Nurboy Jabborov

Nurboy Jabborov

Nurboy Jabborov — adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori (2004), professor (2011). Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oʻzbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri[1]. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Adabiyotshunoslik adabiy tanqid kengashi raisi.

Nurboy Jabborov
Tavalludi 1-yanvar 1966-yil (1966-01-01) (58 yosh)
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Oʻzbekiston milliy universiteti
Kasbi Adabiyotshunos
Faoliyat yillari 1999-yildan hozirga qadar
Millati Oʻzbek
Unvoni Filologiya fanlari doktori, professor
Mukofotlari

Hayoti tahrir

1966-yil 1-yanvarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida tugʻilgan. 1990-yilda Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) oʻzbek filologiyasi fakultetini bitirgan. 1990-1993-yillarda H. Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutida aspirant, kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim lavozimlarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan. 1998-1999-yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti doktoranti.

Faoliyati tahrir

  • 1999-2016 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, kafedra mudiri, O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani lavozimlarida ishlagan.
  • „Fidokor“ gazetasi bo‘lim mudiri, „O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, „Tafakkur“ jurnali bosh muharriri o‘rinbosari sifatida faoliyat olib borgan.
  • 2016-yildan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi professori, 2017-yildan kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Asarlari tahrir

Nurboy Jabborov Mulla Olim Maxdum Hojining „Tarixi Turkiston“ (1992), Imom Gʻazzoliyning „Daqoyiq ul-axbor“ (1997), Is'hoqxon to‘ra Ibratning "Tanlangan asarlar" (Tadqiqot, matn, lug‘at va ilmiy izohlar. Ulug‘bek Dolimov bilan hamkorlikda) Muhammad Rizo Ogahiyning „Zubdat ut-tavorix“ (2009) singari asarlarini, „Bobo Ravshan“ (1992) xalq dostonini, Zokirjon Furqatning "Ishqingda kuyib jono..." (2021), Muhammad Rizo Ogahiyning "Mulku millatga emin o‘lsa agar ogohlar" (2022), Muhammad Aminxo‘ja Muqimiyning "Emdi sandek jono, jonon qaydadur" (2022) singari to‘plamlarini qoʻlyozma manbalar asosida soʻzboshi, ilmiy izohlar, lugʻat va koʻrsatkichlar bilan nashr ettirgan.

„Maʼrifat nadir“ (2010), „Zamon, mezon, sheʼriyat“ (2015), „Adabiyot va milliy maʼnaviyat“ (2015), "Maoniy ahlining sohibqironi" (2021) singari kitoblari nashr etilgan. U oliy oʻquv yurtlari uchun „Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti“ darsligining hammuallifi hisoblanadi[2].

Yutuqlari tahrir

Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan „Vatan uchun yashaylik“ ko‘rik-tanlovida birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan (2020)[3]. Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida o‘tkazilgan Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumda ishtirok etgan va "Nizomiy Ganjaviy" xotira nishoni bilan taqdirlangan. Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan "Maoniy ahlining sohibqironi" monografiyasi uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlovchi "Ilhom" jamoat fondi tomonidan e'lon qilingan "Yilning eng yaxshi asari" respublika tanlovida birinchi o‘rin sohibi bo‘lgan (2021).

Mukofotlari tahrir

Nurboy Jabborov pedagog va jurnalist sifatidagi faoliyati uchun „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan (2002)[2][4]. 2023-yilda Doʻstlik ordeni bilan taqdirlangan[5][6][7].

Manbalar tahrir