Tohiriylar davlati
Tohiriylar davlati - Abbosiylar xalifaligi parchalanishi munosabati bilan Xurosonda tashkil topgan davlat (806—873). Asoschisi — Tohir ibn Husayn. Xalifa Ma'munga Arab xalifaligi taxtini egallashga yordam bergani uchun 821 yilda Tohir ibn Husayn Xuroson va Movarounnahrning noibi etib tayinlangan. U xalifalikdan mustaqil boʻlishga harakat qilgan. 822-yilda xutbadan xalifa nomi chiqartirib tashlangan. Shunday qilib, Xuroson va Movarounnahr boshqaruvi tohiriylar xonadoniga meros boʻlib qolgan. Tohir ibn Husaynning oʻgʻli Abul Abbos Abdulloh noibligi (828—844) davrida maʼmuriy markaz Marvdan Nishopur shahriga koʻchirilgan. Tohiriylar davrida Somonxudot avlodlari Movarounnahr shaharlarida mahalliy noib edilar. Tohiriylar ularni oʻzlariga tobe sifatida tan olganlar. Tohiriylar rasman oʻzlarini xalifaga tobe deb koʻrsatsalarda amalda mutlaqo mustaqil ish yuritganlar. Ular dastavval siyosiy hokimiyatni mustahkamlashga va qishloq xoʻjaligini tartibga solishga harakat qilishgan. Dehqonchilik vohalarining suv taʼminotini yaxshilash uchun yangi kanallar qazilgan. Tohiriylar davlat boshqaruvi, fuqarolarga munosabat, ayniqsa, soliq tartiblariga alohida ahamiyat berganlar. Mulkdor dehqonlarning jabr zulmidan, ogʻir soliqlardan bezor boʻlgan aholi mamlakatda tez-tez qoʻzgʻolon koʻtarib turgan. 9-asrning 60-yillarida Xurosonda gʻoziylar faolligida xalq qoʻzgʻoloni avj olib ketgan. 873 yilda Tohiriylar hukmronligi tugatilib, yangi Safforiylar davlati tashkil topgan. Mamlakatda sodir boʻlgan bunday siyosiy oʻzgarishdan soʻng Movarounnahr Xurosondan ajralib oʻz mustaqilligini toʻla tiklab olish imkoniga ega boʻlgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |