Turkashlar
Turkash (Turgash, Turgesh) — ilk oʻrta asr turkiy xalqlaridan biri.
Qozogʻistonlik tarixchi Y. A. Zuyevning fikricha, turkashlarning qadimgi ajdodlaridan birini yuyechji qabilalari tashkil qilgan. Turkashlar toʻgʻrisida ilk maʼlumotlar VII asrning 2-choragidan uchraydi. Ular, asosan, Yettisuvda yashagan. Bu davrda turkashlar Gʻarbiy Turk xoqonligi hududida yashagan dulu qabilaviy ittifoqiga kirgan. VII asrning oxirida turkashlar oʻz davlati — Turkash xoqonligini barpo etdi. Turkashlar 2 katta guruh — qora va sariqlarga boʻlingan. Ular oʻrtasida vaqt-vaqti bilan oʻzaro kelishmovchiliklar boʻlib turgan. Gardiziyning maʼlumotiga qaraganda, turkashlar 2 urugʻ: tuxsi va azlarga boʻlingan. 766-yil qarluqlar kuchayib Turkash xoqonligini tugatdilar va turkashlarning asosiy qismini oʻzlariga boʻysundirdilar. Turkashlarning qolgan qismi uygʻurlarga qaram boʻldi. L. N. Gumilyovning fikricha, bu voqeadan soʻng turkashlar xalq sifatida tugatildi. Ularning bir qismi qarluq nomini qabul qildi, qolgani esa uygʻurlar tarkibiga singib ketdi. Ammo, shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, turkashlarning nomi IX asrda ham manbalarda uchraydi. Az va tuxsi urugʻlarining nomi esa keyingi asrlarda ham manbalarda tilga olingan. Ularning bir qismi Toshkent vohasi va Zarafshon vodiysida mahalliy turkiy aholi bilan aralashib ketgan va oʻzbek xalqining bir qismiga aylangan.
Adabiyotlar
tahrir- Bartold V. V., Ocherk istorii Semirechya, Sochineniya, t.2, ch. 1, M., 1963;
- Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.
- Zuyev Yu.A., Ranniye tyurki: ocherki istorii i ideologii, Almati, 2002.
- Azim Malikov
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |