Badaxshon
Badaxshon (tojikcha: Бадахшон; forscha: بدخشان) – tarixiy va tabiiy oʻlka. Amudaryoning yuqori oqimida, daryoning har-ikkala sohilida joylashgan. Hududi butunlay togʻlar bilan qoplangan.
Badaxshon Pomir togʻlarining bir qismi boʻlib, ikki oʻlkadan iborat: 1) Gʻarbiy Pomirni ishgʻol qilgan Togʻli-Badaxshon muxtor viloyati (Tojikiston Respublikasi); 2. Shimoli-sharqiy Afgʻonistonni ishgʻol qilgan katta oʻlka. Badaxshon qadimdan savdo markazi boʻlib, chetga laʼl, yoqut va zumrad chiqargan. Laʼlni badaxsh yoki balaxsh deb yuritganlar. Badaxshon toponimi shundan olingan boʻlishi ehtimol. Miloddan avvalgi 2-asrda Badaxshon Toharistonga, soʻng Kushon podsholigiga tobe boʻlgan. 5–6-asrlarda eftalitlar, 8-asrda arablar, 12-asrning 2-yarmida gʻuriylar, 13-asrning 1-choragidan moʻgʻullar qoʻl ostida boʻlgan. Badaxshonda 15–16-asrlarda temuriylar hukmronlik qilgan. 1520-yil Bobur Badaxshonni oʻgʻli Humoyunga topshirdi. 1584-yil Badaxshonni Abdullaxon II egallagan. 17-asrda ashtarxoniylar, keyinroq Dahbed (Samarqand) sayyidlaridan Mir Yorbek (1656– 1706) asos solgan sulola hukmronlik qildi. Mir Yorbek Badaxshonning poytaxti Fayzobod (Juzgʻun) shahriga asos solgan. Badaxshonda 18–19-asrlarda hukmronlik Qunduz beklariga oʻtgan. 1872-yilda tuzilgan rus-ingliz ahdnomasiga muvofiq Buxoro xonligi bilan Afgʻonistonning Badaxshondagi chegarasi Panj daryosi deb hisoblandi. 1873-yil Afgʻoniston xoni Doʻstmuhammadxon Badaxshonni oʻz davlatiga qoʻshib olgan (yana qarang Afgʻoniston).
Aholisi
tahrirBadaxshon oʻlkasi aholisining asosiy qismini, yaʼni taxminan 70 foizini tojiklar tashkil etadi. Badaxshonning Tojikistonga tegishli hududida ushbu tojiklar tojik tilida, Afgʻonistonga tegishli hududida esa dariy tilida soʻzlashishadi. Shuningdek ushbu oʻlkada juda koʻp turli Pomir xalqlari istiqomat qiladi. Oz miqdorda pushtunlar, oʻzbeklar va qirgʻizlar mavjud. Aholi dindorlarining asosiy qismi musulmonlardir. Tojiklar, oʻzbeklar, qirgʻizlar va pushtunlar orasida islom dining asosan sunniylik mazhabi keng tarqalgan. Pomir xalqlari orasida asosan shia mazhabining ismoiliylik yoʻnalishi, baʼzilari orasida zardushtiylik dini tarqatgan[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |