Dor ush-shifo madrasasi
Dor ush-shifo madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan.
Dor ush-shifo madrasasi Buxoro registoni oldida, Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon tomonidan 1697-yilda bunyod etilgan. Ushbu madrasa Buxoro arki oldida boʻlgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Vaqf hujatida madrasa pishiq gʻishtdan qurilgan deb koʻrsatilgan. Madrasa gumbaz va ravoqlari, tib ilmi oʻqitiladigan dars xonasi, ichki va tashqi hovlisi, yozgi masjidi va darsxonasi mavjud boʻlgan. Madrasa gʻarb tomonida koʻcha, shimolida vaqf yer va hoji Baqo ibn mulla Ibodulla hovlisi, sharq tomonida Ark qal’asi, janubida esa Ark arigʻi joylashgan edi. Madrasa Jilovxona guzari[1] hududida boʻlgan. Ashtarxoniy hukmdor Subhonqulixon madrasa uchun Tahmiravon mavzesida 3000 tanob, Xutfardagi Shochmiyvan mavzesida 1000 tanob, Poyruddagi Misgaron mavzesida 2000 tanob yerlarni vaqf qilgan. Dor ush-shifo madrasasida maxsus maktabxona ham mavjud boʻlgan. U yerda asosan yosh bolalar oʻqitilgan. Subhonqulixon ushbu madrasa uchun mulla Gʻafurni mutavvali qilib tayinlagan. Mulla Gʻafur manbalarda „mashhur Turon tabibi“ deb tilga olingan. Shoʻrolar inqilobiga qadar ushbu madrasada mulla Abdurahmon Tamkin Buxoriy mudarris boʻlgan. Dor ush-shifo madrasasida banoras toʻnli mudarris dars bergan. Ushbu madrasada mulla Abdurahim, mulla Ahmadxoja va mulla Shamsiddin mudarris sifatida faoliyat yuritgan. Bundan tashqari ushbu madrasaga oid vaqf hujjatlarida talabalar toʻgʻrisida maʼlumot keltirilgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 15 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3].
Dor ush-shifo madrasasi 18 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.
Madrasa | |
Dor ush-shifo madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Buxoro viloyati |
Shahar | Buxoro |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Mulkdor | Subhonqulixon |
Meʼmoriy uslub | Markaziy Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Subhonqulixon |
Asosiy sana: 1697-yil
| |
Holati | Saqlanib qolmagan |
Hujralar soni | 18 ta |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |
Manbalar
tahrir- ↑ Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144-bet.
- ↑ Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet.
- ↑ Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122-bet.