Subhonqulixon (1625 Buxoro 1702.14.9) — ashtarxoniylar oʻzbek sulolasidan Buxoro xoni (1680—1702).
Nodir Muhammadxonning oʻgʻli. Nodir Muhammadxon Buxoro xoni boʻlgach, oʻgʻli S.ni Soli Saroy shahri, soʻngra Balx viloyati hokimi qilib tayinlaydi (1642). Koʻp oʻtmay u bu lavozimdan olinib, Kyahmerdga hokim boʻlgan. S.ning katta akasi Abdulazizxon otasini hokimiyatdan chetlashtirib, Buxoro xoni boʻlgach, S. Balxga — otasi huzuriga yoʻl olgan. S. Balx viloyatida mustahkam oʻrnashib olib, Balx va Badaxshon hokimligini qoʻlga kiritgan (1651). S. Buxorodan mustaqil siyosat yuritgan. 1658 yilda Abdulazizxonning piri Abdulgʻafforxoʻja vositachiligida Buxoro va Balx oʻrtasida tinchlikka erishilib, S. akasining hokimiyatini rasmiy tan olgan. Muhammad Yusuf Munshiyning yozishicha, 1680 y. 2 fevralda keksayib qolgan Abdulazizxon S.ga Buxoro xonligi taxtini topshirib, oʻzi hajga joʻnaydi. S. markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun soliqlar miqdorini oshirib, qoʻshinni koʻpaytirgan. Anushaxonnnng vorisi Arang Muhammadxon 1687 y. Buxoroga bosqin qilganida S. bu hujumni qaytarish bilan cheklanmay, 1688 yilda oʻldirilgan xon oʻrniga Xiva taxtiga oʻz noibi amir Niyoz eshik ogʻaboshi (Shohniyoz)ni oʻtqazgan. Shu tariqa Abdullaxon II davridagidek Xiva xonligi yana Buxoroga qoʻshib olingan va mintaqada yagona oʻzbek davlati qaror topgan. S. davrida Buxoro xonligining Sharq davlatlari bilan diplomatik munosabatlari yaxshilangan. Boburiylardan Avrangzeb 1689 yilda Zabardastxon, Usmonli turk sultonlaridan Agʻmad I 1691 yilda Mustafo chovush boshchiligidagi elchilarni Buxoroga joʻnatgan. S. bilan Avrangzeb oʻrtasida bir necha marta (1671—87) oʻzaro maktublar almashilgan. S. tomonidan Balx va Buxoroda koʻplab meʼmoriy obidalar, jumladan, Balxda Madrasa, Buxoroda Dor ushshifo, Registonda katta hovuz; Arkda salomxona va jome masjidi, shuningdek, Aminobodda chorbogʻ qurilgan. Bu davrda, ayniqsa, tibbiyot ilmi va adabiyot rivojlangan. Dor ushshifoda bemorlarni davolash bilan bir qatorda ilmiy ishlar ham olib borilgan. S.ning tibbiyotga oid kitoblar jamlangan nodir kutubxonasi boʻlgan. U "Ihyo attibbi Subhoniy" ("Subgʻoniy tibbiyoti boʻyicha davolash"), "Lubb ullavoyih ulqamar filixtiyorot" ("Baxtli soatni aniqlashda oy manzillarining mohiyati") nomli ilmi nujumga oid risola yozgan. S. "Nishoniy" taxallusi bilan sheʼrlar bitib, saroyda oʻtkazilgan mushoiralarda oʻzi ham sheʼrlar aytgan.
S. Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasidagi Daxmai shohonda (Abdullaxon II qabri yaqinida) dafn etilgan.