Imom
Imom – kundalik hayotda, masjidda jamoa namozining rahbaridir. Imom vazifalarini ayni bir odam bajarishi mumkin, ammo imom mansab ham, kasb ham hisoblanmaydi: u haqiqatda namozni boshqarib turganligi uchungina Imom deb e’tirof qilinadi. Mahalla va qishloq masjidlarida, odatda, diniy ma’lumoti bor odam imom hisoblanadi. Jome masjidlarining imomi maxsus diniy ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Namozda kimlar imom bo‘lishga haqliroq ekani fiqh kitoblarida bayon qilingan[1].
Etimologiyasi Tahrirlash
Imom so‘zi arab tilidan امام – so‘zidan olingan bo‘lib, oldinda turuvchi ma’nosini anglatadi. Imom (ɪˈmɑːm; arabcha :إمام; ko‘plik: أئمة ) islomiy rahbarlik lavozimi bo‘lib, sunniy musulmonlar uchun masjidning ibodat rahbari unvoni sifatida ishlatiladi. Ular musulmonlarning namoz o‘qishlari, islomiy ibodat marosim xizmatlariga rahbarlik qilishlari mumkin. Aksariyat shia musulmonlari uchun imomlar Payg‘ambardan keyin islom jamoasining mutlaq ma’sum yetakchilaridir. Shialar bu atamani faqat Islom payg‘ambari Muhammadning oilasi bo‘lgan ahli Bayt a’zolari va avlodlariga nisbatan qo‘llaydilar.
Tarixi Tahrirlash
Islom dini paydo bo‘lgan dastlabki yillarda imom vazifasini Muhammad (s.a.v.), u zotning vafotlaridan so‘ng esa xalifalar bajargan. Muhammad (s.a.v.) va dastlabki xalifalar namozda oldinda turuvchilargina emas, shu bilan bir vaqtda qavm boshliqlari ham edilar, binobarin imom – xalifa amalda oliy diniy va siyosiy rahbar hisoblangan. Nazariy jihatdan yagona musulmon jamoasida imomni oliy diniy va dunyoviy hokim sifatida tasavvur qilish ana shundan boshlangan. Aynan kimni qonuniy Imom deb hisoblash kerak va uning hokimiyatining mohiyati qanday, degan masaladagi bahslar musulmonlarning sunniylar va shialarga bo‘linishiga sabab bo‘ldi. Sunniylarning oliy hokimiyat nazariyasiga ko‘ra, xalifa barcha musulmonlarning Imomi hisoblanadi.
Xalifa – imomning asosiy vazifasi – dinni saqlash va dunyoviy ishlarni boshqarishdir. Imom diniy qonun-qoidalar qavm hayotiga to‘g‘ri joriy qilinayotganligini kuzatib borishi kerak. Sunniylar, shuningdek, xorijiylar imomni qavmning vakili hisoblaydilar, u nazariy jihatdan butun qavm tomonidan, amalda esa uning vakillari tomonidan saylanadi yoki o‘tmishdoshi tomonidan tayinlanadi. Kundalik maʼnoda, sunniy musulmonlar uchun imom, namozni ikki yoki undan ortiq kishidan iborat guruh boʻlib, bir kishi imomlik qilgan holda oʻqisa ham, hatto masjiddan tashqari joylarda ham guruhga rahbar bo‘lib namoz oʻqiydigan kishidir. Hadisga ko‘ra, imomlikka tanlanishi kerak bo‘lgan kishi Qur’on va Sunnatni eng yaxshi bilgan va yaxshi xulqli kishidir. Juma xutbasi ko‘pincha tayinlangan imom tomonidan o‘qiladi.
Shialar nazariyasiga ko‘ra, imomlar nafaqat Xudoning odami sifatida namoyon bo‘ladi, balki ilohiyot odatda yolg‘iz Xudoga tegishli bo‘lgan ismlar, sifatlar va harakatlarda to‘liq ishtirok etuvchi sifatida namoyon bo‘ladi[2]. Imomlar e’tiqodda ko‘proq markaziy ma’noga ega bo‘lib, jamoat rahbarlarini nazarda tutadilar. O‘n ikki va ismoiliy shia, bu imomlar Alloh tomonidan mo‘minlar uchun mukammal namuna bo‘lish va hayotning barcha jabhalarida butun insoniyatga rahbarlik qilish uchun tanlangan deb hisoblashadi. Ular, shuningdek, tanlangan barcha imomlar har qanday gunoh va g‘uborlardan holi, deb hisoblaydilar. Bu rahbarlarga ergashish kerak, chunki ular Xudo tomonidan tayinlangan.
Shialikda 14 ta ma’sum bo‘lib, ulardan 12 tasi imom, oxirgisi 12-imom oxirzamonda qaytib keladigan Imom Mahdiydir[3]. Avval boshdan Imomning saylanish qoidasini rad etgan shialar musulmonlar qavmi va davlatining oliy hokimiyati Ali avlodlariga meros hisoblanadi, chunki ularning huquqi ilohiy ko‘rsatma bilan belgilab qo‘yilgan, deb e’lon qildilar. Biroq Ali avlodlari tabiiy ravishda bo‘linib, tarqalib keta borgan sari oliy hokimiyatga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lganlar soni kupaya bordi. Ali avlodlarining turli shajarasi vakillarini Imom sifatida tan olgan shialik har xil oqim va jamoalarga bo‘linib ketdi. Zaydiylar, ismoiliylar, imomiylar, “keskin” shialar oliy hokimiyatni berish qoidasi, Imomning huquq va burchlari, Imomlarning hukmron sulola bilan hamkorlik qilishi mumkinligi, ularning “adolatsiz” hukmdorlarga munosabati va h.k. masalalarni turlicha talqin qildilar. Ko‘pchilik uchun hozirgi vaqtda Ali avlodlari bo‘lgan haqiqiy Imom yo‘q. Shialarning diniy rahnamolari — ,,din odamlari” (rijal ad-din) uning to‘la huquqli vakillaridir.
Imom istilohi shialik va sunniylikda, Islomda tan olingan to‘rtta sunniy mazhab va fiqh maktablarining asoschilariga (Abu Hanifa, al-Ash’ariy, Humayniy va h.k), shuningdek, hadis bilan bog‘liq tahliliy fanlarni yaratgan islom ulamolariga, yirik diniy rahnamolar, katta qavmlarning rahbarlariga hurmat yuzasidan qo‘llaniladi.
Manbalar Tahrirlash
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Amir-Moezzi, Ali. Spirituality and Islam. London: Tauris press, 2008 — 103 bet. ISBN 9781845117382.
- ↑ Corbin, Henry. History of Islamic Philosophy (in French). London: Kegan Paul International in association with Islamic Publications for The Institute of Ismaili Studies, 1993. ISBN 0-7103-0416-1.