Miyonqol qoʻzgʻoloniBuxoro amirligida Amir Haydarning soliq siyosatiga qarshi xitoy–qipchoqlar qoʻzgʻoloni (1821—1825).

Miyonqol XIX asrning boshlarida oʻzaro ichki nizo avj olgan hududga aylangan. Katta soliq va majburiyatlar, amaldorlarning oʻz mansablarini suisteʼmol qilishlari dehqon va hunarmandlar turmushiga juda salbiy taʼsir qilmoqda edi. Miyonqol aholisi uchun Marvda harbiy xizmatni oʻtash yana bir ogʻir majburiyat boʻlgan. 1820-yil Amir Haydar qoʻshini orasida vabo kasali tarqalgan, shu tufayli 1821-yil bahorda Miyonqoldagi qabilalardan 500 kishini Marvga safarbar etish haqida yangi farmon eʼlon qilingan. Kattaqoʻrgʻon viloyati hokimi — Ayozbiy muddatidan avval xirojni yigʻib olish haqida koʻrsatma bergan, soliq toʻlamagan dehqonlar ayovsiz jazolangan. Dehqonlarning amirga qilgan shikoyatlari natijasiz chiqqan.

Miyonqol qoʻzgʻoloni 4 yil davom etgan, unda mehnatkash xalqning barcha tabaqalari, shuningdek, amir siyosatidan norozi boʻlgan ayrim mulkdorlar, amaldorlar ham qatnashgan. Qoʻzgʻolon yangidan-yangi tumanlarni qamrab olgan.

Amir Haydar qoʻzgʻolonni bostirish uchun yangidan safarbarlik eʼlon qilish, qoʻshimcha soliqlar undirish haqida farmon chiqargan. Qoʻzgʻolonning soʻnggi bosqichida uning mulkdor tabaqaga mansub ayrim rahbarlari xiyonat yoʻliga oʻtishgan. Amirning koʻplab aygʻoqchilari qoʻzgʻolonchilar qarorgohida tayyorlanayotgan jang rejalari haqida maʼlumot yetkazib berib turardilar. Qoʻzgʻolonchilarda jangovar harakatlarning aniq rejasi yoʻq edi, harbiy kuch va texnika jihatdan ustunlik amir tomonida edi, bundan tashqari, iqtisodiy qiyinchiliklar va xiyonat, aldov natijasida qoʻzgʻolonchilar taslim boʻlganlar[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil