Dargʻom kanali
Dargʻom kanali — Zarafshon daryosidan suv oladigan qad. kanal. Ravotxoʻja qishlogʻi yaqinidagi toʻgʻondan boshlanib, Ulus choʻligacha davom etadi. Tarixiy manbalarda kanalning mil. av. 5—4-asrlarda qazilganligi qayd qilingan. Klavdiy Ptolemey tuzgan kartada (2-asr) D. k. "Dargomaniy" deyilgan. Kadimda kanalning bosh toʻgʻoni bir necha marta harob boʻlgan. Novlariga qoʻrgʻoshin yotqizilgan bosh toʻgʻon 1220-yilda Chingizxon tomonidan buzdirilgan. 18-asrdagi suv toshqinlari toʻgʻonni bir necha marta yuvib ketgan. 20—30-y.larda bosh toʻgʻon qayta tiklandi, suv taqsimlovchi qoʻshimcha toʻgʻonlar qurildi. D. k. Yangi Dargʻom, Eski Dargʻom va Aylanma Dargʻom kanallarini oʻz ichiga oladi. Qashqadaryo viloyatiga D. k.dan suv Eski Angor kanali orqali beriladi. Samarqand sh.ga suv Shovdar va Bogʻi shamol taqsimlagichlari orqali olinadi. Umumiy uz. 100 km. Suv oʻtkazish imkoniyati — 125 m3/s. D. k.da Hishrov, Yerteshar, Talligʻulon 1 va Talligʻulon 2 gidroelektr st-yalari qurilgan. Yangi Dargʻom Eski Dargʻomga (bosh qismidan 11 km naridan) quyiladi va kanalning suvini koʻpaytiradi. Uninguz. 10,5 km, 600 m masofada kanal tunnel boʻylab oʻtadi. Aylanma Dargʻom kanali Qashqadaryo viloyatiga 45 m3/s suv berish zarurati tufayli qurilgan. Bu kanal Bosh toʻgʻonning soʻl rostlagichi orqali Yangi Dargʻom bilan umumiy suv olish havzasiga ega va 20,5 km dan soʻng Eski Dargʻomga quyiladi. Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Pastdargʻom tumanlaridagi 67,5 ming ga, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Qamashi, Kitob tumanlaridagi 50 ming ga yer sugʻoriladi.
Toshtemir Bekmurodov.
Adabiyot
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |