Laʼl
Laʼl — mineral, shpinelning qizgʻish, pushti rangli xili. Qattiqligi 7,5—8 boʻlib, olmos, yoqutdan keyin 3-oʻrinda. Kub singoniyali, kristallari oktaedr shaklida, zichligi 3,5—4,1 g/sm3. Temir, xrom, rux, shuningdek, natriy va kaliy aralashmalari uchraydi. Mineralning yangi aralashmalari tarkibi va genetik xususiyatlariga bogʻliq ravishda kizil, koʻk, yashil, qoʻngʻir va qora boʻlishi mumkin, shishasimon yaltiroq. L. uzoq vaqt yoqut deb notoʻgʻri nomlangan. Ular bir-biridan farq qiladi. 7-asrda Badaxshon (Pomir)da katta L. koni topilganidan soʻng bu mineralning fizik va kimyoviy xususiyatlari oʻrganilib, yoqut korundning qizil ranglisi, L. esa shpinelning kizil xili ekanligi aniklandi. L. yoqutdan yumshoqroq, birok, olovga chidamli. Beruniy L.ni quyidagicha taʼriflagan: "Laʼl oʻzining rangi va jilvalanib turishi bilan yoqutga juda oʻxshaydi, lekin qattiqligi jihatdan undan qoladi, shuning uchun bu mineralning qirralari tez sinib ketadi". Magmadan ajralib chiqqan issiq gaz eritmalarining ohaktoshlarga taʼsiridan L. hosil boʻladi. Oʻzbekiston, umuman Oʻrta Osiyoda shpinel keng tapqalgan boʻlmasada, Pomirdagina uning konlari topilgan. Bu konlar esa butunlay qazib olingan. L. faqat asl tosh sifatida zargarlikda ishlatiladi. Hozir sunʼiy yoʻl bilan ham olinadi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |