Muqanna (taxminan 719, Marv yaqinidagi Koza qishlogʻi —783, Shahrisabz) — Movarounnahrda Arab xalifaligi hukmronligiga qarshi koʻtarilgan ozodlik harakatining boshligʻi (8-asrning 70—80-yillari). Bir koʻzi koʻr, boshi kal va basharasi xunuk boʻlganligidan boshi va yuziga koʻk parda tutib yurgan. Shuning uchun ham "Muqanna", yaʼni "Niqobdor" laqabi bilan mashhur boʻlgan.

Yoshligi tahrir

O'sha davrni ziyolilari yozishi bo'yicha tug'ilib o'sgan vatani Sug'da bo'lib, ammo hozirgi davr tadqiqotlar natijalariga asoslangan holda aslida Sug'd davlatiga chegaradosh bo'lgan Balxdan shaxridan ekanligiga bir ovozdan kelishilgan (hozirda shimoliy Afg'oniston). Asl ismi Hoshim ibn Hakim boʻlib, Narshaxiyning yozishicha, u koʻp oʻqigan, gʻo-yat ziyrak boʻlib, kimyogarlik, sehr va tilsim ilmlarini oʻrgangan. Arab, fors tillarini yaxshi bilgan. Yaʼqubiyning tasvirlashicha, M.ni Hoshim ul-aʼvar, yaʼni bir koʻzli Hoshim deb ham ataganlar. M. yoshlik chogʻida kudungarlik (matolarga ohor beruvchi) kasbi bilan shugʻullangan.

Biografiyasi tahrir

Xuroson noiblaridan Abu Muslim davrida sarhanglik (kichik lashkarboshi) va Abduljab-bor Azdiy davrida (757—759) esa vazirlik darajasiga koʻtarilgan[1]. 759 yilda Xuroson amiri Abduljab-borning xalifaga qarshi isyonida qatnashgani uchun zindonga tashlangan. Bir necha yildan soʻng zindondan qochgan. 769 yilda Muqanna Marvga qaytib kelgan, shu yildan boshlab umrining oxirigacha Movarounnahrda Arab xalifaligiga qarshi koʻtarilgan xalq harakatiga boshchilik qilgan (qarang Muqanna qoʻzgʻoloni). U mazdakiylik taʼlimotini targʻib qilgan. Qoʻzgʻolon magʻlubiyatga uchragach, oʻzini olov yonib turgan tandir ichiga tashlab, halok boʻlgan.

Muqanna timsoliga bag'ishlangan asarlar tahrir

Hamid Olimjon Muqanna jasoratiga bagʻishlangan "Muqanna" (1943) dramasini, Sadriddin Ayniy "Muqanna isyoni" (1944) tarixiy-adabiy ocherkini yozgan.[2]

1787 yili Napoleon Bonapart Muqanna timsoliga bag'ishlangan "Le Masque prophète" 2 betli kichkina hikoya yozgan[3].

Muqanna haqida Abu Rayhon Beruniy maʼlumotlari tahrir

Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy (973—1048) oʻz davri taqozosiga koʻra asarlarini arab tilida bitgan. Beruniyning birinchi yirik asari „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ kitobidir. Asarning arabcha nomi „Al-osor al-boqiya an-qurun al-xoliya“ boʻlib, Yevropada „Xronologiya“, oʻzbek sharqshunosligida „Osor al-boqiya“ nomi bilan mashhurdir. Beruniy „Osor al-boqiya“ni muhojirlik davrida yoza boshlagan va milodiy 1000-yili yozib tamomlagan. Bu asar katta shuhrat qozonib, Beruniy 27 yoshidayoq yirik olim sifatida eʼtirof etildi. „Osor al-boqiya“ning „Paygʻambarlik daʼvo qilgan kishilar va ularning aldangan ummatlari — ularga olamlar egasining laʼnati boʻlsin — tarixlari ustida soʻz“ bobida islomdan oldingi zamonlar va islom davrida paygʻambarlik yoki xudolik daʼvo qilgan kishilar haqida maʼlumot berilgan. Asarning Muqannaga bagʻishlangan qismi qisqacha. Chunki Beruniy Muqanna va uning tarafdorlari haqidagi batafsil maʼlumotlarni bundan oldin yozilgan „Oq kiyimlilar va karmatiylar haqida xabarlar“ kitobida bayon etganini taʼkidlaydi. Afsuski, bu asar bizgacha etib kelmagan. Abu Rayhon Beruniyning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asari arabshunos olim Abdufattoh Rasulov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, 1968-yilda Toshkentda „Fan“ nashriyotida chop etilgan. Quyida keltirilgan parcha mazkur nashrdan olindi.

Abu Rayhon Beruniy „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“dan

"Paygʻambarlik daʼvo qilgan kishilar va ularning aldangan ummatlari — ularga olamlar egasining laʼnati boʻlsin" — tarixlari ustida soʻz… "Undan keyin Muqanna nomi bilan mashhur boʻlgan Hoshim ibn Hakim Marvda Kovakimardon nomli qishloqda yuzaga keldi. U bir koʻzli boʻlganidan yuziga koʻk shoyidan niqob tutgan edi. Muqanna oʻzining xudo ekanini daʼvo qildi va jasadga kirganini, chunki jasadga kirmasdan oldin birov unga qaray olmaganini aytdi. U Amudaryo orqali Kesh va Nasaf tomonlariga oʻtdi. Xoqonga xat yozib, undan yordam soʻradi, oq kiyimlilar va turklar uning atrofiga yigʻildilar, Muqanna ularga (boshqalarning) mollari va xotinlarini halol qildi, qarshilik koʻrsatganlarni oʻldirdi va Mazdakning barcha (yoʻl-yoʻrigʻini) ularga qonun qilib berdi, al-Mahdiy qoʻshinini sindirdi va oʻn toʻrt yil hukmronlik qildi. Nihoyat u hijriy bir yuz oltmish toʻqqizinchi yili qamal qilindi va oʻldirildi.Muqanna oʻrab olingach, jasadi yoʻq boʻlib ketishi va tobelari uning (yuqoridagi) gapiga ishonishlari uchun oʻzini olovga tashlagan edi. Uning kuyamanu yoʻq boʻlib ketaman (degan) moʻljali muyassar boʻlmadi, balki (uning jasadi) tanurdan topildi. Uning kallasi olinib, oʻsha kunlarda Halabda boʻlgan amir al-moʻʼminin al-Mahdiyga yuborildi."

Muqannaning Movarounnahrdagi tobelari koʻrinishda islom dinida boʻlsalar ham, ammo yashirin ravishda uning diniga amal qiladilar. Uning haqidagi xabarlarni forschadan arabchaga tarjima qildim va ularni „Oq kiyimlilar va karmatiylar haqida xabarlar“ (nomli) kitobimda toʻla bayon etdim.

Manbalar tahrir

  1. Crone, Patricia. "MOQANNAʿ". Encyclopædia Iranica. Archived from the original on 2011-11-17. Retrieved 2021-04-18. Reputed to have come from Balkh (Balḵ), not Sogdiana, Hāšem participated in the ʿAbbāsid revolution (see ABBASID CALIPHATE) and continued to serve as a soldier and secretary in the army at Marv under Abu Dāwud Ḵāled b. Ebrāhim al-Ḏohli (governor of Khorasan 137-140/755-57), and his successor ʿAbd-al-Jabbār b. ʿAbd-al-Raḥmān al-Azdi (140-41/757-58).
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. https://www.bmlisieux.com/archives/bonapart.htm

Tashqi havolala tahrir

  1. Encyclopaedia Iranica, MOQANNAʿ, (lit. “the veiled one,” d. 163/780 or later), leader of a rebellious movement in Sogdiana.
  2. Veiled Prophet of Khorasan - a historical study from many sources, includes original texts