Munke, Mangu (1208-1259) -Moʻgʻullar davlatining 4-buyuk xoni (kroni), Chingizxonning nabirasi, Tulixonning toʻngʻich farzandi. 1251 yil Qoraqurumt boʻlgan qurultoyda Botuxonning qaroriga binoan qoonlik shohsupasiga oʻtirgan. Qurultoy paytida M.ning hukmdor etib saylanishiga qarshi chiqmoqchi boʻlgan Oʻqtoyxon tarafdorlari hibsga olinadi. 77 kishi qurultoydan keyin qatl etiladi, Sheramun va boshqa xonzodalar afv etiladi va mamlakatning turli chekka viloyatlariga joʻnatiladi. M. dushmanlik ruhida boʻlgan Chigʻatoy va Oʻqtoy uluslarini boʻysundirish hamda tasarrufidagi yerlar chegarasini Botuxonga tegishli boʻlgan Joʻji ulusi sarhadlarigacha yetkazishga muvaffaq boʻladi. Chigʻatoy ulusiga Ergana xotun (Orqina xotun) hukmdor etib tayinlanadi. Chingiziylar imperiyasida Chingizxon asos solgan yakka hokimlik oʻrnida Botuxon va M. rahbarligidagi ikki hokimlik vujudga keladi. Sharqiy Turkiston, Quljin, Yettisuv M. tasarrufiga kiradi. Movarounnahr Botuxonga boʻysunadi. M. davriga muayyan viloyat yoki yurtning millati va dinini eʼtibordan qochirmagan holda boshqarishga katta eʼti-bor qaratiladi. Shu bois qoon devonida barcha millat vakillari faoliyat koʻrsatar, birorbir yurt, elat xalqiga qarata qabul qilinadigan qaror yoki murojaatnomalar shu xalqning tilida va yozuvida bitilar edi.

M. soliq undirishning Oʻqtoyxon vaqtida oʻrnatilgan tartibini qayta joriy etadi va bu boradagi mavjud boshboshdoqlikka chek qoʻyadi. Soliqning miqdori aniq belgilangan, asosan, pul shaklida yigʻilgan. Rashiduddinning fikricha, jonbosh soligʻi Xitoy va Movarounnahrda eng kupi 15 dinor, Xuroson va Eronda eng koʻpi 7 dinor, eng kami esa, 1 dinorni tashkil qilgan.

M. Chingizxon vafotidan soʻng qabul qilingan barcha yorliq va payzalarni bekor etadi. Natijada xonzodalar barcha amallarini buyuk qoonning noiblari bilan maslahatlashgan holda amalga oshirishga majbur boʻldilar.

M. 1259-yil Xitoyga qarshi olib borilayotgan urush chogʻida vabo kasaliga chalinadi va 8 kunlik xastalikdan soʻng vafot etadi. Uning jasadi oʻgʻli Asutoy tomonidan Moʻgʻulistonga keltiriladi. M. Burhon Xoldun mavzeida Chingizxon va Tulixon qabrlari yaqiniga dafn etiladi.

Adabiyot tahrir

  • Rashid ad din, Sbornik letopisey, t. 2, M. —L., 1960; Bartol d V. V., Sochineniya, t. 1, M., 1963; Abulgʻozi, Shajarayi turk, T., 1992; Mirzo Ulugʻ-bek, Toʻrt ulus tarixi, T., 1994.

Hamidulla Dadaboyev.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil