Bahouddin Naqshband

Naqshbandiya tariqatining asoschisi va avliyo

Andoza:Wikidata image

Bahouddin Naqshband

forscha: بهاء الدين النقشبند
arabcha: بهاء الدين النقشبند
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi
Muxammad ibn Burxanuddin al-Buxari

1318-yil
Vafoti 1389-yil
Bahouddin Naqshband majmuasi
39°28′59″N 64°19′16″E / 39.483°N 64.3211°E / 39.483; 64.3211
Dini Islom
Tavallud shahri Chigʻatoy ulusi, (Buxoro yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlogʻi)
Ota-onasi
  • Burxanuddin Muxammad al-Buxari (otasi)
  • Bibi Orifa (onasi)
Diniy oqimi Islom
Sunniy
Tanilgan sohasi Naqshbandiya tariqati asoschisi
Kasbi xattot

Bahouddin Naqshband (Muhammad binni Muhammad Bahouddin an-Naqshband al-Buxoriy) (1318-yil, Chigʻatoy ulusi, Buxoro yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlogʻi — 1389-yil, Temuriylar imperiyasi, Buxoro yaqinidagi Qasri Orifon qishlogʻi) — mashhur avliyo, naqshbandiya tariqatining asoschisi. Bahouddin yoki Xoja Bahouddin, Balogardon, Xoʻjai Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur.

Tugʻilgan joyi va kelib chiqishi

tahrir

U tugʻilgan qishloq Qasri Hinduvon (keyinchalik Bahouddin Naqshband sharafiga Qasri Orifon) deb atalgan. Uning oilasi va farzandlari toʻgʻrisida aniq maʼlumot yoʻq. Lekin Bahouddin Naqshband Muhammad paygʻambar avlodlariga mansub sayyidzodalardan ekanligi qayd etilgan va ota tomondan 11-imom Imom Xasan al-Askariyning ikkinchi oʻgʻli Sayyid Ali Akbarni avlodi hisoblanadi[1][2][3][4][5][6][7][8]. Otasi Muhammad Buxoriy toʻquvchi hamda oʻyma naqsh soluvchi (naqshband) boʻlgan. Bahouddin Naqshband taqdirida bobosi Sayyid Jaloliddin Buxoriyning alohida xizmati bor. U sufiylar bilan yaqin aloqada edi. Shu sababli nabirasida ilohiyotga katta qiziqish uygʻotdi.

Pirlari

tahrir

Bahouddin Naqshbandning birinchi piri — ustozi Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx yosh Bahouddin Naqshbandni tarbiyalashni oʻrinbosarlaridan boʻlmish Amir Sayyid Kulolga topshirdi. U tariqat bobida bilganlarini oʻrgatib boʻlgandan keyin shogʻirdiga ijozat beradi. Bahouddin Naqshband ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan boʻlmish Qusam Shayx oldiga, Naxshab (hozirgi Qarshi) shahriga boradi. Uch oy undan taʼlim oladi. Bahouddin Naqshbandning bu pirga ixlosi baland boʻlgan, ayni chogʻda Qusam shayx ham uni oʻz oʻgʻlidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi. Bahouddin Naqshbandning deyarli butun umri Buxoro va uning atrofidagi qishloqparda sufiylik bilan oʻtgan. U ikki marta haj qilgan. Ikkinchi safarida Bahouddinga shogirdi Xoja Muhammad Porso hamrohlik qilgan. Safardan qaytishda Nishopur va Hirotda toʻxtashgan, u yerlik mashhur avliyolar bilan uchrashib, suhbat qurganlar. Naqshbandiy Hirotda biroz muddat yashagan. Keyin yana Buxoroga qaytib, qolgan umrini vatanida oʻtkazgan. Gʻaribona hayot kechirgan, faqat oʻz mehnati — kimxobga naqsh (gul) solish bilan kun koʻrgan. Xizmatkor yoki qul saqlashni gunoh deb bilgan.

Taʼlimoti

tahrir

Bahouddin Naqshband xalq orasida „Balogardon“ (yaʼni duo bilan baloqazoni daf qiluvchi) unvoni bilan ham mashhur. Oʻz taʼlimotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abduxoliq Gʻijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Taʼlimotining asosida „Dil-ba yor-u, dast-ba kor“ („Koʻngil Xudoda boʻlsin, qoʻling mehnatda“) degan shior yotadi. Tariqati hayotlik davridayoq mashhur boʻlgan. Xoja Muhammad Porso va Xoja Alouddin Attor taʼlimot nazariyasini ishlab chiqqanlar. Keyinchalik bu taʼlimot ortidan oddiy xalqdan tashqari Buxoro va Samarqand ulamolari ham ergashishgan. Naqshbandiya tariqati keyingi asrlarda, Afgʻoniston, Misr, Hijoz, Eron, Turkiya va shimoliy Kavkazga yoyiladi. XVI asrda Hindistonda ham tarqala boshlaydi.

Dinga hissasi

tahrir

Ustozi Said Mir Kulol vafotidan soʻng (1370-yil), uning vasiyatiga binoan izdoshi sifatida xojagon tariqatiga boshchilik qilgan. Bu taʼlimot keyinchalik Bahouddin Naqshband sharafiga naqshbandiya deb nom olgan. Bahouddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda boʻlgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi, moʻʼtadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha, Allohga intilish koʻngil bilan amalga oshishi kerak. Qoʻl esa ish — mehnat bilan band boʻlaversin. Bahouddin Naqshbandning tarki-dunyochilik qilmay, demakki, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qoʻl silkimay turib ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi gʻoyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari ichiga kirib borishini taʼminladi.

Ilmiy merosi

tahrir

Bahouddin Naqshbandiydan bizgacha bir qator asarlar yetib kelgan. Shamsutdin Somining „Qomus al-alom“ asarida qayd etilishicha, Naqshbandiyning „Hayotnoma“ nomli sheʼriy asar va „Daloyil ul-oshiqin“ („Oshiqlar dalili“) nomli tasavvufga oid asar yozgan. Naqshbandiydan bizgacha ruboiylar ham meros qolgan. Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgda joylashgan Sharqshunoslik instituti fondida Bahouddin Naqshbandiyning „Avrod“ asari qoʻlyozmasi saqlanadi. 2000-yilda „Avrod“ asari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Ali ibn Ahmad Gʻuriy „Avrod“ asariga sharh yozgan. Bu sharhning qoʻlyozma nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.

Oilasi

tahrir

Bahouddin Naqshbandning ikki farzandi — bir qizi va oʻgʻli boʻlgan. Oʻgʻli yosh paytida vafot etgan. Qizi voyaga yetib Xoja Alouddin Attor bilan oila qurgan. Alouddin Attor Bahouddin NAqshbandiyga ham kuyov, ham xalifa boʻlgan. Naqshbandiyning nabirasi Xoja Hasan Attor va abirasi Xoja Yusuf oʻz zamonasining valiylaridan boʻlgan. Avlodlari bugungi kungacha shu qizi orqali yetib kelgan.

Bahouddun Nashband maqbarasi

tahrir
 
Bahouddun Nashband maqbarasi

Bahouddin Naqshbandning qabri azaldan ziyoratgoh hisoblanadi. Ilgari amirlar taxtga oʻtirishdan oldin, safarga chiqayotganda va qaytayotganda albatta Bahouddin Naqshband daxmasini ziyorat qilishgan. Abdulazizxon 1544-yil Bahouddin Naqshband maqbarasi yonida ulkan bir xonaqoh qurdirgan. Bahouddin Naqshband vafotidan keyin naqshbandiya tariqati keng yoyildi. XV asrda Xoʻja Ahror Ubaydulloh Valiy bu tariqatning eng yirik rahnamosi sifatida maydonga chiqdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edilar. Ular ijodida naqshbandiya gʻoyalari keng va atroflicha targʻib etildi.

Bahouddin Nashqbandni oʻrganish

tahrir

Bahouddin Naqshband haqida, uning taʼlimoti xususida, naqshbandiy shayxlar toʻgʻrisida talay asarlar yaratilgan. Birgina Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasining oʻzida naqshbandiyaga doir 195 kitob mavjud. Jumladan, Saloh ibn Muborak al-Buxoriyning „Anisu-t-tolibiyn va uddatu -s-solikiyn“ („Toliblar oshnasi va soliklar rahnomasi“) asarida (1383) Bahouddin Naqshbandning hayot tarzi, kashfu karomatlari va purhikmat soʻzlaridan namunalar beriladi. Bu asar „Maqomati hazrati Xojai Naqshband“ nomi bilan yuritiladi. Shu muallifning 4 qismdan iborat „Manoqibi Xoja Bahouddin Naqshband“ („Xoja Bahouddin Naqshbandning taʼrif va tavsiflari“) asari ham bor. Bulardan tashqari Bahouddin Naqshbandning suyukli xalifasi Xoja Muhammad Porso yozib qoldirgan bir necha asar orqali valiylikning taʼrifi, Bahouddin Naqshbandning tariqatdagi ilk davrlari, uning suhbatlari va hikmatli soʻzlari bilan tanishish, islom aqidasi, ibodat, shariat va tariqat ahkomlaridan baxramand boʻlish mumkin.

Hozirgi kunda

tahrir

Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi (1993) munosabati bilan Oʻzbekistonda alloma taʼlimotini oʻrganishga ahamiyat kuchaydi. Buxoro davlat universiteti huzurida „Naqshbandiya“ ilmiy markazi ish boshladi. U yerda tasavvufiy-irfoniy merosni tadqiq etish yoʻlga qoʻyildi. Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasida ham „Naqshbandiya“ markazi tuzildi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • K6ul Muhsin Muhammad Boqir ibn Muhammad Ali, Bahruddin Balogardon, T., 1993; Idris shoh, Na-qshbandiy tariqati, T., 1993; Nasafiy, Hazrat Bahouddin Naqshband, T.. 1993;Sadrildin Salim Buxoriy, Dilda yor, T., 1993; Qayumov A., Bu ogʻang ila boʻlgʻa-sen Naqshband…, T., 1993; Izzat Sulton, Bahouddin Naqshband abadiyati. T., 1994; Sultonmurod Olim, Naqshband va Navoiy, T., 1996.

Manbalar

tahrir
  1. [al-Kafi, by Muhammad Yaʼqub Kulayni. Translated by Muhammad Sarwar. Chap. 124, Birth of Abi Muhammad al-Hasan ibn 'Ali, p.705]
  2. Baha-ud-Din Naqshband Bukhari — Lineage
  3. Dr. Annemarie Schimmels book „Pain and Grace: A Study of Two Mystical Writers of Eighteenth-Century Muslim India“ BRILL, 1976, p.32
  4. Tazkare Khwanadane Hazrat Eshan(genealogy of the family of Hazrat Eshan)(by author and investigator:Muhammad Yasin Qasvari Naqshbandi company:Edara Talimat Naqshbandiyya Lahore)p. 63
  5. „ZiaIslamic „Gulzar auliya““. 2016-yil 22-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 21-iyun.
  6. Darood E Pak Ki Fazeelat
  7. Baha-ud-Din Naqshband (R.A)
  8. [Frederic P. Miller, Agnes F. Vandome, John McBrewster „Baha-ud-Din Naqshband Bukhari“ 2011, ISBN 978-6-1341-5642-4]

Havolalar

tahrir