Usta Shirin Murodov (1879-yil 18-avgust, Buxoro, Buxoro amirligi — 1957-yil 2-dekabr, Toshkent, OʻzSSR, SSSR) — sovet oʻzbek azimkor ustasi — naqqosh-rassom, ganch oʻymakori, xalq meʼmori; Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasining faxriy aʼzosi (1943), Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1943). Birinchi darajali Stalin mukofoti sovrindori (1948)[1].

Usta Shirin Murodov
Tavalludi 18-avgust 1879-yil
Vafoti 2-dekabr 1957-yil(1957-12-02)
(78 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Rossiya Imperiyasi va SSSR
Unvoni Andoza:Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi
Mukofotlari

Hunarni otasi usta Murod va bobosi usta Nosirdan oʻrgangan, yoshligidan amakisi usta Hayot qoʻlida qolgan va undan taʼlim olgan. Mustaqil usta sifatida Buxoro amirligi hukmdorining Karmanadagi saroyi, Sitorai Mohi xossa yozlik saroyining Oq zalini bezashda qatnashib, tanilgan. Usta Shirin ijodida ganch oʻymakorligi anʼanalarini mahorat bilan qoʻllagan, ularni yangi mazmun va shakllar bilan boyitgan, ilk bor ish faoliyatida (ganch oʻymakorligida) naqsh zaminida koʻzgudan foydalandi, yaʼni koʻzgu ustiga ganchkori naqshlar ishlab, jozibadorlikka, ajoyib naqsh jilvasiga erishdi.

Usta Shirin koʻplab klublar, maʼmuriy binolarni nafis ganchkorlik naqshlari bilan bezadi: Butunittifoq qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasidagi Oʻzbekiston SSR, Turkmaniston SSR pavilyonlari (1938), Toshkent kuranti, Navoiy teatri (Buxoro zali), Muqimiy teatri, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi va boshqa; meʼmoriy obidalarni taʼmirlashda qatnashgan: Somoniylar maqbarasining buzilgan qismi, Mir Arab madrasasi, Abdulazizxon madrasasi gumbazlarini, Magʻoki attori masjidi peshtogʻining koshinkori naqshlarini tikladi va boshqalar.

1957-yil 12-fevral kuni vafot etgan. Toshkentdagi Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan.

Usta Shirin koʻplab shogirdlar yetishtirgan: Samarqand taʼmirchilar maktabi, Toshkent qurilish sanʼati maktabi (1940—1942), Moskva badiiy sanʼat bilim yurti (1942—1943), P. Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtida (1952—1957) dars bergan. Respublikadagi (jumladan, Toshkent, Buxoro va boshqalardagi) maktab, koʻchalarga Usta Shirin nomi qoʻyilgan; Buxorodagi Sitorai Mohi xossa hovlisida uning byusti oʻrnatilgan. Vafotidan soʻng „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2001)[2].

Manbalar Tahrirlash

  1. „Usta Shirin Murodov“. Uztext.com (30-iyul 2022-yil). Qaraldi: 24-dekabr 2022-yil.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar Tahrirlash