Abu Ali ibn Sino
Abu Ali ibn Sino (toʻliq ismi: Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn Sino al-Balxiy' ; — oʻrta osiyolik fors
(Abū ʿAlī al-Ḥusayn ibn ʿAbd Allāh ibn Al-Hasan ibn Ali ibn Sīnā; Avitsenna) | |
---|---|
Tavalludi | 18-iyun 980-yil, Afshona, Buxoro, Somoniylar davlati (hozirgi hududida)[1] |
Vafoti |
taxminan 16-avgust 1037-yil (57 yoshda), Hamadon, G'aznaviylar imperiyasi |
Fuqaroligi | Somoniylar davlati[2], Ziyoriylar va Buvayhiylar |
Millati | Fors[3][4][5] |
Koʻrsatgan taʼsirlari | Al-Beruniy, Umar Xayyom, al-Gʻazzoliy, Averroes, Nosir al-Din Tusiy, Ibn al-Nafis, Averroizm, Sxolastitsizm, Albertus Magnus, Duns Scotus, Thomas Aquinas, Buridan, Benedetti, Galileo, Harvey |
Olgan taʼsirlari | Arastu, Galen, Plotinus, Aflotunchilik, Muhammad, Vosil ibn Ota, al-Kindiy, al-Forobiy, al-Roziy, al-Beruniy |
Bolaligi(o'z asarida u otasi Balxlik fors bolgani, onasi esa Buxoro forsiyoaridan ekanligini aytib o'tgan)
tahrirIbn Sinoning otasi Abdulloh Balx shahridan boʻlib, Somoniylar amiri Nuh ibn Mansur (967–997) davrida Buxoro tomoniga koʻchib, Hurmaysan qishlogʻiga moliya amaldori etib tayinlanadi. U Afshona qishlogʻida Sitora ismli qizga uylanib ikki oʻgʻil farzand koʻradi. Oʻgʻillarining kattasi Husayn (Ibn Sino), kenjasi Mahmud edi. Husayn 5 yoshga kirgach, Ibn Sinolar oilasi poytaxt — Buxoroga koʻchib keladi va uni oʻqishga beradilar. 10 yoshga yetmasdan Ibn Sino Qurʼon va adab darslarini toʻla oʻzlashtiradi. Ayni vaqtda u hisob va aljabr (algebra) bilan ham shugʻullanadi, arab tili va adabiyotini mukammal egallaydi. Ibn Sinoning ilm sohasidagi dastlabki ustozi Abu Abdulloh Notiliy edi. U el orasida hakim va faylasuf sifatida mashhur boʻlgani uchun otasi Ibn Sinoni unga shogirdlikka berdi. Notiliyning qoʻlida olim mantiq, handasa va falakiyot (astronomiya)ni oʻrgandi va baʼzi falsafiy masalalarda ustozidan ham oʻzib ketdi. Ibn Sinoning aql-zakovatini koʻrgan ustozi otasiga uni ilmdan boshqa narsa bilan shugʻullantirmaslikni tayinlaydi. Shundan soʻng ota oʻgʻliga ilm oʻrganish va bilimlarini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Abu Ali tinmay mutolaa qilib, turli ilm sohalarini oʻzlashtirishga kirishdi. U musiqa, optika, kimyo, fiqh kabi fanlarni oʻqidi, xususan, tabobatni sevib oʻrgandi va bu ilmda tez kamol topa boshladi.
Tabobatga kirib kelishi
tahrirIbn Sinoning tib ilmida yuksak mahoratga erishishida Buxorolik boshqa bir tabib Abu Mansur al Hasan ibn Nuh al Qumriyning xizmati katta boʻldi. Ibn Sino undan tabobat darenini olib, bu ilmning koʻp sirlarini oʻrgangan.Qumriy bu davrda ancha keksayib qolgan boʻlib,999-yilda vafot etdi.
Ibn Sino 17 yoshdayoq,Buxoro xalqi orasida mohir tabib sifatida tanildi.Oʻsha kezlarda hukmdor Nuh ibn Mansur betob boʻlib, saroy tabiblari uni davolashdan ojiz edilar.Dovrugʻi butun shaharga yoyilgan yosh tabibni amirni davolash uchun saroyga taklif qiladilar.Uning muolajasidan bemor tezda sogʻayib, oyoqqa turadi.Evaziga Ibn Sino saroy kutubxonasidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Somoniylarning kutubxonasi oʻsha davrda butun Oʻrta va Yaqin Sharqdagi eng katta va boy kutubxonalardan sanalardi. Ibn Sino bir necha yil davomida shu kutubxonada kecha-yu kunduz mutolaa bilan mashgʻul boʻlib, oʻz davrining eng oʻqimishli, bilim doirasi keng kishilaridan biriga aylandi va shu paytdan boshlab oʻrta asr falsafasini mustaqil oʻrganishga kirishdi.U yunon mualliflarining, xususan, Aristotelning „Metafizika“ asarini berilib mutolaa qildi. Lekin bu kitobda bayon qilinganlarning aksariyati Ibn Sinoga tushunarsiz edi. Tasodifan yosh olimning qoʻliga Abu Nasr Forobiyning „Metafizikaning maqsadlari haqida“gi kitobi tushib qoladi va uni oʻqib chiqibgina Ibn Sino metafizikani oʻzlashtirishga muvaffaq boʻladi. Shunday qilib, Ibn Sino zaruriy bilimlarning barchasini Buxoroda oldi. Olimning ilmiy ijodi 18 yoshidan boshlandi.UNuh ibn Mansurga atab nafsoniy quvvatlar haqida risola, „Urjuza“ tibbiy sheʼriy asari, oʻz qoʻshnisi va doʻsti Abulhusayn al-Aruziyning iltimosiga binoan, koʻp fanlarni oʻz ichiga olgan „Alhikmat al-Aruziy“(„Aruziy hikmati“) asarini taʼlif etdi. Undan tashqari, boshqa bir doʻsti faqihAbu Bakr Albarqiy(yoki Baraqiy)ning iltimosiga koʻra,20 jildli „Alhosil val-mahsul“(„Yakun va natija“)qomusiy asari hamda 2 jildli „Kitob al-bir val-ism“(„Sahovat va jinoyat kitobi“)ni yozdi.
Hayot yo‘li
tahrirQoraxoniylar 999-yil Buxoroni zabt etib, Somoniylar davlatini agʻdarganidan keyin Ibn Sino hayotida tashvishli, notinch va ogʻir damlar boshlandi. 1002-yil uning otasi vafot etdi. Ikki sulola vakillarining taxt uchun kurashi 1005-yilgacha davom etib, oxiri Qoraxoniylarning butkul gʻalabasi bilan tugadi. Bunday vaziyatda Buxoroda ortiq qolib boʻlmas edi. Shu bois Ibn Sino oʻz yurtini tark etib Xorazmga bosh olib ketdi. XI-asr boshlarida Xorazm qoraxoniylar hujumidan birmuncha tinch boʻlib, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlangan oʻlka edi. Xorazmshohlar Ali ibn Maʼmun (997–1009) va Maʼmun ibn Maʼmun (1009–1017) ilm fanga eʼtiborli hukmdorlar boʻlib, olimlarga ilmiy ijod uchun qulay sharoit yaratib bergan edilar. Shu bois bu davrda Xorazmning poytaxti Gurganj (Urganch)da zamonasining koʻpgina taniqli olimlari toʻplandi. Yirik matematik va astronom Abu Nasr ibn Iroq, (1034-yilda vafot etgan), mashhur tabib va faylasuflar Abu Saql Masihiy (1010-yilda vafot etgan), Abu al-Xayr Hammor (942–1030) va buyuk olim Abu Rayhon Beruniy shular jumlasidan. Ana shu ilmiy davraga 1005-yil Ibn Sino ham kelib qoʻshildi. Xorazmda Ibn Sino, asosan, matematika va astronomiya bilan shugʻullandi. Bu sohalardagi bilimlarining chuqurlashib, ilmiy dunyoqarashining shakllanishida Ibn Iroq va Beruniy bilan boʻlgan ilmiy muloqotlar katta ahamiyat kasb etdi. Ibn Sinoning Aristotel taʼlimoti xususida Beruniy bilan va oʻzining shogirdi Baxmanyor bilan yozishmalari tarixda mashhurdir. Ibn Sino Abu Saxl Masihiyning tibbiy tajribasi va bilimlaridan ham katta saboq oldi. Xorazmshoh vaziri Abulhusayn as-Sahliy ilmlarni sevuvchi kishi boʻlganidan, Ibn Sino u bilan doʻstlashadi va unga atab alkimyoga oid „Risola aliksir“ („Eliksir haqida risola“) nomli asar yozdi. Biroq Xorazmdagi osoyishta hayot uzoqqa choʻzilmaydi. Sharqda qudrati ortib borayotgan Gʻazna hukmdori sulton Mahmud Gʻaznaviy bu oʻlkaga koʻz tikadi. U, avval, Maʼmunga saroydagi bir guruh olimlarini Gʻaznaga joʻnatib yuborishni soʻrab xat yozadi. Bu xatga javoban Beruniy va Abu al-Xayr Hammor Gʻaznaga ketadilar. Ibn Sino esa bu taklifni rad etib, Masihiy bilan birgalikda 1010–1011-yillarda yashirincha Xorazmni tark etadi. Shu vaqtdan olimning sargardonlik yillari boshlanib, umrining oxirigacha vatandan uzoqda hayot kechirishga majbur boʻladi. Masihiy bilan Ibn Sino Jurjonga — Masihiyning vataniga yoʻl oldilar. Lekin yoʻldagi qiyinchiliklar va suvsizlik tufayli Masihiy betob boʻlib, vafot etadi. Natijada, Ibn Sino azob-uqubatlar chekib, avval, Niso, soʻng Obivard, Tus, Shiqqon va Xurosonning boshqa shaharlarida qisqa muddat turganidan keyin, nihoyat, Kaspiy dengizining janubi sharqida joylashgan Jurjon amirligiga yetib keladi. Ibn Sino Jurjonda 1012–1014-yillarda yashaydi, lekin shu qisqa vaqt ichida uning hayotidagi muhim voqealardan biri — Abu Ubayd Jurjoniy bilan uchrashuv va bir umrga doʻstlashuv sodir boʻladi. U Ibn Sinoga nafaqat shogird, balki sodiq doʻst ham edi. U Ibn Sino bilan olimning soʻnggi damigacha, 25 yil davomida birga boʻladi. Ibn Sino tarjimai holining yozilib qolishi, koʻpgina asarlarining taʼlifi va tartibga tushishi hamda ularning keyingi avlodlarga kelishida Jurjoniyning xizmati katta.
Jurjondalik vaqtida Ibn Sino ham ilmiy ijod bilan shugʻullandi, ham tabib sifatida faoliyat koʻrsatdi. Bu yerda u shogirdining iltimosiga koʻra, mantiq, falsafa va boshqa fanlarga oid bir nechta risola yozdi va eng muhimi „Tib qonunlari“ning dastlabki qismlarini yaratdi. 1014-yil olim Jurjonni tark etib, Rayga koʻchdi. Ibn Sino Rayga kelgan vaqtida bu yerda buvayhiylardan boʻlmish Majduddavla Abu Tolib Rustam (997–1029) va uning onasi Sayyida Xotun hukmronlik qilar edilar. Bu yerda Ibn Sino savdoyi dardiga chalinib qolgan Majduddavlani davoladi va shu sababli saltanat tepasida turgan Sayyidaning hurmat-ehtiromiga sazovor boʻldi. Lekin olim Rayda ham uzoq turolmadi, chunki Sulton Mahmud Gʻaznaviyning Rayga ham hujum qilish xavfi bor edi. Shu bois Ibn Sino Rayni tark etib, nisbatan kuchliroq, boʻlgan Hamadonga, Majdud-davlaning akasi Shamsuddavla (997–1021) huzuriga ketadi. Hukmdorni sanchiq kasalidan davolaganidan keyin olimni saroyga taklif qiladilar. U avval saroy tabibi boʻlib ishlaydi, soʻng vazirlik mansabiga koʻtariladi. Davlat ishlari bilan band boʻlishiga qaramay ilmiy ishlarini ham davom ettiradi va qator asarlar yaratadi. „Tib qonunlari“ning birinchi kitobini tugatib, oʻzining mashhur falsafiy qomusi — „Kitob ash-shifo“ni ham shu yerda yozishga kirishadi. „Tib qonunlari“ning qolgan qismini ham Hamadonda yozib bitiradi.
Ibn Sino Hamadonda 1023-yilgacha istiqomat qiladi va ayrim siyosiy sabablarga koʻra, shu yili Isfahonga joʻnab ketadi. Umrining qolgan 14 yilini shu yerda oʻtkazdi. Bu yerda ham u tinimsiz ilmiy ish bilan mashgʻul boʻlib, bir qancha asarlar yaratdi. Ular orasida tib, falsafa, aniq fanlar, tilshunoslik kabi fanlarga oid kitoblar bor. „Kitob ash-shifo“ning qismlari, fors tilidagi „Donishnoma“ va 20 jildli „Insof-adolat kitobi“ shular jumlasidan.
Jurjoniyning yozishicha, Ibn Sino garchi, jismoniy juda baquvvat boʻlsada, biroq, shaharma-shahar darbadarlikda yurish, kecha-kunduz tinim bilmay ishlash va bir necha bor taʼqib qilinib, hatto hibsda yotishlar olimning salomatligiga jiddiy taʼsir etdi. U qulanj (Kolit) kasalligiga chalindi. Alouddavlaning Hamadonga yurishi vaqtida Ibn Sino qattiq betobligiga qaramay, u bilan birga safarga chiqadi. Yoʻlda dardi qoʻzgʻab olimning tamomila madori quriydi va oqibatda u shu darddan 57 yoshida vafot etadi. Olim Hamadonda dafn etiladi. Uning qabri ustiga 1952-yilda maqbara ishlangan (meʼmori X. Sayxun). Maqbara Ibn Sinoga bagʻishlangan muzey xonalarini ham oʻz ichiga oladi.
Zamondoshlari Ibn Sinoni „Shayx ar-Rais“ („donishmandlar sardori, allomalar raisi“); „Sharaf al-mulk“ („Oʻlka, mamlakatning obroʻsi, sharafi“), „Hujjat al-haqq“ („Rostlikka dalil“); „Hakim al-vazir“ („Donishmand, tadbirkor vazir“) deb ataganlar. Jahon fani tarixida Ibn Sino qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki u oʻz davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shugʻullangan va ularga oid asarlar yozgan. Olim asarlarini oʻsha davrda Yaqin va Oʻrta Sharqning ilmiy tili boʻlgan arab tilida, baʼzilari (sheʼriy va ayrim falsafiy asarlari)ni fors tilida yozgan. Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asar yozganligi qayd etilgan, lekin bizgacha ularning 242 (160) tasi yetib kelgan. Shulardan 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid boʻlib, qolganlari mantiq, psixologiya, tabiiyot, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bagʻishlangan. Lekin bu asarlarning hammasi ham olimlar tomonidan bir xilda oʻrganilgan emas. Ibn Sinoning koʻproq falsafa va tibga oid kitoblari jahonning koʻpgina tillariga tarjima etilib, asrlar davomida qayta qayta nashr qilib kelinmoqda, lekin shu bilan bir vaqtda, boshqa koʻp asarlari hali qoʻlyozma holida oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.
Ibn Sinoning ilmiy merosini shartli ravishda 4 qismga, yaʼni falsafiy, tabiiy, adabiy va tibbiy sohalarga boʻlish mumkin, olim shularning har birida chuqur iz qoldirgan. Lekin Ibn Sino asarlarining miqdoriy nisbatiga nazar solsak, olimning qiziqish va eʼtibori koʻproq falsafa va tibga qaratilganini koʻramiz. Garchi, uni „Avitsenna“ sifatida Gʻarbda mashhur qilgan uning tibbiy merosi, xususan, „Tib qonunlari“ boʻlsada, „Shayh ar-Rais“ nomi, avvalambor, uning buyuk faylasufligiga ishoradir.
Shoh Asarlari
tahrirOlimning falsafaga oid eng yirik va muhim asari „Kitob ash-shifo“dir. U 4 qismdan iborat: 1) mantiq — 9 qismga boʻlingan:
almadhal — mantiqqa kirish;
al-maqulot — turlari;
al-iborat — interpretatsiya;
al-qiyos — sillogizm;
al-burhon — isbot, dalil;
al-jadal — tortishuv, dialektika;
as-safsata — sofistika;
al-xitoba — ritorika;
ash-sheʼr — poetika (sheʼr sanʼati);
2) tabiiyot (bu yerda minerallar, oʻsimliklar, hayvonot olami va insonlar haqida alohida-alohida boʻlimlarda gapiriladi; 3) riyoziyot — 4 fanga boʻlingan; hisob (arifmetika), handasa (geometriya), astronomiya va musiqa; 4) metafizika yoki ilohiyot. Bu asarning ayrim qismlari lotin, suryoniy, ibroniy, nemis, ingliz, fransuz, rus, fors va oʻzbek tillarida nashr etilgan.
Ibn Sinoning yana bir falsafiy asari „Kitob annajot“ „Kitob ash-shifo“ ning qisqartirilgan shakli boʻlib, u ham qisman jahonning bir necha tillariga tarjima qilingan. Olimning falsafiy qarashlari yana „Al-ishorat vattanbihot“ („Ishoralar va tanbihlar“), „Hikmat almashriqiyn“ („Sharqchilar falsafasi“), „Kitob al-ishorat filmantiq va lhikmat“ („Mantiq va falsafaning ishoralari“), fors tilida yozilgan „Donishnoma“ („Bilim kitobi“) va boshqa turli hajmdagi falsafiy risolalarda hamda „Tayr qissasi“, „Salomon va Ibsol“, „Hayy ibn Yaqzon“, „Yusuf qaqida qissa“ kabi falsafiy mazmunli badiiy qissalarda oʻz aksini topgan. Ibn Sinoning dunyoqarashi Aristotel taʼlimoti va Forobiy asarlari taʼsirida shakllandi. Uning fikricha, falsafaning vazifasi mavjudotni, yaʼni barcha mavjud narsalarni, ularning kelib chiqishi, tartibi, oʻzaro munosabati, bir-biriga oʻtishini zaruriyat, imkoniyat, voqelik, sababiyat omillari asosida har tomonlama oʻrganishdan iborat. Olamda mavjud barcha narsalar ikkiga boʻlinadi: zaruriy vujud (vujudi vojib) va imkoniy vujud (vujudi mumkin). Zaruriy vujud eng irodali, qudratli, dono tangridir. Qolgan narsalar imkoniyat tarzida mavjud boʻlib, Tangridan kelib chiqadi. Zaruriy vujud bilan imkoniy vujud munosabati sabab va oqibat munosabatidir. Bu jarayonda olamdagi hamma narsalar emanatsiya tarzida, yaʼni quyoshdan chiqayotgan nur shaklida asta-sekin amalga oshadi. Shu tartibda imkoniyat shaklida mavjud boʻlgan aql, jon, jism, ular bilan bogʻliq osmon sferalari kelib chikadi. Bular hammasi substansiya (javhar) boʻlib, yana borliqda aksidensiya — narsalarning belgilari, rangi, hajmi, xillari mavjud. Jism shakl va moddadan tashkil topadi. Xudo abadiy, uning oqibati boʻlmish materiya ham abadiydir. Uning oʻzi boshqa tayin jismlarning asosidir. Narsalarning moddiy asosi hech qachon yoʻqolmaydi. Materiyaning eng sodda boʻlinmas shakli 4 unsur: havo, olov, suv, tuproqdan iborat. Ularning turlicha oʻzaro birikuvi natijasida murakkab moddiy narsalar tashkil topadi. Murakkab narsalar shaklan oʻzgarishi mumkin, lekin ularning moddiy asosi boʻlgan 4 unsur yoʻqolmaydi, abadiy saqlanadi. Ibn Sino fikricha, avval togʻ-toshlar, soʻng oʻsimlik, hayvonot va taraqqiyotning yakuni sifatida boshqa jonzotlardan aqli, tafakkur qilish qobiliyati va tili bilan farq qiluvchi inson vujudga kelgan. Hodisalarni chuqur bilish, fan bilan shugʻullanish insongagina xosdir. Inson bilimlari narsalarni bilish yordamida vujudga keladi. Bilish hissiy bilish va tushunchalar yordamida fikrlashdan tashkil topadi. Sezgida narsa hodisalarning ayrim, tashqi belgilari, tayin tomonlari bilinsa, aql ularning mohiyatini, ichki tomonlarini mavhumlashtirish va umumlashtirish yordamida bila oladi. Inson aqli turli fanlarni oʻrganish yordamida boyiydi, rivoj topadi. Ibn Sino tushunchasida bilimlarni chuqur oʻrganish orqali xudoni bilish mumkin degan fikr yotadi. U mavjud bilimlarni egallagan insongina haqiqiy musulmon boʻla oladi, deb tushunadi. Ibn Sino mantiqni ilmiy bilishning, mavjudotni oʻrganishning ilmiy usuli deb biladi. „Mantiq, — deb yozadi Ibn Sino — insonga shunday bir krida beradiki, bu krida yordamida inson xulosa chiqarishda xatolardan saqlanadi“. U mantiqiy usullar, taʼriflash, hukm, xulosa chiqarish, isbotlash masalalarini chuqur oʻrgandi, mantiq fanini Forobiydan soʻng bilishning toʻgʻri metodi sifatida rivojlantirdi.
Tabiiy fanlardagi faoliyati
tahrirIbn Sino oʻz davridagi tabiiy fanlarning rivojiga ham ulkan hissa qoʻshgan olimdir. Uning tabiiy-ilmiy qarashlari „Kitob ash-shifo“ ning tabiiy fanlarga oid qismida bayon qilingan. Olimning baʼzi geologik jarayonlarga oid mulohazalari hozirgi ilmiy nazariyalarga juda yaqindir. Uningcha, vulqonlar aslida togʻ paydo boʻlishi va zilzilalar bilan bogʻliq. Togʻ paydo boʻli-shining oʻzi esa 2 yoʻl bilan boʻladi: 1) kuchli yer qimirlashi vaqtida yer qobigʻining koʻtarilishi; 2) suv orqali va havoning asta-sekin taʼsiri natijasida chuqur jarliklar paydo boʻlib, natijada ularning yonida balandlik hosil boʻlib qolishi. Zilzilaning paydo boʻlishiga ham bir necha sabablar bor. Ularning biri gazsimon yo olovsimon bugʻ boʻladi. Mana shu bugʻ harakatga kelib, yerni qimirlatadi. Suvlarning yer ostiga sizib kirishi, tekis yer chetining oʻpirilishi, baʼzida togʻ choʻqqilarining kuch bilan qulashi ham zilzilaga sabab boʻladi. Olim fikricha, yer yuzasining maʼlum qismi bir mahallar dengiz tubi boʻlgan, zamon oʻtishi bilan geologik jarayon oqibatida suv xavzalari oʻrni oʻzgargan. Bir vaqtlar dengiz boʻlib, hozir quruklikka aylangan yerlarda dengiz hayvonlarining tosh-qotgan qoldiqlari saqlanib qolgan. U bunday yerlarga Kufa, Misr va Xorazm yerlarini kiritadi.
Ibn Sino mineralogiya (maʼdanshunoslik) sohasida ham salmoqli ishlar qilgan. U minerallarning asl tasnifini taklif etdi. Unga koʻra, barcha maʼdanlar 4 guruhga: toshlar, eriydigan jismlar (metallar), oltin-gugurtli yonuvchi birikmalar va tuzlarga boʻlinadi. Bu tasnif to 19-asr gacha deyarli oʻzgarishsiz saqlanib keldi. Ibn Sinoning geologiya va mineralogiyaga oid fikrlari uning „al-Afʼol va-linfiolot“ („Taʼsir va taʼsirlanish“) asarida ham uchraydi.
Ibn Sino boshqa tabiiy fanlar qatori kimyo bilan ham shugʻullangan va unga oid asarlar ham yozgan. Bu asarlarini u turli davrda yozgan boʻlgani uchun ularda Ibn Sinoning kimyoga boʻlgan munosabatining evolyusion oʻzgarib borishi yaqqol aks etgan. Uning kimyo sohasida aytgan fikrlari oʻsha davrdagi alkimyo uchun nihoyatda ilgʻor edi. Ibn Sino 21 yoshida, yaʼni ilmiy faoliyatining boʻsagʻasida metallar transmutatsiyasiga, yaʼni oddiy metallarni oltin va kumushga kimyoviy yoʻl bilan aylantirish mumkinligiga ishongan va mutaqaddim kimyogarlarning kitoblari taʼsiri ostida „Ri-sola as-sanʼa ilalbaraqiy“ („Baraqiyga atab sanʼat (alkimyo) ga doir risola“) nomli kichik asar yozgan. Lekin 30 yoshlarga borib, ilmiy tajribasi ortgan yosh olim bu sohadagi urinishlarning zoye ketishiga amalda ishonch hosil qiladi va „Risola aliksir“ („Iliksir haqida risola“) asarida kimyoviy yoʻl bilan sof oltin va kumush olish mumkinligiga shubha bildiradi. 40 yoshlarda yozishga kirishgan „Kitob ash-shifo“ da esa kimyogarlarning transmutatsiya sohasidagi barcha harakatlari behuda ekanligini nazariy jihatdan isbotlashga urindi. Uning fikricha, oʻsha vaqtda maʼlum boʻlgan har bir metall oʻzicha alohida bir modda boʻlib, kimyogarlar oʻylagandek bir yagona metallning turi emas. U oltinning alohida bir elementligini bilmasada, uni narsalardan yasab boʻlmasligini ham anglagan edi. Olimning bu nazariy mulohazalari oʻrta asr kimyosining ilmiy kimyoga oʻsib oʻtishida muhim rol oʻynadi.
Ibn Sino botanika masalalari bilan ham juda koʻp shugʻullandi, chunki tabobatda ishlatiladigan dorivor moddalarning aksariyati oʻsimliklardan olinadi. U „Kitob ash-shifo“ ning „anna-bot“ („Oʻsimliklar“) qismida oʻsimliklarning turlari, paydo boʻlishi, oziqlanishi, oʻsimlik aʼzolari va ularning vazifalari, koʻpayishi hamda oʻsish sharoitlari haqida yozadi, ilmiy terminologiya yaratish sohasida ham ish olib boradi.
Ibn Sino yoshligidan astronomiyaga qiziqqan va bu qiziqish umrining oxirigacha saqlangan. U 8 ta mustaqil risola hamda „Kitob ash-shifo“ va „Donishnoma“ ning riyoziyot qismlarida astronomiyaga alohida boblarni bagʻishlagan. Ptolemeyning „Almagest“ ini qayta ishlab, shuning asosida amaliy astronomiya boʻyicha qoʻllanma yaratgan. Ibn Sino Jurjon shahrining geografik uzunligini oʻz davri uchun butunlay yangi boʻlgan usul — Oyning eng baland nuktasini kuzatish orqali aniqlab bergan. Beruniy „Geodeziya“ asarida bu usulning toʻgʻriligi haqida gapirib, uni faqat Ibn Sino nomi bilan bogʻlaydi. Bu usul Yevropada 500-yildan keyin (1514-yil) astronom Verner tomonidan yangidan kashf qilindi.
Matematika sohasida Ibn Sino Yevklidni „Negizlar“ kitobini qayta ishlab, unga sharh va toʻldirishlar kiritdi, geometrik oʻlchamlarga arifmetik terminologiya qoʻlladi, „son“ tushunchasi doirasini „natural son“ dan ancha kengaytirdi.
Sheʼriyat sohasida ham Ibn Sino sezilarli iz qoldirdi. U oʻzining ayrim tibbiy asarlari („Urjuza“) ni rajaz vaznli sheʼrda yozgan. Bundan tashqari, uning bir nechta falsafiy qissalari ham borki, ular keyinchalik fors adabiyotiga chuqur taʼsir koʻrsatdi. Olimning fors tilida yozgan bir necha gʻazal va qitʼalari, 40 dan ortiq ruboiylari mavjud. Uning sheʼriy merosi qisman rus va oʻzbek tillarida nashr etilgan.
Ibn Sino musiqa bobida Forobiyni ilmiy yoʻnalishini davom ettirgan yirik nazariyotchidir. Musiqa haqidagi „Javomeʼ ilm ul-musiqiy“ („Musiqa ilmiga oid toʻplam“) asari „Kitob ash-shifo“ ning bir qismi boʻlib, har biri bir necha bobli 6 boʻlimdan iborat. „Annajot“, „Donishnoma“larda musiqa haqida kichik boʻlimlar mavjud, „Tib qonunlari“, „Risolai ishq“ va boshqa da mu-siqaning ayrim masalalari haqida fikr yuritgan. Oʻz davri musiqasining barcha muammolarini bayon etgan: nagma. boʻd (interval), lad tizimlari, iyqo, kuy yaratish, musiqa asboblari va hokazo. Yevropada keyinchalik „sof tizma (tovushqator)“ atalgan musiqaviy tuzilmani birinchi boʻlib asoslagan. Ibn Sino musiqiy goʻzallik haqida mukammal taʼlimotni ilgari surib, musiqani hamohanglikning eng kamolga yetgan turi deb biladi. Ritm masalalariga Sharqning boshqa musiqa nazariyotchilari singari aruz badiiy tizim bilan bogʻliq holda qaraydi. Tabib sifatida u musiqani muhim tibbiy vositalar jumlasiga kiritgan. Inson nutqiy ohanglari rivojlanishi natijasida musiqa paydo boʻlganligi haqidagi nazariyasi hozirgi zamonaviy musiqa nazariyalariga mos keladi. Oʻzining barkamol shaxsni tarbiyalash gʻoyasida musiqani asosiy vositalar sirasiga kiritgan.
Ibn Sinoning tabobat da qilgan ishlari uning nomini bir necha joylarda shu fan sohasi bilan chambarchas bogʻladi. Olimning tabobat taraqqiyotidagi buyuk xizmati shundaki, u oʻzigacha oʻtgan turli xalq namoyandalari tomonidan ayerlar davomida tib ilmi sohasida toʻplangan maʼlumotlarni saralab, muayyan bir tartibga soldi va ularni oʻz tajribalari bilan boyitgan holda maʼlum nazariya va qonunqoida asosida umumlashtirdi. Bunga uning „Tib qonunlari“ va bu asarning jahon tib ilmi tarixida tutgan mavqei va krzongan shuhrati yorqin dalildir.
Ibn Sinoning tabobat sohasida qilgan ishlari oʻsha davr tabobatini bir necha davrga ilgarilatdi va ayrim sohalarda hatto hozirgi zamon tibbiyotiga yakinlashtirdi ham. Olim yashagan davrda bu sohada antik olimlarning, xususan Gippokrat, Galen, Dioskorid va boshqalarning taʼlimoti ustuvor edi. Ibn Sino ham oʻz tibbiy faoliyatida ularning nazariy qarashlari va amaliy koʻrsatmalariga tayandi, lekin ularni Hindiston, Xitoy, Oʻrta Osiyo, Sharq olimlarining hamda uz tajribalari va bilimlari asosida rivojlantirdi va bo-yitdi. Ibn Sinoning daho tabib sifatida shuxrat qozonishining asosiy omillaridan biri — uning tib nazariyasini, xususan, anatomiya — inson gavdasi tuzilishini mukammal bilishligidir. Bosh suyagining tuzulishi, tishlarning tuzilishi toʻgʻrisida u Galenga ergashgan holda toʻgʻri fikrlagan. Uning koʻzning anatomiyasi, koʻrish jarayonining qanday sodir boʻlishi va unda koʻz qorachigʻining roli, koʻz muskullarining joylashishi xususida yozganlari zamonaviy oftalmologiyaga yaqindir. Asablar, qon tomirlar, mushaklarning tuzilishi va funksiyalari toʻgʻrisida yozganlari anatomiyaning amaliyot bilan bogʻliqligini koʻrsatadi. Bu esa amaliy anatomiyaning asoschisi deb tan olingan rus olimi N. I. Pirogov Ibn Sinoning izdoshi deyishga asos beradi.
Ibn Sino oʻtkir diagnost edi. Uning baʼzi tashhis usullari hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Perkussiya (aʼzoga urish orqali diagnoz qoʻyish)ni, xususan, assit va meteorizmni farqlashda, istisqoni aniqlashda (qoringa sekin urish orqali) qoʻllagan. Bu usul 600 yildan keyin venalik tabib Leopold Auenbrugger (1722–1809) tomonidan qayta kashf qilinib, yana 50 yildan soʻng amaliyotga kirgan. Olim qon tuflash holatlari va nafas olish turlarini chuqur oʻrganib, ulardan tashhisda foydalangan. Ibn Sino turli kasalliklarning differensial diagnosti-kasida va gavdaning umumiy holatini aniqlashda tomir urishi, siydik va najasga qarab olinadigan belgilarga katta eʼtibor beradi. Masalan, diabet (qand) kasalligini u siydikning holati, shu jumladan, undagi shirinlik moddasiga qarab tashxis qiladi. Diabet kasalligida siydikda qand modsasi boʻlishini 1775-yilda ingliz olimi Dobson aniqlagan. Tabobat tarixida ilk bor Ibn Sino vabo bilan oʻlatni farqlagan, yuqumli kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarni boshqalardan ajratgan holda saqlash kerakligini taʼkidlagan, meningit, oshqozon yarasi, sariq kasalligi, plevrit mo-xov, zaxm, qizamiq, suvchechak, kuydirgi kabi kasalliklarning belgilari va kechish jarayonini toʻgʻri tasvirlab bergan. Quturish kasalligining koʻrinishlari, uning yuqumli harakteri, bemorning bu kasallikdagi holatlarini juda toʻgʻri aniqlagan. 1804-yilda yevropalik olim Sinke quturgan hayvonlarning soʻlagi yuqumliligini tasdiqlagan. Psixik va asab kasalliklarini tavsiflash va davolashga ham olim koʻp yangiliklarni kiritgan. Bu kasalliklarni davolashda u atrof muhitning, iqlimning, parhez va jismoniy mashqlarning taʼsiriga hamda bemor kayfiyatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarga katta ahamiyat beradi.
Bemorlarni davolashda olim 3 narsaga — tartib (parhez), dorilar bilan davolash va turli tibbiy tadbirlarni qoʻllash (qon olish, banka qoʻyish, zuluk solish, huqna va hokazo)ga ahamiyat berish kerakligini aytadi. Kasallikni davolashda ovqatlanish, yaʼni parhezni muhim omillardan deb hisoblaydi va har bir kasallik uchun oʻz ovqatlanish tartibini beradi. Chunonchi, jigar kasalliklarida koʻproq mayiz, anjir, anor suvi isteʼmol qilishni buyuradi. Bu esa bunday kasalliklarni hozirgi glyukoza va insulin bilan davolash usullarining qadimgi koʻrinishidir. Ibn Sinoning jarroxlik sohasini rivojlantirishdagi xizmatlari ham ulkandir. U oʻz tibbiy asarlarida zamonaviy jarroxlikda qoʻllanib kelayotgan ayrim usullarni bayon qiladi. Yiringli shishlarni kuydirish yoki pichoq bilan yorish, bavosir shishlarini tikish, tampon, oʻtkir modda yoki tikish bilan qon toʻxtatish, tomoqni kesib, nay qoʻyish (traxeotomiya) shular jumlasidandir. Yelka suyagining chiqishini oddiy bosish bilan davolash usuli hozirgacha „Avitsenna usuli“ deb ataladi. Umurtqaning qiyshayishini Ibn Sino oʻzi ixtiro qilgan yogʻoch moslama yordamida tuzatgan. Bu usulni XV asr da fransuz tabibi Kalo qayta kashf etgan. Suyaklarni gipslash usuli ham Ibn Sino tomonidan keng qoʻllangan, lekin u ham keyinchalik unutilib, yevropalik tabiblar tomonidan 1852-yilda amaliyotga yangi ixtiro sifatida qaytarilgan. Hozirgi koʻz jarroxligida qoʻllanayotgan usullarning qariyb barchasi Ibn Sinoga maʼlum boʻlgan. Yomon sifatli saraton (rak) shishlari, qovuq toshlarini olish, istisqo, bavosirning operatsiyalari, bosh suyagining operatsiyasi va boshqa Ibn Sino qoʻllagan muolaja usullaridandir. Jarrohlikda anesteziya (ogʻriqni sezdirmaslik) masalasiga ham Ibn Sino katta eʼtibor bergan. Buning uchun u afyun, mingdevona, nasha va sh. k. narkotik taʼsirga ega boʻlgan dorilardan foydalangan. Kasallikni davolashda Ibn Sino shaxsiy gigiyena, uyqu va jismoniy mashqlarning ahamiyati kattaligini uqtirgan. Uning bir kasallikni boshqa bir kasallikni chaqirish yoʻli bilan davolash usuli diqqatga sazovordir. Masalan, u tutqanoqni davolashda toʻrt kunlik isitma bilan ogʻrishni foydali deb biladi. Avstriyalik psixiatr Yu. Vagner-Yaureg (1857–1940) shunday usulni qoʻllab, zaxm kasalligini bezgakni yuqtirish orqali davolagani uchun 1927-yilda Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan.
Ibn Sino dorishunoslik sohasida chuqur tadqiqotlar olib borgan. U antik olimlarning farmatsiyasi asosida musulmon Sharqida paydo boʻlgan yangi farmatsiyaning shakllanishiga yakun yasadi. Tabobatda sano, kofur (kamfara), rovoch, tamrhindiy (hind hurmosi) kabi dorilarning ishlatilishi, asal oʻrnida koʻp dorilarning qand (shakar) asosida tayyorlanishi ham Ibn Sinoning xizmatidir. Uning dorivor oʻsimliklarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash usullari hozirgi dorishunoslikdagi usullarga juda yaqindir. Tabiiy dorilar bilan bir katorda Ibn Sino birinchilardan boʻlib kimyoviy usulda tayyorlangan dorilarni ham ishlatgan. Kasallikning turiga qarab avval sodda, soʻng murakkab tarkibli dori bilan davolagan. Eng muhimi, u oziq-ovqatlarning shifo-baxsh taʼsiriga katta ahamiyat berib, davolashni shunday mahsulotlardan (meva, sabzavot, sut, goʻsht va hokazo) boshlagan. Dori tayinlashda bemorning mijozi (issiq, sovuq, hoʻl, quruq), yoshi, iqlim sharoitini hisobga olish zarurligini taʼkidlaydi. Ibn Sino farmatsiyasi juda puxta oʻylangan farmakologik tadqiqot usuliga asoslanganligi bois oʻrta asr Yevropa farmatsiyasidan ancha oʻzib ketdi va zamonaviy dorishunoslikka yaqinlashdi. Olim ishlatgan dorilarning bir qanchasi hozirgi farmakopeyalardan mustahkam oʻrin olgan.
Tibbiy asarlari
tahrirIbn Sinoning tibga oid yozgan asarlarining 30 dan ortigʻi bizgacha yetib kelgan, ularning orasida „Qonun“ kabi tibbiy ensiklopediya bilan bir qatorda tibning ayrim nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan turli hajmdagi „Urjuza fi-ttibb“ („Tibbiy ur-juza“), „alAdviyat alqalbiya“ („Yurak dorilari“), „Dafʼ almadorr al-kulliya an-al-abdon al-insoniya“ („Inson badaniga yetishgan barcha zararlarni yoʻqotish“), „Kitob al-qulanj“ („Qulanj haqidagi kitob“), „Maqola fi-nnabz“ („Tomir urishi haqida makr-la“), „Risola fi-l-boh“ („Shahvoniy quvvat haqida risola“), „Risola fi tadbiri al-musofirin“ („Safardagilarning tadbiri haqida risola“), „Risola fi xifz as-sihha“ („Sogʻliqni saqlash haqida risola“), „Risola fi-s-sikanjubin“ („Sikanjubin haqida risola“), „Risola fi-lfasd“ („Qon olish haqida r.isola“), „Risola fi-lhindabo“ („Sachratqi haqida risola“) kabi risolalari ham bor.
Ibn Sino oʻz davridagi ilmlar tasnifi masalasiga ham jiddiy eʼtibor bilan qaradi va bu sohada „Aqsom al-ulum alaqliya“ („Aqliy ilmlar tasnifi“) nomli asar yozdi. Unda olim aqliy ilmlarni hikmat — falsafa ilmlari deb olib, ularni nazariy va amaliy qismlarga boʻldi. Nazariy ilmlar haqiqatni bilishga, amaliy ilmlar yaxshi ishlarni bajarishga qaratilgan. Nazariy falsafa 3 ga boʻlinadi: 1) quyi darajadagi ilm, yaʼni tabiatshunoslik (tib, kimyo, astrologiya va boshqalar); 2) oʻrta darajadagi ilm — matematika (geometriya, arifmetika, astronomiya, musiqa); 3) oliy darajadagi ilm — metafizika (ilohiyot). Amaliy falsafa ham uch kiyem (axloq, iqtisod va siyosat) ga boʻlinib, birinchisida bitta shaxs, uning feʼl-atvori qanday boʻlishi haqida; ikkinchisida insonlarning oilada, xoʻjalik ishlarida bir-biri bilan munosabatlari qanday boʻlishi va uchinchisida shahar yoki oʻlka miqyosida kishilarning bir-biri bilan munosabati qanday boʻlishi, davlatni idora qilish haqida ran boradi. Bu turkumlar ham mayda tarmoqlarga boʻlinib ketadi. Asarda 29 ilm tarmogʻi tilga olinadi, Ibn Sino haqiqiy axloqiy fazilatlarga va ideal jamoaga shu mavjud dunyoda erishuv mumkin, jamiyatda insonlar oʻzaro yordam asosida yashashlari kerak deb taʼkidlaydi. Jamiyat kishilarning oʻzaro kelishuvi asosida qabul qilinadigan adolatli qonunlar yordamida boshqarilishi lozimligini aytadi. Jamiyat aʼzolarining hammasi bu qonunga itoat etishlari, qonunni buzish va adolatsizlik jazolanishi lozim. Agar hokim podshoning oʻzi adolatsizlikka yoʻl qoʻysa, xalqning unga qarshi qoʻzgʻoloni toʻgʻri va jamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanmogʻi kerak, deb hisoblaydi. Oʻzining axloq toʻgʻrisidagi fikrlarida insonlarning kundalik ishlaridagi eng zarur axloqiy munosabatlarga, kamtarlik, izzathurmat, jasurlik, toʻgʻrilik, sofdillik kabi xulqiy qoidalarga alohida eʼtibor beradi.
Ibn Sino oʻzining boy va serqirra ilmiy merosi bilan keyingi davr Sharq va Gʻarb madaniyatining rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi. Sharqning Umar Xayyom, Abu Ubayd Juzjoniy, Nasriddin Tusiy, Fariduddin Attor, Ibn Rushd, Nizomiy Ganjaviy, Faxriddin Roziy, atTaftazoniy, Nosir Hisrav, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Ulugʻbek, Bedil, Bahma-nyor ibn Marzbon kabi mutafakkir va olimlari oʻz asarlarida Ibn Sino taʼlimoti va ilmiy gʻoyalarini davom ettirdilar. Yevropada allomaning asarlari 12-asr dan boshlab lotin tiliga tarjima qilinib, universitetlarda oʻqitila boshlandi. Yevropaning mashhur faylasuf va tabiatshunos olimlaridan Jordano Bruno, Gundisvalvo, Vilgelm Overnskiy, Aleksandr Gelskiy, Albert fon Bolshtedt, Foma Akvinskiy, Rojer Bekon, Dante va boshqalar I. S.ning ilgʻor fikrlaridan oʻz ijodlarida foydalandilar va uning nomini zoʻr hurmat bilan tilga oldilar.
Ibn Sino ilmiy merosini oʻrganish ishlari yangi davrga kelib jadal tus oldi va natijada chet el hamda Oʻzbekistonda maxsus ilmiy yoʻnalish — sinoshunoslik vujudga keldi. „Tib qonunlari“ning lotincha tarjimasi toʻliq holda 40 marta nashr etildi. Uning ayrim qismlari nemis, ingliz va fransuz tillariga tarjima qilindi, olimning falsafiy va boshqa sohalarga oid asarlari ham jahonning bir necha tillarida nashr etildi, uning ijodiga oid qator yirik tadqiqotlar yaratildi. Jahonning turli kutubxonalarida Ibn Sino asarlarining qoʻlyozmalari saqlanadi, shu jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham alloma qalamiga mansub 50 asarning 60 ta qoʻlyozmasi mavjud. Yevropa olimlari Ye. Bishmann, Yu. Rus-ka Karra de Vo, X. Korbin, Kruz Xernandez, L. Garde, A. M. Guashon, X. Ley, P. Morividj, J. Saliba hamda arab, turk va eron olimlari M. U. Najotiy, A. N. Nodir, J. Sh. Qanavotiy, Said Nafisiy, Yahyo Maxdaviy, Umar Farrux, E. Ihsonoʻgʻlu, F. Rahmon, M. Muso, H. Gʻaraba, M. Shohvardiy va boshqa Ibn Sino ijodini oʻrganishga maʼlum hissa qoʻshdilar. Rossiyalik olimlardan Ye. E. Bertels, A. Ya. Borisov, I. S. Braginskiy, S. I. Grigoryan, B. A. Petrov, B. A. Rozenfeld, V. N. Ternovskiy, A. V. Sagadeyev, M. M. Rojanskaya, Tojikiston olimlaridan S. Ayniy, M. Dinorshoyev, T. Mardonov, N. Rahmatullayev, A. Bahovuddinov, Yu. Nuraliyev bu yoʻnalishning rivojlanishiga xizmat qildilar. Oʻzbekistonda Ibn Sino asarlarini tarjima va tadqiq etishda sharqshunos olimlar S. Mirzayev, A. Murodov, A. Rasulov, U. I. Karimov, Yu. N. Zavadovskiy, A. A. Semyonov, M. A. Salye, P. G. Boʻlgakov, Sh. Shoislomov, E. Talabov, H. Hikmatullayevlar ulkan ishlarni amalga oshirdilar. T. N. Qori-Niyoziy, I. M. Moʻminov, M. M. Xayrullayev, M. N. Boltayev, A. Axmedov, G. P. Matviyevskaya, V. K. Jumayev, N. Majidov, O. F. Fayzullayev, M. B. Baratovning monografiya va maqolalarida Ibn Sino ijodining turli qirralari tadqiq etilgan. Rus antropologi M. M. Gerasimov, bir necha tarixiy shaxslar qatori, Ibn Sinoning ham kalla suyagi asosida haykalportretini yaratgan. Andijon tibbiyot instituti xodimlari (Yu. O. Otabekov, Sh. H.Hamidullin, Ye. S. Sokolova) Ibn Sinoning ilmiy asoslangan timsolini haykal-byustda tasvirladilar (1965). Oʻzbekistonlik rassom S. Marfin Ibn Sino badiiy portretini ishlagan (1968). Ibn Sino haqida „Oʻzbekfilm“ studiyasi ijodkorlari (rej. E. Eshmuhamedov; O. Agishev, E. Eshmuhamedov ssenariysi) „Dahoning yoshligi“ tarixiy-biografik badiiy filmini (1982) yaratdilar.
Oʻsimliklarning birinchi ilmiy tasnifini yaratgan mashhur shved botanigi Karl Linney (1707–1778) doimo yashil boʻlib turuvchi bir tropik daraxtni Ibn Sino sharafiga Avitsennia deb atadi. Oʻzbekiston yerida topilgan (1956) yangi mineral Ibn Sino nomi bilan Avitsennit deb ataladi. Buxoro shahar va Afshona qishlogʻida Ibn Sinoga haykal oʻrnatildi, Belgiyaning Kortreyk shaxrida ham Ibn Sino ga qoʻyilgan (2000) haykal bor. Afshonada Ibn Sino muzeyi ochildi. Oʻzbekiston va Tojikistondagi tibbiy oliy va oʻrta bilim yurtlariga, nashriyotga (qarang Ibn Sino nomidagi nashriyot), sanatoriy, shifoxona, kutubxona, maktab, koʻcha, jamoa xujaliklari, turar joy mavzelariga Ibn Sino nomi berildi. Tojikistonda fan sohasida katta yutuklarni taqdirlash uchun Ibn Sino nomidagi respublika davlat mukofoti taʼsis etilgan. Oʻzbekistonda Ibn Sino xalqaro jamgʻarmasi tuzildi (1999-yil), „Ibn Sino“ va „Sino“ nomli xalqaro jurnallar nashr qilinadi.
- Donishname, Kniga znaniya, Dushanbe, 1957; Tib qonunlari, 1–5 kitoblar [2nashri|, T., 1979–1983; Izbrannie filosofskiye proizvedeniya, M., 1980; Osori mun-taxab, 1—2 t., Dushanbe, 1980; Salomon va Ibsol, T., 1980; Traktat po gigiyene, T., 1982; Tibbiy risolalar, T., 1987; Tib qonunlari [3 jildli saylanma; tuzuvchilar: U. Karimov, H. Hikmatullayev], T., 1992; Kanon vrachebnoy nauki, v 10 tomax. T., 1996; Urjuza yoki 1326 bayt tibbiy oʻgit, T., 1999.
Tarjima holi
tahrirU 980-yil 18-iyunda Buxoro yaqinidagi Afshona qishlogʻida, hozirgi Isfana qishlog‘ida dunyoga kelgan. 5-10 yoshlarida maktabda ta'lim oldi. Maktabni bitirgach, ustozi Abu Abdullohdan mantiq, tibbiyot, falsafa, riyoziyot va fiqh ilmlarini oʻrganadi. 16 yoshidan boshlab turli fanlar boʻyicha Sharq va Gʻarb olimlarining ilmiy asarlarini mustaqqil oʻrganadi. Ayniqsa u tabobat ilmining qadimgi allomalari Gippokrat va Galen hamda oʻrta asr Sharqining buyuk hakimi va mutaffakiri Abu Bakr ar-Roziy (864–925)ning asarlarini puxta oʻrganadi. Ibn Sino 17 yoshidayoq eʼtiborli hakim va olim boʻlib yetishadi. U Buxoro amiri Nuh ibi Mansurni davolab tuzatgach, somoniylarning saroy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat oladi. Kutubxonada u bir yil davomida turli sohalardagi ilmiy asarlarni mutolaa qilib, bilmlarni chuqurlashtiradi. X asr oxiri va XI asr boshlarida Movarounnahr va Hurosonda yuzaga kelgan ogʻir sharoitda Ibn Sino ona shahri Buxoroni tark etib, avval Urganchda, xorazmshoh Maʼmun saroyidagi olimlar qatoridan joy oladi. Soʻngra Mahmud G`aznaviyning tazyiqi tufayli Xorazmdan ham chiqib ketadi. U umrining oxirigacha Obivat, Goʻrgon, Ray, Qazvin, Isfaxon, Xamadon shaharlarida hukmdorlar qoʻl ostida tabiblik va vazirlik qiladi.
1037-yil 16-avgustda Hamadon Eronda vafot etadi. Ibn Sino arab va fors tillarida fanning turli sohalari boʻyicha 300 dan ortiq asarlar yozdi. Bu asarlarning eng buyugi „Tib qonunlari“ asaridir.
Ibn Sino asarlari 450 dan ortiqdir. Shulardan 40 dan ortigʻi tabobatga oid, 30 ga yaqini turli tabbiy fanlarga, 180 ta risolasi falsafa, mantiq, ruxshnoslik, geologiya, etika va ijtimoiy masalalarga, 4 tasi adabiyotga, 3 ta risolasi, 5 ta musiqiy ilmga bagʻishlangan. Lekin bizga bu asarlarning 242 ga yaqini yetib kelgan. Asarlar orasidagi 18 jildli „Kitob ash-shifo“ asarini falsafa bilimlar qomusi desa boʻladi. U „Urjuza“ risolasi muallifi.-->
Manbalar
tahrir- ↑ Petrov, V. D. „Ibn Sina-velikiy sredneaziatskiy ucheniy ensiklopedist.“ Abu Ali Ibn Sina. Kanon vrachebnoy nauki. Tashkent, 1981
- ↑ (unspecified title)
- ↑ Avicenna and the Visionary Recital (en), 2016-04-19. ISBN 9780691630540. Qaraldi: 2018-yil 12-avgust. „In this work a distinguished scholar of Islamic religion examines the mysticism and psychological thought of the great eleventh-century Turk philosopher and physician Avicenna (Ibn Sina), author of over a hundred works on theology, logic, medicine, and mathematics.“
- ↑ Daly, Jonathan. The Rise of Western Power: A Comparative History of Western Civilization (en). A&C Black, 2013-12-19 — 18-bet. ISBN 978-1-4411-1851-6.
- ↑ „Avicenna | Persian philosopher and scientist“, Encyclopedia Britannica (inglizcha), qaraldi: 2018-08-04
Havolalar
tahrir- Ibn Sinoga bagʻishlangan sahifa
- Ibn Sino. Tib ilmi sultoni (Wayback Machine saytida 2016-03-10 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |