Xalifa Xudoydod madrasasi — Buxoro madrasasi. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. Xalifa Xudoydod madrasasi 1796—1797-yillarda Xalifa Xudoydod guzarida[1], Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Shohmurod davrida, Xalifa Xudoydod tomonidan qurilgan. Muarrix Nosiriddin Hanafiy oʻz asarida Xalifa Xudoydod asli Xorazm shaxzolaridan birib boʻlib, Buxoroga kelib, Mir Arab madrasasida tahsil olgan. U Koʻli Odina qishlogʻida yashab, u yerda xonaqoh qurdirdi. U Amir Shohmurod davrida 40 hujrali madrasa, sardoba, tahoratxona va maqbara qurdiradi. Xalifa Xudoydod zamonasing eng mashhur xattotlaridan biri boʻlgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Ushbu madrasaning vaqf hujjati saqlanib qolgan. Madrasa voqifi madrasa uchun 1797—1798-yillarda Samjan tumanida Jilangʻu mavzesidagi yerni, Poyrudda Bozorchayi Boqi qishlogʻini, Boqi Muhammadxon chorbogʻidagi bir necha qismdan iborat xurri xolis yerini, Farr tumanidagi Ermavzi mavzesidagi 2 boʻlak yerini vaqf qiladi. Madrasaga mutavvali voqifning oʻzi boʻlgan. Madrasaning har bir hujrasida 2 nafar talaba yashagan. Madrasaga 2 oyu 10 kun sababsiz darslarga kelmaganlar madrasadan haydalgan. Ushbu vaqf hujjati 1798-yilda shayx Xudoydod ibn Toshmuhammad Azizon va Muhammad Sharif ibn Mir Muzaffar tomonidan tuzilgan. Xalifa Xudoydod madrasasiga oid yana beshta vaqf hujjati saqlanib qolgan. Ushbu vaqf hujajtida madrasada faoliyat koʻrsatgan mudarrislar va tahsil olgan talabalar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 36 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Xalifa Xudoydod madrasasi 37 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Madrasa
Xalifa Xudoydod madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Xalifa Xudoydod
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Xalifa Xudoydod
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 37 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Manbalar

tahrir
  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122-bet.