Davlat chegarasi

(Chegaradan yoʻnaltirildi)


Davlat chegarasi — davlatning quruqlik va suvdagi doirasini belgilaydigan chiziq. Bu chiziq ustidan oʻtadigan vertikal sath shu davlatning havo chegarasi hisoblanadi. Xalqaro huquqqa binoan qoʻshni davlatlar oʻrtasidagi Davlat chegarasi shartnoma tartibida belgilanadi. Davlat chegarasini belgilash 2 bosqichda amalga oshiriladi: chegarani delimitatsiya qilish (Davlat chegarasi yoʻnalishini belgilash va uni shartnomaga ilova qilinadigan haritaga tushirish) va chegarani demarkatsiya qilish (chegara belgilari yordamida joyda chegarani belgilash).

Qonunga binoan

tahrir
 
Xorvatiyadagi chegaradan maxsus oʻtish yoʻlagi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasini belgilash, oʻzgartirish, himoya qilish va qoʻriqlash sohasidagi munosabatlar "Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida"gi qonun (1999-yil 20-avgust) bilan tartibga solinadi. 2000-yil 1-yanvardan kuchga kirgan ana shu qonunga kura, Davlat chegarasini belgilash va oʻzgartirish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat chegarasi joylarda aniq, koʻrinib turadigan chegara belgilari bilan koʻrsatib qoʻyiladi. Chegara belgilarining shakllari, oʻlchamlari va ularni oʻrnatish tartibi qonun hujjatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi. Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni oʻtkazish belgilangan oʻtkazish punktlari orqali amalga oshiriladi. Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida chegara, bojxona nazorati va nazoratning boshqa turlarini amalga oshiruvchi hududlar belgilanadi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qoʻshimcha rejim qoidalari joriy etiladi. Davlat chegarasi rejimini taʼminlash uchun chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasi belgilanadi.

  • Chegara oldi zonasi — Davlat chegarasiga tutash hududning bir qismi boʻlib, u Davlat chegarasiga tutash tuman, shahar, shaharcha, qishloq, ovul hududi doirasida belgilanadi.
  • Chegara oldi mintaqasi — chegara oldi zonasining Davlat chegarasi chizigʻiga bevosita tutash qismi boʻlib, u bevosita Davlat chegarasi boʻylab, uning quruqlik uchastkalarida yoki chegara boʻyi daryolari, koʻllari va boshqa suv havzalari qirgʻogʻi boʻylab oʻtkaziladi.

Davlat chegarasini himoya qilish va qoʻriqlash boʻyicha maxsus vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitadir. Davlat chegarasi rejimiga rioya etilishiga doir masalalarni hal qilish, chegara nizolarini tartibga solish maqsadida Davlat chegarasining muayyan uchastkalariga mazkur qoʻmitaning raisi Oʻzbekiston Respublikasining chegara vakillarini tayinlaydi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil