Akbar Jaloliddin Muhammad
Akbar Jaloliddin Muhammad (1542.14.10, Amarkot −1605, Agra yaqinidagi Sikandra qishlogʻi), „Akbar-shoh“ — Boburiylar sulolasidan hukmdor (1556 — 1605). Hindistondagi boburiylar saltanati hukmdori (1556-yildan).
Boburning nabirasi, Humoyunning oʻgʻli, 13 yoshida taxtga oʻtirgan (1556-yil 15-fevral). Dastlab vaziri turkman Bayramxon otaliq yorda-mida taxtni boshqargan, soʻngra balogʻat yoshiga yetgach, mamlakatni qattiqqoʻllik bilan idora eta boshlagan. Saltanatini kengaytirish uchun muttasil kurashgan. Akbarshoh davrida Boburiylar saltanati shimolda Balxdan tortib janubda Godovari daryosigacha (Kashmir va Afgʻoniston hududlari bilan), gʻarbda Arabiston dengizidan sharqda Bengaliya qoʻltigʻigacha boʻlgan ulkan hududni qamrab olgan. Markazlashgan saltanat tuzish maqsadida 1574-yildan ichki islohotlar oʻtkazishga kirishadi: qoʻshin ustida nazoratni kuchaytiradi va uni qayta tashkil etib, yangidan qurollantiradi, mamlakatni yangi maʼmuriy tumanlarga boʻladi. Nikoh rish-talari orqali Rajput knyazliklari bilan aloqalarni mustahkamlagan. Rajputlar otliq qoʻshini Akbar qoʻshinining asosini tashkil qilgan. Yirik yer egalari — jogirdorlarning oʻzboshimchaligiga qarshi bir qancha chora-tadbirlarni oʻtkazgan, 1574-yil dehqonlar, sarkardalarga yer inʼom etish oʻrniga xazinadan ularga maosh toʻlashni, mamlakatdagi yerlardan soliq toʻplashni oʻz xizmatchilari zimmasiga yuklagan. Akbar aholi orasida diniy jihatdan oʻzaro birdamlikka erishish maqsadida hindlarni yuqori mansablarga tayinlay boshlagan va yangi din — „dini ilohiy“ joriy etgan. Bu din oʻzida is-lom, hinduizm, parsizm va jaynizm dinlarining qorishmasidan iborat boʻlgan. Akbar dunyoviy va diniy hokimiyatni oʻzida mujassamlashtirgan. Bu dinga eʼtiqod qilganlar A.ning marhamatiga sazovor boʻlganlar. Keyinchalik A. vafotidan soʻng bu yangi din kichik bir mazhabga aylanib qolgan. A. dehqonchilik va savdoga katta eʼtibor bergan, Yevropa mamlakatlari bilan ham savdo-sotiq olib borgan. A. ilm-fan, sanʼatga ham homiylik qilgan. A.ning vaziri va doʻsti Abulfazl Allomiy A. saltanati tarixiga oid „Akbar-noma“ asarini yozib qoddirgan. A. buyuk davlat arbobi, quvvai hofizasi kuchli, jasur, iqtidorli sarkarda boʻlgan.
AdabiyotlarTahrirlash
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Qodirov P., Humoyun va Akbar, T., 1994.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |