Xalifa
Xalifa (arabcha: خليفة) — xalifalikni boshqaradigan inson va Islom Ummasini shariat ahkomlariga boʻysungan holda boshqaradigan amaldor. Arabchadan lugʻaviy maʼnosi „elchi“, „namoyonda“. Muhammad vafotidan keyin, musulmon ummasini boshqaradigan amaldorlar xalifa deb yuritiladi.
Xalifa (arab. — oʻrinbosar, noib) — musulmon jamoasi va musulmon davlatining diniy hamda dunyoviy boshligʻi. Xalifa Muhammadning oʻrinbosari, umaviylar davridan boshlab esa Allohning yerdagi noibi hisoblangan. Muhammaddan keyingi toʻrt Xalifa (Abu Bakr Siddiq, Umar, Usmon, Ali)ni xulafoi roshidin, yaʼni toʻgʻri yoʻldan boruvchi Xalifalar deb atashgan. Abbosiylar, fotimiylar sulolasidan boʻlgan hukmdorlar Xalifa nomi bilan atalgan. 13-asrdan keyin ayrim musulmon mamlakatlarining hukmdorlari oʻzini diniy boshliq ham daʼvo qilib, Xalifa nomiga ega boʻlishgan. 16-asrda turk sultonlari oʻzlarini Xalifa deb atay boshlaganlar, bu holat 1924-yilgacha, yaʼni usmonlilar davlati tugaguncha davom etgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |