Qarshi koʻprigi — (yoki Qashqadaryo koʻprigi) Qarshi shahri hududidan oqib oʻtuvchi Qashqadaryo daryosi ustida qurilgan, shaharni ikkala qismini bir-biri bilan bogʻlaydigan qadimiy gʻisht koʻprik[1][2]. Qarshi shahrining ramzlaridan biri sanaladi. Hozirgacha yetib kelgan bu koʻprik qurilishi XVI asrning ikkinchi yarmida amalga oshirilgan. Qarshi koʻprigi Qashqadaryo ustiga qurilgan eng katta hisoblanadi.

Qarshi ko‘prigi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[3]. Koʻprik soʻnggi bor 2016-yil taʼmirdan chiqqan[4].

Nomlanishi tahrir

Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatida koʻprik Qashqadaryo koʻprigi nomi bilan qayd etilgan[5]. Xalq orasida va ayrim rasmiy manbalarda, garchi Amir Temurga aloqasi boʻlmasa ham, Amir Temur koʻprigi deb nomlanadi. Koʻprikning Qarshi koʻprigi nomidan boshqa yana bir nechta nomlari mavjud. Jumladan, xalq orasida Shayboniylar koʻprigi, Nikolaevskiy koʻprigi kabi nomlari bilan mashxur boʻlgan va tarixiy manbalarda ham shu nomlari qayd etilgan. Shuningdek uning Qashqadaryo koʻprigi nomi ham mashhur.

Tarixi tahrir

Ushbu koʻprikning qurilishi koʻp asrlar oldin boshlangan. Koʻprik orqali ilk marotaba XV asrda oʻtilgani qayd etiladi. 1583-yilda fors meʼmorchiligi uslubida yangi koʻprik bunyod etiladi. Eski koʻprikdan faqat yayov oʻtish imkoniyati mavjud boʻlgan boʻlsa, Abdullaxon II tomonidan qurdirilgan koʻprikda ot va ot-aravalarda ham oʻtish imkoniyati yaratilgan. Koʻprik qurilishining asosiy tashabbuskori shayboniy hukmdor Abdullaxon II boʻlgan. U shaharni rivojlantirdi, uning aholisiga gʻamxoʻrlik qildi, eng muhimi, Qarshini muhim savdo markaziga aylantirmoqchi boʻlgan. Abdullaxon II davrida Qarshida Osiyodagi eng katta koʻpriklardan biri paydo boʻldi. Koʻprik uzunligi 122 metr, kengligi 8.2 metr, suv ustidagi balandligi 5 metrdan koʻproqni tashkil etgan. Koʻprikning 10 ta tutashtiruvchi kamarlari mustahkamlab turgan[6]. Daryo tubida joylashgan oʻrta qoplamalarigacha boʻlgan balandligi esa umumiy 5.35 metrga teng. Koʻprikning har ikki tarafida rovoqli pillapoyalar barpo etilgan. Uning asosi pastga tushgan sari kengayib boradi. Natijada har birining radiusi 2 metr boʻlgan burjlar bilan birlashadi.

Oʻsha davrda mazkur inshoot Qarshi savdogarlarining asosiy toʻxtash hududiga aylanadi. Shu sababli ham, Qarshi koʻprigi keyinchalik shaharning ramziga aylanib ketgan. O'rta asrlarda mazkur ko'prik Nasaf (Qarshi) orqali Eron va Hindistonni Yevropaning ko'plab mamlakatlari bilan bog'lovchi muhim ahamiyatga ega bo'lgan karvon yo'llarining harakatlanishini osonlashtirgan.

Olim va sayyoh German Vamberining yozishicha, 1860-yillarda Qarshi shahrida 10 ta karvonsaroy, katta bozor, shahar aholisi dam oladigan bogʻ boʻlgan. U bunday bogʻni boshqa yurtlarda uchratmaganini alohida qayd etgan.

Qurilish materiallari va taʼmiri tahrir

Oʻrta Osiyoning qadimgi inshootlaridan hisoblangan koʻprik qurilishi materiallari asosan pishiq gʻisht va mustahkamlovchi qorishmalardan iborat boʻlgan. Koʻprikda jami 12 ta pillapoya va 14 ta ravoq koʻrinib turgan. Vaqt oʻtishi bilan daryoning oʻzani kengayadi, koʻprikni uzaytirish va qayta taʼmirlash zarurati tugʻiladi. Shu tufayli 1914-yilda koʻprik qayta taʼmirlanib, uning har ikki tarafidan qoʻshimcha qismlar qurilgan hamda kirish joyida pishiq gʻishtdan ikkita qorovulxona barpo etilgan. Shuningdek, qirgʻoqning chetki qismidagi qadimiy pillapoyalari yangilangan. Bu xususida oʻsha yerdagi gʻisht plitalarga oʻyma yozuvlar bilan yozib qoʻyilgan[7]. Ular yuk transporti harakatiga xalaqit berganligi uchun 1970-yilda buzib tashlangan, lekin 2005-yilda yana qayta tiklangan.

Qayta taʼmirlanishi tahrir

2016-yilda Islom Karimov tashabbusi bilan tarixiy koʻprik qayta taʼmirlanib, uning atrofi dam olish maskaniga aylantirilgan. Bu yerda kichik xiyobon bunyod etilgan[8]. Daryo qirgʻogʻi boʻylab kafe-bar, kottej, sunʼiy qoplamali sport maydonchasi va bolalar maydonchasi barpo etilgan[9]

Manbalar tahrir