Muzakkiri ahbob
"Muzakkiri ahbob" („Ahboblar (yaʼni doʻstlar) zikrida“) nomli tazkira muallifi xoja Bahouddin Hasan Nisoriy (vafoti 1596—1597), XVI asrda oʻtgan yirik oʻzbek shoir va olim.
Muallif(lar) | Bahouddin Hasan Nisoriy |
---|---|
Janr(lar)i | Tazkira |
Bahouddin Hasan Nisoriy asli buxorolik, mashhur shoir Podshohxoja (1450 — vafot etgan yili nomaʼlum) oilasiga mansub boʻlib, shoirlik bilan bir qatorda, tibbiyot, tafsir, handasa, falakiyot, musiqa va xattotlik bilimlarini egallangan. Soʻgʻd hokimi boʻlgan Shayboniy Rustam Sultonning sadri boʻlib xizmat qilgan, 1526-yildan keyin Balxda Kamoluddin qo‘noq madrasasida handasadan dars bergan.
Tarixi
tahrir"Muzakkiri ahbob" asari Xoja Bahouddin Hasanning eng mashhur asari hisoblanadi. Asar Juyboriy xojalaridan xoja Muhammad Islom (1493—1563)ga bagʻishlangan va XVI asrning birinchi yarmida Buxoroda oʻtgan 261 turkiyzabon shoirlar haqida qisqacha maʼlumot keltirgan[1].
Asar tasnifi
tahrir„Muzakkiri ahbob“ asari qisqa soʻzboshi, muqaddima, toʻrt bob va xotimadan iborat. Soʻzboshida muallif oldiga qoʻyilgan vazifa va kitob mazmuni haqida soʻz boradi. Bundan tashqari bu boʻlimga sheʼriyatda qalam tebratgan shayboniylar sulolasi aʼzolari Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullatif sulton, Rustam sulton, Abdullazizxon, Doʻstmuhammad sultonlar haqida soʻz boradi.
Birinchi bobda muallif o‘zi shaxsan tanish bo‘lmagan, tazkira tuzilmasidan ancha oldin olamdan o‘tgan, 84 ta buxorolik shoirning hayoti va ijodi haqida maʼlumot beradi.
Ikkinchi bob muallif tanigan lekin tazkira yozilmasidan sal oldin vafot etgan buxorolik 64 ta shoir haqida yozgan.
Uchinchi bob tazkira yozilayotgan paytda hayot bo‘lgan 59 ta shoir ijodiga bagʻishlangan.
To‘rtinchi bobda muallif bilan bir zamonda yashagan lekin u bilan shaxsan tanish bo‘lmagan 44 nafar Movraounnahrlik shoir ijodidan namunalar keltirilgan.
Xotimada muallif oʻzining ota-bobolari haqida, xususan katta bobosi Abdulvahhobxoja, otasi Podshohxoja va birmuncha vaqt shayboniy Rustam xonning xizmatida bo‘lgan ukasi shayxulislom Abdussamadxoja va ruboiynavis shoir Shohxoja haqida zarur maʼlumotlar keltirgan[2]. Ushbu asarda Shayboniy hukmdorlardan Ubaydullaxon zamonida Buxoro va Samarqandda bunyod etilgan masjid, madrasa vaxonaqohlardan tashqari, koʻprik, suv inshooti va kutubxonalari haqida ham maʼlumotlarni uchratish mumkin. Buxoroyi sharifda qurilgan Mir Arab madrasasi, Piri Marza qishlogʻida qurilgan chorbogʻ, Mehtar Qosim tarafidan Koʻhak daryosi ustiga qurilgan koʻprik, Abdulazizxon tarafidan Buxoro shahrida bunyod etilgan kutubxona shular jumlasidandir. Asarning qoʻlyozma nusxalari Rossiya, Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlar kutubxonalarida mavjud. Uning oʻzbekcha tarjimasi 1993—yili Toshkentda Ismoil Bekjonov tomonidan chop etilgan.
Manbalar
tahrir- ↑ ERKIN AXUNJANOV. KUTUBXONASHUNOSLIK, ARXIVSHUNOSLIK, KITOBSHUNOSLIK NAZRIYASI VA TARIXI. «TAFAKKUR-BO‘STONI» — 514-bet. ISBN 978 - 9943 - 319 - 59 -2.
- ↑ Abdumajid Madraimov, Gavhar Fuzailova. Manbashunoslik. 0‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008. ISBN 978 - 9943 - 319 - 59 -2.
Adabiyotlar
tahrir- Madraimov, Abdumajid. Manbashunoslik: Bakalavriatning tarix yoʻnalishi talabalari uchun darslik. A. Madraimov, G. Fuzailova. T.: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008.