Masjidi Kalon (forscha — katta masjid) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. VIII—IX va XII asrlarda qurilgan Jomeʼ masjidi oʻrnida bunyod etilgan yirik masjidlardan biri hisoblangan[1]. (masjid hovlisi va atrofida olib borilgan arxeologik tekshirishlar natijasida aniqlangan). Hozirgi koʻrinishi Buxoro xoni shayboniy Ubaydullaxon davrida 1514-yilda bunyod etilgan. Hozirgi kunda masjid Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Masjidi Kalon
Muqobil nomlari Masjidi Kalon
Katta masjid
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi masjid
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1514-yil
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 1
Masjidi Kalon
Minorai Kalon va Masjidi Kalon

Tarixi tahrir

Masjidi Kalon yoki Katta masjid asosiy qismi XII asrda qoraxoniy hukmdor Arslonxon davrida qurilgan[2]. Buxoro xoni shayboniy Ubaydullaxon davrida masjid qurilishi 1514-yilda yakunlangan. Ubaydullaxon davrida masjidning sharqiy bosh peshtoqi qismida katta taʼmirlash ishlari olib boriladi. 1542-yil masjid bosh darvozasi ravogʻida Buxoro xoni Abdulazizxonning Buxoro aholisini soliqlardan ozod qilish haqidagi farmoni matni keltirilgan marmar tosh oʻrnatilgan boʻlgan. Mazkur ish xattot Nuriddin Muhammad oʻgʻli Mirshayx al-Puroniy tomonidan qilingan[3]. Mazkur masjid Poyi Kalon majmuasida joylashgan. Majmuada Minorai Kalon, Masjidi Kalon, Miri Arab va Amir Olimxon madrasasi kiradi. Masjidi Kalon old tomonida peshtoq boʻlib, devoriy ravoqlar bilan bezatilgan. Masjid bezaklari baʼzilari saqlanib qolgan va qayta tiklangan. Masjid old qismdagi qoplama ostida usta Boyazid Puroniy nomi bilan bogʻliq olti qirrali plitalardan tashkil topgan bezak va XV asrga oid qadamali xoshiya borligi aniqlangan[4]. XX asr boshlarida Usta Shirin Murodov tashabbusi bilan masjidning eski koʻrinishi boʻyicha sakkiz qirrali koʻshkcha quriladi. Masjidi Kalon 1935-yil gʻalla ombori sifatida foydalanilgan va juma namozlari Miri Arab madrasasida oʻqilgan. 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabi bilan Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov farmoniga binoan Masjidi Kalon qayta taʼmirlangan[3]. Hozirgi kunda masjid oʻz faoliyatini olib bormoqda.

Meʼmorchiligi tahrir

Masjid toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (127x78 m), keng hovli atrofini gumbazli bostirma ayvon egallagan. 288 qubba (gumbazcha) 208 ustunga tayangan. Ular oʻziga xos mahobatli koʻrinishga ega boʻlib, ustunlarga keyinchalik murabba tarhli poyustunlar oʻrnatilgan. Hovlining toʻrt tomoni markazida naqshinkor peshtoqlar bor. Sharqdagi tashqi ulkan peshtoq mahobati va muhtasham bezagi bilan alohida ajralib turadi. Masjidi kalonning tashqi 7 eshigi boʻlib, asosiy sharqiy darvoza oldida va ichida keng ayvonlar joylashgan. Peshtoq ravogʻidagi boloxona va uning yon tomonidagi qirrali ravoqlar koshin va sirlangan gʻishtlar bilan bezatilgan. Ayniqsa, ganchkori ravoqlar alohida ajralib turadi. Peshtoq orqali hovli toʻri (yuqorisi)dagi xonaqoh maqsuraga oʻtiladi. Xonaqohning tashqi poygumbazi baland, moviy gumbazi uzoqdan koʻzga tashlanib turadi. Ichki gumbaz osti bagʻallariga „qolibkori“ uslubida qator mayda ravoqcha (16 ta)lar ishlangan. Mehrob bezaklari nafis koshinkorlik sanʼatining yuksak namunasidir, unda usta Boyozid Puroniy nomi va 1514-yil sanasi koʻrsatilgan. Peshtoq oldidagi sahnda kichik koʻshk (pavilon) bor, qurilishi (XX-asr)da Usta Shirin Murodov qatnashgan.

Manbalar tahrir

  1. Ражабов 2016, s. 167.
  2. Ражабов 2016, s. 168.
  3. 3,0 3,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 191.
  4. Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 97.

Adabiyotlar tahrir

Ilmiy adabiyotlar tahrir

  • Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460 bet. ISBN 978-9943-24-119-0. 
  • Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560 bet. ISBN 978-9943-4510-5-6. 
  • Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232 bet. 
  • Zohidov P. Sh., Meʼmor sanʼati, T., 1978.[1]



  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil