Mir Bekoybiy madrasasi
Mir Bekoybiy madrasasi — Qarshi madrasasi. Qarshining mashhur va qadimiy madrasalaridan biri boʻlgan. Ushbu Madrasa toʻgrisida maʼlumotlar unchalik koʻp saqlanmagan. Bir qancha urinishlar va izlanishlardan soʻng madrasa haqida tasavvur paydo qilishga imkon bera oladigan ayrim tarixiy manbalar topib oʻrganilgan. Rossiya imperiyasining bir guruh rasmiy davlat vakillari 1879-yili may oyida Qarshi tashrif buyuradi. Ulardan biri janob „I. M.“ Qarshi madrasalarining oʻziga xos qurilishini tasvirlar ekan jumladan, shunday deydi: „Siz bu yerda koʻchib, nurab tushgan bezakli koshinlarning oddiy ganch bilan suvab tashlangan „yamogʻini“ koʻrmaysiz. Toʻgʻri, Saroy va Mir Bekki kabi qadimiy madrasalar vaqt oʻtishi bilan eskirib, qorayib qolgan. Biroq boshqa jamoat binolari juda yaxshi saqlangan“. Maʼlum boʻlishicha, mangʻit hukmdorlarining vakillaridan biri Amir Shohmurod mazkur madrasaga vaqf mulki ajratgan. Hujjat forsiy tilda, nastaʼliq xatida yozilgan. Hujjatning bosh qismi yirgilgan. Ammo yozuvlarga zarar yetmagan. Hujjat jami 26 qator yozuvdan iborat. Amir Shohmurodning doira shaklidagi muhri bilan tasdiqlangan. Hujjatning asl nusxasi saqlanib qolgan. Vaqf hujjatida shunday yozilgan: „Hijriy 1208-yili davron hukmdori Nasaf shahri muzofotida joylashgan toʻrtta mashhur qishloqning baytul molga tegishli ekinga yaroqli yerlarini Mir Bekoybiy ibn Kamoybiy madrasasiga vaqf qilish uchun sotib oladi va unga shar’iy tarzda vaqf qiladi[1]“. Mazkur hujjatda juda aniqlikda boʻlmasada, madrasa oʻrni ham koʻrsatilgan. U shahar qal’asi ichkarisida, shimoliy davrvoza yaqinida joylashgan boʻlgan. Shimoliy darvoza, u — Tutak darvozasidir. U taxminan hozirgi Abdulazizboy, Qilichboy madrasalari darvozasi roʻparasida, Bekmir madrasasi orqa tarafidagi yalanglik hududida boʻlgan. Mazkur madrasaga Nasaf muftiylaridan biri dars oʻtgan. Madrasa oliy toifaga mansub boʻlgan[2].
Madrasa | |
Mir Bekoybiy madrasasi
Mir Bekoybiy madrasasi | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Qashqadaryo viloyati |
Shahar | Qarshi |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Meʼmoriy uslub | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Mir Bekoybiy |
Homiylar | Mir Bekoybiy |
Asosiy sana: XVI asr
| |
Maqomi | saqlanib qolmagan |