Qarshi

qashqadaryo viloyati juda boy viloyatlardan biri, juda chiroyli manzaralari tansiq taomlari bn ham mashhur

Qarshi (Naxshap, Navtaka, Nasaf, Behbudiy — 1926—1937-yillarda) — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi shahar (1926-yildan), viloyat markazi (1943-yildan).

Qarshi
shahar
Ancient bridge in Qarshi (Uzbekistan).jpg
38°52′01″N 65°48′0″E / 38.86694°N 65.80000°E / 38.86694; 65.80000Koordinatalari: 38°52′01″N 65°48′0″E / 38.86694°N 65.80000°E / 38.86694; 65.80000
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Qashqadaryo viloyati
Hukumat
 • hokim Zoir Toyirovich Mirzayev
Ilk eslatilishi eramizdan avvalgi 331-yillar
Avvalgi nomlari Nasaf, Naxshap
Rasmiy til(lar)i o‘zbek
Aholisi
 (2021-yil 1-yanvar)
275 018
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 75
Avtomobil kodi 70
Qarshi xaritada
Qarshi
Qarshi

Qashqadaryo vohasining markazida, Qashqadaryo boʻyida, xalqaro temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishgan joyda. Maydoni 7,5 ming gektar. Aholisi 275 ming kishi (2021). Qarshi Oʻzbekistonning qadimiy shaharlaridan biri. U turli davrlarda Bolo, Nashebolo, Naxshap, Nasaf, nomlari bilan yuritilib, XIV asrdan Qarshi deb atala boshlagan.

Qarshi shahrining o‘zbek tarixida o‘ziga xos o‘rni bor. Birinchidan, Qarshi — Movarounnahrdagi birinchi yirik turkiy tilli shahar. U payti Xorazmda (Urganch), Farg‘onada (Andijon), Shosh vohasida (Toshkent), Sirdaryo bo‘ylarida bir qancha yirik shaharlarda turkiy til hukmron edi, lekin Movarounnahrda bunday shahar yo‘q edi. Qarshining qurilishi bilan bu yerda turli-tuman aholi joylashdi, ammo turkiy shaharda hukmron tilga aylandi. U payti mo‘g‘ullarning o‘zi ham allaqachon turkiy tilda gapirardi. Xususan, Kebakxonning ona tili turkiy til bo‘lganini arab sayyohi Ibn Battuta qayd etgan. Chig‘atoy ulusi, undan keyin Temuriylar davrida turkiy til rasmiy yozishmalar tili bo‘lib xizmat qildi.

Hozirda Qarshi shahrida paxta tozalash, yogʻ-ekstraksiya, sut, motor taʼmirlash, taʼmirlashmexanika, uysozlik, plastmassa buyumlari zavodlari, goʻsht va un kombinatlari, tikuvchilik fabrikasi, qurilish materiallari, temir yoʻl transporti, toʻqimachilik korxonalari bor. Shaharda 6 ta bozor, 17 ta bank filiali aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Toshkent axborot texnologiyalari instituti Qarshi filiali, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti Qarshi filiali, tibbiyot, pedagogika va boshqa jami 13 kasb-hunar kolleji, 3 akademik litsey, 9 litsey va litsey-internat, 2 gimnaziya, 46 umumiy taʼlim, shuningdek, bolalar musiqa maktablari, 4 teatr (shu jumladan, viloyat musiqali drama teatri, viloyat qoʻgʻirchoq teatri va boshqalar), viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, filarmoniya, 13 kutubxona, 3 madaniyat va istirohat bogʻi faoliyat koʻrsatadi. 22 kasalxona, ambulatoriya-poliklinika va boshqalar tibbiy muassasalar bor. Qarshidan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Termiz kabi shahaarga avtobus, poyezd qatnovlari, Qarshi aeroportidan Qarshi — Moskva, Qarshi — Toshkent yoʻnalishlaridagi havo yoʻllarida samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan. Qarshida Koʻkgumbaz masjidi (XVI asr), qadimiy hammom (XVI asr), Qashqadaryo ustidagi qadimiy koʻprik (1583), Sharofboy madrasasi (XVIII asr boshlarida), Charmgar masjidi (XIX asr oʻrtalari), Bektemir madrasasi (1905), Xoja Abdulaziz madrasasi (XIX asr), Qilichbek madrasasi (XIX asr) va boshqa meʼmoriy obidalar saqlanib qolgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 29-sentyabrdagi „Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida“gi qarori va Uzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 26-iyuldagi „Qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida“gi qaroridan keyin shaharda keng koʻlamda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Koʻkgumbaz masjidi, tarixiy koʻprik va boshqalar meʼmoriy obidalar taʼmirlandi. Shaharda Nasaf, Geolog sport majmualari, tennis korti, yopiq suzish havzasi, sport-sogʻlomlashtirish inshootlari, Qarshi "Markaziy" stadioni (20 ming oʻrinlik), Olimpiya zaxiralari sport kolleji va boshqalar qurilgan. Viloyat teleradiokompaniyasi, Qarshi jamoatchilik va Qashqadaryo kabel televideniyelari ishlab turibdi.

Qarshidan Nasafiy taxallusi bilan koʻplab olimlar, shoirlar yetishib chiqqan. Shulardan Alisher Navoiyning „Majolis unnafois“ asarida tilga olingan Mavlono Soyiliy, Mavlono Mir Qarshiy, undan tashqari, Mahmud Nasafiy (musiqa va sanʼat sohasida), Qusam Shayxlar (diniy ilmlar sohasida) shuhrat qozonganlar.

Qadimiy Qarshi shahri 2006 yilda YuNESKO shafeligida 2700 yillik yubileyini nishonladi.

EtimologiyasiTahrirlash

Qarshi nomining kelib chiqishi toʻgrisida turli fikr va taxminlar mavjud. V. V. Bartold shaharning nomi moʻgʻul xoni Kepakxon qurdirgan Qarshi (qadimiy turkiychada saroy maʼnosini anglatgan) bilan bogʻliq deb taʼkidlaydi. Qutadgʻu bilig (Saodatga eltuvchi bilim) dostonida Qarshi atamasi saroy va qarama-qarshi turish maʼnosida qoʻllangan. Boburnomada ham bu nom moʻgʻul tilidan olinganligi taʼkidlangan. Keltirilgan taxminlarda atamaning qarshi — saroy, qasr maʼnolari koʻproq qoʻllanadi.

TarixiTahrirlash

Ilk tarixi (er.av. VIII-II asrlar)Tahrirlash

Qarshi shahrining tarixi eramizdan avvalgi VIII-VII asrlarga borib taqaladi. Yerqoʻrgʻonda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida, ayni shu davrda Qarshi shahar sifatida shakllanganligi va qalin devor bilan oʻralganligi maʼlum boʻldi. Yirik savdo yoʻllariga yaqin joylashgan bu shahar Soʻgʻdiyonaning yirik shaharlaridan biriga aylandi. Shahar tarixining katta qismi so‘g‘diylar bilan bog‘liq — Qashqadaryo vohasini miloddan avvalgi 1-mingyillikda o‘zlashtirishni boshlagan bu eroniy xalq bugungi Qarshi o‘rnida ilk shaharni qurgan deb taxmin qilinadi. Naxshap (Naxshob, Naqshob — noto‘g‘ri shakllar), keyinroq esa Nasaf nomi bilan mashhur bo‘lgan bu shahar Aleksandr Makedonskiy davrida ham, arablar kelganda ham yirik shaharchilik markazi boplgan. Miloddan avvalgi 545-539 yillarda Kir II sharqiy Eron viloyatlari va Markaziy Osiyodagi Xorazm, Soʻgʻdiyona, Margʻiyona viloyatlari va sak qabilalarini oʻziga boʻysindirdi. Naxshap ham Soʻgʻdiyonaning bir qismi sifatida Ahamoniylar hukmdorligi ostiga oʻtdi.

Shahar ilk bor miloddan avvalgi 331-yillar, ya'ni aynan Makedonskiy yurishidan oldingi yillarga oid bir oromiycha hujjatda tilga olinadi. Unda Nikshapiya (Naxshap) va Kisha (Kesh) shaharlari atrofidagi yerlarni chigirtka bosgani bois hosil nobud bo‘lgani aytiladi. Shunday qilib, yunonlar boaqini arafasida Qashqadaryo vohasi zaxirasiz qolgan detish mumkin. Naxshap eramizdan avvalgi IV asrda makedoniyalik Iskandar tomonidan ishgʻol qilindi. Iskandar, salavkiylar va Yunon-Baqtriya davrida bu yerda yunon madaniyati keng tarqaldi. Shaharning yana bir nomi Novtak — Navtaka — yangi bino deb talqin qilinadi. Miloddan avvalgi VI asrda shahar kengayib, ichki devor bilan o‘ralgan (hozirgacha saqlangan), maydoni 35 gektarni tashkil etgan. Iskandar Maqduniy bosqini davrida shahar vayron qilingan. Shundan keyin uning vohadagi yetakchi shahar sifatidagi maqomi pasayib borgan.

Islomgacha boʻlgan davr (er.av. II - eramizning VII asri)Tahrirlash

Miloddan avvalgi III—II asrlarda shahar tashqi qalʼa devori bilan oʻralgan (maydoni 150 gektar boʻlgan). II—I asrlarda (hozirgi temir yoʻl stansiyasi hududida) yangi harbiy-siyosiy markaz maqomini olgan Zahhoki Moron qalʼasi bunyod etildi. Bu qalʼa ham Naxshab nomini olib asta-sekin kengaya bordi (qoldiqlari hozirgi Shulluktepa deb ataladi). Mil. avv. II asrda Naxshap Parfiyona davlati tarkibiga kirdi. Bu davrda shahar ikki qatlamli devor bilan oʻralgan. Ikkinchi himoya devori 150 gektarga yaqin hududni tashqi xavfdan saqlab turgan. Yerqoʻrgʻon tashqi devori asosi 8 metr qalinlikda boʻlib, har 60 metrda yarim doirali minoralar boʻlgan. Devorning tepa qismida devor ichi koridori, oʻq-yoychilar xonalari mavjud boʻlgan.

Xioniylar va eftaliylar davrida Naxshap gullab yashnadi, Soʻgʻd vohasining savdo, hunarmandchilik markazlaridan biriga aylandi. Kidariylar 468-yilda o‘z qarorgohini Naxshapga ko‘chirdilar.

V asrda shaharda dahshatli yongʻin yuz berdi. Butun shahar yonib kul boʻldi. Undan keyin Naxshap tiklangan boʻlsa-da, turk hoqonlari va sosoniylar hujumlari natijasida xarobaga aylandi. Faqat VI asr oxiri VII asr boshlaridagina tashlandiq shahar xarobalari ustida kulollar mahallasi bunyod etildi va asta-sekin shahar oʻzini tiklay boshladi.

Islom fathidan keyingi NaxshapTahrirlash

VIII asrning boshida Movarounnahrning boshqa shaharlari kabi Naxshap ham fath etildi (710-yil). Shahar esa endi Nasaf deb atala boshladi. Shaharda ilk masjid qurildi. Istaxri, Ibn Xavqal va Muqaddasiy kabi musulmon joʻgʻrofiyunlarining bergan maʼlumotiga koʻra, Naxshap qalin devor bilan oʻralgan va toʻrt darvozaga ega boʻlgan.

Savdo yoʻllarining xavfsizligi, tarixda birinchi chek tizimi yoʻlga qoʻyilishi, islomdan oldingi savdogarlardan olinadigan soliqlarning bekor qilinishi butun xalifalikda boʻlgani kabi Nasafda ham savdo-sotiq va hunarmandchilikning rivojlanishiga olib keldi.

IX asrning boshida Nasaf Somoniylar davlati tarkibiga kirdi. XI asrda qoraxoniylar qoʻliga oʻtdi. Moʻgʻullar bosqini arafasida Nasaf Xorazm sultonligi tarkibiga kirar edi. IX—XIII asrlarda Naxshab (Nasaf) ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan ravnaq topdi. X asrda Nasafda oʻsha davr musulmon olamida ilmiy kongress — majlisi tadris oʻtkazilgan. Oʻrta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Rossiya va Yevropa davlatlari bilan bogʻlagan muhim karvon yoʻllari oʻtgan, savdo-hunarmandchilik rivojlangan.

Moʻgʻullar davrida Nasaf (XIII-XIV asrlar)Tahrirlash

1220-yillarda Nasaf Chingizxon qo‘shinlari tarafidan vayron etildi. Aholining koʻpchiligi qirib yuborildi. Masjid va madrasalar vayron etildi. Shundan keyin shaharda hayot deyarli to‘xtab qoldi. Undan keyingi davrda (XIV asrda) voha markazi 3 marta hozirgi Qarshi shahrining eski shahar qismi o‘rnida qayta tiklandi.

XIV asrning boshlariga kelib Nasaf oʻzining mavqeini birmuncha tiklay boshladi. 1320-yilda Chigʻatoy ulusini qoʻlga kiritgan Kebekxon (1318-1326) mo‘g‘ul elitasi o‘troq hayotga o‘tishi borasida qat'iy siyosat yuritgan, hatto buni majburiy qilib qo‘ygan. U poytaxtni Qashqadaryo vohasiga ko‘chirgan, buzilib ketgan Nasafdan 2 farsax (12-14 km) uzoqlikda qasr qurdirib, poytaxtni Qarshi deb atalgan bu qal'aga ko‘chirgan hamda uning hayotini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan bozorlar, karvonsaroylar, tomoshagohlar, yashash kvartallaridan iborat shaharcha qurdirgan. Shahar hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, bino qoldiqlari Qarshida XIV asrning 1-yarmida bir qancha koshinkor imoratlar mavjud boʻlganligidan dalolat beradi. XIV asrning 2-yarmida shahar qoʻrgʻoni atrofi gʻisht va paxsa devor bilan oʻralgan, shaharda Odina masjidi qurilgan. Qalʼa atrofida 2,5–3 metr chuqurlikda xandaq qazilgan Xandaq ustida 4 ta koʻtarma koʻprik boʻlgan. Shahar qoʻrgoni hududi 40gektarni tashkil etgan. Keyinchalik bu shaharcha kengayib, Movarounnahrning markaziga aylangan. Shahar esa shu saroy nomi bilan Qarshi deb atala boshlagan (turkiy "qarshi" so‘zi forscha "saroy" so‘zining sinonimidir. Bu so‘z Qoshg'ariyda uchraydi). Nasaf aholisi sekin-asta Qarshi atrofiga koʻchib oʻta boshladi. Mana shu paytdan boshlab Qarshi Nasafning ikkinchi nomiga aylandi va XIX asrga kelib Nasaf nomini isteʼmoldan chiqardi.

Qiziq maʼlumot: Kebakxon pul islohoti oʻtkazgan. Uning davrida Buxoro, Samarqand, Termiz shaharlarida hayot qayta jonlandi. Shu shaharlarda zaeb qilingan tangalar "kepakiy" nomini olgan. Qizigʻi shundaki, rus tilidagi "kopeyka" soʻzi bilan bu soʻz talaffuz jihatdan juda yaqin. Kebekxon davrida moʻgʻullarning Rusya ustidagi taʼsirini hisobga oladigan boʻlsak, "kopeyka"ning "kepaki"dan olingani unchalik ajablanarli emas.

Temuriylar davrida Nasaf (XIV-XVI asrlar)Tahrirlash

Amir Temur strategik ahamiyatga molik boʻlgan Nasafni himoya devori bilan oʻratdi. Ammo, Amir Temurning vatani boʻlgan Keshning mavqei koʻtarilishi natijasida Nasaf biroz e'tibordan qoldi. Shuning uchun temuriylar davridan biron koʻzga koʻrinarlik yodgorlik qolmagan.

Buxoro xonligi (Shayboniylar, ashtarxoniylar) davrida Qarshi (XVI-XVIII asrlar)Tahrirlash

Qarshi shayboniylar hukmronligi ostiga oʻtgandan soʻng tez rivojlana boshladi. Shayboniylar davrida Qashqadaryo daryosi ustiga koʻprik qurildi va bu inshoat hozirgacha saqlanib qolgan. Undan tashqari Koʻkgumbaz jome' masjidi kabi obidalarning koʻpchiligi aynan shayboniylar davrida barpo etilgan. Shayboniylar davlatchiligi qurilayotgan ilk yillar Qarshi va uning aholisi uchun daxshatli bo‘lgan. 1510-yili Mahmudobod jangida sulola asoschisi Muhammad Shayboniyxonning xalok bo‘lishi Eron shia qo‘shinlarining Xuroson va Movarounnahr tomon yurishiga yo‘l ochdi. Qizilbosh qo‘shinlar ko‘magida temuriy shahzoda Bobur Movarounnahrning katta qismini egalladi va Samarqandga kirdi. 1512-yil kuzida Eron qo‘shinlari Najmi Soniy rahbarligida Qarshi shahrini egalladi. Shahar aholisi yoppasiga qatl etildi. Faqat o‘zbeklarni tutib qatl etish taklifi rad etilib, aholining ko‘pchiligi bo‘lmish chig‘atoylar, shuningdek, tojiklar ham qirg‘inga uchradi. Mahalliy diniy avtoritetlar bo‘lmish saidlar ham qizilboshlardan omon qolmadi. Qarshi qatliomi Movarounnahrga o‘zbeklarga xayrixoh kayfiyatni va qizilboshlarga nisbatan nafratni keskin oshirib yubordi. Viloyatda vujudga kelgan bu ruhiyat, bu atmosfera o‘zbek tarixi va siyosatining yangi yulduzi – Ubaydullaxon sahnaga chiqib kelishiga zamin yaratdi. XVI asrda shahar yaqinida yirik Namozgoh masjidi, hammom binolari qad koʻtargan. Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi davridan Qarshi Buxoro xonligi taxti merosxoʻrlari turadigan joyga aylandi. Imomqulixon davrida (1614—1615 yillarda) Qashqadaryodan Qarshi choʻliga kanal chiqarilgan. XVII—XVIII asrlarda Qarshi Qashqadaryo vohasidagi birinchi shaharga aylandi. Qarshi XVI asrdan XX asr boshlarigacha Buxoro xonligi, soʻngra amirligining Qarshi bekligi nufuzli markazi boʻlgan. Hunarmandchilik rivojlangan, pul zarb qilingan.

Qarshi Buxoro amirligi davrida (XVIII-XX asrlar)Tahrirlash

1785-yilda Amir Shoh Murod oʻzini amir deb e'lon qildi va Buxoro xonligi amirlikka aylantirildi. Buxoro amirligi davrida Qarshi amirlikning ikkinchi ahamiyatga ega boʻlgan shahriga aylandi. Hatto nufuzi va hajmi jihatdan Samarqandni ham ortda qoldirgan Qarshi, Buxoro amirligi valiahdlarining (yani taxt vorislarining) rasmiy qarorgohi boʻlib qoldi. Mangʻitlar oʻzbek sulolasi davrida Qarshida hammom, madrasa, xonaqoh, sardoba va sugʻorish inshootlari bunyod etilgan. Shahar va uning atrofi obodonlashgan. Vengriyalik olim Herman Vamberi 1863-yilda Qarshida boʻlib, shaharda 10 ta karvonsaroy, katta bozor boʻlganligini yozadi. Aholisining 25 mingga yaqin asosiy qismi oʻzbeklar deb taʼkidlaydi. Oxirgi Buxoro amiri Said Olimxon 1898-yildan 1910-yilgacha Nasaf voliysi vazifasini bajardi.

Shoʻrolar davrida QarshiTahrirlash

1919-yilda Mahmudxoʻja Behbudiy Qarshida qatl etilgandan soʻng, shahar 1926-1937 yillarda. [1] Ammo, keyinchalik aholi koʻnikkan Qarshi nomi qaytarildi. Shoʻrolar davrida Qarshi asosan qishloq xoʻjaligiga asoslangan Qashqadaryo viloyatining markaziga aylandi. Shaharda boshqa shaharlar kabi shoʻrolar arxitekturasiga oid binolar qurildi. Bir-biridan uncha farq qilmaydigan, koʻrimsiz koʻp qavatli binolar oʻzbek mahallalariga muqobil oʻlaroq koʻplab qurila boshladi. Bu esa Qarshining qadimiylik ulugʻvorlik siyogʻini yoʻqotishiga olib keldi. Ba'zi masjid-madrasalar omborxona hatto qiynoqlar qoʻllanadigan turmaxonalarga aylantirildi. "Toshturma" degan sovuq nomga ega boʻlgan bunday turmalardan biri shaharning 2700 yilligi yubileyiga qadar oʻz vazifasini bajarib keldi.

GeografiyasiTahrirlash

Qarshi Pomir-Oloy tog' tizimining g'arbiy chekkasida, Qashqadaryo daryosidagi Qarshi vohasida, Qo'ng'irtog‘ tog‘ etagida, Qarshi dashtining sharqiy qismida joylashgan. Shahar yeri yuzasining ustki qavati, asosan, daryo va soylar oqizib kelgan oqiziqlar — loyqalar, qumoq va qumloq yotqiziqlar qum bilan qoplangan.

Shahar Toshkent shahridan 400 km janubi-g'arbiy qismida (520 km avtomobil yo'li orqali) joylashgan. Qarshi-Xonobod aviabazasi Qarshidan 10 km sharqda joylashgan. 1970-yillarning boshlarida Amudaryodan sug'orish kanali (Amu-Qarshi bosh kanali) qurildi. Iqlimi keskin kontinental.

AholisiTahrirlash

2021-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, aholi soni 275 018 kishi. Aholining milliy tarkibi o‘zbeklar, qisman ruslar, tojiklardan tashkil topgan.

IqtisodiyotiTahrirlash

Qarshi shahri iqtisodiyoti xizmat ko‘rsatish sektoriga asoslangan. Aholining katta qismi savdo, bank, ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi xizmat ko‘rsatishga asoslangan iqtisodiyot tarmoqlarida faoliyat yuritadi. Qarshida Yerqo‘rg‘on ulgurji, Osiyo avtomobil, Farhod xo‘jalik mollari, Orzu, Qarshi buyum bozorlari shahar aholisi va aglomeratsiyasi uchun xizmat ko‘rsatmoqda. Shaharda 17 ta bank, jumladan Xalq banki, Agrobank, O‘zmilliybank, Ipoteka-bank, O‘zsanoatqurilishbanki, Ipak Yo‘li bank, Asakabank, Hamkorbank, Aloqabank, Mikrokreditbank, Turonbank, Qishloq Qurilish bank, Invest Finance bank, Trastbank, Asia Alliance bank, Davr-bank, Savdogarbank filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Transport tizimiTahrirlash

Qarshi Qashqadaryo viloyatining markazi hamda viloyatdagi asosiy trasnport tuguni hisoblanadi. Shahar avtomobil, temir va havo yo'llari orqali xorijiy mamlakatlar, respublikaning boshqa shaharlari hamda viloyat tumanlari markazlari bilan bog'langan.

Qarshi aeroporti xalqaro maqomga ega aeroportlardan biri. Aeroportdan Qarshi-Toshkent, Qarshi-Moskva yo‘nalishlariga aviaqatnovlar tashkil etilgan. Aeroportda 2019-yil 1-oktabrdan boshlab "beshinchi havo erkinligi" qo‘llangan holda "Ochiq osmon" rejimi qo‘llanib kelinadi [2].

Qarshi temir yo‘l vokzali O‘zbekiston temir yo‘llari aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan temir yo‘l vokzali. Qarshi vokzali orqali respublikaning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Andijon shaharlariga temir yo‘lda borish mumkin. Qarshi-Toshkent (kuniga 2 marta), Termiz-Toshkent (har kuni), Uzun-Toshkent (har kuni), Termiz-Andijon, Termiz-Xiva yo‘nalishlarida qatnovchi poyezdlar Qarshi vokzalida to‘xtab o‘tadi. Toshkent-Qarshi yo‘nalishida Afrosiyob tezyurar poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Aarsgi vokzali 2015-yilda kapital ta'mirdan chiqarilib, hozirgi ko‘rinishga keltirilgan.

Qarshida, shuningdek, shaharlararo yo‘nalishda qatnaydigan Qarshi-Toshkent zamonaviy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shahar ichida jamoat transporti unchalik rivojlanmagan. Bugungi kunda Jamoat transporti avtobuslardan iborat bo‘lib, avtobus parkining katta qismi Isuzu HC 40 avtobuslaridan tashkil topgan va jamoat transporti kengayayotgan Qarshini to‘la qamrab olmaydi. 2020-yilning 22-avgust kuni Qarshi shahriga Xitoydan Golden Dragon rusumli avtobuslar olib kelinib, 1-yo‘nalish (Temir yo‘l vokzali - Yerqo‘rg‘on bozori), 2- va 7-yo‘nalishlarda aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. [3]

Ta'lim va sog'liqni saqlashTahrirlash

Qarshida ta'lim turlari, amaldagi "Ta'lim to'g'risida"gi Qonunga binoan, maktabgacha ta'lim va tarbiya, umumiy o'rta va o'rta-maxsus ta'lim, professional ta’lim, oliy ta’lim, oliy ta’limdan keyingi ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, maktabdan tashqari ta’limdan iborat. [4]

Shaharda maktabgacha ta'lim va tarbiya Qarshi shahar maktabgacha ta'lim bo'limi [5] tomonidan tartibga solinadi. Bo'limga shahardagi bir necha o'nlab maktabgacha ta'lim tashkilotlari qaraydi.

Umumiy o'rta va o'rta-maxsus ta'lim shahardagi 46 ta umumiy va bir nechta ixtisoslashtirilgan maktablar, jumladan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi, Prezident maktabi yordamida tashkillashtirilgan. Ushbu maktablar faoliyati Qarshi shahar xalq ta'limi bo'limi [6] (Xalq ta'limi vazirligiga qaraydi) tomonidan tashkillashtiriladi.

Qarshi davlat universiteti, Qarshi iqtisodiyot va muhandislik insituti, Toshkent axborot texnologiyalari instituti Qarshi filiali, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti Qarshi filiali shahar va viloyat yoshlarini oliy ta'lim bilan qamrab oladi.

Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼyektlariTahrirlash

"Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obʼektlari" milliy roʻyxatiga Qarshida joylashgan 28 arxeologiya va 25 arxitektura yodgorliklari, 6 monumental sanʼat yodgorliklari va 1 nafar diqqatga sazovor joy kiritilgan[7]

Mashhur kishilariTahrirlash

Qarshi shahridan bir qancha taniqli olimlar, shoir, faylasuflar yetishib chiqqan. Hadis ilmining bilimdonlaridan Abul Abbos al-Mustagʻfiriy, Abu Turob Naxshabiy, yetuk shoir va olimlar Ziyoviddin Naxshabiy, Muyididdin Nasafiy, Sayido Nasafiy, huquqshunos alloma Najmiddin Nasafiy, kalom ilmining namoyandasi Abul Muʼin Nasafiy, faylasuf Aziziddin Nasafiy, mohir meʼmorlar Ali Nasafiy, Olim Nasafiy va boshqalar shular jumlasidandir.

ManbalarTahrirlash

  1. http://dic.academic.ru/dic.nsf/enc3p/150150
  2. https://www.lex.uz/docs/-4474527
  3. https://daryo.uz/2020/08/24/qashqadaryoga-xitoydan-30-ta-zamonaviy-avtobus-olib-kelind/[sayt ishlamaydi]
  4. https://lex.uz/docs/-5013007
  5. https://qarshimtb.uz/
  6. https://qarshishxtb.uz/
  7. [https://lex.uz/ru/docs/4543266 „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“]. Lex.uz. Qaraldi: 20-Sentabr 2020-yil.