Ogahiy

Oʻzbek shoiri, tarixchi, tarjimon
(Muhammad Rizo Ogahiydan yoʻnaltirildi)

Ogahiy (taxallusi; toʻliq ismi: Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli) (1809-yil 17-dekabr, Xiva yaqinidagi Qiyot qishlogʻi[1] – 1874-yil 14-dekabr) – oʻzbek shoiri, tarixchi,tarjimon.

Ogahiy

Ogahiy byusti. Ogahiy uy muzeyi. Xiva.
Asl ismi chigʻatoycha: محمد رضا آگهی
Tavalludi 1809
Qiyot qishlogʻi, Xiva yaqinida, Xiva xonligi
Vafoti 1874
nomaʼlum, ehtimol Xiva
Ijod qilgan tillari Oʻzbek tili
Fuqaroligi Xiva xonligi
Faoliyat yillari 18571874
Janr shoir, tarixchi, tarjimon

Mirob oilasida tugʻilgan. Xiva madrasalarida tahsil koʻrgan. Arab, fors, turk tillarini puxta egallagan. Xorazmning mashhur shoir va olimlari, adabiyot muxlislarining suhbatlarida ishtirok etgan. Sharq klassik asarlari, ayniqsa, Navoiy ijodini qunt bilan oʻrgangan.

1829-yilda amakisi va ustozi Munis vafot etgach, Xiva xoni Olloqulixon (1825—1842) Ogahiyni Munisning oʻrniga mirob etib tayinlagan. Shu davrdan eʼtiboran Ogahiy xalq hayoti va saroy ishlari bilan shugʻullangan. Qizgʻin ijtimoiy-siyosiy mehnat bilan mashgʻul bir paytda otdan yiqilib, oyogʻi „shakarlang“ (shol) boʻlib qolgan (1845). 1857-yildan miroblik vazifasidan isteʼfo bergan. Umrining oxirigacha moddiy muhtoj, gʻamgin, kasalmand ahvolda kun kechirgan.

Oilasi

tahrir

Otasidan erta ayrilgan Muhammad Rizo amakisi, mashhur tarixchi va shoir Munis laqabli Shir Muhammad ibn Amir Ivaz-biy mirob qoʻlida tarbiyalanib, unga oʻqish va yozishni oʻrgatgan. Keyinchalik Xiva xonligi poytaxtidagi madrasalardan birida oʻqishni davom ettirib, arab va fors tillarini oʻrganishga bor kuch-gʻayratini sarfladi.

Sharq xalqlari mumtozlari Navoiy, Fuzuliy, Bedil va boshqalar ijodini katta muhabbat bilan oʻrgandi.

Xonga miroblik qilgan amakisining vafotidan keyin Ogahiy bu lavozimni egallaydi. Qishloq xoʻjaligi sunʼiy sugʻorishga asoslangan hududda mirobning mavqei ancha murakkab va masʼuliyatli edi. Biroq, Ogahiy hali ham ilmiy va adabiy izlanishlar uchun vaqt topdi.

Faoliyati

tahrir

Ogahiy 52-55 yoshlarida „Oshiqlar tumori“ devonini tuzib, unga bayoz toʻplamlaridan sheʼrlar kiritib, dastlabki asarlarini puxtalik bilan tahrir qilgan. Shoir qalamiga mansub gʻazallar juda xilma-xildir. Baʼzilarida sof ishq, boshqalarda soʻfiylik gʻoyalari, boshqalarda shaxsiy kechinmalar ulugʻlanadi.

„Riyoz ud-davla“, „Zubdat ut-tavorix“, „Jomi ul-vakiati sultoniy“, „Gulshani davlat“[2] va „Shahid ul-ikbol“ tarixiy asarlar muallifi. „Riyoz ud-davla“ asari Xorazmning 1825—1842-yillari tarixidan hikoya qiladi. „Zubdat ut-tavorix“da ham Xorazmning 1843—1846-yillardagi tarixi tasvirlangan. „Jomi ul-vakiati sultoniy“ Xorazmning 1846—1855-yillar tarixiga bagʻishlangan. „Gulshani Davlat“ 1856—1865-yillardagi tarixni qamrab oladi. Ogahayning soʻnggi asari „Shahid ul-iqbol“ 1865—1872-yillarga bagʻishlangan.

Uning oʻzbek va tojik tillaridagi sheʼrlarida fuqarolik motivlari – voqelikdan norozilik, ikkiyuzlamachilikni qoralash jaranglaydi.

Ogahiy Nizomiy, Amir Xusraf Dehlaviy, Saʼdiy, Jomiy, Hiloliy va boshqalarning asarlarini oʻzbek tiliga sheʼriy tarjimalari bilan mashhur boʻldi. Tarjima sohasida Ogahiy chinakam novator edi.

Tarjimalar anʼanasi adabiyotlarning oʻzaro bogʻliqligi va oʻzaro taʼsirining murakkab jarayonining jihatlari hisoblanadi.

„Taʼviz ul-oshiqin“ devoni

tahrir

Ogahiy xalq orasida koʻproq lirik shoir sifatida mashhur. Umrining oxirgi yillarida tuzgan lirik kulliyoti – „Taʼviz ul-oshiqin“ („Oshiqlar tumori“, 1872) bizgacha toʻla yetib kelgan. Devon anʼanaviy tartibda tuzilgan, 470 gʻazal, 3 mustazod, 89 muhammas, 5 musaddas, 2 murabba, 4 musamman, 4 tarjeʼband, 7 qitʼa, 80 ruboiy, 10 tuyuq, 1 mulamma, 4 chiston, 2 muammo, 4 masnaviy, 1 bahri tavil, 1 munojot, 1 oshiq va maʼshuq savol-javobi, 20 taʼrix, 19 qasida – jami 18000 misradan iborat. Devonga „Ashʼori forsiy“ nomi bilan Ogahiyning fors tilidagi 1300 misra sheʼri ham kiritilgan. Devondagi asarlar mazmun-mundarijasi markazida ishq mavzusi turadi.

Ogahiy ijodining mavzu doirasi keng. Ammo u qaysi mavzuga murojaat qilmasin, ishqni chetlab oʻtolmaydi. Ishq uning qalamida mavzuni yoritishda, gʻoyani ilgari surishda asosiy badiiy vosita; sheʼriyatida ishq – iymon, eʼtiqod, vatan, zakovat timsoli kabi lirik qahramonning oʻy-kechinmalari, faoliyati, dunyoqarashini harakatlantiruvchi kuch. Ogahiy devonida zamon va zamondoshlari tasviri ham katta oʻrin egallagan. Shoir oʻzi yashab ijod etgan murakkab davrni mahorat bilan badiiy umumlashtirganda, zamon va uning ahliga munosabat bildirganda, baho berganda, insonparvarlik, xalqparvarlik nuqtai nazaridan yondashgan. Ogahiy janr imkoniyatlariga ijodiy yondashib, ularni takomillashtirgan: oʻzigacha boʻlgan 7—8, 10—12 baytli gʻazal yozish tartibini 23 baytgacha yetkazgan, mustazod janrining qoʻsh orttirma misrali yangi shaklini kashf etgan: Ey yor, sango ushbu jahon bogʻi aro gul bir oshiqi hayron, diydoriga shaydo,Bir shuyftadur kokili mushkulinga sumbul ham holi parishon, ham boshida savdo.

Shoir aruzning juda koʻp bahrlaridan foydalangan. Uning gʻazallari „Shashmaqom“ning hamma kuylariga tushadi, Xorazm xalq ohanglariga mos keladi.

Tarixiy asarlari

tahrir

Ogahiy „Riyoz uddavla“ („Saltanat bogʻlari“, 1842), „Zubdat uttavorix“ („Tarixlar qaymogʻi“, 1843—1846), „Jomeʼ ul-voqeoti sultoniy“ („Sultonlik voqealarini jamlovchi“, 1855), „Gulshani davlat“ („Davlat gul-shani“, 1865), „Shohidi iqbol“ („Iqbol guvohi“, 1872) va boshqa tarixiy asarlarida Olloqulixon, Rahimqulixon(1843—1846), Muhammad Aminxon (1846 – 1855), Sayid Muhammadxon (1856—1864), Muhammad Rahim II (1864—1910) hukmronligi davrida Xorazmda yashagan oʻzbeklar, turkmanlar|turkman, qoraqalpoqlar|qoraqalpoq, qozoqlar|qozoq xalqlarining tarixi, madaniy va ijtimoiy hayoti, Xiva xonligining boshqa xonliklar bilan munosabati va boshqa tarixiy voqealar aks etgan.

Tarixiy shaxslarga bagʻishlangan asarlari

tahrir

Ogahiyning yuksak insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan gʻoyalari xon va shoir Feruzning siyosiy-maʼrifiy tarbiyasiga taʼsir qilgan. U tarixchi olim sifatida Xiva xonlariga, yirik tarixiy shaxslarga bagʻishlab qasidalar yozgan. Ogahiyning „Qasidai nasihat“ asari Feruzga bagʻishlangan. U oʻz nasihatlarida saltanatni boshqarishning yoʻl-yoʻriqlarini koʻrsatadi, mamlakat va xalqni adolat bilan idora etish yoʻllarini belgilab beradi. Qasida masnaviy janrida yozilgan boʻlib, unda shoirning siyosiy-maʼrifiy qarashlari yorqin aks etgan. Ogahiy fikricha, har qanday davlat boshligʻi hokimiyatni mustahkamlash uchun barcha ijobiy fazilatlarga ega boʻlishi lozim. Podshoh himmatli, shijoatli, adolatli, gʻayratli, saxovatli, hayoli, sof niyatli, madaniyatli, hamiyatli, kambagʻalparvar boʻlishi zarur. Hukmdor shu fazilatlarga ega boʻlsa, uning hokimiyati kamol topadi, mamlakati farovon boʻladi, degan fikrni ilgari suradi. Ogahiy davlatni boshqarishning yoʻllarini ham koʻrsatib oʻtgan. Shoirning fikricha, shoh shariat ahkomlariga qattiq amal qilmogʻi lozim. U aysh-ishratdan, fitna va gʻiybatdan, gʻaflatdan, yalqovlikdan, zulm-razolatdan, chaqimchilikdan, molparastlikdan uzoq boʻli-shi kerak. Feruz Ogahiyning davlatni boshqarish toʻgʻrisidagi maslahatlariga quloq tutgan, uning hikmatli baytlarini marmar toshlarga yozdirib, arzxonalarga qoʻydirgan, koʻp ezgu ishlarni amalga oshirgan. Shu bois ham Ogahiy tarixiy asarlari badiiy nasr sifatida hamda 19-asr Xorazm voqeligini haqqoniy aks ettiruvchi nodir tarixiy hujjatlar sifatida qimmatlidir.

Tarjima asarlari

tahrir

Ogahiy „Ravzat us-safo“ (Mirxond), „Tarixi jahonkushoyi Nodiriy“ (Muhammad Maxdiy Astrobodiy), „Badoyeʼ ul-vaqoyeʼ“ (3. Vosifiy), „Miftoh ut-tolibin“ (Mahmud binni Shayx Ali Gʻijduvoniy), „Tabaqoti Akbarshohiy“ (Muhammad Muqim Hirotiy), „Tazkirai Muqimxoniy“ (Muhammad Yusuf Munshiy), „Ravzat us-safoyi Nosiriy“ (Rizoqulixon Hidoyat), „Axloqi Muhsiniy“ (Koshifip), „Qobusnoma“, „Zubdat ul-hikoyot“, „Sharhi daloil ulhayrat“ (Muhammad Voris), „Guliston“ (Saʼdiy), „Yusuf va Zulayho“ (Jomiy), „Shoh va gado“ (Hiloliy), „Haft paykar“ (Nizomiy) va boshqa tarixiy-badiiy asarlarni fors tilidan oʻzbekchaga tarjima qilgan. Ogahiy „Haft paykar“ni nasriy yoʻl bilan, „Guliston“ni qisqartirib, keng kitobxonlarga tushunarli qilib tarjima etgan. „Yusuf va Zulayho“ hamda „Shoh va gado“ dostonlarini esa baytma-bayt tarjima qilib (kirish qismidan tashqari), aniq ijodiy tarjima namunasini yaratgan. „Miftoh ut-tolibin“ (inv. № 8473), „Ravzat us-safoyi Nosiriy“ (D-125), „Tabaqoti Akbarshohiy“ (TNS—106), „Tazkirai Muqimxoniy“ (TNS—105), „Firdavs ul-iqbol“ (S—571), „Shohi-di iqbol“ (S—572), „Yusuf va Zulayho“ (TNS—117), „Taʼviz uloshi-qin“ asarlarining qoʻlyozma nusxalari Toshkent, Dushanba va Sankt-Peterburgda saqlanadi. „Zafarnoma“ (Ali Yaz-diy), „Bahoriston“, „Salomon va Ibsol“ (Jomiy), „Hasht behisht“ (Xus-rav Dexlaviy) asarlarining Ogahiy tarjimasi hanuzgacha topilmagan.

Vafoti

tahrir

Ogahiy 1874-yili Xivada vafot etgan.

Xotira

tahrir
 
Ogahiy haykali. Adiblar xiyoboni. Toshkent.

„Taʼviz ul-oshiqin“ Xivada toshbosmada nashr etilgan (1905—1909). Oʻzbekistonda koʻchalar, maktablar, Xorazm viloyati musiqali drama va komediya teatri, istirohat bogʻi va boshqa muassasalarga Ogahiy nomi berilgan. Qiyot qishlogʻida Ogahiy bogʻi tashkil etilib, shoirning uy muzeyi ochilgan; muzey oldida Ogahiyga haykal oʻrnatilgan.

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Ogahiy. Taʼvizul-oshiqin. -T.: 1960;
  • Ogahiy. Asarlar (nashrga tayyorl. Gʻ.Karimov va S.Dolimov). Olti jildlik -T.: 1971;
  • Ogahiy. Ishq ahlining tumori (nashrga tayyorl. F.Gʻanixoʻjaev v.b.). – T.: 1999.

Adabiyotlar

tahrir
  • R.Majidiy. Ogahiy lirikasi. – T.: 1961;
  • S.Dolimov. Ogahiyning hayoti va ijodi. -T.: 1963;
  • Q.Munirov. Munis, Ogahiy va Bayoniyning tarixiy asarlari. – T.: 1961;
  • N.Komilov. Ogahiyning tarjimonlik mahorati. – T.: 1970;
  • M.Safarboev. Ogahiyning ijtimoiy-siyosiy va estetik qarashlari. – T.: 1993;
  • N.Jumaxoʻja, I.Adizova. Soʻzdin baqolirogʻ yodgor yoʻqdur. – T.: 1995;
  • Primqulov A. Ogahiy masnaviylari. – T.: 1998;
  • Atoqli shoir, tarixnavis, tarjimon. Maqolalar. – T.: 1999.
  • A.Abdugʻafurov. Muhammad Rizo Ogahiy. -T.: Meros, 1999;
  • M.Matyoqubova. Ogahiy ijodida kichik sheʼriy janrlar. – T.: 2000;
  • Q.Sultonova. Ogahiyning „Gulshani davlat“ asari adabiy manba sifatida. -T.:2000;
  • T.Matyoqubova. Ogahiy sheʼriyatida anʼanaviy obrazlar talqini. -T.: 2001.

Manbalar

tahrir
  1. „Агахи Мухаммад Риза (1809-1874)“. ziyouz.uz (2012-yil 3-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
  2. „Мухаммад Риза Агахи — о поэте“. livelib.ru. Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.

Havolalar

tahrir