Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni — Buxoroda moʻgʻullar zulmiga qarshi koʻtarilgan xalq harakati (1238). Harbiy rahbari — Mahmud Torobiy, gʻoyaviy mafkurachisi — Shamsuddin Mahbubiy.

Chigʻatoy ulusida moʻgʻullar istibdodi ostida ezilgan va zulmidan toʻygan mahalliy aholi qoʻzgʻolon koʻtarishga bir necha marta harakat qilgan. Buxorodan 20 km gʻarbdagi Torob qishlogʻi (hozirda Buxoro viloyati Jondor tumani hududi) da boshlangan qoʻzgʻolon bu kurashning choʻqqisi hisoblanadi. Torob qishlogʻi va uning atrofidagi dehqonlar va hunarmandlar majlislarida oʻzaro kengashib, moʻgʻullar zulmiga qarshi ochiq kurash boshlashga qaror qilganlar.

Qoʻzgʻolonchilar Mahmud Torobiy boshchiligida Buxoroga yurishdi va shahardagi Malik Sanjar qasri (1206-yilda Buxoroda koʻtarilgan qoʻzgʻolon rahbari qurdirgan) ni egallab, uni oʻzlariga qarorgoh qilib olishdi. Ular safiga koʻplab tarafdorlar va maslakdoshlar kelib qoʻshilgan. Torobiyning opasi ham qoʻzgʻolonning faol ishtirokchilaridan biri boʻlib, bu tabib va duoxon ayol oʻz mardligi, kuch-gʻayrati, jasorati va dushmanga nafrati bilan qoʻzgʻolonchilar orasida alohida ajralib turgan.

Juvayniyning yozishicha, yirik tasavvuf shayxi va aqoid ulamosi Shamsuddin Mahbubiy qoʻzgʻolonchilarning gʻoyaviy rahnamosi sifatida qoʻshin va xalq oʻrtasida katta tashviqot ishlarini olib borgan. Ular moʻgʻul bosqinchilari va ular xizmatiga oʻtgan mahalliy maʼmurlarni oʻldirib, mol-mulkini beva-bechoralarga taqsimlab berishgan. Buxoro butunlay qoʻzgʻolonchilar qoʻliga oʻtgan. Mahmud Torobiy Robia saroyiga joylashib, sulton qilib koʻtarilgan, bosh sadr Burhoniddin uning talabi bilan Shamsuddin Mahbubiyni shahar sadri etib tayinlagan.

Moʻgʻul qoʻshinlari va bosqinchilari bu paytda Karmanaga qochib, shoshilinch kuch toʻplay boshlaganlar. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun Karmanadan yuborilgan moʻgʻul qoʻshinlari Buxoro atrofida tormor keltirilgan; jangda 10 ming moʻgʻul askari oʻldirilgan. Qoʻzgʻolonchilar moʻgʻullarni quvib, Karmanagacha borganlar. Biroq bu jangda Mahmud Torobiy va Shamsuddin Mahbubiy ham halok boʻlishgan. Qoʻzgʻolonga Mahmud Torobiyning 2 ukasi: Muhammad va Ali rahbarlik qilganlar. Moʻgʻullar ularga qarshi Eldiz Noʻyon va Chekan Qurchi boshliq yangi kuchlarni tashlashgan. Karmana yaqinidagi Raboti Malik (hozirgi Navoiy tumani markazi Malik rabot)da boʻlgan shiddatli jangda qoʻzgʻolonchilar magʻlubiyatga uchragan, ulardan 20 ming kishi, jumladan, Muhammad hamda Ali ham halok boʻlgan. Qoʻzgʻolon shafqatsizlarcha bostirilgan. Moʻgʻullar Buxoroga kirib, shahar va uning atrofidagi kishilarni talashga va oʻldirishga kirishgan. Xoʻjandda turgan Maxmud Yalavochning bu yerga kelishi bilan Buxorodagi qirgʻin toʻxtatilgan. U talangan va vayron etilgan shahardan hech qanday soliq yigʻib boʻlmasligiga Chigʻatoynn ishontira olgan.

Mahmud Torobiy qoʻzgʻoloni magʻlubiyatga uchrasa ham, u izsiz ketmagan. Moʻgʻul maʼmurlari endilikda mahalliy aholi bilan ehtiyotkorona munosabatda boʻlib, oʻlpon va soliqlarni kamaytirishgan. Maʼlum muddat turli oʻzboshimchaliklarga chek qoʻyilgan. Chigʻatoy ulusini moʻgʻul xoqon (qoon)lari nomidan boshqargan Mahmud Yalavoch va uning oʻgʻli Masʼud Yalavoch bu paytda ham xoqonlar manfaatini koʻzlaydigan, ham mahalliy xalqqa xayrixoh nozik siyosatni yuritishgan.

Adabiyot

tahrir
  • Buxoro Sharq durdonasi, T., 1997;
  • Tataromongoli v Azii i Yevrope, M., 1970[1]

Manbalar

tahrir
  1. Qahramon Rajabov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil