Amir Nasrulloh madrasasi

Buxoro viloyatidagi meʼmoriy yodgorlik


Amir Nasrulloh madrasasi  — Buxoro madrasasi. Hozirgi kunda madrasa saqlanib qolmagan. Amir Nasrulloh madrasasi 1860-yilda Poyi ostona guzarida[1], Buxoroda hukmronlik qilgan mangʻitlar sulolasi hukmdori Amir Nasrulloxon tomonidan bunyod etilgan. Ushbu madrasa Poyi Ostona deb ham manbalarda tilga olingan. Sharif Maxdum oʻz asarida madrasa Qoʻchqorbek guzarida boʻlib hijriy 1277-yil muharram oyida (1860-yil iyul-avgust) bunyod etilgan deb yozgan. Tarixchi Muhammad Mir Olim Buxoriy oʻz asarida Amir Nasruloxon otasi Amir Saʼid qabri yaqinida bir madrasaga qurganligini yozib qoldirgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Vaqf hujatida tepasiga „vaqfiyayi masjid va madrasa Poyi ostona“ deb koʻrsatilgan. Hujjatda madrasa pishiq gʻisht va yogʻochdan qurilgan va sayisxona va hujralardan iborat boʻlgan. Madrasa gʻarbida koʻcha, shimolida guzarning oliy masjidi, janubi va sharqida yoʻl mavjud boʻlgan. Madrasaga Amir Nasrulloxonning oʻzi mutavvalini tayinlagan. Madrasa bir kishiga uch yildan ortiq ijaraga berilmagan. Vaqf hujjati Amir Nasrulloh, qozi ul-quzzot Saburxoja ibn oxund mulla Omonullaxoja va yana bir qator shaxslar muhri bilan tasdiqlangan. Madrasada faoliyat olib borgan mudarrislar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar keltirilgan. Amir Nasrulloh madrasasi vaqf hujjatida Sadr mufti askar mulla Orif, mulla Abdugʻafur, mulla Yusuf kabi mudarrislar nomlari keltirilgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 7 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Amir Nasrulloh madrasasi 7 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Madrasa
Amir Nasrulloh madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Amir Nasrulloxon
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Amir Nasrulloxon
Asosiy sana:
XIX asr
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 7 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht

Manbalar

tahrir
  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122-bet.