Oʻzbek hammomi
Oʻzbek hammomi — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri „Navroʻz“ MFY, Nasaf koʻchasi 41-uyda joylashgan meʼmoriy yodgorlik[1]. Oʻzbek hammomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[2].
Oʻzbek hammomi | |
---|---|
Oʻzbek hammomi (2023-yil) | |
Umumiy maʼlumot | |
Shahar | Qarshi |
Mamlakat | O‘zbekiston |
Qurilishi tugagan | XVI-asr |
Tarixi
tahrirHammom Abdullaxon II davrida hijriy 1004-yilda (1594—1595 milodiy) qurilgan[3].
Qarshidagi qadimiy hammom tabiiy ravishda, yagona nozik meʼmoriy uslubda XVI asrda Buxoro, Samarqand va Shahrisabzdagi oʻrta asr hammomlariga monand qilib bunyod etilgan. XVI asrga oid bu hammom Sharq meʼmorchiligining noyob namunasidir.
Arxitekturasi
tahrirHammom gumbaz va ravoqlardan iborat. Issiqlik moʻtadil boʻlishi uchun hammom yer yuzasidan 3 metr pastda qurilgan. Hammomning yer osti qismida keng, katta xona boʻlib, undan boshqa xonalarga ravoqlar orqali oʻtilgan. Xonalar yonlamasiga uch qator, uzunasiga besh qator qilib joylashtirilgan markaziy xonalarga boʻlingan. Hammomning har bir xonasi maʼlum bir xizmatga moʻljallangan va shunga qarab har xil isitilgan[4].
Hammomda uch xonaning issiq boʻlishi koʻzda tutilgan. Qolgan xonalarning hammasida harorat turli darajada boʻlgan. Alohida sovuq xona ham mavjud boʻlgan. Gumbazi baland, katta xonadan issiq boʻlimga oʻtilgan. Tagxonadan yoqilgan olov xonadagi toshni qizdirgan. Toshning davolash xususiyati sababli bel, suyak ogʻriqlariga duchor boʻlgan kishilar uning ustida yotishgan va shifo topishgan. Gumbazning tepasidagi tuynukdan yorugʻ tushgan. Xonalarning biridan ikkinchisiga ravoqlar orqali oʻtilgan. Birinchi xonada kiyimlar saqlangan, ikkinchisida mijozlar issiqqa moslashganlar, chiqish oldidan yana bu xonada dam olganlar. Uchinchi xonada sovuq va issiq zaxirasi boʻlgan[3].
Galeriya
tahrirAdabiyotlar
tahrirPoyon Ravshanov. Qarshi tarixi, Yangi asr avlodi nashriyoti, Toshkent, 2006 — 647-bet. ISBN 5-633-01899-0.
Nasriddinov K, Xujayarov U. Qarshi shahrining me'moriy yodgorliklari, Yangi asr avlodi, Toshkent, 2011 — 136-bet. ISBN 978-9943-08-629-6.
Manbalar
tahrir- ↑ „Qarshi hammomi meʼmoriy yodgorligi“.
- ↑ „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2020-yil 22-sentyabr.
- ↑ 3,0 3,1 Ravshanov P. Qarshi tarixi. 506-bet.
- ↑ Nasriddinov K, Xujayarov U. Qarshi shahrining meʼmoriy yodgorliklari 20-bet.