Buxoro

Oʻzbekistonning janubi-gʻarbida joylashgan shahar
(Buxoro shahridan yoʻnaltirildi)

Buxoro — Oʻzbekiston Respublikasining qadimiy shaharlaridan biri, Buxoro viloyatining maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Oʻzbekistonning ilk poytaxti. Buyuk ipаk yoʻlida yirik tijorat markazlaridan boʻlgan. Oʻzbekistonning janubiy-gʻarbida, Zarafshon daryosi quyi oqimida joylashgan. Toshkentdan 616 km. Buxoro 2 ta shahar rayoni (Fayzulla Xoʻjayev va Toʻqimachilik)ga boʻlingan. Aholisi 290 000 (2019). Aholisining katta qismini oʻzbeklar tashkil etadi. Oliy ta‘lim muassasalari: Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat pedagogika instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti.

Buxoro
shahar
39°46′0″N 64°26′0″E / 39.76667°N 64.43333°E / 39.76667; 64.43333
Mamlakat Oʻzbekiston
Viloyat Buxoro viloyati
Hukumat
 • hokim Jumayev Oʻtkir Hikmatovich[1]
Ilk eslatilishi VI asr
Maydon 143.0 km2 (55.2 kv mi)
Markazi balandligi 225 m
Iqlim turi quruq, mo'tadil
Rasmiy til(lar)i [[oʻzbek tili],tojik tili
Aholisi
 (2010)
280 000 (2 019-yil)[2]
Milliy tarkib O'zbeklar
Tojiklar
Ruslar
Turkmanlar
Buxoro yahudiylari
Tatarlar v.b.
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi 65
Pochta indeks(lar)i 2001XX
Avtomobil kodi 20 (1998—2008), 80-84 (2008)
Buxoro xaritada
Buxoro
Buxoro

Nomlanishi va etimologiyasi

tahrir

Buxoro shahri qadim zamonlarda qanday nomlangani — nomaʼlum. Milodiy V asrga oid xitoy manbalarida Buxoro shahri Nyumi tarzida tilga olinib oʻtilgan. Binobarin, shaharda shu nomdagi mulk hukmdorining qarorgohi ham boʻlgan. Tan imperiyasining VII asrga oid solnomalarida Buxoro shahri An (Ango), Ansi, Buxo (Buxe, Fuxo) shakllarida qayd etib oʻtilgan. Keyinchalik shahar har xil nomlana boshladi. Arab qadimiy manbalarda u Bumiskat, Madinat us-sufriya (Mis shahar), Numijkat (soʻgʻdcha numij yoki namich degani mashhur degan maʼnoni anglatgan) tarzida keltirilgan. Qadimiy zamonlarda yashagan mahalliy mualliflarning fikricha, shaharning nomi Buxor, yaʼni "Sanamlar turgan ibodatxona" maʼnosini anglatuvchi bir soʻzdan kelib chiqqan.

Ayrim tadqiqotchilarning faraz qilishlaricha, Buxoro nomi mintaqaning eng asosiy buddaviylik ibodatxonasi vixara yoki ana shu vixaraning sug'diy transkripsiyasi boʻlmish buxoro (ibodatxona) soʻzidan kelib chiqqan. Ammo buddaviylik va moniylik diniy taʼlimotlariga oid osori atiqalar shahar hududida ham, umuman, Buxoro vohasida ham topilgan emas.

Buxoro (Buxara) toponimi ilk bor soʻgʻd yozuvlari bilan Buxoroda zarb qilingan mis tangalarida tilga olingan (milodiy IV-V asrlar).[3]

Tarixi

tahrir

Buxoro shahri Sharqning mashhur qadimiy shaharlaridan biri. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, Buxoroga miloddan avvalgi VI asrda Afrosiyobning kuyovi Siyovush tomonidan asos solingan.[4] Zarafshon daryosining quyi oqimida joylashgan Buxoro shahri va uning atrofidagi yerlar qadimda nihoyatda xushmanzara — hayvonot va oʻsimlik dunyosi betakror, koʻl va oqar suvlarga boy boʻlib, tarixchi Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asaridagi maʼlumotlar buni tasdiqlaydi.

Shahar yoshi aniqlashga doir tadqiqotlar
tahrir

Shuningdek, shaharning yoshini aniqlash maqsadida butun Buxoro vohasi boʻylab, chunonchi yirik arxeologik yodgorliklar — Poykend, Qoʻrgʻoni Vardonze, Romitan, Varaxsha, Xoja Boʻston, Qoʻzimontepa, Oqsochtepa va boshqa shahar harobalarida keng arxeologik qazishmalar olib borildi. Arxeologik tadqiqotlar jarayonida Buxoro xususidagi yozma manbalarda keltirilgan maʼlumotlar bilan arxeologik topilmalar qiyoslanib, quyidagicha xulosaga kelindi. Zarafshon daryosining quyi oqimidagi dastlabki manzilgohlar jyoz davri (miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmi) dayoq vujudga kelib, ular sinchli yarim yertoʻlalardan iborat boʻlgan (qurib qolgan Mohondaryo tarmogʻi mintaqasida olib borilgan tadqiqotlar buni tasdiqlaydi); miloddan avvalgi 6—5-asrlarda Zarafshon daryosining yirik tarmogilari deltalari joylashgan yerlarda mustahkamlanmagan manzilgoxlar paydo boʻlgan. Miloddan avvalgi 4-asrda esa Buxoro arki qurilajak hudud baland mudofaa devori va keng xandaq bilan oʻrab olinib, uning etagida uchta mustahkamlangan manzilgoh joylashgan (bu xil manzilgohlar miloddan avvalgi 1-ming yillik boshidan Oʻrta Osiyoning dehqonchilik qilinadigan viloyatlariga xosdir). Mazkur manzilgohlardan biri Firobdiz, ikkinchisi Navmichkat, uchinchisi Buxoro deb atalgan. Keyinchalik bu uch manzilgoh oʻzaro birlashib va toʻxtovsiz taraqqiy etib borib, kattagina shaharga — Buxoro vohasining savdohunarmandchilik va maʼmuriy markaziga aylangan.

Qadimgi davr va Ilk oʻrta asrlar

tahrir

X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning "Buxoro tarixi" asarida oʻz aksini topgan mahalliy mifologik anʼanalar shaharning qadimiy qismi — Ark qalʼasiga asos solinishi qahramonlik eposlari bahodirlari Siyovush yoki Afrosiyob, yaʼni Alp Er Toʻngaga bogʻlab, shu tariqa olis-olis zamonlarga mansub tarzda rivoyat qilinadi. Biroq, vohadagi Vardonze, Romitan, Varaxsha kabi istehkomlar va Poykenddek bir tijorat shahri — Buxoro shahridan ham qadimiyroq, deb hisoblab kelinadi.

 
Buxoro vohasidagi hukmdorlardan biri — Asbar tangasi. VI—VII asr boshi.

Buxorodan topilgan tangalar bu yerda savdo-tijorat aloqalari va tovar-pul munosabatlari taraqqiy etganidan guvohlik beradi. Tangalarga qarab, bu yerda hukm surgan sulolalar almashinuvi, hukmdorlar ismlari, unvon-martabalar nomlanishi, sulola alomatlari — tamgʻa va boshqa tasvirlari oʻzgarib borishini aniq-tiniq kuzatish mumkin. Biroq shahar hududida Salavkiylar hukmdori Yevtidemning dirhamlariga taqlidan zarb etilgan xazina 1937-yili topilgan xolos.

Shahristonga asos solinishi

tahrir

Buxoro qalʼasidan sharq tomonda 3 yoki 4 nafar dehqonning (oliy zamindor toifaning) oʻziga xos mustaqil qalʼa-istehkomlari (koʻshklari) negizida asta-sekin shaharning oʻzi — Shahriston shakllanib bordi (maydoni 28—30 gektar). Shahristonga asos solinishi esa Abruyning zulmi tufayli Buxorodan Turkiston va Tarozga koʻchib ketgan buxorolik dehqonlarning iltimosi bilan 560—580-yillarda qoʻshinlari bilan shaharga kelgan turk hukmdori Sheri Kishvar nomi bilan bogʻliq holda talqin etiladi.

Buxoro Turk xoqonligi tarkibida

tahrir

567-yilda Buxoro Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. 585—586-yillarda Buxoroda Abruy qoʻzgʻoloni boʻlib, u Turk shahzodasi El Arslon tomonidan bostirilgan. Shundan soʻng Yang Soux Tegin Buxoro vohasining egasi sifatida tasdiqlandi. Undan keyin Buxoroni 589—603-yillarda uning oʻgʻli Nili boshqargan. Keyin uning oʻgʻli Bosi tegin (603—604) hukmronlik qildi[5].

603—658-yillarda Buxoro Gʻarbiy turk xoqonligiga boʻysungan Soʻgʻd mulklaridan biri boʻlgan. O. I. Smirnova Buxoro vohasining turkiy hukmdorlari VIII asrning oʻrtalarida „Hoqon pullari“ yozuvi bilan bir guruh Turk-Soʻgʻdiy tangalarini chiqargan deb hisoblaydi[6]. VIII asr Buxoro hukmdori Tugʻshodaning ismi turkiy boʻlgan deb taxmin qilinadi[7]

Buxorxudotlar hokimligi davrida

tahrir
 
Buxorxudot Xunuk tasvirlangan tanga. Old tomonida toj kiygan hukmdor va orqa tomonida zardushtiylarning otashgohi tasvirlangan (VIII asr boshlari)

VII asrda, arablar istilosi arafasida Buxoro vohaning yirik maʼmuriy markaziga aylangan edi. Buxoro qalinligi 18 metrgacha boʻlgan mustahkam devorlar bilan oʻralgan diz — qalʼadan iborat boʻlgan savdo shahri edi. Bidun Buxorxudot esa „tuzilishi jihatidan Katta Ayiq yulduzlar turkumiga oʻxshab ketadigan“ bir saroy ham barpo ettirgan. Hukmdor bu saroy darvozalariga oʻz ismi chekilgan temir lavhacha osib qoʻyishni ham buyurgan ekan. Bidun saroyida majusiy ibodatxona, xazina, zindon ham joylashgan edi. Uning gʻarbiy darvozasi "Registon" deb atalardi. Negaki bu darvoza qum toʻshalgan keng maydonga olib chiqardi. Sharqiy darvoza esa "Goʻriyon" deb atalar, ana shu „Qabriston darvozasi“ ortida tabarruk qadamjo — Buxoroning afsonaviy asoschisi Siyovush qabri joylashgan edi.

Shahristondan tashqarida esa savdo va hunarmandchilik shaharchasi ham shakllangan. Mox bozori tevaragi asosiy iqtisodiy markaz edi. Uning nomi "Majusiylar ibodatxonasi" degan maʼnodagi soʻzdan kelib chiqqan. Bu ibodatxona Shahristondan tashqarida, uning janubiy darvozalari va Roʻdi Zar anhori oraligʻida joylashgan edi. Roʻdi Zar keyinchalik Shohrud deb atala boshlagan va hozirga qadar ham u shu nom bilan yuritiladi. Shahristonning asosiy alomati boʻlmish Magʻoki Attori masjidi bugungacha saqlangan. Bu joyda bozor qadim-qadim zamonlardan to 1930-yillargacha mavjud boʻlgan.

Arablar fathidan soʻng

tahrir

Arablarning Buxoroga dastlabki yurishlari oʻlja va daromad olish uchun talovchilik tarzidagi hujumlardan iborat boʻlgan.

Buxoroga islom uzil-kesil kirib kelishi VIII asr boshlarida roʻy bergan. Arab xalifaligining Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim (704—715) shaharda doimiy arab qoʻshinini joylashtirdi va mavjud uylarning yarmini arablarga taqsimlab berish toʻgʻrisida buyruq chiqardi. Ayyub ibn Hasanni Buxoroning birinchi arab amiri etib tayinladi. Qutayba islomni qabul qilgan Tugʻshodani taxtga oʻtqazish bilan Buxoroda qadimiy mahalliy sulolalar hokimiyatini saqlab qoldi. Shu tarzda Buxorxudotlar oʻz oʻlkalarida arablar bilan birgalikda hukmdor boʻlib qolishdi.

 
Magʻoki Attori — Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi oʻrnida bunyod etilgan masjid oʻrnida Qoraxoniylar davrida, XII asrda qurilgan

Aynan Qutaybaning oʻzi 713-yili Buxoro arkida majusiylar butxonasini jome masjidga aylantirdi va shahar aholisiga 2 dirham evaziga har juma kuni ibodatga jamlanishni buyurdi. Registon maydonining shimoliy qismida esa birinchi hayit masjidi — Maʼbad (ibodat joyi) deb nomlangan darvozasi boʻlgan Namozgoh bunyod etildi. Oradan koʻp oʻtmay ana shu Namozgohning shimoliy tarafida musulmonlarning yirik xilxonasi — qabriston ham paydo boʻldi. Banu Hanzaliya masjidi (keyinchalik, chamasi, Ash-Shom deb atala boshlagan) Shahristonning janubi-gʻarbiy qismidagi nasroniylar cherkovi oʻrnida paydo boʻlgan. Aynan shu atroflarda Banu Saʼdiya masjidi joylashgan, shimoli-gʻarbiy tarafida esa Banu Qurayshiya, shimoli-sharqiy tarafida esa Banu Hamdoniya masjidlari makon tutgan. Qisqasi, arablarning quraysh, saʼd, hanzala va hamdon qabilalari Shahristonni egallab olgan edi. Shahristonning janubi-sharqiy tarafida joylashgan, Xin degan aslzoda dehqonga tegishli boʻlgan qalʼa — qoʻrgʻonni esa unga Ahmad nomini bergan Buxoroning birinchi imomi — Ayyub egallab oldi. Shahristondan tashqarida, Mox bozorida joylashgan majusiylar ibodatxonasi esa Magʻoki Attori masjidiga aylantirilgan edi.

Arab qabilalari Buxoro shahriga kelib joylashganidan keyin mahallalar — mavzelar oʻrtasidagi devorlar asta-sekin olib tashlandi, bir qancha vaqt oʻtib, ularning oʻrnida yangi turarjoy binolari paydo boʻldi.

715-yili Qutayba ibn Muslim vafot etdganidan keyin Buxoro arablar nazorati ostidan asta chiqa boshladi. Milodiy 728—729-yillarda sugʻdiylarning gʻarbiy turk hoqoni turkashlar hoqoni tomonidan qoʻllab-quvvatlangan kuchli qoʻzgʻoloni natijasida shahar bir yil mobaynida arablar nazoratidan tashqarida boʻldi, keyin yana ular taʼsiriga tushib qoldi.

Sharik qoʻzgʻoloni
tahrir

Dastlabki vaqtlarda Buxoroga kelib oʻrnashgan arab qabilalari 750-yili Arab xalifaligida Abbosiylar sulolasi hokimiyat tepasiga kelishini maʼqul koʻrishmadi, oʻsha yili Abbosiylarga qarshi Sharik ibn Shayx Maxri boshchiligida boʻlgan qoʻzgʻolon shundan dalolat beradi. Buxoroning arab hokimiyati vakillari va shahar aholisi qoʻzgʻolonchilarni qoʻllab-quvvatladi. Abu Muslim Buxoro va Samarqand hokimi Ziyod ibn Solihni Sharikka qarshi yubordi. Ibn Solih qoʻshinlari isyonni shafqatsizlarcha bostirdi. Buxoroga oʻt qoʻyildi, shahar 3 kun oʻt ichida qoldi. Asirlar shahar darvozalariga osib qoʻyildi. Buxorxudot Qutayba ibn Tugʻshoda 700 Xurosondan shimoldagi qoʻrgʻon aholisi bilan hamjihat Ziyod ibn Solih tomonida jang qildi, ammo keyinchalik u, qoʻzgʻolonni bostirishda faol qatnashganligiga qaramay, islomdan yuz oʻgirganlikda ayblanib, Abu Muslimning koʻrsatmasiga binoan qatl etildi.

Muqanna qoʻzgʻoloni
tahrir

VIII asr 3-choragida arablar Buxoroda hukmronligi nomigagina boʻlib qolgan Buxorxudotlarni siqib chiqardi, oʻz hokimiyatini toʻliq mustahkamlab oldi. Buxorxudotlar Buxoroni Abbosiylarga qarshi oʻz kurashining tayanchi qilib olgan Hoshim ibn Hakim (Muqanna) tomonida boʻlishgan. Bu kurashga Mavoli Tagif, Yusuf Garm boshchilik qilishgan. Muqannaning buxorolik muridlari asosan Narshax qishlogʻida toʻplanishgan.

Muqanna qoʻzgʻoloni bostirilganidan keyin Musayb ibn Zuhayr hukmronligi davrida 782-yili Varaxshada Muqanna qoʻzgʻolonini qoʻllab-quvvatlagani uchun soʻnggi Buxorxudot Bunyod oʻldirildi. Binobarin, Buxoroda bir necha yuz yilliklar davomida hukmronlik qilgan Buxorxudotlar sulolasi, ayni vaqtda Buxoro tarixidagi islomgacha boʻlgan davr Bunyodning oʻlimi bilan nihoyasiga yetdi. Oʻshandan boshlab sulola yoʻqotib yuborilmagan boʻlsada, amalda siyosiy hokimiyatdan mahrum boʻldi.

Rofe ibn Lays qoʻzgʻoloni
tahrir

806—810-yillarda butun Movarounnahr isyonkor amir Rofe ibn Lays qoʻliga oʻtdi. Uni Xuroson noibi Ali ibn Isoning ogʻir soliq zulmidan va poraxoʻrligidan gʻazablangan sugʻdiylar faol qoʻllab-quvvatlashdi. 809-yilda xalifa Horun ar-Rashid qoʻzgʻolonchilarga qarshi katta qoʻshin yubordi va Buxoro qamal qilindi. Buxorodagi qoʻzgʻolonga va shaharning mudofasiga Rofe ibn Laysning ukasi Bashir ibn Lays boshchilik qildi. Nihoyat, shahar zabt etildi, Bashir asir olinib, xalifaning buyrugʻiga koʻra qatl qilindi.

Tohiriylar hukmronligi davrida

tahrir

Tarixdan maʼlumki, mahalliy, forslar vakillaridan biri — Tohir ibn Husayn Xuroson noibi etib tayinlangan va Xuroson hamda Movarounnahrni egallagan Tohiriylar sulolasining (821—873) asoschisi boʻlib qolgan. Soʻnggi Tohiriylardan biri Husayn ibn Tohir 874-yili Xorazmdan chiqib, Buxoro vohasi tomon yoʻl oladi va besh kunlik qamaldan keyin Buxoroni qoʻlga kiritadi. Uning qoʻshinlari tomonidan qilingan beboshlik sababli, shaharning kattagina qismi yonib ketadi, buxoroliklar qoʻzgʻolon koʻtarib, Husaynni qochishga majbur qiladilar. Undan keyin Buxoroni keyinchalik mashhur boʻlgan Somoniy amir Ismoil ibn Ahmad boshqara boshladi. Shundan nafaqat shahar, balki butun Markaziy Osiyo tarixida yangi davr boshlandi.

Tashqi devorning barpo etilishi
tahrir

IX asr oʻrtalarida, aniqrogʻi, Tohiriylar sulolasi Xurosonda noiblik qilgan yillarda Buxoro shahri tevaragida tashqi devor barpo etildi. Uning hududiga esa Qalʼa, Shahriston, Mox bozori, Namozgoh va uning shimol tarafida joylashgan qabriston, Koʻshki Mugʻon, Buxorxudotlar avlodlari va shaharliklarning oʻzlari yashab turgan manzillarga tutash chekka yerlar kirgan edi. Aytib oʻtilgan tashqi devor sarhadida shaharning umumiy maydoni 700 gektardan ortiqroq boʻlgan. Shahar imoratlari egallagan maydonlar Somoniylar hukmronligi davrida eng katta koʻrsatkichga erishgan, XIII asr boshlarida esa keskin ravishda qisqarib ketgan, xullas, oʻsha kezlarda imoratsozlik va bunyodkorlik ravnaq topgan edi.

Har holda bu davrga kelib Qalʼa — Koʻhandiz (Eski qalʼa), Shahriston — Shahri darun (Ichkari shahar) yo Madina (arabchadan shahar), ana shu shahar unsurlari hududidan tashqi devorlari ichkarisida boʻlgan qismlar Shahri berun (Tashqari shahar) yoki Rabot deb atala boshlagan edi. Shahar tashqi devorida esa 11 ta darvoza oʻrnatilgan edi.

Somoniylar hukmronligi davrida

tahrir

IX asr boshlarida Movarounnahrda Tohiriylar oʻrnini Somoniylar sulolasi egalladi.

Somoniylar sulolasi asoschisi Somonxudot nevaralari oʻz boshqaruviga olgan Movarounnahr viloyatlari orasida Buxoro yoʻq edi. Faqat yarim asr oʻtgach, 874-yilda Somonxudotning 25 yoshli avarasi, keyinchalik mashhur boʻlib ketgan Ismoil ibn Ahmad Buxorodan Husayn ibn Tohir quvilganidan soʻng bu yerda qaror topdi. Ismoil Somoniyning koʻtarilishi shu yerda boshlandi. 892-yili u butun Movarounnahr hukmdori boʻlib qoldi.

Ismoil Somoniy taxtga oʻtirishidan ancha oldin Buxoro vohasi atrofiga anchagina uzun boʻlgan Kanpir devor nomli devor oldirilgan edi. Uni risoladagidek saqlab turish uchun katta mablagʻ va kuch talab qilingan. Ismoil Somoniy vaziyatni qatʼiy oʻzgartirdi va qonuniy faxr bilan: "Men tirik ekanman, men — Buxoro devoriman", deb xitob qilgan.

Keyingi yillarda u Tarozni (hozirgi Janubiy Qozogʻistonda), Gʻarbiy Afgʻoniston, Sharqiy va Markaziy Eron yerlarini oʻz saltanatiga qoʻshdi. Ulkan Somoniylar davlati shu tarzda barpo etilib, taxminan oʻsha sarhadlarda X asr oxirlarigacha yashab keldi. Ismoilning mehri tushgan Buxoro oʻz tarixida ilk bor katta saltanatning poytaxti boʻlib qoldi.

Buxoro — Somoniylar davlati poytaxti

tahrir

Qoʻlyozma manbalar, shu jumladan Somoniylar hukmronligi davrida yozilgan Muhammad Narshaxiyning "Buxoro tarixi" asarida keltirilgan maʼlumotlar aynan Ismoil Somoniy Buxoroni davlat poytaxti qilganiga hech bir shubha tugʻdirmaydi. Ismoil Somoniydan keyin Buxoroda muntazam tanga zarb etildi.

Shahar Somoniylar davrida, tarixan, toʻrt qismga ajratilgan boʻlib, mazkur qismlar bugungi kunda ham relyef jihatidan bir-biridan ajralib turadi. Bu qismlar orasida eng mustahkami Koʻhandiz (Ark qalʼasi) edi, u xom gʻishtdan terilgan juda baland va qalin devor bilan oʻralgan, deyarli yoʻlab boʻlmasdi. Ana shu devorning butun tevaragi boʻylab pishgan gʻishtdan oʻziga xos „yopinchiq“ qadamalar kiydirilgan. Qalʼa maydoni esa uning tashqi devorlari boʻylab taxminan 3,5—3,8 gektarni tashkil etardi. Bu yerda qabulxona, xazina, ulkan kutubxona (yosh Abu Ali ibn Sino shu yerda shugʻullangan), zindon va hunarmandchilik ustaxonalari joylashgan edi. Arkning gʻarbiy etagida kattagina Registon maydoni boʻlib, unda 10 ta davlat boshqarmalari — devonxona binosi qad koʻtargan. Xuddi shu yerda saroy qurilgan boʻlib, Buxoroga X asr oxirlarida kelgan Muqaddasiy musulmon olamida bundan muhtashamroq saroyni koʻrmaganligini taʼkidlaydi. Registonda, shuningdek, hayit namozlari oʻqiladigan iydgoh — musallo ham boʻlgan, ammo Somoniylar davrida shahar aholisi shu qadar koʻpaydiki, natijada eski musalloga barcha namozxonlar sigʻmay qoldi. 971-yilda qalʼadan yarim farsax (3—4 kilometr) masofada yangi musallo qurildi. Yana bir hukmdor saroyi Joʻyi Moʻliyon kanali sohilida qad koʻtardi.

Arkdan sharq tomonda mustahkamlangan Shahriston joylashgan. Unda binolar zich qilib qurilgan, chuqur handaq va yettita darvozaxonasi boʻlgan mustahkam devor bilan oʻrab olingan edi. Ulardan ayrimlari esa zamon silsilasida oʻzgarib turgan bir qancha nom bilan atalgan. Sharqiy devorda Mox darvozasi (Bozor, Madina, Shahriston, Attoron), Koʻhandizga qaragan gʻarbiy devorda esa Banu Saʼd yoki Saʼdobod, Banu Asad (islomdan avvalgi nomi Muhra), Koʻhandiz, Haqroh (Xokroh) yoki Hufra (yer osti tonneli — lahm) singari toʻrtta darvoza, shimoliy devorda Nur darvozasi, X asrning oʻrtalaridan boshlab Mansur darvozasi, sharqiy devorda esa Samarqand ichki darvozasi yoki Nav darvozasi joylashgan edi. Shahar tashqarisi — rabot ham devor bilan oʻralgan va ichki hamda tashqi rabotlarga boʻlingan.

Buxorodagi Somoniylar davri inshootlaridan faqat Somoniylar maqbarasi — Markaziy Osiyodagi eng koʻhna musulmon meʼmoriy inshooti va butunlay pishiq gʻishtdan koʻtarilgan ilk binogina bizning davrimizgacha saqlanib keldi.

Ark va Shahriston oraligʻida, Jome masjidi yaqinida katta toʻqimachilik korxonasi joylashgan boʻlib, unda ajoyib matolar, gilamlar toʻqilgan. Uning mahsulotlari Suriya, Misr va Rumga (Kichik Osiyo) olib borilgan.

Poytaxtning imtiyozli sharoiti, podshoh saroyining boy va serhashamligi, koʻpincha Somoniy amirlarning oʻzlaridek fanga, sanʼatga homiylik qiluvchi davlatmand kishilar — mesenat tarzida namoyon boʻluvchi toʻralarning koʻpligi — bularning bari Buxoroda fan va madaniyat ishtiyoqmandlarini jalb etdi. Shu boisdan Somoniylar Buxorosi „shon-shuhrat makoni, davrining buyuk kishilari yigʻiladigan joy“ hisoblangan. Arab tilida yozuvchi oʻn va yuzlab shoirlar Somoniylar davrida Buxoroda ijod qildilar. Fors-tojik sheʼriyati sohasidagi muvafaqiyatlar, avvalo, Somoniylar vaziri Balʼamiyning himmati va homiyligidan foydalangan buyuk Rudakiy nomi bilan bogʻliq. U Buxoroda fors tilida sheʼr bituvchi eng yaxshi, lekin yagona shoir emas edi.

Buxoroning Afshona qishlogʻida tavallud topgan buyuk tibbiyot sohibi, faylasuf Abu Ali ibn Sino Somoniylar davlati poytaxtida yashagan olimlar orasida eng mashhuri edi.

Somoniylar davridayoq Buxoro oʻtmishiga bagʻishlangan asarlar paydo boʻla boshlaydi. Shunday asarlardan biri Narshax fuqarosi Muhammad Narshaxiy tomonidan Somoniy Nuh ibn Nasr uchun yozilgan "Buxoro tarixi" asaridir. Katta shuhrat qozongan ana shu asar keyinchalik (XIX asrga qadar) bir necha bor qayta ishlandi, qisqartirildi va toʻldirildi, qayta-qayta koʻchirildi.

Somoniylar davlatining yuqori lavozimli amaldorlari (masalan, Balʼamiy va Jayhoniy) faqat fan va sanʼat homiysi boʻlibgina qolmay, ayni vaqtda Buxoroning ijodiy hayotida ham bevosita ishtirok etganlar.

Somoniylar davridayoq Buxoro yirik diniy ilmlar markaziga aylanib, islom tayanchidek buyuk sharafga muyassar boʻldi. IX asrning mashhur hadisshunosi, Buxoro nomini butun musulmon olamiga sharaflantirgan Imom al-Buxoriy ham aynan Buxorodandir. Somoniy amirlar ulamolarni shu qadar yuksak qadrlar edilarki, barcha fuqarolardan faqat ulargina hukmdor oldida yerni oʻpishdek tahqiromiz udumdan ozod etilgandi.

Taʼlim sohasida Somoniylar davrida islom olamida misli koʻrilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Oʻz davrining dorilfununlari boʻlgan dastlabki madrasalar aynan Buxoroda ochilib, ularda yirik islomshunos olimlar dars berdi. Buxoroda X asrda shaharning eng qadimiy madrasalaridan biri — Farjok madrasasi ochilgan[8].

999-yili Somoniylar poytaxti qoraxoniy Nasr ibn Ali tomonidan jangsiz egallandi. Somoniylar sulolasining soʻnggi vakili, taqdir taqozosi bilan Somoniylar davlati asoschisining ismi bilan atalgan Ismoil al-Muntasir yana bir necha yil Qoraxoniylar bilan kurash olib bordi. Baʼzi-baʼzida bir qator muvaffaqiyatlarga ham erishdi, hatto Buxoroni qoʻlga kiritdi. U 1005-yili halok boʻldi.

Oʻrta asrlar muarrixlari asarlarida Buxoro, haddan tashqari koʻp ishlatiladigan taʼbir bilan aytganda, „bir-biriga zid manzaralarga boy bir shahar“ sifatida kishi oldida namoyon boʻladi. Keng koʻchalar, xushifor hammomlar, chiroyli bozorlar, muazzam masjidlar, adolatli sultonlar, shahar aholisi farovon yashashi va savodxon ekanligi, yaxshi va sifatli oziq-ovqatlar isteʼmol qilinishi singari bir qator ijobiy holatlar barobarida peshayvoni boʻlgan choʻpkori imoratlar va tor uylar shaharda nihoyatda zich qurib tashlangani, turar joy qimmatligi, quduqlarning suvi shoʻrligi, havo yetishmaydigan savdo rastalari, axlat toʻlib ketgan ariqlar, tez-tez roʻy berib turadigan yongʻinlar va hokazo salbiy jihatlar qayd etib oʻtilgan.

Qoraxoniylar hukmronligi davrida

tahrir

X asr oxiri — XI asr boshlarida Somoniylar bilan Qoraxoniylar oʻrtasida kurash jarayonida Buxoro bir necha bor qoʻldan qoʻlga oʻtgan. Koʻp oʻtmay boshlangan Qoraxoniylarning oʻzaro urushlari Zarafshon etaklariga ham bevosita yetib keldi.

992-yilda Buxoroda Qoraxoniylarning dastlabki tangalari muomalaga chiqarildi.[9] 999—1000-yillarda Qoraxoniylar Buxoroda Arslon-ilig yoki Arslon yozuvi bilan tangalar chiqardilar.[10] Buxoro, garchi oʻz poytaxtlik mavqeidan mahrum boʻlgan esa-da (Chuy vodiysidagi Bolasogʻun shahri Qoraxoniylar davlatining poytaxti boʻlgan), mamlakat yangi hukmdorining intilishlari uzviy bogʻliq eng yirik markazlardan biri boʻlib qoldi.

1020/21-yilda qoraxoniy Ali ibn Hasan (Ali-tegin) Buxoroda uzoq vaqt oʻrnashib qolib, Movarounnahrning ajralib chiqishiga asos soldi. 1024—1025-yillarda uning mavqei kuchaydi. Shundan soʻng, bir muddat barcha mulklaridan mahrum boʻlib, koʻp oʻtmay, u Buxoroni qaytarib olishga erishdi, keyin (1028-yili) Samarqandni ham oldi. Zarafshon vodiysiga to oʻlimiga qadar — 1034-yilgacha hukmronlik qildi. Olimlarning fikricha, Ali uchun har ikki shahr (Samarqand va Buxoro) muhim edi, lekin rasmiy poytaxt sifatida Samarqandni belgiladi. 1032-yilda Mahmud Gʻaznaviyning oʻgʻli Maʼsudning koʻrsatmasiga binoan xorazmshoh Oltintosh rahbarligida gʻaznaviylarning kattagina qoʻshini Buxoro vohasiga bostirib kirib, Buxoroni zabt etdi va talon-toroj qildi; lashkarlar katta oʻljani qoʻlga kiritishdi.

1040-yilda Ibrohim ibn Nasr (Boʻritegin; Tamgʻachxon Ibrohim) jangu jadal bilan Yusuf ibn Alidan Samarqandni tortib olib, Buxoroni egallashidan oldinoq oʻzini hukmdor, xon (Tamgʻachxon yoki Tafgʻachxon) deb eʼlon qildi va qarorgohini Samarqandda joylashtirdi. Binobarin u ham Buxoroning ahamiyatini yaxshi tushungan. Shundan keyin koʻp oʻtmay 1040/41-yilda Ibrohim ibn Nasr Buxoroni egalladi, soʻng yana qoʻldan chiqardi, 1041/42-yilda bu shaharni uzil-kesil oʻziga boʻysundirdi. Olimlar fikricha, chamasi, taqvodorligi bilan mashhur boʻlgan Ibrohim ibn Nasr Buxoroni uzil-kesil zabt etishini „Olloh irodasi bilan“ erishilgan gʻalaba ekanini eʼtirof etib, ana shu voqea sharafiga zarb ettirgan Buxoro dirhamlari yozuviga Qurʼondan „gʻalaba“ soʻzli ikki oyat kirittirgan.

Movarounnahrda Ibrohim tomonidan alohida davlat tuzilmasi sifatida barpo etilgan Gʻarbiy Qoraxoniy xoqonligining poytaxti Samarqand boʻlib qoldi. Qatʼiy sunniy mazhabi himoyachisi boʻlgan Ibrohim ibn Nasr bu mazhabdan har qanday chetga chiqqanlarni taʼqib qildi. 1056-yilda Iroqdan to Movarounnahrgacha boʻlgan ulkan hudud dahshatli ochlik balosiga uchradi, shundan keyin oʻlat tarqalib, Buxorogacha yetib keldi.

1068-yilda Ibrohimning oʻgʻli va vorisi Shamsulmulk oʻz ukasi Shuvays bilan kurashda taxtni himoya qilishga majbur boʻldi. Shuvays Buxoroni egallab, hatto u yerda oʻz tangalarini chiqardi, lekin akasi tomonidan magʻlub qilindi. Harbiy harakatlar vaqtida Buxoroning jome masjidi yonib ketdi. Bir necha yildan keyin saljuqiy sulton Alp Arslon katta qoʻshin bilan Movarounnahrga bostirib kirdi. Uning qoʻshinlari Buxoro atroflariga yetib kelib, talon-toroj qilishdi, ayollarni zoʻrlashdi, biroq shaharning oʻzi omon qoldi: koʻksiga xanjar qadalgan sulton hayotdan koʻz yumdi, qoʻshin chekindi. Uning oʻgʻli Malikshohning yurishlari (1089) ancha muvaffaqiyatli boʻldi, shundan keyin Movarounnahr qoraxoniylari Saljuqiylarga qaram boʻlib qoldi. 1141-yilda Samarqanddan shimoli-sharqidagi Qatvon dashtida sodir boʻlgan jangda Qoraxitoylar Sanjar ibn Malikshoh boshchiligidagi birlashgan musulmon qoʻshinlarini tor-mor etib, butun Markaziy Osiyoni oʻzlariga boʻysundirgan boʻlsalarda, Samarqand taxtini Qoraxoniy xonlarda qoldirdilarki, ular 1212-yilgacha Samarqandda hukmronlikni davom ettirdilar.

Buxoroda hokimiyat tepasiga kelgan Qoraxoniylar dunyoviy ilmlarga eʼtibor berishmadi, ularni ragʻbatlantirishmadi. Tabiiy fanlarga ham qiziqish susaydi. Shundan boshlab uzoq vaqt Buxoro Movarounnahrning diniy hayot markazi boʻlib qoldi. Sadrlar (Burxoniylar) taʼsiri kuchaydi[11].

Burxoniylar hokimligi davrida
tahrir

Bu davr musulmon ruhoniylari, ayniqsa Samarqand va Buxoro ruhoniylarining taʼsiri va qudrati orta borishi bilan eʼtiborga sazovor. Samarqand xoni Ahmad ular bilan kurashda 1095-yili halok boʻldi. Ana shu kurashning ilk bosqichida 1069-yili uning oʻtmishdoshi Shamsulmulk Buxoroda juda eʼtiborli kishilardan biri boʻlgan imom Ismoil as-Safforni qatl ettirdi. XII asr boshlarida Sulton Sanjar oʻziga xos Burxoniylar yoki sadrlar sulolasining asoschisi boʻlib qolgan boshqa oilaning aʼzosi Imom Abdulazizni Buxoro shahri raisligiga (hokimligiga) tayinladi. Ular XIII asr boshlanishiga qadar Qoraxoniylarga boʻysunishgan lekin, oʻz qoʻllarida Buxoro vohasi ustidan ham diniy hokimiyatni jamlashdi.

Eng muhimi Burxoniylar tangalar chiqarmagan, Buxoroning Qoraxoniylari esa turli xil tangalarni (dinorlar, dirhamlar, falslar) chiqarganlar.[12]

Sulolaning ikkinchi aʼzosi Abdulazizning oʻgʻli Umar 1141-yili Qatvon jangida qatnashib, urushdan keyin qoraxitoy gurxon tomonidan qatl qilindi. Shunga qaramay, qoraxitoylar uning oʻrniga Ahmadning ukasini tayinlashdi. XIII boshlariga kelib haddan tashqari boyib ketgan sadrlar shia savdogarining oʻgʻli tomonidan boshqarilgan qoʻzgʻolon vaqtida quvib yuborildi. U shaharni egallagach Malik Sanjar deb ataladigan boʻldi. 1207-yili Muhammad Xorazmshoh Buxoroni zabt etdi va uni oʻzinig ulkan saltanatiga qoʻshib olib, bu yerga sadrlarni qaytardi.

Qoraxoniylar davrida bunyodkorlik ishlari

tahrir

Garchi Somoniylarning taxtdan ketishi tufayli Buxoro oʻzining ilgarigi siyosiy markazlik mavqeini yoʻqotgan boʻlsada, XI—XII asrlarda uning ahamiyati hali nihoyatda yuqori edi, koʻpgina Qoraxoniylar u haqda gʻamxoʻrlik qilishdi. Shamsulmulk Buxoro tevaragida Shamsobod qoʻriqxonasini barpo ettirib, saroy, bogʻ, yaylov va hayvonot bogʻi tashkil qildi, shaharning oʻzida esa 1069-yili jome masjidini taʼmirlatib, qayta qurdirdi. Shamsulmulk vorislaridan biri Buxoroda yana muhtasham qasr qurdirdi. Arslonxon Muhammad (1102—1130) bu yerda ayniqsa koʻp qurilishlar qildi. U qoʻrgʻonni va shaharning tashqi devorlarini tiklatdi. Yangidan minorali muhtasham jome masjidi, ikkita hammom, ikkita saroy qurdirdi. Ana shu saroylardan biri keyinchalik madrasaga, shahardan tashqari namozgohga aylantirildi. Mazkur inshootlardan Namozgoh, aniqrogʻi uning pishiq gʻishtdan koʻtarilgan va sernaqsh bezatilgan mehrob devori, shuningdek jome masjidining minorasi — Arslonxon minorasigina (Minorai Kalon) saqlanib qolgan. U hozirga qadar Buxoroning goʻyoki betakror ramzi sifatida saqlanib kelmoqda. Magʻoki Attori masjidi ham XII asrga oid boʻlib, uning peshtoqi oʻsha davr meʼmoriy bezagining butun boyligi va xilma-xilligini namoyon etadi. Qilich Tafgach xon Masud 1165-yilda Buxoroda shahar devorlarini tikladi.[13]

Muhammad Xorazmshoh hukmronligi davrida

tahrir
 
Muhammad Xorazmshoh tomonidan Buxoroda zarb etilgan tanga

1207-yili Muhammad Xorazmshohga (1200—1220) Qoraxoniylar sulolasining soʻnggi vakili Usmon ibn Ibrohim Samarqandni Qoraxitoylardan qutqarishni soʻrab maktub yoʻllaydi. Shu vaqtning oʻzida buxoro sadrlari ham undan Malik Sanjar qoʻzgʻolonini bostirishga yordam soʻrab murojat qilishadi. Ushbu murojatlarni koʻrib chiqqan Xorazmshoh, Usmon ibn Ibrohim uning ustunligini tan olganligini hisobga olib, oʻz qoʻshinlarini Movarounnahrga joʻnatdi, Buxoroni zabt etdi va uni oʻzinig ulkan saltanatiga qoʻshib olib, bu yerda sadrlar hokimligini bir muddat tikladi. Muhammad Xorazmshoh davrida vayron boʻlib, hech bir imorati va inshooti qolmagan, koʻp yillar davomida tashlandiq xolatda yotgan Buxoro arki qayta tiklangan[14]. Buxoro Moʻgʻullar bosqiniga qadar, 1220-yilgacha Xorazmshohlar davlati tasarrufida boʻldi.

Moʻgʻullar hukmronligi davrida

tahrir

Buxoro qamali va aholisining yoʻq qilinishi

tahrir

1220-yil fevralida ulkan lashkarga bosh boʻlgan Chingizxonning Buxoroga yetib kelishi Muhammad Xorazmshoh va uning lashkarboshilari uchun butunlay kutilmagan hodisa boʻldi. Yozma manba maʼlumotlariga koʻra, Buxoro qoʻshini 12 ming otliq askardan iborat edi. Ulkan shaharni nisbatan kichik qoʻshin bilan himoya qilishning istiqbolsizligi, chamasi, ravshan edi. Xorazmshohning yordamidan ham umid yoʻq edi. Shuning uchun Muhammad Xorazmshoh qoʻshini bir necha kundan keyin jang bilan moʻgʻul qoʻshinlari safini yorib oʻtdi, biroq moʻgʻullar taʼqibidagi bu qoʻshin halokatga uchradi. Lashkarlar tashlab chiqqan, ruhoniy va zodagonlar boshqarib turgan shahar aholisining taslim boʻlishdan oʻzga chorasi qolmadi. Shunga qaramay, turk gʻulomlaridan qolgan 400 ga yaqin himoyachilar Buxoro qalʼasida mustahkamlanib olib, yana 12 kun jasurlik koʻrsatdilar, soʻnggi himoyachi yer tishlatilguniga qadar qalʼani saqlab turdilar.

Oʻsha kezlari Buxoroda roʻy bergan voqealar manbada shunday bayon etilgan: "Jome masjidiga moʻgʻullar kirib olib, uni murdor qildilar, Qurʼon kitoblari masjid hovlisiga uloqtirib yuborildi, ular saqlab kelingan sandiqlardan moʻgʻullar otlarini boqish uchun oxur sifatida foydalanishgan, imomlar, shayxlar va sayidlar, ulamo va mujohidlar otxonada otboqarlik qilishga majbur etilgan". Chingizxon davlatmand kishilarning roʻyxatini tuzishni buyurdi, unga 280 kishi kiritildi; ularni oʻz boyliklarining barchasini topshirishga majbur qilishdi va shahardagi badavlat xonadonlarni aniqlash, ularni boyliklarini musodara qilish uchun kishilar belgilandi.

Soʻng odatdagi moʻgʻul anʼanasiga koʻra, barcha aholi shahardan tashqariga chiqarildi va Buxoro shafqatsizlarcha talon-toroj qilindi. Shaharda kuchli yongʻin chiqib, deyarli hamma narsa yonib kul boʻldi. Masjidlarning talon-toroj qilinishi, moʻgʻul lashkarlarining asirlarni tahqirlashi, shaharliklar koʻzi oʻngida ayollarni zoʻrlash buxoroliklarning sabr kosasini toʻldirdi: bir qator ruhoniylar, shaharlik olimlar qoʻlda qurol bilan oʻz vatandoshlarini himoya qilishga otlandilar, ammo ular darhol qirib tashlandi. Bular orasida mashhur sufiy Rukniddin Imomzoda va uning oʻgʻli qozi Sadriddinxon, sadr Majdiddin Masʼud va boshqalar bor edi. Moʻgʻullar istilosi davrida sufiy vakillari ommani boshqalarga qaraganda ancha qatʼiy tarzda, qoʻrqmay moʻgʻullarga qarshilik koʻrsatishga daʼvat etishdi.

Moʻgʻullar juda koʻp Buxoroliklarni qirb tashlash bilan bir qatorda, koʻp buxorolik yigitlarni Samarqand va boshqa shaharlarni qamal qilish uchun olib ketishdi. Hunarmandlar, yosh ayollar va bolalarni qulga aylantirib, moʻgʻul shahzodalari lashkarlariga boʻlib berishdi. Buxoro shu darajada vayron etildiki, Ibn al-Asirning taʼbiricha, "xuddi shahar kecha boʻlmagandek" edi. Oʻsha davr muallifi taʼbiri bilan aytganda, "keldilaru yemirdilaru yondirdilaru oʻldirdilaru taladilaru ketdilar".

Istilo natijasida aholi soni keskin kamaydi, minglab shahar va qishloqlar vayron etilib, bir umrga qayta tiklanmadi, feodal jamiyatda quldorlik tuzumi vujudga keldi, iqtisodiyot butunlay yemirildi. Moʻgʻul istilosi umuman Movarounnahr, xususan Buxoro fani va madaniyati rivojini bir necha asr orqaga surib yubordi. Hududiy jihatdan Movarounnahr Chingizxonning uchinchi oʻgʻli Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirdi.

Chigʻatoy ulusi tarkibida

tahrir

Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirgan Buxoro keyinchalik 1238, 1263, 1273—1276-yillarda ham qattiq buzgʻunchilik va vayronkorlikka mubtalo etildi.

1316-yil kuzida Huloku ulusi moʻgʻullarining Buxoro shahri va vohasini soʻnggi bora vayronaga aylantirishdi va talon-toroj qilishdi. Shu bois 1333-yili Buxoro orqali oʻtgan marokashlik sayohatchi Ibn Battutaning: "Bir nechasini eʼtibordan soqit qilganda, hozirgi vaqtda Buxoro masjidlari, madrasalari va bozorlari vayrona holida yotibdi", — deya yozganiga aslo ajablanmasa ham boʻladi.

Shunday qilib, shahar bir necha bor qirgʻin va talon-toroj qilinib, aholisi haydab ketilganligi va shaharga oʻt qoʻyilganligiga qaramay, Buxoro asta-sekin qaddini rostlay bordi. Bunga uning faqat Buyuk ipak yoʻli chorrahasida anʼanaviy joylashgan yirik savdo, hunarmandchilik va madaniyat markazlaridan biri sifatidagi mavqeigina emas, balki bu davrga kelib uning maʼnaviy-diniy markaz, musulmon olamining Sharqiy Makkasi sifatida uzil-kesil qaror topganligi ham katta imkon berdi. Shuning uchun moʻgʻul hukmdorlarining ogʻir yillarida ham Buxoro Movarounnahrning yirik iqtisodiy va siyosiy markazi — ikkinchi poytaxti boʻlib qolaverdi.

Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni
tahrir

1238-yili Buxoro viloyatida moʻgʻullar zulmiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarildi. Uni Mahmud Torobiy boshqardi. Buxoroda ham uning koʻplab tarafdorlari va izdoshlari paydo boʻldi. Shulardan biri shaharda sufiy sifatida mashhur, zodagonlar naslidan boʻlgan Shamsuddin Mahbubiy edi, uning qarashlari ruhoniy arboblar qarashlaridan keskin farq qilgan.

Buxoroning hamma mehnatkash ommasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan qoʻzgʻolon ancha muvaffaqiyatli boʻldi. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun yuborilgan moʻgʻul qoʻshinlari tor-mor keltirilib, 10000 ga yaqin askaridan ajraldi. Ammo qoʻzgʻolonchilar jangda oʻzlarining 2 nafar sardorlarini qurbon berishdi, oqibatda keyingi jangda qoʻzgʻolonchilar magʻlubiyatga uchradilar. Qoʻzgʻolon beshafqatlarcha bostirildi.

Mahmud va Masʼud Yalavoch Xorazmiylar hokimligi davrida
tahrir

Shaharning Chingizxon tomonidan tayinlangan birinchi moʻgʻul hokimi Buka Numa edi, ammo oliy Oʻqtoyxon hukmdorligi davridayoq butun hokimiyat toʻla-toʻkis ijarador Mahmud Yalavoch Xorazmiyga oʻtdi. Juvayniyning soʻzlariga qaraganda, Mahmud Yalavoch va uning oʻgʻli Masʼudbekning farogʻatli hokimligi tufayli mamlakat moʻgʻullar vayronidan butunlay tiklandi. Buxoro buyuk rivojlanish darajasiga yetdi, binobarin, bironta musulmon shahri aholi soni, omma boyligi va fanning yuqori darajada rivoji boʻyicha Buxoro bilan bahslasha olmas edi.

Mahmud Yalavochning bu yerga kelishi bilan Buxoroning qirgʻin qilinishi toʻxtadi. U soliq undirish vositasida savdo-iqtisodiy faoliyatning yangidan rivojlanishi va uni moʻgʻul qoʻshinlarining takroriy vayronagarchiligidan himoya qilish uchun katta kuch sarfladi. Shu harakatlari tufayli, u keyichalik Chigʻatoy ulusidan soliq yigʻishni boshqarish lavozimidan chetlatildi. Biroq, koʻp oʻtmay, Mahmud Yalavoch oʻrniga moʻgʻullarning oliy xoni Oʻqtoyning talabi bilan uning oʻgʻli Masʼud oʻtqazildi. Masʼud bu lavozimda, kichik tanaffus bilan umrining oxirigacha — 1289-yilga qadar xizmat qildi.

Aytilishicha, Masʼudbek Buxoroni juda sevardi, shu bois u shaharni asta-sekin muhtasham binolar bilan goʻzallashtirdi. Shulardan biri Masʼudiya madrasasidir. Uning davrida Buxoroda Chingizxonning oʻgʻli Tuluyning bevasi, nasroniy diniga eʼtiqod qilgan Munkexonning (1251—1259) volidasi Suyurkoʻkteni beka mablagʻi hisobidan Xoniya madrasasi bunyod etilgan. Har ikki madrasa Registonda joylashib, ularning har birida, goʻyoki, 1000 ga yaqin talaba tahsil koʻrgan, ajoyib kutubxonalari ham boʻlgan. Xoniya madrasasining mudarrisi va mutavallisi mashhur ilohiyotchi olim, Najmiddin Kubroning muridlaridan biri, Kubroviylik tariqatining davomchisi Sayfiddin Boharziy edi.

 
Aka-uka Pololarning Buxoroga kelishi.

1262—1263-yillarda Buxoroga aka-uka Pololar (Niccolò va Matteo) tashrif buyurishdi, ular bu shaharni katta va ulugʻvor shahar sifatida tavsiflaydi. Ularning buyerda uch yil turib qolishlariga toʻgʻri keldi. Ular Buxoroni 1264-yilda tark etishdi.

Hulokuning oʻgʻli Abaqaxon 1273-yilda Buxoroga qoʻshin yuborib, aholini Xurosonga koʻchirishni yoki shaharda qirgʻin oʻtkazishni buyurdi. Buxoro 1273-yil 22-yanvarda Hulokuiylar tomonidan egallandi. Hatto Chingizxon shaharga bostirib kirganda kuzatilmagan darajadagi qirgʻinbarot va talon-toroj boshlandi. Bir hafta tinimsiz qon toʻkildi, Masʼudbek madrasasi va undagi koʻplab kitoblar yondirilib, kuli koʻkka sovurildi. Hulokuiylar qoʻshini katta oʻlja bilan shaharni tark etdi. Buxoroga goʻyoki „yordamga“ kelgan 10 minglik Chigʻatoiylar lashkari esa harbiy toʻqnashuvga qaror qilmay, faqat oʻljalarni Hulokuiylar bilan boʻlishishga kelishib olishdi va Buxoroga qaytgach, oʻzlari shaharni talash va qatl etishni davom ettirishdi. Natijada 50 mingga yaqin kishi qirib yuborildi, butun viloyatga tarqalgan moʻgʻul lashkarlari yana 3 yil mobaynida bosqin va vayronlikni davom ettirishdi. Shunday qilib, Buxoro shahri va viloyati butkul vayron qilinib, xarobaga aylantirildi, natijada, shahar keyingi 7 yil davomida hayotdan mahrum boʻldi. Keyinchalik 1280-yilarda ijarador Masʼudbek shaharga aholini koʻchirib kelib, uni tiklash borasida katta kuch sarfladi. 1282—1283-yillardan eʼtiboran bu yerda hatto kumush tangalar muntazam ravishda zarb qilina boshlaydi. Masʼudiya madrasasi tiklanib, keyinchalik, 1289-yili bu yerga Masʼudbek dafn etildi.

Chigʻatoylar davrida qurilgan meʼmoriy yodgorliklar
tahrir

XIII asrning 2-yarmidan boshlab muhtasham meʼmorchilik obidalarini bunyod etish ishlari qayta tiklandi. Buxoroning sharqiy chekkasida, ilgarigi Qarshi darvozasi ortida, Fathobod degan joyda barpo qilingan ikki maqbara (Sayfiddin Boharziy va Bayonqulixon maqbaralari) bizning davrimizgacha saqlanib qolgan eng mashhur obidalardandir. Ulardan biri 1261-yili vafot etgan Kubroviya tariqatining mashhur shayxi Sayfiddin Boharziy qabri ustida bunyod etilgan boʻlsa, ikkinchisi, ushbu binoning yonida, gʻarb tomonida 1358-yili vafot etgan va oʻz shayxi goʻri yoniga dafn etilishini vasiyat qilgan Chingiziylardan biri — Bayonqulixonning qabri usdida qurilgan.

Soʻz yuritilayotgan davrda bunyod etilgan yana bir noyob yodgorlik Buxoroning Saloxxona darvozasidan 200 metr janubi-sharqda joylashgan Boboyi Poradoʻz maqbarasidir. Yodgorlik bizning davrimizgacha XIX—XX asrlarda qayta qurilgan holda yetib kelgan, lekin arxeologik tadqiqotlar vaqtida olingan nafis oʻyma meʼmoriy terrakota namunalari bu obidaning XIV asrning ikkinchi choragiga mansubligini koʻrsatadi.

Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrida

tahrir

Amir Temur va Temuriylar hukmronligi davrida Buxoro qaytadan qad koʻtardi: Movarounnahrning iqtisodiy va madaniy markazi sifatida oʻz ahamiyatiga koʻra, ikkinchi oʻrinni egallab keldi, diniy-maʼnaviy taʼsir jihatidan esa yanada kuchliroq yetakchilik qildi. U shuningdek, „Islom dinining gumbazi“ („Qubbat ul-islom“), nufuzli shariat va tasavvuf ilmi namoyandalari vatani va ziyorat maskani boʻlib qolaverdi. Amir Temurning solnomanavis kotibi Hofizi Abru Somoniylar davridagi shon-shuhratga burkangan Buxoroni tasvirlab beradi, oʻziga zamondosh shahar haqida esa qisqacha qilib shunday deb yozadi: "Garchand oʻtgan zamon bilan taqqoslaganda mavjud narsalarning oʻndan biri ham qolmagan boʻlsada, boshqa dongdor shaharlar bilan qiyoslaganda, oʻz zamini serhosilligi va tinch-farovon turmushi bois Buxoro shahrini „jannat bogʻi“ deya atash mumkin".

 
Chashmai Ayyub

Buxoro shahrida Amir Temur davrida barpo etilgan ayrim binolar saqlanib qolgan. Uning nomidan Namozgoh mukammal taʼmirlangan, Masjidi Kalon qayta tiklangan va Hazrati Imom xilxonasida xonaqo qurilgan, Amir Hajjoj ismli shaxs esa qadimiy ziyoratgoh ustida Chashmai Ayyub maqbarasini bunyod etishga (yoki taʼmirlashga) bosh-qosh boʻlgan.

Kastiliya (Ispaniya) elchisi Ruy González de Clavijo Amir Temur saroyiga kelgan elchilar bilan 1404-yil kuzida vataniga qaytayotganida Buxorodan ham oʻtganini tilga oladi: "Boyar (Buxoro) degan bir shaharga yetib keldik. U keng tekislikda joylashgan, paxsa devor va suv toʻla chuqur handaq bilan oʻralgan ekan. Bir chekkasidagi qalʼa ham paxsadan qurilgan, negaki bu zaminda toʻsiqlar va devorlar qurish uchun tosh yoʻq, qalʼa yaqinidan daryo oqib oʻtadi. Shahar atrofida katta yerlar bor, u yerda ham katta-katta imoratlar qurilgan. Shahar non, goʻsht, sharob va shu kabi yeguliklarga boy va bu yerda boshqa koʻplab tovarlar ham mavjud. Bu shaharda elchilar oʻzlariga kerakli hamma narsani oladilar, bu yerda ularga otlar ham berishdi".

XIV—XV asrlar chegarasida taniqli soʻfiy, Bahouddin Naqshbandning muridi Xoja Muhammad Porso Buxoroda xonaqoh, hammom, madrasa barpo ettirdi, katta Xoja bozoriga asos soldi. Xoja Muhammad Porso madrasasida ulkan kutubxona joylashgan, unda yigʻilgan qoʻlyozma kitoblar orasida XII asrda koʻchirilganlari, eng qadimiylari ham bor edi. Amir Temurning vorisi — Shohrux Mirzo buxorolik shayxlar, shu jumladan, Xoja Muhammad Porso bilan koʻpincha "musulmonlar ishini tartibga solish maqsadida" maslahatlashib turardi.

 
Ulugʻbek madrasasi

1405-yil bahorida, Amir Temur oʻlimidan keyin, taxt uchun oʻzaro urushlar arafasida Mirzo Ulugʻbek va Ibrohim Sulton oʻz xazinalari va vasiylari bilan birga Buxoroga qarab yoʻlga chiqishadi va Ark qalʼasida toʻxtashadi. Oʻsha davrda Arkning hali ishlab turgan sharqiy darvozali qismini Mirzo Ulugʻbek, gʻarbiy darvozali ikkinchi qismini Ibrohim Sulton egalladi. Bu yerda ular bir oy davomida shahar devorlari va darvozalarini mustahkamlash bilan mashgʻul boʻlishadi. Keyinchalik esa Shohrux Mirzo — Mirzo Ulugʻbekni poytaxti Samarqand va ahamiyati jihatidan ikkinchi shahri Buxoro boʻlmish Movarounnahr noibi etib tayinlaydi. 1417-yili Buxoro shahrida Ulugʻbek madrasasi qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Bu bino uning ilk qurilishlaridan biri boʻldi. Biroq maʼlum sabablarga koʻra Mirzo Ulugʻbek buyurtmachi sifatida yangi madrasani faqat 1419-yil noyabridagina oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Mirzo Ulugʻbek oʻz madrasasida toʻxtadi, talabalar va boshqa "munosib kishilarga" sovgʻa-salom ulashdi. Buxorodagi Masjidi Kalon ham, uning davrida toʻliq taʼmirlandi. Mirzo Ulugʻbekning sobiq otaligʻi, Xorazm noibi Amir Shohmalik Mirzo Ulugʻbek uchun Buxoroga oʻzining navkarlarini joʻnatdi. 1421/22-yili Mirzo Ulugʻbek Buxoroda Tibetdan kelgan elchilarni qabul qildi. 1428/29-yili zarbxona qurilishi ishlari bilan shugʻullandi, Buxoro zarbxonasi bir necha oʻn yillar mobaynida butun Movarounnahrni mis chaqalar bilan taʼminlab keldi.

Mirzo Ulugʻbek oʻldirilgandan soʻngra Movarounnahrdagi Temuriylar davlatiga avvaliga Sulton Abusaid Mirzo, keyin esa Sulton Ahmad Mirzo hukmdorlik qilishdi. Ular davlat boshqaruv ishlarini oʻz murshidi — naqshbandiya tasavvuf tariqati peshvosi Xoja Ahror Valiy rahnamoligi ostida amalga oshirgan edi. Buxoroda esa Temuriy sultonlar nomidan temuriy Tarxonlar hokimiyat yuritardi. Tarxonlarning shahardagi faoliyati izlari hozircha aniqlangani yoʻq. Faqat shu narsa aniqki, Buxoroda ikkita hammom Xoja Ahrorga qarashli boʻlgan, ulardan tushgan daromad muassisi, uning avlodlari va Samarqandda oʻzi asos solgan Xoja Ahror madrasasi foydasiga kelib tushar edi.

Buxoro — Oʻzbek xonligi poytaxti

tahrir

Shayboniylar hukmronligi davrida

tahrir
 
Shayboniyxon tomonidan Buxoroda zarb etilgan tanga (1510-yil)

XVI asrda, Shayboniylar oʻzbek sulolasi hukmronligi davrida, Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida Buxoroning mavqei ancha ortdi. Buxoro shahri avvalboshda uluslardan biri markazi maqomida, keyin esa butun boshli davlat poytaxti maqomida boʻlib keldi.

 
Masjidi kalon. XVI asr.
 
Mir Arab madrasasi. XVI asr.

Buxoro tarixi, madaniyati va meʼmorchiligida Shayboniylar sulolasining uch vakili alohida oʻrin tutadi. Ubaydullaxon (otasi Mahmud Sulton oʻlimidan soʻng Buxoroni boshqargan, 1533—1540-yillarda esa butun oʻzbeklar xoni — Oliy hukmdor boʻlgan[15]) — Shayboniyxon (1500—1510) halok boʻlgandan keyin oʻzaro urushlarga chek qoʻygan va Buxoro binolarini tiklashga bor kuch-gʻayratini sarflagan sarkarda va bahodir. Uning davrida Buxoroning siyosiy va iqtisodiy markaz sifatidagi mavqei ancha kuchaydi va shahar davlat poytaxti vazifasini oʻtay boshladi. XVI asrning birinchi yarmida Movarannaxrda eng muhim saroy adabiy doirasining shakllanishi Ubaydullaxon nomi bilan bogʻliq. U Ubaydiy adabiy taxallusi bilan turkiy, fors va arab tillarida sheʼrlar ham yozgan.[16] Uni shaxsan bilgan zamondoshlarining xotiralariga qaraganda, bu hukmdor oʻz davrining ilgʻor va yetakchi siymosi boʻlgan. Uning „madaniy saviyasi Temuriylar rahnamolari savodxonlik darajasidan aslo qolishmasdi“ va u „oʻz kutubxonasiga koʻproq eʼtibor berar edi“: u Buxoroda miniatyurada oʻziga xos Buxoro uslubi yaratilgan birinchi kutobxonaning asoschisi hisoblanadi. Uning maʼnaviy-ruhoniy murshidi — murabbiysi naqshbandiya tasavvuf tariqatiga mansub soʻfiy Maxdumi Aʼzam va Shayx Abdulloh Yamaniy — Mir Arab boʻlgan (Ubaydullaxon inʼom etgan mablagʻ hisobiga uning piri Shayx Abdulloh Yamaniy tomonidan Buxoroda Mir Arab madrasasi qurilgan). Ubaydullaxon mohirona Qurʼon oʻqigan va turkiy tilda sharhlar bergan, isteʼdodli qoʻshiqchi va sozanda edi. U xattotlik bobida 7 ta husnixat usulini, ayniqsa nasx va nastaʼliqni nihoyatda yaxshi egallagan, Qurʼonning bir necha nusxalarini koʻchirib, Makka va Madinaga joʻnatgan.

Shayboniylar davrida davlat poytaxti boʻlgan Buxoro shahri ilm va maʼrifat kishilari jamlangan bir goʻshaga aylandi. Ubaydullaxon davrida Buxorodagi ilmu hunar ahli shunday yuksak bir darajaga erishdiki, bu jihatdan shahar Husayn Boyqaro zamonasidagi Hirotni ham esga solib turar edi.[17][18]

Ubaydullaxon oʻlimidan keyin Movarounnahrning ikki asosiy shaharida bir vaqtning oʻzida ikki xon: Buxoroda Ubaydullaxonning oʻgʻli Abdulazizxon (1540—1550), Samarqandda esa Abdullatifxon (1540—1552) hukmronlik qilishdi. Movarounnahrning boshqa shaharlarida hukmdorlik qilgan oʻzbek sultonlari ularning hokimiyatini nomigagina eʼtirof etishdi.

Ubaydullaxonning oʻgʻli — Abdulazizxon (1533-yildan Buxoroni boshqargan. 1540—1550-yillarda esa Buxoroda davlat hukmdori) ham betakror va isteʼdodli insonlardan biri edi. Zamondoshlarining soʻzlariga qaraganda, Abdulazizxon olim va shoirlar homiysi boʻlgan, "nasx husnixatida ajoyib xat bitar, sheʼr yozish bilan mashgʻul boʻlgan", Aziziy degan adabiy taxallus qoʻllagan. U mashhur Buxoro kutubxonasiga alohida eʼtibor bilan qarab, unga homiylik qilgan. Bu dargoh saroy madaniy hayotining oʻziga xos markazi boʻlib, Buxoro-Samarqand badiiy xattotlik maktabi shakllanishida katta rol oʻynagan edi. Ana shu maʼrifat dargohi Movarounnahr miniatyura rassomchiligi maktabi shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatdi.[19]

Aynan Abdulazizxon hukmronligi davrida Buxoroda rekonstruksiya — mukammal taʼmirlash va yangi binolar barpo etish jarayoni boshlangan edi. Bu, ayniqsa, Buxoroning eski bozori joylashgan nuqtalarda yaqqol koʻzga tashlanadi. Shahar yangi mudofaa devori bilan oʻralgan. Magʻoki Attori masjidi mukammal taʼmirlangan va masjid, hammom va savdo-sotiq timini (chorsuni) oʻz ichiga olgan Sarrofon meʼmoriy ansambli bilan toʻgʻri yoʻl bilan bogʻlangan edi.

 
Abdullaxon II
 
Modarixon madrasasi, XVI asr.

Oʻzbek xoni Abdullaxon II hukmronligi davridan boshlab (1557—1598; 1583-yildan Buxoro xonligi hukmdori) Buxoro xonlikning uzil-kesil poytaxti boʻlib qoldi. Bu davrda shaharsozlik taraqqiy etdi va meʼmorlik yuksak darajaga koʻtarildi[20]. Buxoro shahri yangi mudofaa devori bilan oʻraldi. Joʻybor shayxlari yerlari (50—60 gektar) shahar sarhadiga qoʻshib olingach, uning yer maydoni 500 gektarga yetdi. Shaharda rekonstruksiya ishlari davom ettirildi, ana shu taʼmirlash va takomillashtirish jarayonida eski toʻkilgan binolar taʼmirlangan yoki butunlay buzib tashlangan va ayrim koʻchalar kengaytirilgan edi. Eski shahar va Yangi shahar bozorlari hududida meʼmorchilik majmualari — masjidlar, madrasalar, hammomlar, karvonsaroylar va hokazolarni oʻz ichiga olgan oʻziga xos diniy-ijtimoiy markazlar vujudga keldi. Bozorlar kengayib borishi asnosida turarjoy binolarining siqib, nari surish jarayoni ham yonma-yon kechdi. Yangi turarjoy mavzelari, xonaqoh va masjidlar Buxoro chekkalaridagi odamlar bir mahallar tashlab ketgan maskanlarda bunyod etila boshladi. Abdullaxon II va uning amirlari, ularning orasida eng nufuzlisi Qulbobo koʻkaldosh, naqshbandiya tasavvuf tariqati peshvosi Xoja Islom Joʻyboriy, keyin esa uning oʻgʻli — Xoja Saʼd Joʻyboriy qurilishlarning asosiy donatorlari — homiylari va buyurtmachilari sifatida ish koʻrgan edi.

Taʼlim tarbiyaga eʼtibor kuchaydi, har bir mahallada maktab ochildi, baʼzi xonadonlarda uy taʼlimi joriy etildi. Bu davrda mamlakatda adabiyot va ilm-fan taraqqiy etdi. Buxoro madaniyat, ilm-fan markaziga aylandi. Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullanoma (Sharafnomayi shohiy), Hasanxoja Nisoriyning Muzakkiri ahbob va boshqa koʻpgina ilmiy asarlar yaratildi. Shoir, adib va ilohiyotchi olimlardan Mushfiqiy, Nizom Muammoiy, Muhammad Darvish oxund, qozi Poyonda Zominiy, mulla Amir, Muhammad Alti Zohid, tabiblardan mavlono Abdulhakim va boshqalar yashab ijod etdi. Abdullaxon IIning oʻzi ham isteʼdodli shoir boʻlib, „Xon“ taxallusi bilan oʻzbek va fors tillarida sheʼrlar yozdi.

Buxoroda mashhur Abdullaxon kutubxonasi tashkil qilinib, unda Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniylar kabi mashhur xattotlar kitob koʻchirish bilan mashgʻul boʻlishdi.

Bu davrda, Buxoroda hunarmandchilik, savdo-sotiq yanada rivojlandi. Hunarmandlar turli ipak matolar, uy-roʻzgʻor, zargarlik buyumlari, qurol-yarogʻlar va boshqa tayyorlardilar.

XVII asr — XVIII asrning birinchi yarmida Buxoroda Shayboniylarga qarindosh boʻlgan Ashtarxoniylar (Joniylar) oʻzbek sulolasi hukmronlik qildi.

Ashtarxoniylar (Joniylar) hukmronligi davrida

tahrir
 
Oʻzbek amaldori tomonidan qurilgan Nodir devonbegi madrasasi
 
Imomqulixon

XVI asr tarixchisi, oʻzbeklarning Qatagʻon qabilasidan boʻlgan Muhammad Yar ibn Arab Qatagon „Musaxir al-bilad“ („Mamlakatlarni zabt etish“) asarini yozgan. Asarda Shayboniylar, jumladan, Abdullohxon II davri haqida hikoya qilinadi.[21]

Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi davridagi muttasil urush harakatlari madaniy hayot taraqqiyotiga toʻsqin boʻldi. Adabiyot, sanʼat va boshqa sohalarda bir qancha isteʼdodli olimlar (musiqada Darvishali Changiy va boshqalar) yetishib chiqdi. Adabiy, tarixiy asarlar — „Hayvonnoma“ (Sayd Nasafiy). „Bahr ul-asror“ (Mahmud ibn Vali), „Ubaydullanoma“ (Muhammad Amin Buxoriy), „Tarixi Abulfayzxon“ (Abdurrahmon Toleʼ), „Muhit ut-tavorix“ (Muhammadamin ibn Muhammadzamon Buxoriy), „Subhonqulixon toʻgʻrisida hajviya“ (Turdi) va boshqa Tibbiyot va meʼmorlik bir oz taraqqiy etdi: ashtarxoniylardan Subhonqulixon Buxoroda maxsus shifoxona hamda tibbiyot kutubxonasi qurdirdi. Hashamatli binolar (Abdulazizxon madrasasi, Nodir devonbegi madrasasi, Bolohovuz masjidi va boshqalar) bunyod etildi. Maktab va madrasalarda asosan diniy fanlar, qisman adabiyot (Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil va boshqalar) oʻqitildi.

Imomqulixon oʻzaro kurashlarga barham bergan. U atrofiga olimlar va shoirlarni toʻplagan, oʻzi ham sheʼrlar yozgan; darvishlarni (soʻfiylarni) qoʻllab-quvvatlagan. Koʻchmanchilar bilan olib borilgan muvaffaqiyatli janglar natijasida u 30 yildan ortiq hukmronlik qilgan. Bu davrda mamlakatda markaziy davlat hokimiyati kuchaygan. Hindiston, Eron va Rossiya bilan elchilik munosabatlarini oʻrnatgan.

Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining vakili Subhonqulixon tibbiyot va astrologiyaga oid bir qancha asarlarning muallifi boʻlgan. Uning tibbiyotga oid asari Oʻzbek tilida yozilgan. Uning asari Budapeshtdagi kutubxonada saqlanadi. Subhonqulixon sheʼriyatga ham mehr qoʻygan va Nishoniy taxallusi bilan sheʼrlar yozgan.[22] Subhonqulixon davrida Buxoroda koʻplab meʼmoriy obidalar, jumladan, Dor ush-shifo madrasasi, Registonda katta hovuz, Buxoro arkida Salomxona va Jome masjidi barpo etilgan.

1619—1623-yillarda oʻzbek vaziri Nodir devonbegi mablagʻlari hisobiga Buxoroda Labi-Xouz ansambli tarkibiga kirgan xonakoh va madrasa qurildi.

XVII asr Buxoro meʼmorchiligida Temuriylar davri anʼanalari yana tiklandi, moʻl-koʻl bezaklarga boʻlgan ishtiyoq qaytdi, ammo shu bilan birga yirik shahar meʼmoriy ansambllarining rivojlanishining ilgari koʻrsatilgan yoʻnalishi davom etdi. Bu davrda eng faol qurilish Buxoroda oʻzbek hukmdorlari Imomqulixon (1611-1642) va uning jiyani Abdulazizxon (1645-1681) davrida amalga oshirildi.[23]

Buxoro amirlik davrida

tahrir

Amir Haydar hukmronlik qilgan davrda Buxoroda ilm-fan, xususan, tarix va islom ilmlari rivojlangan. Haydar madrasalarda tahsil olib borish uchun Istanbul, Kobul va boshqa shaharlardan koʻplab qoʻlyozma kitoblarni oldirgan. Uning oʻzi muntazam ravishda saboq bergan, madrasalarda dars oʻtgan. Haydar „al-Favoid al-alfiya“ nomli fiqhning xanafiya mazhabiga oid asar ham yozgan. U hukmronligi davrida Buxoroda Chor minor va Xalifa Niyozqul madrasasi (1807), masjidlar, xonaqohlar, hammomlar qurilgan, Xalfa xudoydod majmuasi qurilishi davom ettirilgan. Buxoroda Haydar onasiga atab maxsus madrasa qurdirgan.

1807-yilda Buxoroda Turkman xalqining vakili Xalfa Niyozqul Chor minor madrasasini qurdirgan.

1815-yilda oʻzbeklarning Qoʻngʻirot urugʻidan boʻlgan tarixchi Ollo Murod Anna-boy oʻgʻli Buxorodagi Mir Arab madrasasida oʻzbek tilida „Tavarix-i guzida-yi nusrat-noma“ asarining qisqartirilgan nusxasini tuzgan, unga tarixchilar Shayboniynoma deb nom bergan.[24]

Oʻzbek tarixchisi Muhammad Yoqub „Gulshan al-Muluk“ — „Qirol atirgullar bogʻi“ tarixiy asarining muallifi boʻlgan. U 1824-yilda „Gulshan al-Muluk“ni yozishni boshladi va 1831-yilda tugatdi. Buxoro amirligining 1830-yilgacha boʻlgan siyosiy hayoti haqidagi maʼlumotlar katta qiziqish uygʻotadi.[25]

Nasrullaxon tomonidan va uning davrida Buxoroda Qozi Hasanxoʻja, Olimjonboy, Eshoni Pir, Mirzo Ubayd, Modorixon, Ismoilxoʻja (1829) Aliy Choʻbin, Mirzo Abdulgʻaffor, Tojiddin madrasalari (1860) qurildi, Xalifa Xudoydod meʼmoriy majmuasining qurilishi yakunlandi (1855). Bu paytda tarixchi Muhammad Mirolim Buxoriy „Fathnomai sultoniy“ („Sulton fathnomasi“) asarini yozgan. Keyinchalik mashhur alloma boʻlib yetishgan yosh Ahmad Donish Nasrullaxon nazariga tushib, saroyga xizmatga olingan. 18-asrning ikkinchi yarmi — 19-asrning boshlarida yashagan oʻzbek shoiri Sayqaliyning kitobi Buxoroda mashhur boʻlgan; u Buxoroda koʻp marta koʻchirilgan.[26]

 
Buxoroning katta sinagogasi. 1901—1906-yillar

XX asrning boshlarida Buxoro shahrida buxorolik yahudiylar ixcham yashaydigan uch maxalla bor edi. Shuningdek, 8 dan 12 gacha sinagoga-ibodatxonalar mavjud edi. „Mahallai Kuxna“ („Qadimgi maxalla“) maxallasi 14-15 asrlarda shakllangan. „Mahallai Amirobod“ maxallasi (mahalla, amir tomonidan tartibga solingan") 18-asrda tashkil topgan. Uchinchi maxalla — „Mahallai Nau“ („Yangi maxalla“) boʻlgan.[27]

Sovet hukmronligi davrida

tahrir
 
Buxoro, 1-sentabr 1920-yil

Rossiya istilosi davrida bir necha mayda qayta ishlash korxonalari vujudga keldi. 20-asr boshida Buxoroda 12 ta mahalla, 360 dan ortiq guzar, 250 dan ziyod Madrasa, 390 ta masjid, qariyb 150 ta karvonsaroy, 350 ta hovuz boʻlgan. Buxoro madrasalarida 10 mingdan ortiq talaba oʻqigan. Buxoroda 1920-yillardan boshlab sanoat korxonalarining soni va salmogi ortib bordi. Viloyat hududida gaz va neft konlarining topilishi shaharda yangi sanoat tarmoklarini rivojlantirishga asos boʻldi. Uysozlik, madaniymaishiy xizmat tarmoqlarini barpo etish jadallashdi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari tubdan yaxshilandi. Xalqaro va mahalliy turizm yoʻlga qoʻyildi.

 
Buxoro

Poytaxtga aylanishi

tahrir

1925-yil 17-fevralda Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan Butuno‘zbek Sovetlarining birinchi taʼsis qurultoyida „O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining tashkil topishi to‘g‘risida Deklaratsiya“ qabul qilingan. Respublikaning birinchi poytaxti etib Buxoro shahri tanlangan[28].

2012-yilda „O‘zbekiston“ nashriyoti tomonidan chop etilgan „O‘zbekiston tarixining muhim sanalari“ nomli kitobdagi maʼlumotlarga koʻra, 1925-yil aprel oyida mamlakat poytaxti Buxoro shahridan Samarqand shahriga ko‘chirilgan. 1930-yilda esa poytaxt Toshkent shahriga koʻchiriladi va 1991-yil 31-avgustga qadar O‘zSSRning, undan soʻng esa O‘zbekiston Respublikasining bosh shahri bo‘lib kelmoqda[28].

Arxeologik tadqiqotlar

tahrir

Buxoro shahrini arxeologik jihatdan faol oʻrganish ishlari 70-80-yillarga toʻgʻri keladi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutitining maxsus arxeologik jamoasi (A. R. Muhammadjonov, I. Ahrorov, J. Mirzaahmedov, Sh. Odilov) va Oʻzbekiston Madaniyat vazirligining Meʼmoriy yodgorliklarni taʼmirlash va asrash instituti otryadi (Ye. G. Nekrasova boshchiligida) tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida hozirgi Buxuro viloyati hududida miloddan avvalgi 4-3-ming yilliklardayoq ovchilik va baliqchilik bilan shugʻullangan, toshdan turli qurol va buyumlar yasash mahoratlari yuksak darajaga yetgan neolit davriga mansub qabilalar yashagani aniqlandi. Milolddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Zarafshon daryosi oʻzaniga yaqin yerlarga, ayniqsa uning qad. tarmoqlari (Vobkentdaryo, Mohondaryo, Gujayli va boshqalar) havzalariga chorvadordehqon qabilalar kelib joylashib, ular botqoq yerlarda dehqonchilik qilish bilan birga yaylovlarda chorvachilik bilan ham mashgʻul boʻlganlar. Arxeologlar Qorakoʻl tumanidagi Zamonbobo degan joydan mazkur qabilalar manzilgohlaridan birining qoldiqlarini topib oʻrgandilar. Shu bois bu madaniyat fanda Zamonbobo madaniyati deb ataldi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikda Buxoro vohasida astasekin sunʼiy sugʻorish tarmoqlari va mustahkamlangan qishloqlar vujudga kela boshlaydi. Zarafshon daryosining kad. tarmogʻi — Shoxrud boʻylaridagi dastlabki qishloqlarning, jumladan hozirgi Buxoro shahri oʻrnida boʻlgan qishloqning barpo boʻlishi aynan ana shu davrga toʻgʻri keladi. 70-yillarda Buxoroning eski shahar qismida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Buxoroni arxeologik jihatdan oʻrganish tarixida birinchi marta materik qatlamga qadar yetib borishga va madaniy qatlamlanish chuqurligi 20 m dan ortiq ekanligini aniqlashga muvaffaq boʻlindi. Mir Arab madrasasi yaqinidagi arxeologik qazishma chogʻida materik qatlam ustida toʻq jigarrang torf qatlami (40-70 sm) borligi, uning ichida esa yovvoyi va xonaki hayvonlar suyaklari qoldiqlari hamda sopol idish va buyumlar parchalari koʻp ekanligi maʼlum boʻldi. Torf qatlami Madrasa tomon tobora qalinlashib borib, bino ostiga kelganda qalinligi 7,5 m ga yetgan. Bu esa qadimda Buxoro hududidan Zarafshon daryosi tarmoqlaridan biri — ilk oʻrta asr manbalarida qayd etilgan „Rudi zar“ („Oltin irmoq“) ning oʻtganligini isbotlaydi. Arxeologik tadqiqotlar keyinchalik qurib qolgan mazkur tarmoqning har ikki qirgʻogʻi boʻylab bir qancha mustahkamlangan qishloqlarning vujudga kelgani va ular Buxoroning eng qadimgi shahar oʻzagini tashkil qilganini tasdiqladi. Shahar oʻzagi 3 qism — „Oltin irmoq“ning oʻng qirgʻogʻida joylashgan ark, yaʼni qalʼa hamda uning oʻng va soʻl qirgʻoqlaridagi qishloqlardan iborat boʻlgan. Bu yerdan topilgan koʻplab ashyoviy dalillar, xususan sopol idish va buyumlar Buxoro tarixining turli davrlari (milolddan avvalgi 1-ming yillikning 3choragidan 20-asr boshlariga qadar) ga oid boʻlib, ulardan 2 tasi milolddan avvalgi 5-asrga taalluqli ekanligi aniqlandi. Bundan tashqari, Buxoro arkida olib borilgan arxeologik qazishmalar vaqtida yana koʻplab yangi va nodir ashyoviy dalillar topildiki, ular shaharning qadimgi tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga egadir. Bu yerda 13-15,5 m, shuningdek 16,5-18,5 m chuqurlikdan 2 ta paxsa devor qoldigʻi topildi. Ular Buxoroning qadimiy mudofaa devori harobalari boʻlib, biri (miloldiy 4-5 asrlar) ning balandligi 2,5-3 m, ikkinchisi (miloddan avvalgi 4-3 asrlar) niki 2-2,5 m.

Hozirgi kunda

tahrir

Hozirgi kunda Buxoro shahrida 30 dan ortiq yirik sanoat korxonasi mavjud. Viloyat sanoat korxonalari yalpi mahsulotining yarmidan koʻprogʻi Buxoroda ishlab chiqariladi. Korxonalarda asosan mahalliy xom ashyo qayta ishlanadi. Ayrim korxonalar gaz va neft sanoati hamda qishloq xoʻjaligiga xizmat qilishga ixtisoslashgan. Buxoro toʻqimachilik kombinati („Buxoroteks“), qorakoʻl zavodi, zardoʻzlik, pillakashlik fabrikalari, paxta, yogʻekstraksiya, vino, gʻisht, remontmexanika zavodlari, un, goʻsht, uysozlik kombinatlari, poyabzal, tikuvchilik fabrikalari hamda hunarmandchilik tarmoqlari ishlab turibdi. Shaharda 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda qurilgan qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatadi: „BuxTel“ (Isroil) mayonez, „OmegaSitora“ (Gretsiya) moʻyna buyumlari, „GufikAvitsenna“ (Xindiston) dori-darmon, „Marmar“ (AQSH) qurilish materiallari ishlab chiqaradi. 1996-yilda Buxoroda Koreya Respublikasida ishlab chiqarilgan telefon stansiyalari oʻrnatildi. Buxoroda Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot institutining filiali, bogʻdorchilik, niholchilik tajriba xujaligi va „Sohibkor“ xoʻjaligi joylashgan.

Iqlimi

tahrir

Iqlimi kontinental, yillik oʻrtacha temperatura 15, G, iyulniki 29,5°, yanvarniki 0°. Maydoni 0,02 ming km².

Transport

tahrir

Buxoroda 20 dan ortiq yoʻnalishda avtomobil transporti qatnaydi. 1986-yildan trolleybus qatnovi yoʻlga qoʻyiddi. Xalkaro aeroport Buxoroni Toshkent orqali respublika viloyatlari va 20 dan ortiq xorijiy davlatlar bilan oʻzaro aloqalar oʻrnatishda xizmat qiladi. Buxoroda 100 dan ortiq yirik tarixiy meʼmoriy yodgorliklar: Buxoro arki, Somoniylar maqbarasi, Chashmai Ayyub maqbarasi, Matki Attori masjidi, Namozgoh masjidi, Poyi kalon ansambli, Qalʼadevor qoldiqlari, Minorai kalon, Masjidi kalon, Mir Arab madrasass, Tim va toqilar, Labihovuz ansambli, Ulutbek madrasasi, Chor minor, Bolohovuz masjidi, Sitorai Mohi Xosa ansambli va boshqalar saqlangan. Bular shaharning yangi kismidagi zamonaviy koʻp qavatli binolar (hokimiyat uyi, „Buxoro“, „Zarafshon“, „Varaxsha“, „Guliston“ mehmonxonalari) bilan uygʻunlashib ketgan.

Madaniyat

tahrir

Buxoro yirik ilmmaʼnaviyat, maʼrifat markazlaridan. 1996-yil martdan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Samarqand boʻlimining Buxoro mintaqaviy markazi faoliyat koʻrsatmoqda. 1997-yilda 3 oliy oʻquv yurti (davlat universiteti, oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti, tibbiyot instituti), 5 kollej, 3 akademik litsey, tarix faniga ixtisoslashgan maktab, 47 umumiy taʼlim maktabi, 89 maktabgacha tarbiya muassasalari, 28 ommaviy kutubxona, Buxoro davlat meʼmoriybadiiy muzey koʻrikxonasi, 2 teatr mavjud. „Buxoro haftanomasi“ gaz. chiqadi (adadi 2000).

1997-yilning Oktyabrida Buxoro shahrining 2500-yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. 50 dan ortiq tarixiy-meʼmoriy obidalar taʼmirlandi, yangi istirohat bogʻlari, xiyobonlar barpo qilindi.[29]

Mashhur arboblar

tahrir

Buxoro zaminida mashhur, donishmand allomalar voyaga yetgan, oʻqib ijod etgan. Abu Hafsi Kabir Buxoriy (767— 832), Imom al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Narshaxiy, Daqiqiy, Rudakiy, Balʼamiy, Abduxolik Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Sayfiddin Boharziy, Mushfiqiy, Hofiz Tanish Buxoriy, Turdi, Ahmad Donish, Fitrat, Muso Saidjonov, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xoʻjayev, Ibrohim Moʻminov, Jalol Ikromiy shular jumlasidandir.

 
Pochta
  1. Kobilov Asror Asqarovich
  2. Kamalov Karim Jamolovich, (1994—2007)
  3. Rustamov Kiyomiddin (2007—2011)
  4. Kamilov Xayit Ergashovich[30][31]
  5. Urinov Valizhon Shodiyevich (2012—2017)[32]
  6. Farmonov Ixtiyor Asrorovich (24-yanvar 2017-yil)[33]
  7. Kamalov Karim Jamalovich (10-avgust 2017-yil)[34]

Tarixiy va arxitektura yodgorliklari

tahrir

Buxoro — oʻrta asrning 140 dan ortiq arxitektura yodgorliklarini oʻzida saqlagan „muzey shahardir“. Koʻp asrlar avval qurilgan Poi Kalon, Qoʻsh Madrasa, Somoniylar maqbarasi, minorai kalon kabi ansambllar bugungi kungada ham barchaning diqqatida.

 
Imom al-Buxoriy xotira majmuasi

Manbalar

tahrir
  1. Oʻktam Barnoyev Buxoro shahri hokimi etib tayinlandi
  2. „arxiv nusxasi“. 2023-yil 14-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 14-iyul.
  3. Naymark A. I. O nachale chekanki mednoy monety v Bukharskom Sogde // Numizmatika Tsentral’noy Azii, vyp. 1. Tashkent, 1995. S. 29 — 50.
  4. Mukhamedzhanov A. R. Bukhara — gorod dvadtsati pyati vekov // Obshchestvennyye nauki v Uzbekistane. — 1997. — № 9—10-11.
  5. Gumilev L. N., Drevnie tyurki. M., 1967,s.74,142
  6. Smirnova O. I. Svodniy katalog sogdiyskix monet. M., 1981., s.59
  7. Shyuven P. O vizantiyskikh posolstvakh k pervym tyurkskim pravitelyam Sogda (Problema onomastiki i toponimiki). // ONU- 1995- № 1-2-3. str. 36.
  8. Buxoro taʼlim tizimi tarixi / A. Jumanazar — T.: Akademnashr, 2017. — 46 bet
  9. Kochnev B. D. Numizmaticheskaya istoriya Karakhanidskogo kaganata (991-1209 gg.). Chast I. Istochnikovedcheskoye issledovaniye. M.: OOO Izdatelskiy dom „Sofiya“, 2006, 38-39 betlar.
  10. Kochnev B. D. Numizmaticheskaya istoriya Karakhanidskogo kaganata (991-1209 gg.). Chast I. Istochnikovedcheskoye issledovaniye. M.: OOO Izdatelskiy dom „Sofiya“, 2006, 128-129-betlar.
  11. Buxoro — Sharq durdonasi / Muxammadjonov A. va Xakimov A. — T.: Shark, 1997. — str. 87
  12. Kochnev B. D. Numizmaticheskaya istoriya Karakhanidskogo kaganata (991-1209 gg.). Chastʼ I. Istochnikovedcheskoye issledovaniye. M.: OOO Izdatel’skiy dom „Sofiya“, 2006, 239-240 betlar
  13. Kochnev B. D. Numizmaticheskaya istoriya Karakhanidskogo kaganata (991-1209 gg.). Chast I. Istochnikovedcheskoye issledovaniye. M.: OOO Izdatelskiy dom „Sofiya“, 2006, s.238-239
  14. Zohidov P. Sh. Meʼmor olami — T.: Qomuslar Bosh tahririyati, 1996. — 177—178 betlar
  15. Sultanov T. I. Chingiz-khan i Chingizidy. Sud’ba i vlastʼ. M., 2006
  16. B. V. Norik, Rol' shibanidskikh praviteley v literaturnoy zhizni Maverannakhra XVI v. // Rakhmat-name. Spb, 2008
  17. Mirza Muhammad Haydar, Taʼrixi Rashidi. 357—358-betlar
  18. B. V. Norik, Biobibliograficheskiy slovar sredneaziatskoy poezii (XVI — pervaya tret XVII v.), 503—508-betlar
  19. Akimushkin O. F., Biblioteka Shibanidov v Buxare XVI veka, 369—370-betlar
  20. Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma, 1-j., T., 1999;
  21. Muhammadyor ibn Arab Qatagʻon. „Musahhir al-Bilad“. T., 2009
  22. A Turkic Medical Treatise from Islamic Central Asia: A Critical Edition of a Seventeenth-Century Chagatay Work by Subḥān Qulï Khan. Edited, Translated and Annotated by László KÁROLY. Brill’s Inner Asian Library. Volume 32. Editors: Michael DROMPP; Devin DEWEESE; Mark C. ELLIOTT. Leiden. 2015
  23. Yusupova M. A. Evolyutsiya zodchestva Bukhary XVI—nachala XVII veka // Obshchestvennyye nauki v Uzbekistane. — 1997. — № 9-10-11.
  24. Tavarikh-i guzida Nusrat-name. Kriticheskiy tekst A. M. Akramova. Tashkent, „Fan“. 1967
  25. Anke fon Kyugelgen, Legitimatsiya sredneaziatskoy dinastii mangitov v proizvedeniyakh ikh istorikov (XVIII-XIXvv.). Almaty: Dayk-press, 2004, s.153
  26. Katalog Vostochnykh rukopisey. Dushanbe,1970,s.106-108
  27. https://caa-network.org/archives/14012
  28. 28,0 28,1 „Lotinda yozilgan 1930-yilgi hujjat: O‘zbekiston poytaxtini Toshkentga ko‘chirish haqida“ (uz). Daryo.uz (2020). Qaraldi: 20-noyabr.
  29. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  30. „В Бухаре назначен новый глава города“. anons.uz (2012-yil 10-sentyabr). 2017-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-iyul. (Wayback Machine saytida 2017-07-28 sanasida arxivlangan)
  31. „Хокима Бухары арестовали за коррупцию“. Lenta.ru (2012-yil 15-iyun). Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.
  32. „Валижон Уринов назначен хокимом Бухары“. Публика.uz (2012-yil 9-sentyabr). 2017-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.
  33. „В Бухаре сменился хоким“. Газета.uz (2017-yil 28-yanvar). Qaraldi: 2017-yil 28-iyul.
  34. arxiv nusxasi, 2017-11-20da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2019-06-18

Adabiyotlar

tahrir
  • Abduraxmoni Tali, Istoriya Abulfeyzxana, T., 1959;
  • Axmad Danish, Istoriya Mangitskoy dinastii, Buxoro shahri. Dushanbe, 1967;
  • Fazlellax ibn Ruz bixan Isfaxani, Mexmannameyi Buxapa, M., 1976;
  • Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993;
  • Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma [1 —2 j.lar], T., 1999—2000;
  • Insoniyatning ilmiy va madaniy merosi — uchinchi ming yillikka (1997-yil 18— 20-oktabr, Buxoro-Xiva), T., 1997.
  • Istoriya at-Tabari, T., 1987;
  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966;
  • Mir Muhammad Amin Buhariy, Ubaydullaname, T., 1957;
  • Mirza Abdal Azii Sami, Tarixi salatini mangitiyya, M., 1962;

Havolalar

tahrir