Safforiylar davlati
Safforiylar davlati - Eronda safforiylar sulolasi hukmronlik qilgan davlat (873—900). Seyiston noibi dehqon Yaʼqub ibn Lays as-Saffor asos solgan. 9-asrning 2-yarmida Oʻrta Osiyo va Eron chegarasida xalq harakatlari kuchayib ketadi. Bu xalq harakatlaridan miskar aka-uka Yaʼqub va Amr ibn Lays noibi oʻz niyatlarini amalga oshirishda foydalandilar. Avval ular qaroqchilik qildilar, soʻngra Seyistondagi "gʻoziylar" ("eʼtiqod uchun kurashuvchilar") qoʻshiniga qoʻshildilar. Yaʼqub tez orada bu qoʻshinning boshligʻi boʻlib oladi. U 861 yilda Seyistonning poytaxti Zaranj shahrini tohiriylardan tortib oldi. 873 yilda ularga soʻnggi zarbani berib, poytaxt Nishopur<noibi/>ni egallaydi. Natijada arab xalifasi Xuroson noibligini Yaʼqubga topshirishga majbur boʻladi. 876 yilda Yaʼqub katta qoʻshin bilan Bagʻdod tomon yoʻl oldi. Bu jangda Yaʼqub xalifa qoʻshinidan magʻlubiyatga uchradi va u orqaga qaytdi. 879 yilda Yaʼqub vafot etib, taxtga ukasi Amr ibn Lays oʻtirdi va xalifaga oʻz vassalligini bildirdi. Bunga javoban xalifa Amr ibn Laysni Xuroson va Eronning noibi ekanligini qayd qiluvchi yorliq yubordi. Bu davrga kelib Movarounnahrda somoniylar sulolasi kuchayib borayotgan edi. Xalifa al Muʼtazid (892—902) Ismoil Somoniy Movarounnahr hokimligidan tushirilgani va u yerga Amr ibn Laysni hokim qilib tayinlaganini eʼlon qildi. Movarounnahr noibligi toʻgʻrisidagi yorliqni olgan Amr ibn Lays Ismoilga qarshi qoʻshin tortdi. 900 yilda Buxoro ostonasida Amr ibn Lays qoʻshinlari tormor etildi. Tohir ibn Muhammad bir necha marta harakat qilib Safforiylar davlatini tiklay olmadi. 9-asr boshlarida Somoniylar mulkiga qoʻshib olindi.[1]
ManbalarTahrirlash
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |