Muhammad Rahim
![]() | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
Muhammad Rahim (1715—1758-yillar) — oʻzbek mangʻitlar sulolasining asoschisi, Muhammad Hakimbiyning oʻgli. Mangʻitlar sulolasining asoschisi, otaliq, Buxoro xoni (1756—1758).
Muhammad Hakimbiynmng oʻgʻli. Otasining koʻmagi bilan Ashtarxoniylardan Abulfayzxon saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan. Eron hukmdori Nodirshohning Buxoroga hujumidan keyin mamlakatda uning mavqei yanada oshgan va Abulfayzxonning qiziga uylangan. Buxoroning ob-roʻli kishilaridan 12000 nafarga bosh boʻlib, ularni oq uylik sifatida Eron poytaxti — Mashhadga olib kelgan. Keyinchalik kattaqoʻrgʻonlik Ibodullohbiy boshchiligida xitoyqipchoq qavmlari koʻtargan isyonni bostirish uchun Nodirshohning buyrugʻi bilan Buxoroga qaytadi (1745) va qushbegi — bosh vazir lavozimini egallaydi. Aynan shu paytdan boshlab u Buxoro xonliginiig amaldagi hukmroniga aylangan. M.R. buyrugʻi bilan 1747 yilda Abulfayzxon Mir Arab madrasasi hujralaridan birida oʻldiriladi. Taxtga Abdulmoʻminxon (hukmronligi: 1747— 51), Ubaydullaxon III ibn Abdulmoʻminxon (hukmronligi: 1751—54), Shergʻozi (hukmronligi: 1754—56)ni oʻtqazib, bu qoʻgʻirchoq xonlar davrida markaziy hokimiyatga boʻysunishni xohlamayotgan Miyonkol, Nurota, Urgut, Jizzax, Oʻratepa, Xoʻjand, Toshkent, Shaxrisabz, Boysun, Hisor, Qubodiyon va boshqa bekliklar ustiga yurish qilib, ularni boʻysundiradi. Burqut, bahrin, kenagas, qipchoq, yuz, saroy va boshqa qavmlarni mamlakatning turli hududlariga koʻchirib, xonlikning yaxlitligi va xavfsizligi uchun izchil kurashgan. Urushlar tufayli vayron boʻlgan Dargʻom kanalini qayta tiklattirgan. Buxoro shahrining mudofaa devori mustahkamlanib, balandligi 2 m.li yangi devor qurilgan (1752—53). M. R. Buxoro taxtiga rasmiy ravishda xon boʻlib oʻtirgach (1756.16.12), mangʻitlar sulolasining xukmronligi boshlandi. U Xiva xonligidagi siyosiy nizolardan foydalanib, taxtga oʻz odamlarini oʻtqazgan.
Buxoro xonligidagi siyosiy ahvolTahrirlash
Buxoroda ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida oʻzbek qabilalaridan mangʻitlar va qoʻngʻirotlarning nufuzi baland edi. Bu ikki qabila haqiqiy hokimiyat ashtarxoniylar qoʻlida boʻlib turgan davrlarda ularga sadoqat bilan xizmat qilgan edilar. Biroq, keyinchalik, Buxoroda mangʻitlar alohida nufuzga ega boʻlish uchun astoydil kurashdilar. Muhammad Hakimbiy davrida bu maqsadga erishdilar.
Muhammad Hakimbiy 1743-yilda vafot etgan edi. Uning oʻgʻli Muhammad Rahimbiy oʻzining muntazam qoʻshinga egaligidan foydalanib, hokimiyatda otasi kabi alohida mavqei uchun daʼvogarlik qila boshladi. Soʻnggi ashtarxoniy Abulfayzxon unga Bosh vazirlik lavozimini berishga majbur boʻldi va oxir-oqibatda markaziy hokimiyat uning qoʻlida toʻplandi.
Nodirshoh 1747-yilda oʻldirilganidan soʻng Eronda boshlangan ichki kurashlar Muhammad Rahimning Buxoro taxtini egallashiga yoʻl ochib berdi. Uning buyrugʻi bilan Abulfayzxon ham 1747- yili oʻldirildi. Muhammad Rahim taxtga Abulfayzning oʻgʻli Abdulmoʻminni oʻtqazdi va uni oʻziga kuyov qilib oldi. Koʻp oʻtmay Muhammad Rahim kuyovi Abdulmoʻminni ham qatl ettirdi. Tez orada Muhammad Rahim Buxoro aslzodalari va ruhoniylarining qoʻllab-quvvatlashi bilan 1756-yilda oʻzini xon deb eʼlon qildi. Biroq mangʻitlar chingiziylar nasliga mansub boʻlmaganligi uchun undan keyingi mangʻit hukmdorlari oʻzlarini xon deb emas, amir deb ataganlar. Ular Buxoro mintaqasining diniy hukmdori — amir ul-moʻminin hisoblanganlar.
Shunday qilib, 1756-yili Buxoroda hokimiyat tepasiga yangi sulola — mangʻitlar sulolasi keldi va davlatni 1920-yilgacha idora qildi. Shundan boshlab Buxoro xonligi endilikda Buxoro amirligi deb ataladigan boʻldi. Mangʻitlar 92 oʻzbek qabilasining biri edi.
Muhammad Rahimxon - Buxoro xonligi hukmdoriTahrirlash
Muhammad Rahim - mamlakatda oʻzining mutlaq hukmdorligini oʻrnatish hamda ichki boshboshdoqlikni tugatish siyosatini tutdi. Bunday siyosatdan koʻzlangan maqsad — markazlashgan davlatni tiklash edi. Muhammad Rahim bu siyosatni roʻyobga chiqarishga qatʼiy kirishdi. U barcha mahalliy hukmdorlarni oʻz huzuriga chorlab, ularga oʻzining asl maqsadini, oʻz boshqaruv dasturini maʼlum qildi. Lekin davom etayotgan ichki nizolar, urushlar mamlakatni xonavayron qilayotganligi, xoʻjalik, savdo-sotiq ishlarining izdan chiqayotganligi, agar bu jarayonlar bundan buyon ham davom etiladigan boʻlsa, davlat halokati muqarrar ekanligini alohida taʼkidladi. Qaysi mahalliy hukmdor markaziy hokimiyatga boʻysunmasa, undaylar ayovsiz jazoga tortilishini ogohlantirdi.
Muhammad Rahimxon mustaqillikni daʼvo etib yurgan Miyonqol, Nurota, Qoʻbodiyon, Boysun, Shahrisabz hamda Urgut bekliklarini toʻrt yil davomida oʻziga boʻysundirdi. Ayni paytda u boʻysunishni istamagan, markaziy hokimiyatga boʻysunmaslikka urinayotgan qabilalarni turgan joyidan koʻchirtirib yuborish siyosatini tutdi. Masalan, burqut, qipchoq, yetti urugʻ, bahrin, yuz kenagas, saroy va boshqa qabilalarga nisbatan ana shunday siyosat yuritildi.
Muhammad Rahim yirik yer egalarining davlatni boshqarish ishlarida shu vaqtgacha davom etib kelgan aralashuvlarini keskin kamaytirishga erisha oldi. Shunday boʻlsa-da, u barcha bekliklarning markaziy hokimiyatni tan olishlariga toʻla erisha olmadi.[1]
Buxorolik tarixchi Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniyning yozishicha, Gʻijduvon tumanidan qaytayotganda yoʻdda vafot etgan. Buxorodagi Shohrud anhori boʻyida, Mozor darvozasidagi Abu Bakr Tarxon qabristonida dafn etilgan.[2][3][4]
ManbalarTahrirlash
- ↑ Muhammad Rahimxon eduportal.uz saytida, archived from the original on 2016-03-05, https://web.archive.org/web/20160305074333/http://eduportal.uz/ebooks/ozbekiston.tarixi.8/band/14-2.htm, qaraldi: 2011-06-25
- ↑ Mirza Abdal’ azim Sami, Tarixi salatini mangitiyya, M.,
- ↑ Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
AdabiyotlarTahrirlash
- Абдалазим Сами Тарих-и Салатин-и Мангитийа. пер. Епифановой Л. М.1962
- Анке фон Кюгельген Легитимация среднеазиатской династии мангитов в произведениях их историков, ХVIII-XIX вв А.,2004
- Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Абдулмўминхон. Тошкент,2000—2005
- Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Бухоро Арки. Тошкент,2000—2005
- Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Манғитлар. Тошкент,2000—2005
- Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Муҳаммад Раҳим.Тошкент,2000—2005
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |