Qulbobo Koʻkaldosh (taxminan 1534-yil — 1598-yil, Buxoro xonligi) — oʻzbek davlat, jamoat va harbiy arbobi. Sarkarda va shoir. Turon tarixidagi eng qudratli koʻkaldosh mansabidagi shaxs.

Qulbobo Koʻkaldosh
Qulbobo Koʻkaldosh
 Koʻkaldosh
Monarx Abdullaxon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi taxminan 1534-yil
Buxoro xonligi
Vafoti 1598-yilning yozi
Zomin atrofi, Buxoro xonligi
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Otasi Amir Yormuhammad
Dini Islom

Qulbobo Koʻkaldosh Buxoro xonligi tarixida alohida oʻringa ega boʻlgan.

Sharafli nomlari va sifatlari tahrir

Hofiz Tanish al-Buxoriy oʻzining Abdullanoma (Sharafnomai shohiy) asarida Qulbobo Koʻkaldoshning nomini Abdullaxon nomidan soʻng eng koʻp, 120 dan ortiq marta tilga oladi[1][2].

Qulbobo Koʻkaldoshni zamondoshlari Janobi amoratpanoh (amirlar panohi), Nizom ud-davla (davlat nizomi), Nizomiddin, Nizomulmulk, Oliy davlat bilagi, Rukn ad-davla (davlat tayanchi), Rukni janob, Sadr ul-anom (insonlar sadri), Saltanat madadkori, Saltanat ishonchi, Umdat ul-mulk (podsholik tayanchi yoki ustuni) kabi sharafli nomlar bilan atashgan. A. K. Jumanazarga koʻra, „bu uning hayotiy faoliyati, fazilatli amalining munosib bahosi edi“[3].

Abdullanoma asarida u shuningdek adolatnishon amir, atorudmisol amir (Yupiter sayyorasi amiri), avomning murojaatgohi, fazl egasi, izzatli ulugʻboshchi amir,qudratli amir, saodatpanoh, sardor nishonli amir, tadbirli amir, xalq boshligʻi, xonning xos suhbatdoshi, shijoatli amir, yaxshi xislatli amir kabi sifatlar bilan ulugʻlanadi[1][2].

Kelib chiqishi tahrir

Hofiz Tanish al-Buxoriy oʻzining Abdullanoma (Sharafnomai shohiy) asarida Qulbobo Koʻkaldoshning nomini Abdullaxon nomidan soʻng eng koʻp, 120 dan ortiq marta tilga olsada[1][2], tarixiy manbalarda Qulbobo Koʻkaldoshning shaxsiy turmushi, oilaviy hayoti toʻgʻrisida juda kam maʼlumot uchraydi. Hofiz Tanish al-Buxoriy Qulbobo Koʻkaldoshning otasi Buxoroning taniqli va hurmatli kishilaridan biri boʻlganini yozib qoldirsada, uning ismini tilga olmaydi. Qulbobo Koʻkaldosh otasining ismi Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatida amir Yormuhammad deb qayd etilgan. Amir Yormuhammad Abdullaxon tugʻilgan paytda unga otaliq etib tayinlangan. Abdullaxon va Qulbobo Koʻkaldosh qariyb tengdosh boʻlishgan. Aytilishicha, Abdullaxon yoshligida juda kasalmand va nimjon boʻlgan ekan. Shu sababdan baʼzi tarixchilar uni Qulbobo Koʻkaldoshning onasiga emizish uchun berishganini yozishadi[3].

Qadimda turkiylar boshqa onadan tugʻilib, ammo bir onani emgan 2 goʻdakni koʻkaldosh, yaʼni emikdosh deb atashgan. Shu sababli baʼzi manbalarda Qulbobo Koʻkaldoshni Abdullaxonning emikdosh birodari deb ham koʻrsatishadi. Lekin bu emikdoshlikning toʻgʻridan-toʻgʻri tarixiy bayonini taniqli manbashunos olim A. K. Jumanazar hech qayerda uchratmaganini taʼkidlaydi[3].

Siyosiy faoliyati tahrir

Qulbobo Koʻkaldosh oʻzbek hukmdori saroyida oliy mansablardan biri — koʻkaldoshlik mansabida faoliyat yuritgan[3].

U Turon tarixidagi eng qudratli koʻkaldosh mansabidagi shaxsdir. Uning davlat va jamoat arbobi sifatidagi sermahsul faoliyati oʻz hukmdori Abdullaxonning tarixda yorqin iz qoldirishini taʼminlagan[1][2].

Qulbobo Koʻkaldoshning siyosiy faoliyati 1556-yildan boshlab Abdullaxon bilan birgalikda boshlangan. 1570-yillardan boshlab u „Amiri kabir“ (katta amir) unvonida boʻlib, Abdullaxonning eng sadoqatli amiri boʻlgan. Qulbobo Koʻkaldoshga asosan oʻta nozik va maxfiy vazifalar topshirilgan[1][2].

1583-yil oʻzbek hukmdori Iskandarxon (1561—1583) vafot etgach, Buxoro xonligi taxti uning vorisi Abdullaxon (1583—1598) ga oʻtadi. Chingiziy anʼanaga koʻra oʻtkazilgan taxtga oʻtqizish marosimida uni oq namatga oʻtqizib, davlatning 4 ustuni boʻlgan 4 ta shaxsdan biri sifatida Qulbobo Koʻkaldosh ham koʻtarib borib taxtga chiqargan. Abdullaxonning taxtni rasmiy ravishda egallagan davrida mamlakatning asosiy ustunlaridan biriga aylanib ulgurgan Qulbobo Koʻkaldosh keyinchalik, mamlakat xavfsizligi va taraqqiyotida muhim oʻrin tutib borgan[1][2].

Qulbobo yuqori darajali mansab — koʻkaldoshlikka ega boʻla turib, davlat devoni va dargohning ixtiyori unga yuklangan. Devoni mushrifga rahbarlik qilish, ayrim mulklarning taqsimoti, viloyatlarning muhim ishlarini hal qilish, mahalliy hokimlar bilan yozishmalar olib borish unga topshirilgan[1][2].

Abdullaxon II davrida xon dargohidagi koʻpchilik mansab egalari oʻz lavozimlariga koʻkaldosh tavsiyasi bilan erishgan[1][2].

Hirot noibi tahrir

Harbiy faoliyati tahrir

Qulbobo Koʻkaldosh Abdullaxonning deyarli barcha harbiy yurishlarida ishtirok etgan va eng sadoqatli amir sifatida muhim topshiriqlarni bajargan. 1570-yillarda u „Amiri kabir“ (katta amir) unvonida boʻlib, Abdullaxonning harbiy yurishlarida asosiy sarkardalardan biri sifatida namoyon boʻla boshlagan. Koʻp hollarda harbiy yurishlar chogʻida qoʻshinning ilgʻoriga Qulbobo Koʻkaldosh tayinlanib, oldindagi vaziyatni oʻrganish, razvedka qilish va blgilangan tartibda mustaqil ravishda jangga kirish vazifalarini bajargan. U harbiy sarkarda sifatida nafaqat qoʻshinni boshqarish, balki strategik rejalar tuzish, taktik manyovrlarni ishlab chiqishda ham mohir lashkarboshi boʻlgan. Shuning uchun ham, xon chaqirgan harbiy kengashlarda koʻkaldosh naqibdan keyin, 2-boʻlib oʻz fikrini aytish huquqiga ega boʻlgan[1][2].

„Abdullanoma“da Qulbobo Koʻkaloshning harbiy mahoratiga Abdullaxonning bergan bahosi xususida quyidagi quyidagi taʼrif keltiriladi:[1][2]

Kimki Qulbobo Koʻkaldoshdek yana 2 kishisi boʻlsa, har vaqt uning tirishqoqligi bilan Yerning toʻrt burchagini olishi mumkin[1][2].

Shoirlik faoliyati tahrir

Qulbobo Koʻkaldosh „Muhibbiy“ taxallusi bilan sheʼrlar bitgan. Bu haqda Hasanxoja Nisoriy asʼhoblaridan mavlona Mutribiy shunday yozadi[3]:

Muhibbiy — sadr ash-shahid Qulbobo Koʻkaldoshning muborak taxallusidir. U jannatmakon xoqon Abdullaxonning koʻkaltoshi edi. U ojiz-u notavonlar rahnamosi, masjid-u madrasalar, bogʻ-u rogʻlar bunyodkori edi. Uning xayrli amallari tufayli Movarounnahr va Xuroson farovon boʻldi. U olimlar va fozillarni yaxshi koʻrardi. Shu sababli oʻziga „Muhibbiy“ deb taxallus oldi[3].

Mutribiy oʻzining „Tazkirat ush-shuaro“ asarida Muhibbiyning ijodidan namunalar keltiradi. Oʻzbek olimi A. K. Jumanazar Muhibbiy ijodiy merosi bilan qiziqib uning asarlarini axtarib koʻradi. Oʻzbekiston Qoʻlyozmalar xazinasidan hozircha unga mansub boʻlgan biror asar yo uning ijodiga oid boshqa maʼlumot topilgani yoʻqligini aytadi[3].

Ilm va adabiyot ahliga rahnamoligi tahrir

Bunyodkorlik ishlari tahrir

Qulbobo Koʻkaldosh mamlakat obodonchiligi yoʻlida koʻplab inshootlar bunyod ettirib, oʻz hukmdori Abdullaxonning „Oʻrta Osiyoning ikkinchi quruvchisi“ degan eʼtirofga sazovor boʻlishida maʼlum hissasini qoʻshgan[1][2].

 
Buxorodagi Koʻkaldosh madrasasi.

Abdulmoʻminxon tomonidan oʻldirilishi tahrir

Qulbobo Koʻkaldosh nufuzining ortib borishi va Hirotda noib boʻlib turishi Abdullaxon bilan uning oʻgʻli, Balxda kichik xon unvonida boʻlgan valiahd Abdulmoʻminxon oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashuviga olib kelgan[1][2].

Qulbobo Koʻkaldosh 1598-yilda Abdullaxon topshirigʻi bilan qozoq yurishiga qatnashish uchun Hirotdan Samarqandga kelgan. Ammo oʻsha yili 8-fevralda hukmdor toʻsatdan vafot etib, Abdulmoʻminxondan xavfi boʻlgan amir maxfiy ravishda Hirotga qaytgan. Biroq ehtiyotsizlik natijasida Balxda boʻlib turgan Abdulmoʻminxonning qoʻliga tushib, boʻlajak xon uni Samarqandga qaytarib olib kelib, oʻsha yilning yozida oʻgʻillari bilan birga qatl ettirgan[1][2].

Buxoro afsonasida tahrir

Buxoro afsonalaridan biriga koʻra[4], Abdullaxon va Qulbobo Koʻkaldosh ikkovi amakivachcha ekan. Hali Abdullaxon hukmdor boʻlmasidan avval Qulbobo Koʻkaldosh ikkovi polizzorga kelib, qovun va tarvuz soʻyib yebdilar. Kuz boʻlsa ham kun issiq ekan. Shu yerda kigiz ustida Abdullaxon bilan Qulbobo Koʻkaldosh choʻzilib uxlamoqchi boʻlishibdilar. Abdullaxon darrov uxlab qolibdi, ammo Qulbobo Koʻkaldosh uxlay olmabdi.

Bir mahal Qulbobo Koʻkaldosh qarasa, Abdullaxonning burnidan bir chivin chiqib bir tarafga ravona boʻlibdi. Uchib bora turib yerda yotgan pichoqning ustidan oʻtib, bir jirandaga kirib, keyin jiranda ichidagi bir yoriqqa kirib ketibdi. Picha vaqtdan keyin chivin yoriqdan chiqib ortiga qaytibdi. Kelgan yoʻlidan yurib, qaytib kelib Abdullaxonning burniga kirib ketibdi. Bir mahal Abdullaxon uygʻonib Qulbobo Koʻkaldoshga qarab:

— Men bir tush koʻribman. Tushimda bir yoqlarga boribman. Yoʻlda bir temir koʻprikdan oʻtibman. Keyin juda katta jarday quruqlik bor ekan. Oʻsha chuqurlikda kattaligi tepaday keladigan koʻza bor ekan. Koʻzaning ichida har biri gʻalvirday keladigan son-sanoqsiz koʻp tilla bor ekan. — debdi.

Boyadan beri bu voqeani kuzatib turgan Qulbobo Koʻkaldosh Abdullaxondan bir necha daqiqada ayrilib qolibdi. Qulbobo Koʻkaldosh haligi yoriqqa maxsus belgi qoʻyibdi-da, Abdullaxon xizmatida yuraveribdi. Davr aylanib Abdullaxonga Buxoro xonligi tegib qolibdi. Shundan keyin Abdullaxon Qulbobo Koʻkaldoshni chaqirib:

— Sen menga koʻp xizmat qilding. Mana bugun mening oshigʻim olchi turdi, yaʼni xon boʻldim. Endi mendan koʻnglingda nima maqsading boʻlsa, tila, — debdi.

Qulbobo Koʻkaldosh haligi polizzorni tilabdi. Darrov Abdullaxon Qulbobo Koʻkaldoshga polizzorning oʻrnini vasiqa qilib beribdi. Qulbobo Koʻkaldosh oʻsha polizzorga borib, belgi qoʻyilgan joyni topibdi-da, xazinani qazib olibdi. Chivinning koʻziga tepaday boʻlib koʻringan koʻza tandirdan sal kattaroq ekan va gʻalvirday boʻlib koʻringan tillalar qirq tangalik yoki yarim misqollik tillalar ekan. Qulbobo Koʻkaldosh shu xazinani sarflab, Buxoroda Koʻkaldosh degan katta bir madrasani qurdirgan ekan.

Manbalar tahrir

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 Zamonov 2018, s. 30—37.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 2,12 2,13 Zamonov 2020, s. 129—132.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 Jumanazar 2017, s. 310—312.
  4. Buxoro afsonalari 2002, s. 64.

Adabiyotlar tahrir

Qoʻlyozmalar tahrir

  • Hofiz Tanish al-Buxoriy „Birinchi kitob“,. Abdullanoma („Sharafnomai shohiy“). Toshkent: Sharq, 1999 — 416 bet. 
  • Hofiz Tanish al-Buxoriy „Ikkinchi kitob“,. Abdullanoma („Sharafnomai shohiy“). Toshkent: Sharq, 2000 — 288 bet. 

Ilmiy kitoblar tahrir

  • Jumanazar A. K. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Joʻrayev M., Saidova R.. Buxoro afsonalari. Toshkent: A. Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002 — 126 bet. 
  • Zamonov A. T. Oʻrta asr tarixiy shaxslari hayotining ayrim nomaʼlum sahifalari (Toʻldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashr). Toshkent: Bayoz, 2020 — 168 bet. ISBN 978-9943-5624-6-2. 
  • Ахмедов Б. А. История Балха (XVI — первая половина XVIII в.) (ruscha). Toshkent: Fan, 1982 — 295 bet. 

Ilmiy maqolalar tahrir

  • Zamonov A. T. Buxoro xonligining yirik davlat va jamoat arbobi Qulbobo // Oʻzbekiston tarixi. — Toshkent, 2018. — Andoza:Бсокр.