Abdullaxon II
Abdullaxon II (toʻliq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon) (1534; Miyonkol, Ofarinkent — 1598.8.2, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) — oʻzbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583—1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat homiysi.
Abdullaxon II | |
---|---|
Abdulla ibn Iskandar ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abulxayrxon | |
Abdullaxon II portreti | |
Buxoro xonligi hukmdori Ulugʻ xon | |
Mansab davri 1583-yil – 2-fevral 1598-yil | |
Oʻtmishdoshi | Iskandarxon |
Vorisi | Abdulmoʻminxon |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1533-yil Buxoro xonligi Miyonqol Ofarinkent |
Vafoti |
2-fevral 1598-yil Buxoro xonligi Samarqand |
Fuqaroligi | Buxoro xonligi |
Bolalari | Abdulmoʻminxon |
Ota-onasi | |
Dafn etilgan joyi |
Buxoro Daxmai shohon |
Abdullaxon II — davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat homiysi
tahrirBobosi Jonibek sulton (vafoti 1528/29) Karmana va Miyonkol hokimi (1512/13-yildan boʻlgan. Otasi Iskandar sulton oʻgʻli tugʻilgan paytda Ofarinkentni, keyichalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chogʻidan qattiq kurash olib borgan. Toshkent hokimi Navroʻz Ahmadxon (Baroqxon) bilan Koson yonida (1548), Moʻgʻuliston xoni Abdurrashidxon va shayboniylardan Doʻstum sultonlar qoʻshiniga qarshi Forob yonida (1554) jang qilgan. Yosh Abdulla sulton oʻzining hukmdor sifatidagi butun gʻayrat-shijoatini 1551-yil Karmanada namoyish etgan; viloyatga Toshkentdan Navroʻz Ahmadxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilganlar, Iskandar sulton Amudaryo ortiga qochgan. Abdulla sulton otasi vazifasini oʻz zimmasiga olib bu hujumni muvaffaqiyatli qaytargan. Keyingi yillarda (1552-56) oʻz mulkini gʻarbga — Buxoro tomonga va janubiy-sharq — Qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intilgan. Bu saʼy-harakat dastlab muvaffaqiyatsiz chiqqan, hatto 1556-yil u ota meros mulkini tashlab Maymanaga qochishga majbur boʻlgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Joʻybor xojalaridan Xoja Muhammad Islom koʻmagida Navroʻz Ahmadxon, keyinchalik uning oʻgʻillari Darveshxon va Bobo sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib borgan. Navroʻz Ahmadxon vafot etgach (1556), darhol Karmana va Shahrisabzda oʻz hukmronligini tiklaydi, 1557-yil mayda Buxoroni qoʻlga kiritadi va uni oʻz poytaxtiga aylantiradi. 1561-yil otasini davlat boshligʻi — xon deb eʼlon qilib, uning nomidan mamlakatni oʻzi boshqara boshlaydi.
Markaziy xokimiyatga boʻysunishdan bosh tortgan shayboniy sultonlar bilan kurashib Balx (1574), Samarqand (1578), Toshkent, Sayram, Turkiston (1583) va Fargʻona (1583)ni egallaydi. 1582-yil Dashtga yurish qilib Ulugʻtogʻta qadar borgan. 1583-yil otasi Iskandarxon vafot etgach, mamlakatni oʻz nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi koʻtarilgan Maymana va Garchiston (1583), shuningdek Badaxshon (1585)dagi gʻalayon, tartibsizliklarni bostirgan. Xorazmga ikki marta yurish (1594, 1596) qilib, u yerda markaziy hokimiyat hukmronligini qayta tiklagan. Abdullaxon II mamlakat hududi yaxlitligini tiklash yoʻlida qoʻshni xorijiy davlatlar bilan ham kurash olib borgan. Masalan, Turkiya Movarounnahrda oʻz taʼsirini kuchaytirish niyatida Abdullaxon II ga qarshi kurashda Bobo sultonga yordam bergan. Bobo sulton turk askarlari yordamida Nasaf yonida Abdullaxon II ga qarshi jang qilgan. Abdullaxon II safaviylar bilan Xuroson, Gʻilon uchun kurashib ularni oʻz tasarrufiga kiritgan. Sharqiy Turkistonga qilingan yurishda Qashqar va Yorkent viloyatlarini olgan. Boburiylar ham Badaxshon, Shom, Afgʻoniston va Xuroson uchun Abdullaxon II ga qarshi kurashganlar. Abdullaxon II bunga qarshi Sind (1583), Kashmir (1586)ni egallab, davlatning janubiy. chegaralarini mustahkamlagan[1].
Abdullaxon II davrida mamlakat hududi
tahrir
| ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Abdullaxon II davrida mamlakat hududi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha boʻlgan yerlardan iborat edi. Abdullaxon II hayotining soʻnggi yillarida oʻgʻli Abdulmoʻmin (qarang Abdulmoʻminxon) bilan chiqishmay qolgan. Abdulmoʻmin 1582-yil kuzidan Balxni otasi nomidan boshqarayotgan edi. Iskandarxon davrida Abdullaxon II haqiqiy, amaldagi hukmdor boʻlgani kabi, Abdulmoʻmin ham keksaygan otasiga nisbatan shunday mavqeni egallamoqchi boʻlgan. Faqat ulamolarning aralashuvi tufayligina ota-bola oʻrtasida ochiq urush harakatlari boshlanmagan va Abdulmoʻmin otasiga boʻyin egishga majbur boʻlgan. Ular oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashganidan xabar topgan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati va Toshkent-Samarqand oraligʻidagi yerlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qoʻshinni yenggan. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon II Samarqandga yetganda vafot etadi
[2]. By Shokhrukhmirzo
Tashqi siyosati
tahrirAbdullaxon II faol tashqi siyosat olib borgan. Bu davrda shayboniylar Eron, Hindiston, Turkiya,Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlar bilan keng diplomatik, iqtisodiy, savdo aloqalari olib borganlar. Masalan, Abdullaxon II elchilari 1583-yil Moskvadan oʻq-dori, ov qushlari, mato olib kelganlar. Bunday elchilik 1589, 1595-yillarda ham qaytarilgan. Abdullaxon IIning mamlakat ichki siyosatidagi, davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash, ayniqsa pul islohoti oʻtkazish yoʻlidagi faoliyati natijalari keyingi davrlarda ham saqlanib qolgan. U koʻplab turli inshootlar qurdirgan. Hozirgacha xalq orasida u yoki bu inshoot qurilishi Amir Temur yoki Abdullaxon II ga nisbat beriladi.
Hindiston bilan diplomatik aloqalar
tahrirAbdulaxon II 1572-yilda Hindistonga Xoʻja Oltamish boshchiligidagi elchilarni yuboradi. Xoʻja Oltamish sovgʻa-salomlar va maktub bilan Boburiy Akbarshoh huzuriga yetib keladi. Abdullaxon II yuborgan maktubida Hindiston bilan oʻtmishda aloqalar boʻlganligini esga soladi, doʻstlik munosabatlari haqida yozadi[3]. Hind olimi R.Ch Varmaning tadqiqotlariga koʻra, Abdullaxon II oʻz elchisi orqali Eron hududini ikki mamlakat oʻrtasida taqsimlash rejasini ilgari surgan va bu reja ikki mamlakat oʻrtasida sir saqlangan. Abdullaxon II keyinchalik ikki marotaba yana elchilarini yuboradi. U 1577-yilda Buxoro elchisi Abdurahimni Hindistonga joʻnatgan. Abdullaxon II ning elchisi bu safar Akbarshohga Eronni boʻlish taklifi bilan keladi. Boburiy hukmdor 1579-yil Abdullaxon II huzuriga Mirza Poʻlat boshchiligidagi hind elchilarni yuborgan. Uzoq yillardan soʻng Hind hukmdori Buxoroga Abdullaxon II huzuriga Xoʻja Ashraf Naqshbandiy boshchiligidagi elchilarni yana yuboradi. 1579-yili Abdullaxon saroyiga sunniy mahzabdagi Mirza Poʻlat boshchiligida hind elchilari yuborilgan. Uzoq yillardan soʻng Akbar Buxoroga 1597-yili 17-mayda elchi yuborishga qaror qiladi[4].
Usmonli davlati bilan diplomatik aloqalar
tahrirAbdullaxon II 1571-yilda Usmonli hukmdor Salim II ga maktub yoʻllaydi. U maktubida Safaviylarga qarshi birgalikda kurashish kerakligini aytib oʻtadi. Abdullaxon II maktubida Salim II ning otasi Sulaymon I davrida ikki mamlakat oʻrtasida Safaviylarga qarshi kurashilganligini esga soladi. Salim II javob maktubida Qibris masalasi bilan mashgʻulligini bildiradi va Abdullaxon II ning taklifiga hech qanday fikr bildirmaydi. Abdullaxon II 1588 yilda Istambulga elchilari Hoji Bahodirqul va Boqi Hojilarni yuboradi[5].
Abdullaxon II davrida madaniy hayot
tahrirAbdullaxon II davrida Buxoro yaqinidagi Sumiton (Joʻybor) mavzesida Joʻybor xojalaridan Abu Bakr Saʼd (970/971 yil vafot etgan) mozori atrofiga Madrasa, masjid, xonaqoh va chorbogʻ (1558-66), Buxoroda madrasa (qarang Abdullaxon madrasasi), hammom, Govkashon, Fatxulla qushbegi, Mirakan, Xoja Muhammad Porso, yangi Chorsu (1569-70), tim (qarang Abdullaxon timi), Karmana yaqinida Zarafshon daryosi ustiga koʻprik (1582) va boshqa qurildi. Bunday inshootlar va karvonsaroylar Samarqand, Toshkent, Balx va boshqa shaharlarda ham qurilgan (masalan, Abdullaxon IIning nufuzli amiri Qulbobo Koʻkaldosh sharafiga Toshkentda qurilgan Koʻkaldosh madrasasi va boshqalar). Karvon yoʻllarida sardobalar, rabotlar, kanallar, suv omborlari (qarang Abdullaxon bandi), koʻpriklar (masalan. Surxondaryoda xalq orasida Iskandar koʻprigi nomi bilan mashhur boʻlgan Gʻishtkoʻprik va boshqalar), chorbogʻlar bunyod etilgan
[6].
Abdullaxon II davrida shaharsozlik, ilm-fan va adabiyot
tahrirAbdullaxon II davrida mamlakatda shaharsozlik, adabiyot, ilm-fan taraqqiy etgan. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylangan Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullanoma („Sharafnomayi shohiy“) (1584-89), Amin Ahmad Roziyning „Haft iqlim“ (1583), Mutribiyning dunyo xaritasi ilova qilingan „Tazkiroti shuaro“ (taxminan. 1593-95) va boshqa ilmiy asarlar yaratildi. Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilingan. Unda mashhur xattotlar Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniylar va boshqa kitob koʻchirish bilan mashgʻul boʻlishgan. Hasanxoja Nisoriyning „Muzakkiri ahbob“ asari Abdullaxon II ga bagʻishlangan.
Bu davrda shoir, adib va ilohiyotchi olimlardan Mushfiqiy, Nizom Muammoiy, Muhammad Darvish oxund, qozi Poyonda Zominiy, mulla Amir, Muhammad Alti Zohid, tabiblardan mavlono Abdulhakim va boshqa yashab ijod etgan. Abdullaxon IIning oʻzi ham isteʼdodli shoir boʻlib, „Xon“ taxallusi bilan oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar yozgan. Mamlakatda (Buxoro, Samarqand, Toshkent, Balx va boshqa shaharlarda) hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan. Hunarmandlar turli ipak matolar, uy-roʻzgʻor, zargarlik buyumlari, qurol-yarogʻlar va boshqa tayyorlardilar. Movarounnahr ustalari tayyorlagan buyumlar ichki va tashqi bozorda juda xaridorgir boʻlgan[7].
XVI asr tarixchisi, oʻzbeklarning Qatagʻon qabilasidan boʻlgan Muhammad Yar ibn Arab Qatagon „Musaxir al-bilad“ („Mamlakatlarni zabt etish“) asarini yozgan. Asarda Shayboniylar, jumladan, Abdullohxon II davri haqida hikoya qilinadi[8].
Harbiy sanʼat rivojlanishi
tahrirHarbiy sanʼat taraqqiy etgan. Qoʻshin tarkibini nayza, qilich, manjaniq, naftandoz va shotular bilan qurollangan otliq va piyoda qismlar tashkil qilgan. 16-asr ikkinchi yarmidan qoʻshin Turkiya va Rossiyadan keltirilgan pilta miltiq va zambaraklar bilan qurollana boshlagan (yana qarang Buxoro xonligi)
Oʻlimi
tahrirAbdullaxon II 1598-yil 8-fevralda Samarqandda vafot etgan. Uning vafoti toʻgʻrisida manbalarda maʼlumotlar turlicha. Baʼzi manbalarda Abdullaxon II oʻz ajali bilan vafot etgan deyilsa[9], baʼzi mualliflar xonning vafotiga oʻgʻli Abdulmoʻminxon sababchi boʻlgan deb hisoblaydi[10]. Joʻybor shayxlari xonadoniga mansub Muhammad Tolib oʻzining „Matlab ut-tolibin“ asarida Abdullaxon II oʻz oʻgʻli Abdulmoʻminxon buyrugʻi bilan Boqimuhammadbiy tomonidan zaharlanib oʻldirilgan, deya qayd etadi. Lekin bu maʼlumot taxminiy ekanligini ham eslatib oʻtadi[9].
1588/89-yili Abdullaxon II Abdulmoʻminxonni qoʻshin bilan Xurosonga yuboradi. Shahzoda zimmasiga yuklatilgan vazifani yaxshi uddalaydi. Biroq uning boshiga oliy hukmdorlikni qoʻlga kiritishdek ahmoqona xayol paydo boʻladi. U Amir Muhammad Boqi Doʻrmonni otasining ovqatiga zahar solib qoʻyishga koʻndiradi. Bu ish amalga oshiriladi. Abdullaxon 10 kun jisman va ruhan qattiq azob-uqubatni boshidan kechiradi, Samarqanddagi Chaqar mahallasida, Goʻri Amir yaqinida vafot etadi. Uning jasadi oʻgʻli yetib kelguncha 20 kun atrofida shu yerda saqlanadi. Shundan soʻng xonning janozasi oʻqilib, Buxoroda Bahouddin Naqshband majmuasidagi Daxmai shohonga dafn qilinadi[10].
A. Jumanazarga koʻra, Abdullaxonning oʻlimi voqeasiga yana aniqlik kiritilishi talab etiladi. Sababi, Mutiribiy bu borada Abdulmoʻminxon taxtga koʻz tikkan boʻlsa-da, otasini oʻldirishga ulgurmagani haqida maʼlumot bergan[10].
Manbalar
tahrir- ↑ Bartold V. V., Sochineniya, 11(2) t., M., 1964
- ↑ Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993;
- ↑ Низомиддинов 1966, s. 21.
- ↑ Низомиддинов 1966, s. 24.
- ↑ Рахмонқулова 2002, s. 26.
- ↑ Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma, 1-j., T., 1999;
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil
- ↑ Muhammadyor ibn Arab Qatagʻon. „Musahhir al-Bilad“. T., 2009
- ↑ 9,0 9,1 Zamonov 2021, s. 76.
- ↑ 10,0 10,1 10,2 Jumanazar 2017, s. 159.
Adabiyotlar
tahrir- Jumanazar A. K.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.
- Zamonov A.. Buxoro xonligi tarixi: metodik qoʻllanma. Toshkent: Bayoz, 2021 — 264-bet. ISBN 978-9943-6372-0-7.
- Низомиддинов И. XVI-XVIII асрларда Ўрта Осиё- Ҳиндистон муносабатлари. Тошкент: Ўзбекистон ССР "ФAН" нашриёти, 1966 — 117-bet.
- Рахмонқулова З. XVI—XX аср бошларида Ўрта Осиё ва Усмонийлар давлатлари ўртасидаги ижтимоий-сиёсий ва маданий муносабатлар тарихи. Тарих фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун диссертация, Тошкент, 2002 — 139-bet.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |