilmas siymolar (Jadidchilik harakatining namoyandalari) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi DJQA, „Akademiya“, Toshkent, 1999
  3. http://kutubxona.com/Turkum:Abdurauf_Fitrat
  4. Adib Xolid. O'zbekiston tavalludi: ilk SSSR davrida millat, imperiya va inqilob. Toshkent Akademnashr 2022 — 60-bet. ISBN 978-9943-7575-4-7. 
  5. «Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati», 1987, 11-dekabr (tabdilchi N. Karimov)
  6. Vatan tarixi. R. Shamsutdinov, Sh. Karimov, Oʻ. Ubaydullayev, „Sharq“ NMAK BT, Toshkent, 2003
  7. „Абдурауф Фитрат - один из первых узбекских профессоров“. uza.uz (2020-yil 27-oktyabr). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.
  8. Mutavakkil Burhonov „Fitrat va Cho’lpon haqida xotiralar & Mutavakkil Burhonov. Tarona va ikki qo’shiq“. kh-davron.uz. Qaraldi: 21-iyul 2023-yil.
  9. „Abdurauf Fitrat (1886-1938)“. 2023-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 21-iyul 2023-yil.
  10. Unutilmas siymolar (Jadidchilik harakatining namoyandalari) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi DJQA, „Akademiya“, Toshkent, 1999
  11. „Қатағон ва қалам: Абдурауф Фитрат“. bbc.com (26 апрел 2016). Qaraldi: 15-sentabr 2023-yil.

Adabiyotlar

tahrir
  • Aliyev A., Abdurauf Abdurahim oʻgʻli Fitrat, T., 1984;
  • Fidoyilar, T., 1990;
  • Qosimov B., Maslakdoshlar. Behbudiy. Ajziy. Fitrat, T., 1994;
  • Qosimov B., Milliy uygʻonish, T., 2002.
  • Qosimov B., Fitrat (chizgilar). Sharq yulduzi, 1992, 10-son, 170-bet.
  • Qosimov B., Inson fojealari. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1990-yil 6-aprel.
  • Qosimov B., Fitrat. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1991, 10-son.
  • Gʻaniyev I., Fitrat, eʼtiqod, ijod, T., 1994;
  • Gʻaniyev I., Fitratshunoslik, Buxoro, 1994;
  • Gʻaniyev I., Fitratning tragediya yaratish mahorati. T., 1994.
  • Boltaboyev H., Abdurauf Fitrat, T., 1996;
  • Boltaboyev H., Fitratning ilmiy merosi, T., 1996;
  • Boltaboyev H., Qatagʻon qilingan ilm. T.: „Xazina“, 1996.
  • Boltaboyev H., Nomaʼlum Fitrat. Yoshlik, 1990, 34-38-betlar.
  • Boltaboyev H., Fitratning ilmiy merosi. T.: „Fan“, 1996.
  • Boltaboyev H., Fitrat — adabiyotshunos. T.: „Yozuvchi“, 1996.
  • Boltaboyev H., Boburshoh Fitrat talqinida. Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati, 1993, 2-son, 15-bet.
  • Qurbonova M., Fitrat — tilshunos, T., 1996;
  • Ergasheva M., Abdurauf Fitrat — buyuk huquqshunos, T., 2001;
  • Milliy uygʻonish va oʻzbek filologiyasi masalalari. T.: Universitet, 1993.
  • Erkinov S. Fitrat — navoiyshunos. Oʻzbek tili va adabiyoti, 1990, 3-son, 3-bet.

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (31 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 13-avgust, 2022-yil(2022-08-13) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.
  • Oʻzbekiston tarixi va madaniyati (Wayback Machine saytida 2018-10-16 sanasida arxivlangan)
  • Oʻzbekiston shoir va yozuvchilari (Wayback Machine saytida 2018-10-16 sanasida arxivlangan)
  • Oʻzbekiston tarixi va madaniyati (Wayback Machine saytida 2018-08-12 sanasida arxivlangan)