Hofiz xorazmiy (taxallusi; ismi Abdurahim) (14-asrning 2-yarmi, Xorazm15-asrning 30—40-yillari, Sheroz) — shoir. Eski oʻzbek tili rivojiga katta hissa qoʻshgan. Yoshligi Xorazmda kechgan. Bu yerdagi notinchliklar tufayli 14-asr oxirlarida oʻz vatanini tashlab ketishga majbur boʻlgan. Samarqand, Buxoro, Xoʻjand, Iroq, Kirmon, Isfahon, Tabrizda boʻlib, Sherozda turgʻun yashab qolgan. Ibrohim Sulton saroyiga yaqin boʻlgan. Hofiz Sheroziy ijodiga hurmat bilan qarab, uning anʼanalarini oʻzbek sheʼriya-tiga olib kirgan, oʻzbek xalqini Sheroziyniki kabi yetuk ishqiy-falsafiy sheʼriyatdan bahramand qilish niyatida "Hofiz" taxallusini tanlagan.

Hofizni koʻrung ushbu zamon turk tilinda, Gar keldi esa forsda ul Hofizi Sheroz.

H.X. ham oʻz zamonasining inson-parvar, maʼrifatparvar vakili sifatida Hofiz Sheroziy, Jomiy, Navoiylar singari diniy-tasavvufiy dunyoqarash vakilidir. Sheʼrlarida Mansur Hallojni chuqur hurmat bilan tilga olgan.

H.X. turkiy tilda boy adabiy meros qoldirgan. Sheʼrlaridan devon tuzgan. Devonida 1052 gʻazal, 9 qasida va qator muxammas, tarjeʼband, tarkibband, ruboiy, qitʼalardan ibo-rat 37264 misra sheʼr bor. Ularda in-son baxt-saodati, erkinligi, dunyoviy sevgi-muhabbat madh etilgan, zamonasidagi turli ijtimoiy illatlar ochiq koʻrsatilgan. Sheʼrlari mazmun-mundarijasining kengligi, falsafiy teranligi, inson-parvarlik ruhi, yuksak badiiyati bilan ajralib turadi. Tili sodda, ravon, xalq tiliga yaqin, Xorazm shevasiga xos unsurlar koʻp uchraydi. Devonining 15-asrning 30-yillarida koʻchirilgan yagona qoʻlyozmasi Hindistonning Haydaro-bod shahridagi Salorjang muzeyi kutubxonasida, fotonusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.

Hofiz Xorazmiy Shohrux sulton madhida

SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi katta o'qituvchisi Mashxura Xasanova

Аbdurahim Hofiz Xorazmiy XV asrda yashab ijod etgan yirik qasidanavislardan biri boʼlib, u haqidagi maʼlumotlar faqat oʼz devonida saqlanib qolgan xolos. Аkademik H.Sulaymonov taʼbiri bilan aytganda, «… biror manbada Hofiz Xorazmiy nomi, qoʼlyozmasining boshqa biror nusxasi yoki sheʼrlaridan namunalar uchramadi…hatto Hofiz Xorazmiyning Аlisher Navoiydek ulugʼ shoirga ham nomaʼlum boʼlishi aql bovar qilmaslik darajasidagi hayratomuz bir holdir!» .

Shoirning bizgacha nisbatan mukammal devoni yetib kelgan boʼlib, u Hindistonning Haydarobod shahridagi Salarjang muzeyi sharq qoʼlyozmalari boʼlimida 4298 inventarь raqami bilan saqlanadi. Devon 9ta qasida bilan boshlanadi. Shoirning ikki qasidasi (devon tartibi boʼyicha 7-8-qasidalar) Shohrux sultonga bagʼishlangan koʼrinadi.

Shohrux sulton temuriy hukmdorlar ichida islom dini va shariat hukmlariga sodiq boʼlgan podshoh sifatida tanilgan. Uning juma namozini masjidda oʼqiganligi toʼgʼrisida ham tarixiy faktlar mavjud. Xususan, Аbdurazzoq Samarqandiy «Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn» asarida sultonning oʼz odati boʼyicha juma namozini oʼqish uchun masjidga borganligi voqeasi keltiriladi. Lutfiyning Shohrux sultonga bagʼishlangan qasidasida ham u «shariat mulkining shohi» deb maqtalgan.

Hofiz Xorazmiyning yuqorida taʼkidlangan qasidalarida mamduhning nomi aynan tilga olinmagan boʼlsa-da, «shohi din», «sultoni din» deya murojaat etganidan shoirning ikki qasidasi Shohrux sultonga bagʼishlangan boʼlsa kerak degan fikrga keldik.

Birinchi qasida yigirma ikki baytlik nasib bilan boshlanib, unda quyosh chiqishi tasviri beriladi. Goʼyoki Haq Taolodan rahmat oyati nishoni koʼrinib, osmonda oqlik paydo boʼldi.:

Nishoni oyati rahmat koʼrundi Haq Taolodin,

Yadi bayzo huvaydo boʼldi ersa charxi hazrodin.

Shahi hovar chekib lashkar tuluʼ etmak istar goʼyo,

Kim ush emdi safoyi jon topuldi saqfi Minodin.

Muhammad dinidek ravshan safoyi mehrni koʼrub,

Qarotoʼnligʼlar ush emdi, qayitdi dini Isodin[1;10b].

Bu holni koʼrgan xaloyiq falak uzra koʼzlarini tikib turibdi, yoki Iso paygʼambar balanddan yuzini ocharmikan, oʼshal Yusufdek goʼzal (quyosh) jamolini koʼrsatar boʼlsa, zamona yuzini Zulayho koʼz yoshi pok etadi kabi sifatlar bilan taʼrif etadi.

Oʼn birinchi baytdan boshlab yorning taʼrifi keltiriladi. Unda shoir subh oqligi paydo boʼlgandan soʼng dildorning sochi turli savdodan mani majnuni shaydo qildi, togʼ Nuri tajalliyni koʼrganda, pora-pora boʼlgandek, yorning yuzini koʼrganda, koʼksim pora boʼlsa, ajab emas, dinu dunyodan tamoman jon bilan kechdim, menga uning diydorining maqsadi dinu dunyodan ortiqdir, oʼshal oppoq tanli dildor menga qachon rahm etsinki, uning koʼngli qattiq toshdan ham qattiqdir, deb yor taʼrifini tugatadi. Yigirma uchinchi bayt gurezgoh boʼlib, unda yorning jafoyu jabri doim jonimga azoblar tilaydi, hattoki oʼshal ulugʼ sultondan ham iymanmaydi, degan fikr bilan madhga oʼtadi:

Oʼshol sultoni aʼzam shohi dindur shohkim

Аning eshigi xushrak erur firdavsu aʼlodin.

Uluvvi qadri ul shohi zamonning andogʼ erurkim,

Oshibdur baxtining taxti bu dam arshi muallodin.

Аning sultonlikiga hech zoti boʼlmadi teng tush,

Chu boʼldi qullari mulki ziyoda mulki Dorodin[1;10b].

Madhda shoir mamduhni valoyati maʼmur, koʼngul asrorini bilguvchi, jahon ichra dono, fasohat maydonida jami donodan balogʼatliroq, zoti sharifida yomonlik yoʼq, Odam va Havvoning farzandlari ichida bunday kishi yoʼq, uningdek odam toʼrt ona va yetti otadan ham tugʼilmagan deb maqtaydi. Uning jangovar fazilatlarini Xudo sheri yangligʼ dushmanlarni jang kunida tulki misol qochirgay, urush kunida ming-minglab dushmanning birini ham qoldirmaydi, qilichidan jahon xalqi aysh ichida, dushmanlari bir lahza murosadan kechsa, bir-bir qilichidan oʼtkazadi kabi soʼzlar bilan ulugʼlaydi.

Qasidaning «talab»ida shoir mamduhning madhini aytmoq uchun sheʼrni marvaridlar bilan bezatsam ham uning xoki poyi nishoni qilish uchun ham yaramaydi, gʼaribu xastalar kuchlilardan lutf istaganidek, uning bepoyon lutfidan lutf tilasam, ayb emas deydi.

Soʼnggi uch bayt «duo» boʼlib, unda shoir mamduhni «din sultoni», - deb atab, jahon xalqi, yoshu qari uning duosi bilan mashgʼuldir», - deydi, toki falak ayvoni uzra malak turgan ekan, toki quyoshdan olam munavvar ekan abadiy boʼlishlikni tilaydi.

Shu oʼrinda taʼkidlash oʼrinliki, Hofiz Xorazmiyning 9 bandlik (92 baytdan iborat) Shohrux sultonning sevimli oʼgʼli, Ulugʼbek mirzoning akasi, Аbu-l-Fath mirzo Ibrohim Sultonga bagʼishlangan marsiyasida ham Shohrux sulton eslangan.

Shoirning imom Muso Rizoga bagʼishlangan qasidasida Xorazmdan chiqib Xurosonga borish fikri zikr etilgan boʼlib, bu shoir bir muddat Shohrux sulton huzurida yashagan boʼlishi mumkin, degan tahminni ilgari surishimizga asos boʼlmoqda. Ehtimol, qasida shu vaqtda bitilgandir.

Keyingi ellik uch baytlik qasida:

Sabo payki ravon boʼl zavq birla bogʼu boʼstongʼa

Kim emdi jon bila oshiq nazar erur gulistongʼa – bayti bilan boshlanadi.

10 baytlik nasib qismida guliston tasviri berilib, gullar, daraxtlarning ahvoloti keltiriladi. 11-baytdan madh boshlanadi. Madhdan mamduh podshoh ekanligi anglashiladi. Xususan, quyidagi baytlarda bu yanada yaqqolroq namoyon boʼladi. Mamduh xulqda Muhammad (s.a.v.)ga, qadrda Muso (a.s.)ga, jonbaxsh nafasda Iso (a.s)ga oʼxshatiladi:

Oʼshol Sulton Аhmad xulq, Muso qadr, Iso dam,

Erurkim baxtidin tegdi xilofat taxti insongʼa…

Oʼshoning ol yarligʼin koʼrub ol aylaganlarni,

Koʼrarman bulgʼanur ul oldin har dam qizil qongʼa…[1;13a].

Qasida soʼngida shoir mamduhning vasfi haddu imkonga sigʼganda edi, uning madhini aytar edim, tilim bunda ojiz boʼlsa, ajablanmangki, Koʼhi Qof sanʼat bilan taroziga sigʼmaydi, deya lutf etadi. «Duo»da agar Hassonu Salmon turkiy aytib tiriladigan boʼlsa, u zamon men ularga teng boʼlar edim, bu damda turkiyda men maddoh ul shohga Hoqoniymanki, uning qullari yuz turli xoqonga taʼna qiladi,- deb faxrlanadi. Qasida soʼngida shunday duo qilinadi:

Jahon ichra omon boʼlsun hamisha ahlu avlodi,

Nechakim bandalik qilsa jahon xalqi yaratgʼangʼa[1;14b].

Taʼkidlash oʼrinliki, har ikki qasidada ham mamduhning «ol yarligʼi» yoki «ol tamgʼosi» haqidagi baytlar mavjud:

7-qasidada:

Shafaqi domani aflok subhu shom qon bogʼlar,

Nishoni yorligʼini koʼrgali ul ol tamgʼodin[1;11a].

8-qasidada:

Oʼshoning ol yarligʼin koʼrub ol aylaganlarni,

Koʼrarman bulgʼanur ul oldin har dam qizil qongʼa[1;13b].

Bu baytlar ikki qasida ham bir kishiga bagʼishlanganligini isbotlaydi. «Qizil tamgʼa» haqida esa tarixchi olimlardan aniq bir maʼlumot ola olmadik.

Umuman olganda, Hofiz Xorazmiy XV asr turkiy sheʼriyatining eng yirik qasidanavis shoiri sifatida tan olinishga loyiq. Uning Shohrux sultonga bagʼishlangan yuqoridagi qasidalarida nafaqat Hofiz Xorazmiyning, balki, Xuroson xalqining odil podshoh, komil inson haqidagi gʼoyalari aks etadi. Qasidalar xalqparvar, millatparvar shaxsning fazilatlarini ulugʼlash, uning xalq va millat oldidagi burchlarini eslatish, ezgu maqsadlar, ezgu gʼoyalar sari yetaklash kabi hayotbaxsh mavzularni qamrab olganligi bilan ham katta ahamiyatga ega.

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Hofiz Xorazmiy devoni, Hindiston, Haydarobod, Salarjang muzeyi sharq qoʼlyozmalari boʼlimi inv. 4298 fotokopiyasi

2. Harezmli Hafizin divani, Аnqara, 1998

3. Hofiz Xorazmiy, Devon, 1-2-kitob, Oʼzbekiston KP Markaziy Komitetining nashriyoti, Toshkent, 1981

ManbalarTahrirlash

  • Sheʼrlar, T., 1980; devon, 1-2-kitob, T., 1981; Hayot vasfi, T., 1988.

Ad..Sulaymonov H.Oʻzbek shoiri Hofiz Xorazmiy va uning Haydaroboddan topilgan devoni. "Adabiy meros", T., 1976.

Hofiz Xorazmiy devoni, Hindiston, Haydarobod, Salarjang muzeyi sharq qoʼlyozmalari boʼlimi inv. 4298 fotokopiyasi

Harezmli Hafizin divani, Аnqara, 1998

Hofiz Xorazmiy, Devon, 1-2-kitob, Oʼzbekiston KP Markaziy Komitetining nashriyoti, Toshkent, 1981