Tarkibband
Tarkibband (arab. — tuzilish, band) — bir vaznda yozilib, gʻazal tarzida (taxallussiz) qofiyalanadigan, har banddagi baytlar soni teng boʻlgan, har band oxirida bir bayt alohida qofiyalanib keladigan sheʼr shakli. Lekin takrorlanib turuvchi baytlar saqlansada, bandlar miqdori turli shoirlarda turlicha. T. murakkab tuzilishga ega boʻlib, shoirdan alohida mahorat va tajriba talab etadi. T. forstojik adabiyotida 9—11, oʻzbek adabiyotida 15-asrdan yozila boshlagan. Hofiz Xorazmiy, Alisher Navoiy, Nodira va boshqa T.da ijod qilishgan. Mas., Navoiy devonida bittagina T. boʻlib, u ham marsiya xarakterida — "ham ota, ham murshidu pir" maqomidagi Sayyid Hasan Ardasher xotirasiga bagʻishlangan. U 7 band — 56 baytdan iborat. Har bandi 7 baytlik gʻazal va undan soʻng takrorlanib kelgan baytdan tashkil topgan.
Zamonaviy shoirlardan V.Saʼdulla, Chustiylar T. yozganlar. Chustiy T.ining har bandi 5 baytdan tarkib topib, har band oxirida alohida baytlar takrorlanib keladi.
Misol
tahrirNavoiyning "xazoyinul maoniy" asaridan:
TARKIBBAND
Dahr bogʻiki jafo shoriidur har chamani,
Juz vafo ahligʻa sonchilmadi aning tikani.
Kimdakim dogʻi vafo koʻrsa shahid aylamasa,
Lolasining ne uchun qongʻa boʻyalmish kafani.
Poymol etmasa andinki kelur mehr isi,
Oyogʻ ostida nedin qoldi giyohi damani.
Safhai xotiri pok oʻlmasa barbod andin,
Bas, ne sovrulmoq erurkim koʻrar aning samani.
Rostlar boʻlsa aning arsasida barxoʻrdor,
Javrdin, bas, nega bebarlik erur sarvi fani.
Gar yaqin ahlini Mansur kebi qatl etmas,
Bas nedindur shajaru sunbuli doru rasani.
V-ar kamol ahli jaloyi vatan ermas andin,
Nega tufrogʻdur ul akmali davron vatani.
Bahri urfon duri Sayyid Hasan ulkim aflok,
Etti durji aro bir koʻrmadi andoq duri pok.
Zoli gardun kishiga mayli vafo aylamadi,
Kimda-kim koʻrdi vafo, gʻayri jafo aylamadi.
Qaysi bir vasl kunin mehr ila qildi ravshan
Kim, yana hajr tuni birla qaro aylamadi.
Qaysi davlat quyoshin chekti kamol avji uza
Kim, yana yer toʻbida maskan ango aylamadi.
Qaysi labtashnagʻa tutti qadahi sof nishot
Kim, yana qismi aning durdi ano aylamadi.
Qaysi dilxastagʻa yetkurdi farogʻat noʻshe
Kim, nasibi yana yuz neshi balo aylamadi.
Har dil ozurdagʻakim novaki zulm etti kushod,
Garchi bor erdi xato, lek xato aylamadi.
Chekti bu zulmin aning barcha xaloyiq, lekin
Chora bu dardgʻa juz ahli fano aylamadi.
Xossa ul foni davronki, boʻlub vosili haq,
Qoʻymadi koʻngli aro gʻayri xayolin mutlaq.
Garchi ul ravzai rizvon sari raftor etti,
Hajridin umrni ahbobqa dushvor etti.
Garchi huro yuzi shamʻi bila yorutti koʻzin,
Motami bizga yorugʻ dahr yuzin tor etti.
Garchi uchmogʻ sari azm etti, vale olamni,
Vahki, tomugʻ oʻtidin elga namudor etti.
Garchi ul bordi baqo mulkiga, lekin yuz alam
Soʻgidin charxi fano ahligʻa izhor etti.
Halqai zikr dema faqr eliga shomu sahar
Ki, azosida bu el navha padidor etti.
Faqr xurshidi fano shomi uyoqti ne ajab
Ki, quyoshini falak dogʻi nigunsor etti.
Uchti ul shamʻi valoyatki, falak motamida,
Qora kiydiyu duri ashkini iysor etti.
Garchi faqr ahligʻa bu navʻ azo kam tushti,
Meni savdozadagʻa oʻzgacha motam tushti.
Ey falak, aytkim ul soliki atvor qani,
Faqri atvori aro koshifi asror qani?
Tashlab oʻzlukni fano bodiyasin qatʻ etkan,
Ushbu yoʻl holidin ogohu xabardor qani?
Faqr manzillarining rahravi bal rahbari,
Hodiyi ahli fano murshidi ahror qani?
Sharʻ qonunini diqqat bila marʻi tutqon,
Soliki jodai Ahmadi, Muxtor qani?
Qurb ayvonigʻa taqvo yoʻlidin gom urgʻon,
Vosili borgahi Qodiru Gʻaffor qani?
Bu qadar manzilatu qurbu buyuk poya bila,
Oʻzini tutquchi tufrogʻ ila hamvor qani?
Meni motamzadagʻa ham ota, ham murshidu pir,
Balki ham gʻamxoʻru ham yovaru ham yor qani?
Sensizin dahr elidin asru malolim bordur,
Koshki kelsangu koʻrsangki, ne holim bordur.
Sangakim, ravzai rizvonda farogʻat boʻlgʻay,
Dahr vayron chamani ichra ne ulfat boʻlgʻay.
Senki, kavsar suyidin qilgʻasen oʻzin serob,
Bu sarob ichra sanga qayda iqomat boʻlgʻay.
Sengakim, xayli malak boʻlsa musohib munda,
Devvash xalq qachon qobili suhbat boʻlgʻay.
Faqr tutqonda deb erding sanga ham yetkurayin,
Manga har fayzki bu koʻyda qismat boʻlgʻay.
Boʻlubon koshifi asrori ilohiy bording,
Meni mahrumgʻa jahl ichra ne holat boʻlgʻay.
Bor umidimki madad ruhung ila qilgʻaysen,
Har qachon ollima davron aro shiddat boʻlgʻay.
Hargiz etkaymu edim davlati vaslingni tamaʻ,
Bilsam erdiki soʻngi anduhi furqat boʻlgʻay.
Doʻstlar, bir-biriigizdin tilamang jomi visol,
Desangiz ichmali hijron qadahin molomol boʻlgʻay.
Manga zulm oʻldi falakdinki chu boʻldung bemor,
Kerak erdiki men oʻlsam boshing uzra gʻamxor.
Sharbating ezsam edi shirai jonim qoʻshubon,
Ichururga qilibon jahd nekim mumkin bor.
Ham gʻizo men kerak erdiki tutub ollingda,
Ragʻbat aylarga desam erdi muloyim guftor.
Gah boshingni tuzatib, goh ayogʻingni yopib,
Evrulub boshinga farzandligʻ aylab izhor.
Gar qazo yetsa qilib hoʻy ila olamni qora,
Yoqa yirtib etibon tosh ila koʻksumni figor.
Navhalar tortibu naʻshing koʻtarib egnimga,
Bosh yalang aylabu bexudlugʻ etib majnunvor.
Tark etib olam ishin qabring uza sokin oʻlub,
Koʻrsatib elgaki ne navʻ kerak ermish yor.
Chora yoʻqtur chu bu navʻ ermas ekandur taqdir,
Mumkin ermas kishi taqdirgʻa bermok tagʻʻyir.
Doʻstlar, dahr vafosini xayol aylamangiz,
Burju koxigʻa tamaʻ gʻayri zavol aylamangiz.
Turfa mahbubdurur umru vafosi yoʻq aning,
Andin istarga vafo fikri mahol aylamangiz.
Har kishi komil erur, bas anga haq bandaligʻi,
Mundin oʻzga tamaʻi kasbi kamol aylamangiz.
Yoʻq jamol ichra vafo husnigʻa dogʻi bunyod,
Gʻarroi husn boʻlub arzi jamol aylamangiz.
Olami foniy uchun ranju mashaqqat chekmang,
Mol uchun gʻam yemangiz, fikri manol aylamangiz.
Ishq dardigʻa Navoiy kebi magʻrur oʻlmang,
Oʻzni har mahvash uchun shifta hol aylamangiz.
Turk piri kebi olamdin etakni silking,
Doʻstdin gʻayri tamannoi visol aylamangiz.
To salomat bu xatar manzilidin solib kom,
Maʻmani vaslgʻa boʻlgʻay tuta olmoq orom.
Adabiyot
tahrir- Adabiy turlar va janrlar, 2j., T., 1992; Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 2j., T., 1977.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |