Adabiy-madaniy meros – oʻtmish moddiy-madaniy boyliklari. Ajdodlardan avlodlarga qolgan xalq ogʻzaki ijodi, yozma adabiyoti, sanʼati, meʼmorlik va hokazo namunalari. Adabiy-madaniy meros uni yaratgan xalq tarixi bilan izchil va mustahkam bogʻlangan boʻladi; shu xalqning qadimgi davrlardan boshlab hozirgacha yaratgan va saqlanib kelgan adabiy-maʼnaviy yodnomalari, moddiy-madaniy obidalarini oʻz ichiga oladi. Oʻzbek xalqining boy adabiy-madaniy merosi yozma tarix boshlangandan keyin axomaniylar (mil.av. 558 – 330), salavkiylar (mil. av. 312-64), Oʻrxun-Yenisey tosh bitiklari, turkiy (uygʻur) qoʻlyozma yodgorliklar, Turk xoqonligi (552-745), Arab xalifaligi (632-1258) va keyingi davrlar, xususan Amir Temur va temuriylar, shayboniylar, ashtarxoniylar, uch xonlik, Rossiya is-tilosi, shoʻrolar tuzumi davrlarida va nihoyat, mustaqillik yillarida bunyod etilgan ogʻzaki, yozma va moddiy yodnoma hamda yodgorliklardan iborat. Bular oʻzbek xalqining urf-odatlari, rasm-rusmlari, bayramlari, xalq ijodi namunalari, adabiyot va fan sohasida yaratilgan manbalar, tasviriy va amaliy sanʼat hamda musiqa asarlari, qadimgi bitiklar va arxeologik topilmalar, rang-barang meʼmoriy obidalarni qamrab oladi. Adabiy-madaniy merosni saqlash va urganish ham tarixiy, ham maʼrifiy qimmatga ega. Bular oʻzbek xalqining milliy iftixori hisoblanadi. Shoʻrolar tuzumi davrida, xususan qatagʻon yillarida Adabiy-madaniy merosga nisbatan butunlay notoʻgʻri, mafkuraviy munosabatda boʻlindi. Oʻtmishda yashab ijod etgan bir qancha shoirlar ijodini oʻrganish man etildi, arab yozuvida bitilgan qoʻlyozmalar yoʻqqilindi. Adabiy-madaniy merosning zukko bilimdonlari quvgʻin ostiga olindi; Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon va boshqa adib, shoir, olim va ziyolilar qatl etildi, oʻnlab masjid va madrasalar buzib tashlandi, xalq marosimlari va bayramlarini oʻtkazish taqiqlandi. Bu borada turgʻunlik yillari qatagʻon davrining oʻziga xos davomi boʻldi. 12 jildli Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasini nashr etishga kirishil-ganligi adabiy-madaniy merosni ilmiy oʻrganish yoʻlidagi muhim tadbir boʻldi. Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband singari islom dinini targʻib qilish yoʻlidagi xizmatlari bilan dunyoga tanilgan buyuk vatandoshlarimiz dafi etilgan joylar obodonlashtirilib, ziyoratgohga aylantirildi. Ularning hayoti va ilmiy merosini oʻrganishga bagʻishlangan ki-toblar chop etiddi. Amir Temir hayoti va faoliyati, temuriylar davri madaniyatiga oid kitoblar nashr etildi. Oʻrta asrning noyob madaniy yodgorligi „Usmon Qur’oni“ oʻz egalariga – Oʻzbekiston Diniy boshqarmasiga qaytarildi. „Al-pomish“ dostoni yaratilganligining 1000 yillik yubileyi oʻtkazildi. Xalq meʼmorligining noyob namunalari boʻlgan bir qator meʼmoriy yodgorliklar taʼmirlandi. Ahmad Yassaviy, Rabgʻuziy, Husayniy, Huvaydo, Behbudiy va boshqalar ijodi haqida tadqiqotlar olib borilmoqda, asarlari nashrga tayyorlanmoqda, Qur’on va Hadis ham birinchi marta oʻzbek tiliga tarjima qilinib ommalashtirildi, qatagʻon qilingan shoir va adiblarning asarlari koʻplab nusxalarda chop etildi, unutilishga mahkum etilgan qator hunarmandchilik sohalari qayta tiklandi va xalq bayramlari tantanali nishonlanmoqda.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil