Ayvon — 3 tomoni devor bilan oʻralgan oldi ochiq xona. Asosiy xona oldiga qurilib, soyabon vazifasini bajaradigan ayvon peshayvon deb ataladi[1]. Oʻzbeklarda xalq tilida binoning balkon, veranda kabi qismlari ham ayvon deb yuritiladi.

Oʻrta Osiyoda iqlimiy sharoitga, asosan yoz fasliga, moʻljallab qurilgan usti yopiq, 1, 2 yoki 3 tomoni ochiq binoga nisbatan ham aytiladi. Ayvonning shimolga qaratib solinadigan ters ayvon va janubga qaratib solinadigan oʻng ayvon, kungay ayvon xillari boʻladi.

Tuzilishi jihatidan turlari

tahrir

Tuzilishi jihatidan ayvonning uch xil turi uchraydi: dahliz-ayvon, ustunli ayvon, ravoqli ayvon.

Ravoqli ayvonning eng murakkabi peshtoq shaklida quriladi. Peshtoq ravoqli ayvon asosan yirik binolarda keng qoʻllanadi[1]. Ayvon sahni, peshtoq ichkarisidagi baland joyga nisbatan sufa (supa) deb ataladi. Ayvon, odatda, chiroyli qilib bezatiladi. Shifti va devorlari boʻyaladi, yogʻoch ustunlariga oʻyma naqshlar solinadi. Ayvon oʻzbek milliy me’morligida qadimgidan turar joy va jamoat binolarining muhim qismi boʻlib kelgan. Ayvon hovli, masjid, madrasa, doʻkon va saroylarda yozgi bino sifatida qurilgan.

Shakllari

tahrir

Ayvon joyning iqlimiy sharoitiga qarab turli shaklda quriladi. Masalan, Fargʻona vodiysida ayvon imorat oldiga qurilib, peshayvon deb yuritiladi. Buxoro ayvonlari baland va kambar (past) boʻladi. Toshkent va Samarqand ayvonlari koʻpincha xonalar oldi va oraligʻiga quriladi. Xorazm (koʻproq Xiva) ayvonlari atrofdagi xonalardan balandroq va shimoliy tomonga qaratib quriladi. Bunday ayvonlarni xorazmliklar ullu ayvon (katta yoki shoh ayvon) deyishadi. Xiva hovlilarida kambar (ters) ayvonlar ham boʻlib, ular koʻpincha xoʻjalik binolari oldiga quriladi. Ba’zi shevalarda (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida) bostirma shaklidagi binolarni ham ayvon deb ataydilar.

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 Zohidov 1996, s. 8—9.

Adabiyotlar

tahrir
  • Zohidov P. Sh.. Meʼmor olami. Toshkent: Qomuslar bosh tahririyati, 1996 — 238-bet. ISBN 5-89890-116-7. 
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil