Chustiy (Toliq ism Xoʻjayev Nabixon) (1904-yil, Chust shahri — 1983-yil 12-avgust, Chust shahri) — shoir, tarjimon. Muqimiy teatrida adabiy emakdosh (1939—1941) va direktor (1941—1942) hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiyot fondida direktor (1942—1944), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim (1959—1968) boʻlgan.

Chustiy
Nabixon Xo‘jayev
Tavalludi
Nabixon

1904-yil may
Vafoti 1983-yil 12 Avgust
Namangan, Chust tumani
Fuqaroligi OʻzSSR
Kasbi Shoir
Faoliyat yillari >1983
Bolalari Baxtiyor Khodjaev Nabixonovich
Otasi Nurillaxo‘ja

Biografiyasi

tahrir

Chustiy taxallusi ostida ijod qilgan Nabixon (Nabixoja) Nurullohxoja oʻgʻli 1904-yilning may oyida Namangan viloyatining Chust shahrida tikuvchi-xunarmand oilasida dunyoga kelgan. 1917-yilda 14 kishidan iborat boʻlgan Nabixonlar oilasi Qoʻqonga koʻchib borib, tukuvchilik ishlari bilan shugʻullangan. Chustiy ham 12 yoshidan tikuvchilik bilan shugʻullana boshlaydi. Oʻsha paytda u Qoʻqondagi eski maktab va madrasalarda taʼlim oladi.

Chustiy Oktyabr toʻntarishidan keyingi qariyb 60-70 yil davomida sovet xoʻjalik tarmoqlarida, madaniy-maʼrifiy markazlarda faoliyat koʻrsatadi. Jumladan, 1930—1939-yllarda jamoa xoʻjaliklarida, matlubot jamiyatlarida mas’ul lavozimlarda faoliyat koʻrsata boshlaydi. Nabixon Nurullohxoja oʻgʻli Alisher Navoiy tavalludining 500 yillik yubileyini oʻtkazishga tayyorgarlik munosabati bilan Toshkentga ishga chaqirilgan. 1940—1946-yillarda esa Muqumiy nomidagi musiqali drama teatrida avval adabiy safdosh, soʻng direktor lavozimida ishlaydi. 1944—1945-yillarda Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi adabiyot jamgʻarmasida direktor boʻlib xizmat yuritadi. Shuningdek, Chustiy nashriyotlarda tarjimon sifatida faoliyat koʻrsatadi. 1970—1976-yillarda u OʻzFa Til va adabiyot institutida ilmiy xodim boʻlib ishlaydi. 1976-yildan boshlab unga respublika ahamiyatiga molik nafaqa tayinlandi. Sheʼrlarni mustaqil ravishda 18-20 yoshlarida yoza boshlaydi[1].

Ijodiy faoliyati

tahrir

Chustiy  butun  umri  davomida  20ga  yaqin  sheʼriy  toʻplam  yaratgan  va  chop ettirgan. Chustiy asosan mumtoz sheʼriyat yoʻlida ijod qilib, gʻazal, muxammas, musaddas, murabbaʼ, ruboiy, tuyuq, masnaviylar yozgan. Shoirning bu ijod namunalari uning „Gul mavsumi“ (1969), „Gʻazallar“ (1977) toʻplamlari va „Hayotnoma“ (1988), „Sadoqat gullari“ (1992), „Koʻngil tilagi“ (1994), „Koʻrguncha xayr endi“ (2004) devonlarida nashr etilgan. Turli yillarda yaratilgan „Tirik jannatga kirgan kampir“, „Kiyiknoma“, „Bogi Eram“ dostonlari ham bor. Chustiy ayniqsa Ikkinchi jahon urushi yillarida faol ijod qilgan. Vatanparvarlik va qahramonlik mavzularidagi „Shamshir“, „Lolazor“, „Hayot zavqi“, „Qoʻzgʻol“, „Jasur oila“ sheʼriy toʻplamlari, „Zafarnoma“ dostoni, „Davron ota“ (K. Yashin va S. Abdulla bilan hamkorlikda), „Oʻzbekiston qilichi“, „Qurbon Umarov“, „Qoʻchqor Turdiyev“ (S. Abdulla bilan hamkorlikda), „Qasos“ (A. Umariy va Tuygʻun bilan hamkorlikda) sahna asarlarini yaratgan[2]. Uning soʻnggi devoni „Koʻngil  tilagi“ deb nomlangan.

Chustiyning ishqiy va axloqiy mavzudagi koʻplab gʻazal, muxammas, murabbaʼlari qoʻshiqlarga aylanib, taniqli hofizlar tomonidan kuylab kelinadi. Chustiy oʻzbek mumtoz sheʼriyatining ulkan namoyandalari Navoiy, Fuzuliy, Nodira, Furqat va boshqalarning anʼanalarini davom etgirish bilan birga ularning eng yaxshi gʻazallariga taxmislar bogʻlagan[3].

Chustiy qoʻshiqchi shoir sifatida ham ijod qilgan. Uning oʻnlab gʻazallari XX asrning 30-yillarida gramplastinkalarda muhrlangan. Shoirning „Noz etma“, „Yorimga savol“, „Avora boʻlma deydi“, „Muhtoj boʻlmagay“, „Ming baloni yengadi“, „Surmaga muhtoj emas“, „Bevafolarning ishi“, „Onanoma“ kabi koʻplab qoʻshiqlari mavjud.

Chustiy dramaturg va tarjimon boʻlgan. Shuningdek, u mumtoz va zamonaviy fors adabiyotining mashxur vakillari Saʼdiy, Hofiz, Xusrav Dehlaviy, Sobir Termiziy, Mirzoda Ishqiy, Jaʼfar Iftixor, Parvin Eʼtisomiy va boshqalarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. 4 jildli „Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati“ni tuzishda faol ishtirok etgan.

Vafoti

tahrir

Chustiy 1983-yil 12-avgustda vafot etgan.

Xotirasi

tahrir

Toshkent, Chust, Qoʻqon, Namangan shaharlaridagi koʻcha, maktab, kutubxona, kinoteatr va jamoa xoʻjaliklari Chustiy nomi bilan ataladi. 2004-yil iyun oyida Chustiy tavalludining 100 yilligi nishonlandi.

Manbalar

tahrir
  1. Hoji Ismatulloh Abdulloh. Markaziy Osiyoda islom madaniyati. Sharq nashriyoti matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, 2005 — 262-384-bet. 
  2. „Shoir Chustiy tavallud topgan kun“. 2023-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-iyun.
  3. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 

Adabiyotlar

tahrir
  • Gul mavsumi, T., 1969; Hayotnoma, T., 1988; Sadoqat gullari, T., 1992; Koʻngil tilagi, T., 1994; Koʻrguncha xayr endi, T., 2004.
  • Yod etingiz kamtarin Chustiyni ham, Namangan, 1994; Qalblardasiz mavlono Chustiy, Namangan, 2004.