Optika
Optika (yunoncha: optike — koʻrish haqidagi fan) — fizikaning yorugʻlikning tabiatini, yorugʻlik hodisalari qonuniyatlarini, yorugʻlik bilan moddalarning oʻzaro taʼsirini oʻrganadigan boʻlimi. Yorugʻlikning toʻgʻri chiziq boʻylab tarqalishi qadimda Mesopotamiya va qad. Misrda maʼlum boʻlgan hamda undan qurilish ishlarida foydalanishgan. Tasvirning koʻzguda hosil boʻlishi bilan miloddan avvalgi 3-asrda Aristotel, Platon, Yevklidlar shugʻullanishgan. O.ning rivojlanishi I. Nyuton, R. Guk, F. Grimaldi, X. Gyuygens va boshqalarning ishlari bilan bogʻliq. 11-asrda arab olimi Ibn al-Haysam (Algazen) O. toʻgʻrisida risola yozgan boʻlsada, yorugʻlikning sinishi qonunini ifodalay olmagan. Faqat 1620-yillarda bu qonunni tajriba yoʻli bilan golland olimi V. Snellius va R. Dekart isbotladi. 17-asrdan yorugʻlik haqida korpuskulyar va toʻlqin nazariyalar paydo boʻla boshladi. Yorugʻlik korpuskulyar (zarra) nazariyasining targʻibotchisi X. Gyuygens edi.
Optika Yorugʻlik tarz va xususiyatlari. | |
[[File:|px|center|Optika boʻlimlaridan birida yorugʻlik dispersiyasi oʻrganiladi.]] Optika boʻlimlaridan birida yorugʻlik dispersiyasi oʻrganiladi. | |
Fan | Fizika |
Yorugʻlikning toʻlqin tabiati haqidagi tasavvurlar M. Lomonosov va L. Eyler tomonidan rivojlantirildi. 19-asr boshlarida ingliz olimi T. Yung va O. Frenel ishlari yorugʻlik toʻlqin nazariyasining uzil-kesil gʻalabasiga olib keldi. O. Frenel kristallooptika hodisalariga toʻlqin nazariyasini qoʻlladi. T. Yung yorugʻlik interferensiyasi hodisasini kuzatdi. Bu hodisa yorugʻlik toʻlqin tabiatiga ega ekanligini koʻrsatdi. O. Frenel yorugʻlik interferensiyasi asosida yorugʻlikning toʻgʻri chiziq boʻylab tarqalishini, turli difraksiya xrdisalarini va boshqalarni tushuntirdi. Yorugʻlikning sinishi va qaytishida yorugʻlikning qutblanishini fransuz olimi E. Malyus kuzatdi (1808) va fanga "yorugʻlikning qutblanishi" terminini kiritdi. M. Faradey yorugʻlik qutblanish tekisligining magnit maydonda burilishini kashf qildi (1846) va elektromagnetizm bilan O. orasidagi bogʻlanishni, tok kuchi elektromagnit birligining elektro-statik birligiga nisbati yorugʻlik tezligiga tengligini (3-10°sm/s) topdi.
J. K. Maksvell elektromagnit maydon tushunchasini rivojlantirdi, yorugʻlik ham elektromagnit toʻlqindan iborat, degan nazariyani yaratdi. U yorugʻlikning elektromagnit nazariyasiga asoslanib, yorugʻlikning hatto bosimi boʻlishini aytdi va uning son miqdorini nazariy aniqladi (1873). Uning nazariy tekshirishlari elektromagnit maydonning yorugʻlik tezligiga teng tezlik bilan tarqalishini koʻrsatdi. Italyan olimi A. Bartoli esa 1876-yilda yorugʻlik bosimining termodinamik asosini yaratdi. 1899-yilda P. N. Lebedev birinchi boʻlib tajriba yoʻli bilan yorugʻlik bosimini aniqladi. 1888-yilda G. Gers vakuumda tarqalayotgan elektromagnit maydonning tezligi yorugʻlik tezligiga teng ekanligini aniqladi va J. Maksvell nazariyasini tajriba yoʻli bilan tasdikladi.
Yorugʻlikning modsalar bilan taʼsirlashuvini 19-asr 90-yillarida juda koʻp olimlar, jumladan, nemis olimi E. Drude, G. Gelmgols va G. A. Lorents tekshirdilar. Lorents modda va yorugʻlikning elektromagnit nazariyasini yaratdi. Shu nazariya asosida O.dagi qator hodisalarni, mas, yorugʻlikning dispersiya hodisasi, dielektrik singdiruvchanlik ye ning elektromagnit toʻlqin uzunligi X ga bogʻliq boʻlishi va hokazoni tekshirish va tushuntirish mumkin boʻldi.
Klassik elektron nazariya ayrim optik hodisalarni tushuntirib bera olmadi va nazariya natijalari tajriba natijalariga, mas, mutlaq qora jismning issiklik nurlanishi spektrida energiya taqsimoti va boshqalarga mos kelmay qoldi. Bunday qiyinchilikni bartaraf qilish uchun M. Plank yorugʻlikning kvant nazariyasini yaratdi (1900). O.ning keyingi rivojlanishi kvant mexanika nazariyalari bilan bogʻliq. Fotoeffekt hodisasi uchun Plank nazariyasini A. Eynshteyn rivojlantirib, yorugʻlik kvanti — foton tushunchasini fanga kiritdi (1905). Yorugʻlikning elektromagnit nazariyasi nisbiylik nazariyasining yaratilishiga mos boʻldi.
O. shartli ravishda geometrik O. va toʻlqin O.siga, fiziologik O., nochiziqli O. va boshqa xillarga boʻlinadi. Geometrik O.da yorugʻlikning qaytishi va sinishi qonunlari asosida, yaʼni ikki muhit chegarasida yorugʻlikning sinishi va qaytishi natijasida obyektlarning tasviri hosil boʻlishini tushuntirish mumkin. Unda fotometriya, yorugʻlik oqimi, yorugʻlik kuchi, yoritilganlik va yorugʻlikni miqsoriy ifodalovchi boshqa kattaliklar qaraladi. Geometrik O. fotometriya bilan birga O. texnikasi, yaʼni optik asboblar nazariyasi va ratsional yoritish, yorugʻlik dastasini taqsimlash va yoʻnaltirish taʼlimotining ilmiy asoslari bilan ham shugʻullanadi.
Toʻlqin O.sida interferensiya, difraksiya va yorugʻlikning qutblanishi kabi yorutlik tabiati bilan bogʻliq boʻlgan hodisalar oʻrganiladi. Bu hodisalar nazariyalarining rivojlanishi yorugʻlik tabiatini toʻla ochib berish bilan birga, yorugʻlikning qaytishi va sinishi qonunlarini ham tushuntirib bera oldi. Yorugʻlikning modda bilan taʼsiri tufayli har xil effektlar — mexanik (yorugʻlik bosimi, Kompton effekti), xususiy optik (yorugʻlikning sochilishi, fotolyuminessensiya), elektr (fotoelektr hodisa), kimyoviy (foto-kimyo va fotografiya effektlari), shuningdek, yorugʻlikning yutilishi va sochilishi, issiklik nurlanishi va boshqa kuzatiladi.
Yorugʻlikning yutilishi va sochilishi rang haqidagi taʼlimot asosini tashkil qilib, rassomlik sanʼatida keng ishlatiladi. Mas, tiniq boʻlmagan muhitda yorugʻlikning sochilishi fotolyuminessensiya uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Lyuminessensiya hodisasi hozirgi zamon gaz razryad va lyuminessensiya yorugʻlik manbalarini yara-tish maqsadida qoʻllanadi. Bu yorugʻlik manbalari elektr energiyani ancha tejaydi. Ulardan lyuminissensiyalanuvchi ekranlar tayyorlashda foydalaniladi. Bu ekranlar rentgenologiya, televideniye, oʻlchov asboblari va harbiy texnikada ishlatiladi. Fotoelektr hodisaga asosan oʻlchov asboblari, har xil yorugʻlik relelari ixtiro qilindi. O. texnikasi va mashinasozlikda metall yoki obyektni nazorat qilish yorugʻlik intenferensiyasi hodisasiga asoslangan. Yorugʻlik difraksiyasi hodisasi arxitektura akustikasida ultraakustik toʻlqinlarni optik qayd qilishga imkon beradi. Rentgen nurlarining molekulalar, ayniqsa, kristallardagi difraksiyasi moddalar strukturasini tahlil qilishda muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
Fiziologik O.da odam koʻzining optik xususiyatlari, koʻz nuqsonlarini optik vositalar (koʻzoynaklar, linzalar va boshqalar) yordamida toʻgʻrilash, koʻz kasalliklarining kelib chiqishiga koʻz optik xususiyatlari buzilishining taʼsiri va boshqa masalalar oʻrganiladi.
O.ning amaliy qoʻllanish sohasi keng, mas, spektral taxlil sohasida atom va molekulalarning spektrini tekshirish natijasida moddalarning tuzilishini aniklash mumkin. Spektral tahlil astronomiya, geologiya, biologiya, tibbiyot, tuproqshunoslik, sanʼatshunoslik va kriminalistika ishlarida; metallurgiya, mashinasozlikda, neft, kimyo sanoati, yengil sanoat, geologiya-qidiruv ishlari va boshqa da qoʻllanadi.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida akademik P. Q. Habibullayev rahbarligida "Issiklik fizikasi" boʻlimining tashkil kilinishi (1977) respublikada O.ning zamonaviy fundamental yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy tadqiqotning keng rivojlanishiga asos yaratdi. Jumladan, lazer O.si, molekulyar tizimlar fizikasi, kondensatlangan muhitlar O.si, spektroskopiya, toʻlqin jarayonlar fizikasi va boshqalarga oid ilmiy tadqiqot ishlar bajarildi. Boʻlimda moddalar yuqori temperaturaturaviy sintezi, strukturasi va xossalarini lazer nuri bilan boshkarishning yangi usullari ishlab chiqildi va ularning me-xanizmi, lazer nurining atomar muhitlar bilan taʼsiri oʻrganildi (D. T. Alimov). 5 — 1000° va 80 — 2000° temperatura intervalida ishlaydigan pirometr (A. E. Aliyev), infraqizil jiyemning nurlanishini qayd qilishda ishlatilishi mumkin boʻlgan yangi tur priyomnik yaratildi (A. T. Mamadalimov, A. S. Zoki-rova va X. T. Egamberdiyev). Kondensatlangan muhitlar optikasi sohasida oʻta toza shaffof muhitlarda lazer nurining tarqalishi bilan bogʻliq optik hodisalar oʻrganilib, unda yangi hodisa — tezkor keng polosali lyuminissensiya topildi. Nochizigʻiy modulyasi-on nur tolalar Oxi yaratildi (M. A. Qosimjonov, E. A. Zohidov va S. S. Qurbonov). Lazer spektroskopiyasi sohasida nochizigʻiy muhitlarda lazer nurining anomal ogʻishi va oʻz-oʻzidan fokuslanishi hodisalari kashf qilin-di (T. Usmonov, S. A. Baxromov), tibbiyotda va ilmiy izlanishlarda keng qoʻllanadigan eksimer lazerlar yaratildi (T. U. Arslonbekov). Muntazam bir jinsli boʻlmagan muhitlarda nurlar tartibsizligi xodisasi aniklandi (S. S. Abdullayev). Shuningdek, Oʻzbekiston milliy universiteti hamda SamDU fizika fakultetlarida qattiq va suyuq (yumshoq) muhitlar strukturasini hamda ulardagi relaksatsiyaviy jarayonlarni optik usullar bilan oʻrganish sohasida keng qoʻlamli tadqiqotlar olib borildi (B. M. Nosenko, A. A. Ayvazova, Sh. O. Ota-jonov, U. V. Valiyev — Oʻzbekiston milliy universiteti; A. Q.Otaxoʻjayev, F. X. Tuxvatullin, L. M. Sobirov, A. Jumaboyev va boshqa — SamDU).
Adabiyotlar
tahrir- Born M., Volf E., Osnovi optiki [per. s angl.], M., 1973.
Ergash Nazirov.[1]
Optika (yun. ὀπτική — „koʻrinish“) fizikaning sohasi boʻlib, yorugʻlik tarz va xususiyatlarini, uning materiya bilan oʻzaro taʼsirini, optik anjomlar qurishni oʻrganadi.[2] Optika odatda koʻrinuvchi, ultrabinafsha va infraqizil yorugʻlik bilan shugʻullanadi. Yorugʻlik elektromagnit toʻlqin boʻlgani uchun, rentgen nuri, mikrotoʻlqinlar va radiotoʻlqinlar kabi boshqa elektromagnit radiatsiya shakllari oʻxshash xususiyatlarni namoyon etadi.[2]
Aksariyat optik hodisalar yorugʻlikning klassik elektromagnit taʼrifi bilan tushuntirilishi mumkin. Yorugʻlikning toʻliq elektromagnetik taʼriflari amaliyotda qoʻllash uchun nihoyatda murakkabdir. Amaliy optika odatda soddalashtirilgan modellar bilan bajariladi. Ulardan eng keng tarqalgani, geometrik optika, yorugʻlikni toʻgʻri chiziq boʻylab harakat etuvchi va moddalardan oʻtganda yoki qaytganda sinuvchi nurlar toʻplami deb qaraydi. Fizik optika esa yorugʻlikning nisbatan murakkab modeli boʻlib, oʻz ichiga geometrik optika bilan izohlanib boʻlmaydigan difraksiya va interferensiya kabi toʻlqin samaralarini oladi. Tarixan, birinchi boʻlib yorugʻlikning nurga asoslangan modeli, keyin toʻlqin modeli ishlab chiqilgan. XIX asrda elektromagnit nazariya ilgʻorlashi yorugʻlik toʻlqinlari aslida elektromagnit radiatsiya ekanligi kashfiyotiga olib keldi.
Baʼzi hodisalar yorugʻlik ham toʻlqin, ham zarracha xossalariga ega boʻlgani bilan izohlanadi. Ushbu samaralarni tushuntirish uchun kvant mexanikasiga murojaat etiladi. Yorugʻlikning zarrachasimon xususiyatlarini inobatga olishda yorugʻlik „fotonlar“ deb ataluvchi zarrachalar toʻplami, deb modellashtiriladi. Kvant optikasi kvant mexanikasining optik tizimlarga tadbiq etilishi bilan shugʻullanadi.
Optik fan astronomiya, muhandislik, fotografiya, oftalmologiya, optometriya kabi sohalarga bogʻliq va ularda qoʻllanadi. Amaliy optika mahsulotlarini kundalik hayotda uchratish mumkin, ularga koʻzgu, koʻzoynak, linza, teleskop, mikroskop, lazer va optik tolalar misol boʻladi.
Manbalar
tahrirHavolalar
tahrir- Optics (Wayback Machine saytida 22-iyun 2005-yil sanasida arxivlangan) - optika darsligi
- Optics2001 – optika kutubxonasi
Vikiomborda Optika haqida turkum mavjud |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |